ASSASSIN
Tarixiy-Zamonaviy Roman
VASHINGTON-2005-2006
YETTINCHI BOB
20 ASRNING OXIRI
Qoraboy aka bilan hech kimning ishi bo'lmay qo'ydi. U
har kuni uch marta ovqat olib keladigan yigitdan boshqa hech kimni ko'rmaydi. Nonushtaga
bir burda qora non bilan bir qog'oz qutida sovugan choy olib keladi. Tushlikka
esa eskirib, mitalab ketgan guruch solingan butqa. Kechqurunga sho'r karamdan
qilingan borshch. Uni ichsa kechasi bilan tashnasini bosolmay chiqadi. Chunki
suv ham uning istagiga qarab emas, ularning istagiga qarab beriladi.
Ovqat va suv kamligi bir tomondan yaxshi deb o'yladi
Qoraboy aka, aks holda xona bundan ham battar sasib ketardi. Ilgarilari bu
yerga tergovchilar kelib turishgani uchun xona chetidagi axlat va najas
qutisini har kuni olib chiqishga buyurishardi. Shu bahonada u ham kameradan
chiqqan bo'lardi. Endi esa bu uch kunda yoki to'rt kunda bir marta.
Inson hamma narsaga ko'nikuvchi ekan. Ammo bir narsaga
ko'nika olmas, u ham bo'lsa o'zi bilan o'zi kurashga. Ichki jangni bas qilaman
deydi, ammo bas qila olmaydi. Unga ko'nikaman deydi, ammo ko'nika olmaydi. Uning
uchun kun bilan tunning, uxlash bilan bedorlikning farqi qolmagan. Ko'zi
yumilganda tun, ko'zi ochilganda kun. Ko'zi ochildi deguncha xayoliga kelgan
ilk narsa "Hali tirik ekanman" degan gap bo'ladi. U har kuni
"Bugun o'lib qolsam kerak" deb o'ylaydi.
Bolaligida eshitgan gaplari yodiga tushadi. Odam
o'limidan oldin Azroilni ko'rarkan. Shundan biladiki, umrining so'nggi kelgan.
Qoraboy aka Azroil qayoqdan kelar ekan deb xonaning tirqishlariga termulgani
termulgan. Nega kela qolmaydi? Nega vujudimdagi bu og'riqlar, ruhimdagi bu
azoblarga chek qo'ymaydi? Men nima gunoh qildimki bu qadar meni qiynaysan,
Rabbim? Yoki meni yaratib qo'yib, unutib yubordingmi? Astag'furullo! Nimalar
deyapman-a? To'g'risini aytayapman.
Boshingga qilich kelsa ham to'g'risini ayt deb o'zing o'rgatgansan, Rabbim!
Shu bergan ne'matingni ol qo'y, uni istmayman! Bu
ne'mat jonimga tegdi. Yashashdan hazar qilaman. Bu dunyo yo'lg'onligiga
ishondim. Ammo u dunyo rostligiga ham ishonmayman. Qudratingni namoyon qilib
ishontir meni!
Bu dunyoni sinov deyishadi. Agar adolatsizlik,
qiynoqlar, tahqirlar bilan sinaydigan bo'lsang, o'tmadim sinovingdan, ol
berganingni!
Shunday kezda ichki "men" uni bosimga
olardi. Nima endi Xudo seni yaratib qo'yib, hamma tashvishingni ham
ko'tarsinmi? Sen Xudodan istaganing istagan, ammo unga nima berding?
"Nima berishim kerak?"
"Nega ibodat qilmayapsan, balki Xudo seni
joningni ibodat paytida olishni buyurgan bo'lsachi?"
"Xuddo bitta mening ibodatimga qarab qolganmi,
o'ziga ibodat qilishlari uchun bandalarini o'tdan olib o'tga solishi
kerak-mi?"
U shunday dediyu xuddi Azroilni ko'rgandek sevinib
ketdi. Tavba, odam Azroilni ko'rishdan ham sevinar ekan-a? O'limga
yaqinlashishdan ham sevinar ekan-a, odam!
U o'rnidan turib namoz qilmoqchi bo'ldi. Qibla qaysi
tomonda ekan deb o'ylab qoldi. Har holda bir parcha yorug'lik tushadigan ana u
tuynik tomonda bo'lishi mumkin, degan fikr o'tdi xayolidan. Nima bo'lsa ham
o'sha yoqni o'ziga qibla qilib oldi va boshini sajdaga qo'ygan edi holsizlikdan
qaddini qayta rostlay olmadi.
"Ko'rdinmi, boring mana shu, tag'in Xudodan
shikoyat qilasan", dedi ichki sado. U ichki sadoga o'chakishib o'rnidan
turib o'tirdi va keyin tik turmoqchi bo'ldi. Tizzalari xuddi nina botgandek
zirqirab og'riy boshladi. U qiynala-qiynala ibodat etayotgan payt birdan eshik
ochildi.
