JAHONGIR MUHAMMAD
ASSASSIN
Tarixiy-
Zamonaviy Roman
Vashington- 2005-2006
TO'QQIZINCHI
BOB
1998 yilning oxiri
Yangi yil bayramidan bir kun oldin Mirtemirga Amerikada uzoq yillardan beri
yashayotgan Chol telefon qildi. Mirtemir Amerikaga hali
yaqinda kelgani uchun Cholni uncha yaxshi bilmas edi. Ammo
hamma Chol haqida gapirardi. Hech
kim uning nomini aytmas, hamma uni Chol der edi.
Kimdir uni har qanday ishni uddasidan
chiqa oladi, desa yana kimdir har qanday odamga har
qanday to'hmatni qilishdan qaytmaydi, juda ko'p odamni qon qaqshatgan der edi.
Mirtemir uzoq
yillardan beri muxolifatda. Turkiyada
ekanligida O'zbekiston gazetalaridan birida Chol haqida tanqidiy maqola chiqdi.
Shunda radiodan telefon qilib, Mirtemirdan mazkur maqolaga
fikr so'rashdi. U bunday maqolalar qanday
tayyorlanishi haqida gapirib berdi. Ko'p o'tmay
Choldan minnatdorchilik maktubi oldi. Orqasidan esa
Cholning Karimovga qarshi ish qilmagani haqida yozgan ochiq xatini o'qidi.
Shu bois u Choldan uzoq turishga harakat
qildi. Ammo Amerikaga kelgan kuniyoq ostonasida Chol paydo bo'ldi.
Olis bir mamlakatda eshikdan kirib kelgan vatandoshga kim
ham quchoq ochmaydi. Cholning bilmagan narsasi yo'q ekan.
To'g'rirog'i o'zini hamma narsani bilgandek qilib ko'rsatar
ekan. Stalindan gap ochilsa, u bilan qaysi yili qaerda va qaysi soatda uchrashganini aytsa, Nerudan gap boshlansa,
unga qanday maslahat berganini hikoya qilardi. Dunyodagi hamma liderlar bilan
uchrashgan, hamma voqealarning ichida bo'lgan va hatto
boshqarib turgan qilib ko'rsatardi o'zini.
Oddiy odam uning soatma-soat, daqiqama-daqiqa
qilib aytib bergan gaplariga shubha qila olmas edi. Uning xotirasiga
qoyil qolmasdan iloj yo'q edi. Xuddi kompyuter kabi hamma xabarlar va nomlarni o'z xotirasida saqlar va joyida qo'llana olardi.
Ammo Mirtemir uning ‚”mag'zi‚”ni tezda chaqdi. Bir kuni unga mamlakatdan bir do'stidan olgan xabarni aytdi.
Bu xabarni faqat u va do'sti bilardi, xolos. Oradan
uch kun o'tib, Chol unga telefon qilib, ‚”Hozirgina
bir muhim xabar‚" oldim deya o'sha Mirtemirdan eshitgan gapni uning o'ziga
aytib berdi.
Mirtemir do'stiga xat yozib bu xabarni
kimgadir aytib-aytmaganini so'radi.
Xabar hali tarqalmaganiga ishonch hozil qilgach, avvaliga
Cholni ruhiy xasta deb o'yladi. Keyin sinab ko'rmoqchi bo'ldi va bir to'qima xabarni aytdi. Oradan bir soat o'tar-o'tmas
shu erdagi tanishlardan biri telefon qilib, favqulodda muhim bir xabar
eshitgani va buni juda ishonchli manbadan olganini
aytdi. Mirtemir kuldi-da:
-Choldanmi?-dedi.
-E, sizga ham aytdilarmi?-dedi haligi
odam.
Shundan keyin u Cholni kuzatsa, mana shu
yo'l bilan o'zini ahamiyatli shaxs deb tanitar va
hammaning diqqat markazida bo'lar ekan. Pensiyada bo'lgani
uchun vaqti ko'p. Turli gazetalarni o'qiydi.
Radiolarni eshitadi va o'zi to'plagan ma'lumotlar
asosida o'zi ham turli xabarlarni to'qir ekan. Amerikada yashayotgan
vatandoshlar ishxona va uyning yo'lidan boshqa narsani
bilmaganlari uchun uning og'ziga qarab o'tirar ekanlar.