-Ha, jon kirib qoldimi, zerikib qoldingmi?-dedi
navbatchi.-Ma, mana buni yodla. Har kuni uch marta aytib berasan, bo'lmasa
ovqat ham suv ham yo'q.
Navbatchi shunday deb uning basharasiga bir parcha
qog'ozni otdi. Olsa Barot Boyqobilov degan shoirning she'ri ekan:
"Prezident el uchun misoli Padar,
Barchani ko'radi farzandi qadar.
Vatanim deb qilmish jonini fido,
Panohida doim asrasin Xudo!
Falokatga qilib ko'ksini tikka,
Xudo saqlab qoldi uni O'zbekka!
O'zbekiston buyuk kelajak sari,
Qadam qo'ydi-omon bo'lsin sarvari!
Islom nuri bilan davlat bezansin!
Har dilda iymonning chirog'i yonsin!"
Qoraboy aka shoir zotidan nafrat qildi. Bir paytlar
qaysi bir mulla "dinda shoirlar qoralangan" deganda undan hazar
qilgan bo'lsa shu damda u to'g'ri aytgan ekan deb o'yladi. Bittasi ana u
Abdulla Oripov. Faqat "Islom otam" deb gapiradi va faqat "Islom
otam" deb yozadi. Uning oshnasi Erkin Vohidov esa "Sizga otilgan o'q
menga tegsin" degani degan. To'xta, kim o'q otdi unga?
Mana endi yana bittasi chiqibdi. Balki ular haqdurlar?
Balki rostdan ham "Islom aka" najot qal'asidur?
Qoraboy aka birdan Karimovga xat yozgisi, undan madad
so'ragisi keldi. Balki rostdan ham u bu yerda nima bo'layotganini bilmas? Agar
bilganda shunday katta shoirlar u haqda qo'shiqlar yozisharmidi?
Astag'furullo, dedi ichki nido. Senga nima bo'ldi? Hali
yaqindagina hamma narsa Karimovdan boshlanadi deb aytib yurgan odam birdan
undan najot izlab qoldingmi? U bu kamerada nima bo'layotganini ko'rmasligi
mumkin. Ammo shunday bo'layotganini biladi. Agar u mana bularni
rag'batlantirmasa, aksincha jazosini bersa,
bular devordan ham qo'rqadigan bo'lishardi. Hozir esa devorni ham qiynab
gapirtiradigan bo'lishgan. Bir zumda u fikridan qaytdi. She'rni bir chetga
uloqtirdi.
Ammo navbatchi kechqurungi ovqat oldidan undan she'rni
yoddan aytib berishni talab qildi. U aytolmadi. Sovugan choy va borshchdan
quruq qoldi. Yaxshi deb o'yladi. Tezroq o'laman. Ammo o'lish qayoqda. Qorning
do'mbira chalib tursa, tomog'ing qurib qolsa o'lim ham qochib ketar ekan.
U kamerada sullayib o'tirar ekan, yoniga yana bir
kishini olib kelishdi. O'zi sichqonning inidek tor joy bo'lsa, yana bittasini
olib kelganlariga balo bormi?
U odam mulla ekan.
-Ablahlar, Xudodan ham qo'rqishmaydi, betga xatimga
kelgandim, ushlab olishdi,-dedi haligi yigit.-Okam kasal. Ollohdan shunga najot
so'rab, bechoralarga xizmat qilib yuribman. Okamning do'sti xatim qilgan ekan,
shunga kelgandim. Nima emish, men vahobiy emishman? Vahobiy sening mufting
bo'ladi! Saudiya Arabistoni qirolining o'g'li bilan o'qigan! Vahobiy sening
prezidenting bo'ladi, Saudiya Arabistoniga borib, Ka'bapo'sh olib kelgan. Vahobiylar
bilan og'iz burun o'pishganlarga indamay, bizga qo'l uzatishadi, ablahlar,
mentlar!
U va'zini tugatmasidan yana olib ketishdi va bir
soatdan keyin olib kelib tashlashdi. Bechorani uraverib momotaloq qilishibdi.
Arang o'ziga keldi.
-Meni ismim Pirmat,-dedi u,-oshnalarim Pirmatcha ham
deyishadi. Tashqarida odamingiz bormi?
-Bor, qarindoshlar...
-Yo'q, birorta ishongan odam bo'lsa teppaga xabar
berardik, u yerda odamim bor, mana bularning onasini ko'rsatar edik,
ikkalamizni ham bu yerdan olib chiqishardi,-dedi u.
Ammo Qoraboy aka yelkasini qisib qo'ydi. Mega
"cha" qoshimchasini qo'shishiar ekan? Bo'yi past bo'lganda ham
tushunish mumkin? Pirmatning bo'yi emas edi. Uning bo'yi ham past emas.
Novchadan kelgan, qirra burun. Tushkunlikka tushmaydigan, yorug'likka
intiladigan, o'qigan yigit ekan.
-Hammayoqni din dushmanlari bosib ketdi,-dedi
u.-Ularning hammasi imom bo'lib machitlarimizga kirib olgan. Turkiyada bitta
Otaturk degan diktator o'tgan. Bularning hammasi o'shaning ishi. Usmonlini
yiqitib, dinni qaytadan tuzmoqchi bo'lgan, ablah! Hamma jomelarga bittadan
ayg'oqchi kiritgan. Dindorlarni o'limga hukm qilib, agar o'lib qolgan bo'lsa
hatto qabrdan chiqarib qaytadan osdirgan. Keyin sho'rolar ham uning tajribasini
olganlar, mana endi kofirboshi ham shu ishni qilmoqda.
Qoraboy aka avval Pirmatni ayg'oqchi deb taxmin qilgan
bo'lsa, keyin unga ishona boshladi. Yolg'izlikda paydo bo'lgan umid edi bu.
Ko'p narsani biladi. Ayniqsa dindan yaxshi xabari bor ekan.
Qoraboy aka umidsizlikni tark etib, Pirmatning hayotga
muhabbat to'la hikoyalarini eshitib qaytadan tirilayotgandek his etdi o'zini. Har
kun undan bir narsani so'rar edi. Bugun Dajjol haqida so'radi:
-Bir kun payg'abarimiz (s.a.v.) uyqudan turib,
Dajjolning qayoqdan chiqishi menga ayon bo'ldi debdilar. Keyin Dajjolning biz
tomonlardan chiqishini aytganlar. Dajjol odamga o'xshagan maxluq bo'lar ekan. Teppamizda
o'tirganni ko'rsam uning ichida Dajjol yashiringan deb o'ylayman. Yuzi sovuq. Ko'zlari
sovuq. basharasidan qo'rqib ketasan.
Pirmat shunday
deb atrofga qaradi. Keyin devorlarni urib-urib tekshirgan bo'ladi.
-Bularning hamma joyda qulog'i bor, ammo men
qo'rqmayman. Tog'am bularning boshlig'i. Eshitib qolsa hammasining uyini
kuydiradi. Lekin ba'zan eshitsa ham eshitmaslikka oladi. Mening Dajjolni yomon
ko'rganimni biladi. Lekin o'zining ham dardi ko'p.
-Tog'angizni shunday katta ishga qo'ygan bo'lsa nega
uni yomonlaysiz,-dedi Qoraboy aka.
-Men Dajjol haqida gapirayapman, siz bo'lsangiz boshqa
odam haqida o'ylayapsiz,- Pirmat shunday
deb qo'li bilan atrofni ko'rsatdi.-Aslida yurtboshimiz juda yaxshi odam. Xudo
yaratgan yakto odam. Agar Xudo istamaganda u shuncha odamning boshiga shuncha
yil rahbar bo'lib o'tirarmidi?
-Stalin ham o'tirgan,-dedi Qoraboy aka.
-Birinchidan Stalin musulmon bo'lmagan, ikkinchidan, u
Xudosiz bo'lgan, uchinchidan Xudo bu xudosizlarni boshqa bir xudosizning qo'li
bilan jazolagan,-dedi Pirmat.
-Qanchadan qancha begunoh odamlar o'lgan...
-Biz qayoqdan bilamiz, ular begunohmi yo'qmi, Xudo
o'zi biladi, endi Dajjolga qaytsak, Dajjol kelganda hammayoqni hech kim
bilmagan, eshitmagan kasalliklar bosib ketar ekan. Ko'rib turibmiz, nima
bo'lganini. Keyin hamma bir-biriga to'hmat qilgan, bir-birini qiynagan, otani
bolasidan bolani otasidan ajratgan...
Qoraboy aka yana Pirmatdan shubha qila boshladi. Bu
menga oid gaplarni bilgani uchun shunaqa deyayotgan bo'lmasin tag'in deya
o'ylanib qoldi va sir bermaslikka, gapirmaslikka ahd qildi. Pirmat Dajjol haqida uzoq gapirdi. Navbatchi
eshikning teshigini ochganda u:
-Oka ming dollarlik ish bor,-dedi.
-Orqangga tiqib qo'y o'sha ming dollaringni,-dedi
navbatchi.
-Solihboyev tog'am bo'ladilar, mening bu yerdaligimni
yetkazib qo'ysangiz, o'zlari ming dollarni kerakli joyingizga solib
qo'yadilar...
Solihboyevning nomini eshitgan navbatchi:
-Balki Karimov amaking bo'lar, nima Solihboyev
Toshkandan uylanganmi?-dedi.
-Ha-da, tog'am samarqandlik, ammo kennoyim toshkanlik.