U tinmay boshqalarni yomonlar ham ekan. ‚”Falonchiga men boshpana olib berdim,
ablah, salom bermay ketdi”,
‚"Pismadonchini ishga joylab qo'ydim, iplos xabar ham olmay
qo'ydi‚” kabi gaplarni yangi kelgan vatandoshlarga bot-bot aytar ekan. Ular Amerikani yaxshi bilmaganlari uchun unga g'irt ishonib, bir
necha oy uning atrofidan ayrilmay qolisharkan. Chunki Vatanda birov
oraga kirmasa ishga o'tib bo'lmasligini ular yaxshi biladilar va ‚”tajriba‚”dan
kelib chiqib, bunday ‚”ahamiyatli‚” odamning etagini mahkam tutishga
intiladilar. Amerikada esa jiddiy bir ishga, ayniqsa, hukumat
ishiga o'tayotganda, birov oraga tushsa, ostonadan qaytib ketasiz. Bu erda til bilishingiz, imtihondan o'tishingiz kerak. Bo'lmasa
‚”chol‚”lar tugul mollarning ham foydasi tegmaydi.
Chol tinmay Boymirza otani yomonlar edi. Bu Mirtemirga yoqmadi.
Chunki Mirtemir Boymirza ota bilan ustoz-shogird tutingan, uni ulug' inson deb
hisoblar va uning sakson yoshlik to'yini o'zi bosh
bo'lib o'tkazgandi.
Mirtemir Cholni qancha sovuq qarshi olsa,
u shuncha tez-tez keladigan bo'ldi.
Oxiri bir kun u ‚”Mirtemirni ham men ishga joylab qo'ydim‚” degan gapini
eshitib qoldi va Cholga ‚”Shunaqa gaplar aytishga uyalmaysizmi?‚” dedi. Shu bilan oralari sovuqlashdi.
Ammo yangi yilga bir kun
qolganda Chol Mirtemirga telefon qildi va:
-Turkiyadan Olmosli kelgan, juda muhim
xabar bor, men Rahim va ukasi Abduvahobni ham
chaqirdim, bir kelib keting,-dedi.
Mirtemir Olmoslini yaxshi tanirdi. U hukumat ishlarida ishlagan va keyin
tijoratga o'tgan, juda
badavlat odam edi. Turkiyada va keyin Avropada
yashagan muxolifatchi Xolisni bir necha yil pul bilan ta'minlab, kata-katta
mablag'larni sochib yurgan. Mirtemirga yomonligi ham,
yaxshiligi ham tegmagan. Mirtemir uning oilasini
yaxshi bilardi. Onasi va singlisi bilan gaplashgan, ular Vatan hasratida yongan ajoyib
insonlar ekanligini ko'rgan edi.
Olmosli Vatanga ishbilarmon sifatida
borgan va tezda yuqori tabaqalarga yo'l topa olgan
edi. O'zi Karimovning maslahatchisi va ukasi
Karimovning xorijiy banklardagi ishonchli vakiliga aylangandi. Birdan ularning
oralari buzilgani haqida gap-so'zlar tarqaldi va
Olmosli xorijga chiqib yashayotgan Xolisning yonidan ayrilmay qoldi. Uni bugun umraga olib borsa, bir oydan keyin Amerikaga boshlab
borardi. Bugun Turkiya prezidenti bilan uchrashtirsa,
bir oydan keyin Avropa bo'ylab sayohatga olib chiqardi.
U Turkiya rahbarlarining erkatoyi edi. U haqda juda ko'p maqolalar yozilgan va uning juda sirli odam ekanligi aytilardi. Uning o'zi ham
maqolalar yozar va dunyoning o'ta dolzarb muammolari
haqida keskin fikrlar bildirar edi. Uning maqolalari Mirtemirga yoqar va uchrashganlarida ko'pincha ana shu masalalar atrofida
gaplashishar va Olmosli chuqur mushohada yuritguvchi yaxshi suhbatdosh edi. Shu bois Mirtemir u bilan uchrashuvni rad etmadi.
Mirtemir kelganda Cholning uyida Olmosli
bilan Turkiyalik bir xonim ham bor edi. Uni jurnalist deb tanishtirishdi. Ammo jurnalistga emas, sportchiga o'xshab ketardi. Mirtemir
undan shubha qildi va uning oldida gapirmaslikka
urindi.
Gap Karimov haqida edi. Rahim Karimovni,
uning siyosatini yomonlar ekan ukasi aksini gapirardi. Oxiri Rahim chiday
olmadi va o'rnidan turib, ukasini mushtlay ketdi. Chol va boshqalar
bir chetga o'tib, tomosha qila boshladilar. Mirtemir ularni
arang ajratib qo'ydi. Shundan keyin Chol oshni damlar ekan, Olmosli
Mirtemirni bir chetga olib:
-Fevral oyining o'rtasida Vatanga qaytamiz,
hammamiz bir uchqichda qaytamiz,-dedi.