Mani adam ham. Siz faqat Pirmat shu
yerda deb birov orqali yetkazib qo'ying, bas. Qachongacha bu yerda axlat tashib
yurasiz, darrov yuqoriga ishga o'tib ketasiz. O'zingiz qo'rqsangiz,
yaqinlaringizdan bittasiga ayting, men beradigan raqamga telefon qilib,
kennoyimga aytib qo'ysin, yetadi.
Navbatchi eshikni yopib ketdi. Qoraboy aka yana
Pirmatga ishona boshladi. Pirmat Qoraboy akani kunduz kuni uxlashga va yarim
tundan keyin gaplashishga undadi.
-Yarim tundan keyin itning ham, mushukning ham uyqusi
keldi. Gaplarimizni yozib oladigan tasmalari ham tugab qoladi,-derdi.
-Rostdan ham tog'angiz bu idoraning boshlig'i
bo'lsalar sizni qamashga qanday jur'at qilishdi?-deb so'radi Qoraboy aka
Pirmatdan.
-Tog'am hali boshliq emas. O'rinbosar. Ammo boshliq
bo'lib qolishi mumkin deb o'ylashadi. Inoyatov juda tullak odam. Dajjoldan dars
olgan. Ozgina kallasi ishlaydigan odamni yo'qotishga urinadi. Hozir bu idora
ikkiga bo'lingan. Bir tomonda Inoyatovning odamlari, ikkinchi tomonda
tog'amning. Ichki kurash bor. Dajjol tog'amni chaqirib "Inoyatovni
yo'qotib berasan" deb topshiriq qo'ygan. Ammo tog'am Dajjol Inoyatovni ham
chaqirib "Solihboyevni yo'qotasan" deganini eshitgan. Bular hammasi
bir-birini kuzatadi, bir-birini eshitadi. Shuning uchun hozir kurash ochiqcha
bormoqda. Tog'amning odamlari Inoyatovning qaraindoshlarini kuzatishadi. Uning
odamlari esa bizni. Men Toshkentdan chiqishim bilan orqamga tushishganini
sezdim. Ammo ushlab, qamab qo'yishadi deb o'ylamagandim. Buning ustiga
kaltaklashdi ham. Demak, ish jiddiylashgan. Tog'amning qarmog'iga yaxshi bir
o'lja tushgan-ki, bular ham pitirlab qolishdi.
Qoraboy aka hayratda qoldi. Balki bu yigitning aqli
o'ynab qolganmikan deb o'yladi. Unday emas. Hamma narsani biladi, hamma
narsadan xabari bor.
-Dajjol bir kuni Inoyatovni bo'shataman degandi u
"Ilgari bizda ishlab ketgan Kamolov degan vazir Moskva yaqinida bir guruh
yigitlarni tayyorlab sizni o'ldirmoqchi" deb uni qo'rqitdi. Bu idorda esa
Aliyev degan odam rais edi. Inoyatov va tog'am uning qo'lida ishlashardi. Kamolov
voqeasini topib Inoyatov Aliyevni chetlattirdi va kursiga o'zi o'tirdi. Tog'am
Kamolov voqeasi uydirma ekanini isbotlovchi hujjatlarni Dajjolga olib borgandi
uni Inoyatovga o'rinbosar qilib qo'ydi. Shundan beri ular it mushuk. Aliyevni
o'ldirib yuborishdi.
-Sizni bahona qilib tog'angizni bo'shatishlari ham
mumkinmi?-deb so'radi Qoraboy aka.
-Ha, yo'q, bugungacha men bir necha marta tushib
chiqdim. Meni qamasalar tog'am darhol Alimov degan odamning o'g'lini qamaydi. Alimov
Dajjolning maslahatchisi. O'g'li Toshkanning eng katta mashina o'g'risi. Uni
ushlashdimi, Alimov Inoyatovga chiqadi. U esa tog'am ushlab turgan odamni o'z
holicha qo'yib yubora olmaydi. Keyin kelishadilar. Gap shundaki, tog'am
xabardor bo'lishi kerak.
-Bular xabarni yetkazmasliklari ham mumkin...
-Yetkazadigani topiladi. Bu yerda ham hamma joyda
bo'lgani kabi ikki guruh bor. Ilgari bu yerga kelgan ammamning o'g'lini
ushlashganda bizga xabarini yetkazishgandi. Mana ko'rasiz, yana bir ikki kun
o'tsin, munosabat oz'garadi. Hali oyog'imni o'pib qoladiganlari keladi. Agar
Inoyatovning odami tog'amning to'riga tushgan bo'lsa, uning o'zi xabar tezroq
tog'amga yetishini istab qoladi.
-Bu idorada ham hammayoq o'yin ekan-da!-deya ajablandi
Qoraboy aka.
-O'yin bo'lmagan joy bormi, taqsir. Mana Ichki ishlar
vazirligida yettinchi bo'lim bor. Bilasizmi qancha odam ishlaydi, 15 mingta.
Birortasini ham tanimaysiz. Hammasi institutlarni bitirgan bolalar. Hatto
xotin-bolasi ham qayerda ishlaganini bilmaydi. Qurilish tashkiloti yoki zavodda
ishlayman deydi. Ishga kelgan joyi rostdan ham qurilish tashkiloti deb yozib
qo'yilgan bo'ladi. Ichkarisi mentxona. Kirib hujjatlarini oladi,
fotoapparatlarni oladi, yani mashinani oladi. Keyin boshliqlardan topshiriq
olib odamlarni kuzatshga chiqadilar. Kimni xoxlasalar o'shani kuzatadilar. Har
qanday to'g'ri odamdan ham xato topadilar. Keyin o'sha odamni siquvga oladilar.
Bersa berdi, bermasa rasmlar teppaga ketadi. Shuncha yosh yigitlar vatanga
xizmat qilayapmiz, jinoyatchilarni ushlayamiz deb o'ylashadi. Aslida kattalarga
xizmat qilishadi. men o'sha yerda ishlab chiqqanman. Ikki yil muxolifat
a'zolarini kuzatdim. Bechoralarning qorni nonga to'ymaydi. Shunga qaramasdan
adolat bo'lsin deb harakat qilishadi. Biz bo'lsak orqalaridan kuzatib, kim
bilan uchrashdi, kimnikiga bordi, hammasini rasmga olardik.
Bir kun ikki muxolifatchi bir joyga to'yga bordi. To'y
qilayotgan odam soliq idorasining rahbari ekan. Kuzatib tursak shunaqa ko'p
rahbarlar kelishdiki, shunaqa ko'p sovg'alar keltirishdiki, og'zimiz ochilib
qoldi. Qo'rqmasdan ochiqchasiga "yashil"idan tutqazganlarini suratga
oldik. To'yda ham faqat dollar sochishdi. Uy joyi ham shunaqa ekan-ki og'zimiz
ochilib qoldi. Hammasini taxtlab, katta boshliqqa olib borsam: "Axmoq,
senga muxolifatni kuzatishni topshirganman" deb rasmlarni basharamga
otgan. Yerdan terib olaman desam, qo'limdan yulib olgan.
Shundan keyin tog'amni ishga solib tashlab ketdim u
yerni. Keyin "jiyan" ekanligimni bilib qolibdi, uyimga pora ko'tarib
keldi. Nima istarkan, desam, tog'amning idorasiga o'tmoqchi ekan.
-Yordam berdingizmi?-deya so'radi Qoraboy aka.
-Men ham pulini basharasini otib yubordim. Yerdan
terib olgandi, qo'lidan yulib oldim. Pullarni olib borib To'xtaboy machitiga
berdim. Lekin sobiq boshlig'imga yordam bermadim. Baribir o'tdi, faqat
tog'amning guruhida emas, unga qarshi. Yegan kaltaklarimdan o'sha dollarning
hidi kelmoqda..
Qoraboy aka uchun birdan hayot qiziq bo'lib qoldi. Bu
dunyoda o'zi yolg'iz emasligini his qildi. Qiynalgan, azob chekkan, aldangan,
xiyonatga uchragan faqat u emas ekan. Butun dunyo o'yindan iborat ekan.
Rostdan ham oradan ikki kun o'tib Pirmat aziz odamga
aylanib qoldi. Uning oldiga kelib ketadiganlar, unga xushomad qiladiganlar qo'paydi. Pirmatni
boshqa joyga ko'chiradigan bo'lishdi. U Qoraboy akani ham o'zi bilan birga
oldi.
Yangi joyda yana besh kishi bor ekan. Ular juda
dindorlar bo'lib, hukumatga qarshi ishlarda qatnashgan ekanlar. Bittasi
mirshabni o'ldirgan, ikkinchisi hukumat odamining boshni uzib ketgan ekan. Uchinchisi
katta mulla ekan. Qolgan ikkitasi Misrga borib kelib turisharkan. Ular ham
Karimovni Dajjol deb gapirishardi. Tezda Pirmat ularga ham yoqib qoldi. Pirmatning
odamlari kelib kamerani maxsus tekshirib, u yoq, bu yoqqa o'rnatilgan
"quloq"larni topib olib, "Mana endi erkinsizlar" deb chiqib
ketishdi.
Pirmat tinmasdan Dajjolning yomonliklari haqida gapirardi.
U namoz paytini soatsiz ham bilar va o'rnidan turib qo'lini qulog'ining
orqasiga qo'yib azon ayta boshlardi. Keyin mulla akani oldinga surib, o'z
orqasida turar va qolganlarni ham bir safga tizardi. Namoz tugashi bilan Pirmat
bir tomonga alohida turib yana bir necha karat namoz o'qirdi va keyin yana
suhbatlariga hammani mahliyo qilardi.