-Tinchlikmi?-deya qiziqdi Mirtemir.
-Karimov bitdi. Xolisni uning o'rniga
qo'yamiz, sizlar ham unga qo'shilib, uni qo'llashlaringiz kerak!
-Birinchidan, Karimovni ketgani yoki
ketishiga ishonmayman,-dedi Mirtemir.- Ishongan
taqdirimda ham Xolisga ishonmayman. Karimov bilan uning farqi
yo'q.
-Shu gapni o'ziga ham aytgan ekansiz,
unga shu gapingiz juda qattiq botgan, nega farqi yo'q?-deya e'tiroz bildirdi
Olmosli.-Bugun Karimovdan qutulish uchun lozim bo'lsa, hatto shayton bilan ham
birlashish kerak.
-Shaytonga qarshi shayton bilan
birlashish shaytonlikni qabul qilishdir,-dedi Mirtemir kinoya bilan,- Uning ismi Xolis ammo o'zi xolis emas. Karimovning eng
katta xatosi tanqidni ko'tara olmasligi va tanqid
uchun odamlarni quvg'inga olishidir. Xuddi shu narsa Xolisda ham bor. Tanqid
qilgan odamni ig'vogar deb e'lon qiladi, unga to'hmatlar uyushtiradi, ustidan
bo'htonnomalar yozdiradi va hokazo. Buning
uchun siz bergan pullarni sarflaydi, tabiiyki. Hatto
uni tanqid qilgan odamni o'ldirtib yuborish uchun ham harakat qiladi. Bundan xabaringiz bor.
Karimovning ikkinchi xatosi o'z atrofiga
axmoq bo'lsa ham, o'g'ri muttaham bo'lsa ham faqat
o'zini maqtagan, sodiq bo'lib ko'ringan odamlarni to'playdi. Oxirida
ularning sadoqatini ham oyoq osti qiladi. Ayni narsa
Xolisda ham bor. Uni maqtasangiz buni sadoqat deb biladi. Atrofiga faqat ana shundaylarni yiqqan. Karimovga o'xshab u ham
mahalliychi. Yonidagi tozilari yo ukasi, yo jiyani yoki
hamyurti. Qolgan bitta ikkitasi esa adashganlar.
Karimovning uchinchi xatosi o'zidan
boshqa hammani ‚”hech kim‚” deb biladi. Ayni narsa Xolisda ham bor. Xullas, Karimovda qanday illat bo'lsa, hammasi
Xolisda ham bor. Har ikkalasi ham o'z tinchligi, o'z manfaati uchun minglab
odamlarni yo'qotib yuborishga tayyor shaxslar. Buni uzoqda
turib bilmaysiz, ammo yaqinida bo'lsangiz, darhol anglaysiz. Bugungacha kim Xolisga yaqin kelgan bo'lsa, hammasi tashlab ketdi. Nega? Chunki u ham ashaddiy diktator.
Agar Karimovni o'rniga kelib qolsa, hammani qon qustiradi.
Karimovga o'xshab bugun dinchi, ertaga ateist, indinga millatchi...
Bu gaplar Olmosliga uncha yoqmadi. Lekin Mirtemirga qarshi gapirishni
istamadi va:
-Iqtisodni ham bilmaydi. Bugunga qadar ikki million dolllar pulning boshiga etdi. Eng
zo'r joylarda yashatdim, qo'lini isiq suvdan sovuq suvga urdirmadim, dunyoni
kezdirdim, uy joy qilib berdim, xullas, bor-butimni sarfladim, endi uni
mansabga qo'yishim va u mendan qarzlarini uzishi
kerak,-dedi.
Gapni indallosini aytganda, Olmosli
haqiqatdan ham ko'p pul sarfladi, Faqat Xolisning o'ziga emas. Balki Karimovni
ag'darish maqsadida Turkiyaga olib kelingan yoshlarning ham hamma xarajatlarini
u to'ladi. Muxolifatning ro'znomasi uchun ham u pul
berdi.
-Ha, gazeta chiqarish uchun siz pul
berganingiz va gazetani jo'natishni singlingiz
bo'yniga olganidan xabarim bor. Singlingiz juda ham vatanparvar. Erkaklar ko'tara olmagan gazeta to'plarini o'zi orqalab, uchqichga
olib chiqqanini ko'rganman. Lekin Xolis faqat sizga
emas, juda ko'p odamga va'da bergan. Mamlakatni
deyarli bo'lib bergan. Mana shunday va'dalari evaziga
qarz olib, umrguzaronlik qilmoqda. Bunday odamni
mamlakat boshiga yaqin yo'latish millatga xoinlik qilish emasmi?