-Yettinchi bo'limda ishlaganimda muxolifat
rahbarlaridan birini kuzatdim. U mashinasiga Ichki Ishlar vazirligining
nomerini taqib olgan edi. Hukumat nomeri bilan yursang, qanday qilib muxolifat
bo'lasan? O'zbekmiz-da, kim nima desa ishonaveramiz. Ayniqsa, pulim bor desa,
tanishlarim bor desa, hukumatni olayapman desa tamom, laqqa ishonamiz qo'yamiz.
O'shanda birov uning mushugini "pisht" demas
edi. Istasa kirib Dajjol bilan gaplashar, istasa bizning vazir bilan. Lekin
hamma narsaning kushandasi bor. Uni ham kuzata boshlashdi. U juda laqmaroq,
soddaroq odam edi. Orqasidan qadamba-qadam kuzatsang ham shubha qilmasdi.
O'ziga juda ishonardi.
Bir kun yarim tunda chiqib yo'lga tushdi. Do'rmonga
yetmasdan bir hovlidan yosh bir juvonni mindirib oldi. Keyin Bo'stonliq tomonga
yo'l oldi. Shahardan chiqib ketdik, atrofda tirik odam yo'q. Biz orqasidan
ochiq kuzatib borayapmiz ham hech narsadan shubha qilmaydi.
Bir vaqt bir teppalikdagi uyning yonida to'xtadi. Ayol
mashinada qoldi. U esa ichkariga kirdi. Biz uzoqroqda to'xtadik. Chunki hovli
yonida mashinalar ko'p edi. Aylanib hovlining ichiga o'tdik. Qarasak anchagina
kazo-kazolar shu yerda ekan. Derazaga anttena o'rnatib suhbatlarini yozdik. Gap
Dajjolni o'ldirish haqida edi. Yozib oldik. Tashqariga chiqib atrofni kuzatib,
qizni ham rasmga olish haqida o'yladik. Qiz shunday chiroyli ekan-ki,
binaqasini hech ko'rmagandim. Yoshlik-beboshlik. Borib mashinaga o'tirib oldim,
esi chiqib ketdi. Biqiniga tapponchani qo'ydim. Shu payt haligi muxolifatchi
chiqib qoldi. U mashinaning orqasida o'tirganimni ham sezmadi. Tavba, bu qanday
qilib muxolifatchi bo'ldi deyman o'zimga o'zim. Ayolning tovushi chiqmaydi. Nimadir
bo'lib, avzoyi buzilganmi, muxolifatchi Toshkanga qaytgunga qadar gapirmadi.
Ayol bir-ikki yutindi ham parvo qilmadi. Tog'ri o'zining uyiga keldi va
mashinadan tushib, uyiga kirib ketdi. Bechora
juvon mashinada qoldi. Men uni orqadan kelgan o'zimizning mashinaga mindirib
olib ketdim.
Bir kun qarasam haligi muxolifatchi haqida bir maqola
chiqib qoldi. Yoshlar uni shunaqa himoya qilishdi-ki, asti qo'yavering. Bu
qissadan hissa shulki, halligi qiz o'sha muxolifatchining eng yaqin do'stining
kelinchagi ekan. U kelinchakni eridan ajratib olgan ekan. Shundan keyin eri
devonasifat bo'lib qolibdi. So'ng sarson-sargardon yurib, o'lib qoldi.
O'shanda haligi muxolifatchi do'sti haqida shunaqa
zo'r gaplar aytdi-ki, mening ham ko'zimga yosh keldi. Keyin bilib qolsam o'sha
bechora do'sti uning sevgilisidan ajratib olgan, darvesh qilgan muxolifatchi
haqida shubha ham qilmagan va aksincha unga bag'ishlab kitob yozgan ekan. U
o'lgandan keyin esa muxolifatchi uning kitoblarini nashr etdi. Xo'sh, Dajjolni
o'rtadan ko'tarsak kunimiz o'shanga qoladimi? Yoki o'shanga o'xshaganlargami?
Bu hikoya Qoraboy akaga tanish edi. Lekin shunday
bo'lsada Pirmatga qarshi chiqdi.
-Uka hammani bitta qilich bilan chopmang, bittasi
yomon bo'lsa, ikkinchisi yaxshi...
-Aka, har bitta odamga bittadan qilichni qayerdan
olaman,-dedi Pirmat.-Mana man degani shu bo'lsa, boshqasidan nima kutasiz. Undan
ko'ra qo'rqmasdam o'zimizdan chiqaraylik. Mana Abdusoli domlani yoki Sobitxon
domlani yo'lboshchi qilib ko'tarish kerak.
Bu gapdan keyin suhbat qo'r qoldi.
-Ular dinsizlar mamlakatiga bosh bo'lishni
istamaydilar,-dedi bir yigit.
-Kim dinsizlar mamlakati haqida gapirmoqda. Agar
hokimiyat olinsa bir oyda dindorlar mamlakatiga aylanadi,-deb javob qildi
Pirmat.
-Hamma odam dinni istamayadi-ku?- dedi Qoraboy aka.
-Unaqa demang. Xoxlamaganlarni, dindan qaytganlarni
kofirlar yurtiga jo'natamiz,-dedi Pirmat.
-Demokratiya yaxshiroq emasmi?-dedi Qoraboy aka
tovushini ichiga yutib.
-Demokratiya dinning dushmani. Dindan qaytdimi
jazosini berish kerak,-dedi Pirmat qat'iy qilib.
-Dinda bundan hukm yo'q. Qolaversa bugungi dunyo bilan
ham hisob-kitob qilish kerak. Bo'lmasa ishlar oldinga yurmaydi. Bugunga qadar
biror joyda ham saodat davlat qurilmadi, nega? Buni ham o'ylab ko'rishimiz
kerak,-deya suhbatga qo'shildi yigitlardan yana biri.
-Qurilgandi, Xorrun Rashid zamonida, buncha ham pasiv
bo'lmang, bu ham demokratlarning ta'siri,-dedi Pirmat. Mulla ham unga
qo'shilganini bildirgandek, boshini silkib qo'ydi.
-Men o'shandan keyin nega qurilmadi, deyapmanda,
taqsir. Chunki doim o'yin qilishmoqchi bo'lishdi. O'yin qilmaslik kerak, hamma
narsani o'z aslida yaratish kerak. Qur'oni Karim qanday buyurgan bo'lsa shunday
qilish kerak,-dedi haligi yigit fikrini boshqa tomondan aylantirib kelib.
Pirmat u yigitni hovirdan tushishga chaqirdi.
-Agar mana shunday deb tursak o'zimiz ham, yana
minglab birodarlarimiz ham mana bu zindonlardan qutulmaydilar. Bizda ham
programma minumim va progaramma maksimum bo'lishi kerak. Minumum shuki,
Dajjolni bartaraf etib, istiqlolga yo'l ochish kerak, maksimum esa saodat
saltanatini qurish bo'ladi.
Bahs tinmasdi. Qoraboy aka uchun yangi hayot
boshlandi. Ko'nglining bir chetidan haqiqatdan ham sinov boshlangan ekan, bu
yerda ko'p narsani angladim, degan fikr o'ta boshaldi. Ammo oilasi haqida xabar
ololmagani unga tinchlik bermasdi.
Rustam, Otabek qayerda ekan? Nima qilishayotgan
ekanlar? Bu savollar ko'nglida paydo bo'layotgan umidni so'ndirib yuborar edi.
U bir kun ko'nglini Pirmatga ochib qoldi.
-Xavotir olmnag, ertagayoq xabar topaman, ularning
qayerdaligini bilib olamiz,-dedi Pirmat.
-Tog'angizni shuncha imkoniyatlari bor ekan, nega
sizni chiqarib olmayaptilar,-dedi Qoraboy aka.
-Men o'zim ketishni istamaypman. Ko'nglimdagi
odamlarni topdim. Ketsam ular bilan birga ketaman. Mening maqsadlarim bor.
Ularni faqat ana shunday chiniqqan
odamlar bilan amalga oshirish mumkin,-dedi Pirmat.
Bu gapni eshitib o'tirganlar bosh silkab qo'yishardi.
-Bun dunyoda bandaga emas, yaratganning o'ziga tobe
bo'lsangiz butun haqiqatni ko'rasiz. adolat o'rnatishni his etasiz, adolat
dushmanlarini taniysiz,-deya Pirmat gapirar ekan, Qoraboy aka o'ylanib qoldi.
Balki buning tog'asi Karimovni yo'qotib birato'la ham
undan, ham Inoyatovdan qutulmoqchi ham hokimiyatni qo'lga olmoqchidir? Shuning
uchun balki bu yerdagilarni qo'llanmoqchi
bo'lsa-chi? Axir hamma narsa izdan chiqib ketmoqda? Juda ko'p odam bu
yerga qatnamoqda. Qurollarni tashlab ketishmoqda. Hammaga bittadan uyali
telefon berib qo'yishdi. Faqat Qoraboy akaga berishmadi.
U o'zini chetga tortayotgani uchun ular ham uni chetda
saqlashmoqda. Balki boshqa yo'l yo'qdur? Bir necha kun oldin o'limga rozi edim.
Bularga qo'shilsam nima bo'ladi? Oilam bilan aloqa o'rnatishim, Rustam va
Otabekdan darak topishim mumkin. Bular Dajjoldan qutulmoqchi. Hamma uning
yomonligini biladi. Hamma ham undan qutilishni istayapti. Lekin bu qaltis yo'l.
Ammo endi uning uchun farqi qoldimi? Sud yo'q, tergov yo'q. Mana necha oydirki
biorv so'ramaydi. Qancha kaltaklashdi, qiynashdi.
Agar Pirmat kelib qolmaganda o'lib ketgan bo'lardi. Balki
bu Xudoning mo'jizasidur? Balki Xudo unga qayta hayot berib Dajjjolga qarshi
bosh ko'tarishga chaqirayotgandur? Nima bo'lganda ham yutqizmayman deb o'yaldi
Qoraboy aka. Kurashman, Dajjolga qarshi kurashaman deb qaror berdi.
Bu qarorioni bilgan Pirmat va boshqalar uni quchoqlab,
qutladilar. Shu kuni unga uyali telefon berishdi. Darhol uyiga telefon qildi. Javob
kelmadi. Yana tushkunlika yo'liqdi.
Nihoyat Pirmat qo'shnisining telefonini topib berdi. U umr yo'ldoshi olamdan
o'tganini eshitib faryod solib yubordi. Kameradoshlari unga taskin berishdi. Birining
akasi o'lgani, birining otasini o'ldirishgani haqida gapirishdi. Kamerada
Qur'on o'qib, xatim qilib, o'lganlarni duo etishdi.
Qoraboy aka endi Rustam va Otabek haqida xabar
topishni juda ham istab qoldi. Pirmat yaxshi bola ekan. Kelgan odamdan shu
haqda so'rar va xabar topib kelishni aytar edi.
-Men,-dedi Pirmat,- bu bo'layotgan ishlar uchun hech
kimni ayblamayman. Hammasiga Dajjol aybdor.
Bir kun tog'am chaqirib qoldi. "Bir ish bor" dedi. U Dajjol
bilan bog'liq mutloq maxfiy ishlari bo'lsagina meni chaqirar edi. Menga o'xshab
yana bir ikki juda ham ishongan yigiti bor. Ularga mendan ham ko'proq ishonadi.
Bizga bir odamni o'g'irlashni buyurdi. Uyi Toshkentning chetida ekan. O'g'irlab
keldik. Tog'am Dajjolning yoniga olib bordi. Olib kirishdan oldin uni
yechintirdik. Tog'am uni ichkariga yalang'och holda olib kirdi. Kirayotganda
qarshlik ko'rsatmadi. Chunki qarshilikning javobi nima bo'lishini unga
ko'rsatib qo'ygan edik.
Bir soatda uni tog'am qaytib olib chiqdi. U bizga
qarab yig'lab yubordi. Oltmishga yaqinlashib qolgan odam edi. Katta ishlarda
ishlagan. U shunaqa uvlab yig'ladi-ki
ichimdan bir narsa uzilib ketdi. Tog'amga qarasam u ham ezilib ketgan odamdek
boshini yelkasining ichiga tiqib olgan.
Dajjol haligi odamni yalang'och holda ko'chaning
ortasiga tashlab ketishni buyurgan ekan, shunday qildik. Uni mashinadan
tushirar ekanmiz, u tog'amga qarab shunaqa iltijo qildi-ki, tog'am ham yig'lab
yuboray dedi.
Keyin tog'amning ham Dajjoldan ko'ngli qoldi. Haligi
odam Dajjolning eng yaqin do'sti bo'lgan ekan. Dajjolning o'zi uni qiynabdi,
erkakligini oyoq osti qilibdi. Shu voqeedan keyin Dajjolni dushmanim deb e'lon
qilganman. Xudoga shukur bu kurashda yolg'iz emas ekanman, hozirga kelib katta
bir armiyaga aylandik. Eng asosiysi Xudo biz tomonda! U ko'rsatgan yo'l haq
yo'ldir. Dajjolga o'lim! Olloh haqdur! Ollohu Akbar!
Kamerani buzib yuboray dedi bu sado. Chunki qolganlar
ham shunaqa qichqirshdiki, devorlarga urilgan aks-sado qamoqning tashqarisiga
chiqib ketgandek bo'ldi. Qoraboy aka ham ana shu sado sohiblaridan bir edi...
Televizor
ekranidan kamera ichida yuz bergan holatni tomosha qilgan Alimov:
-Pirmatcha deganingiz bu gaplarni qayerdan biladi? U
hamma sirlarni ochib tashlabdi-ku?- dedi koyish ohangida.
-Hammasi emas, ummondan qatra-ku! Agar bo'lgan
narsalarni aytmasa, ularni ishonira olmaydi-da,-dedi Hamidxon.-Bu bizning
o'zimizga xos va o'zimizga mos yo'limiz.
-Oqsoqol sizga bekordan ishonmagan ekanlar,-dedi
Alimov hali ham kayfiyati ochilmagan holda uning qo'lini qisib.-Voqealarning
davomini ham kechiktirmay aytib turing, har kun so'rab turibdilar!
Hamidxon Alimov huzuridan chiqib aeroportga yo'l olar
ekan, Karimov bilan uchrashuvni yodga oldi.
Alimov esa qayergadir telefon qilib, Hamidxon va
Pirmatni yaxshilab o'rganishlari, kuzatishlari, qarindosh urug'lari haqida
ma'lumot to'plashlarini buyurdi.
DAVOMI BOR