Mirtemirning bunday keskin gapidan keyin
bir zum aytgan gapidan uyalgandek bo'ldimi yoki yuragida boshqa gap bormi,
Olmoslining ko'zida yosh aylanib ketdi va u ham
Mirtemirga peshvozan suhbatni ayni maromda davom ettirdi.
-Shu erda o'tirbmanu ammo baribir u yana bir xato qilib qo'ymasin deya ko'nglim notinch. Bilmasdan bir narsa deb yuborsa hamma rejalar izdan chiqib ketadi.
Bu planimizni ham ana u dindorlar bilan o'rtoqlashib qo'yibdi...
-Qanaqa plan? Qanaqa
dindorlar?
Mirtemir birdan hushyor tortdi. Olmosli bilan birga
kelgan ayol tag'in maxsus xizmatlardan bo'lmasin? Tag'in bu yana bir o'yin bo'lib chiqmasin?
U rostdan ham bir plan bormi-yo'qligini va bundan Xolisni xabari bo'lib-bo'lmaganini aniqlash uchun
Olmosliga:
-Siz bilan gaplashayapsiz, lekin bunga
Xolis qanday qaraydi? Uning boshqalar bilan hamkorlik
qilishiga aslo ishonmayman. Qo'ying, bu mavzuni umuman yopaylik va oshni eb tarqlaylik,-dedi.
-Oshdan keyin N'yu Yorkka boramiz,
Akbarxon aka bilan ham gaplashamiz,-dedi Olmosli.
-Men borolmayman, ertaga Yangi yil va oilam bilan birga bo'lishni istayman.
-Oilangizni olib yuring, tayyorgarlik
yaxshi va hammaga etadigan joy ham bor. Agar kerak bo'lsa, u
kishining uyiga yaqin mehmonxonadan joy ham oldirib qo'yganmiz.
-Lekin men baribir Xolisni sizning
rejangiz bo'yicha yurishiga ishonmayman,- dedi
Mirtemir garchi reja nimaligini bilmasa ham.
Shunda Olmosli Cholning telefonini oldida
Olmoniyaga telefon qildi:
-Bu erda butun muxolifat birlashdi va Toshkentga borishga tayyor,-dedi.
Olmosli Xolisning ovozini eshitiladigan
qilib qo'ygan edi.
-Men Karimovni bitirdim, mamlakatni
qo'lga kiritdim, yoningizdagilarning menga keragi yo'q. Ular
faqat indamay o'tirsalar, bas. Qolgan gapni kelganingizda
gaplashamiz!-dedi Xolis.
Xolisning bu gapi Olmoslini shoshirib
qo'ydi va rangi oqarib ketdi.Ammo noqulay
vaziyatlardan chiqishga usta odam bo'lgani chun darhol:
-Bu axmoq bilan bir ish qilish qiyin. Narigisi ham axmoq. Shu tashabbusni siz qo'lingizga
olishingiz kerak,-dedi Mirtemirga.
-General bo'lishni orzu qilmagan askar
askar emas deyishadi. Demak,
men ham askar emasman. Men birinchidan, hech qachon
kimgadir tobe bo'lishni istamayman. Juda ham erkin
odamman. Ikkinchidan, kimnidir o'zimga tobe qilishni
istamayman, chunki hammaning ham erkin bo'lishini istayman,-deb javob qildi
Mirtemir.
-Bu ahvolda mukammal odamni topa olmaymiz
va yana Xolis masalasiga qaytamiz,-dedi Olmosli bir
zumda adashib qolgan otni yo'lga solgan chavandozdek mamnun qiyofda.
-Ha, siz bir narsani eng mukammal deya
ko'rsating men sizning xatoingizni ko'rsataman. Siz bir
odamni xatosiz deb ayting, men sizning xatoingizni aytaman. Siz mening xatoimni ayting, men sizning kimligingizni aytaman. Dunyo mana shunaqa. Lekin men odamni yaratgan Tangrining o'zi uning jonini olishi kerak
degan qat'iy ishonchdaman. Karimov men bu dunyoda
kechira olmaydigan yakka shaxs. Lekin uning ham
o'limini istamayman. U ham yashasin va
qilmishlari uchun mana shu dunyoda javob topsin.
-Bizga qo'shilmaysizmi?-deya so'radi
Olmosli.
-Yo'q, bunday harakatlarning oxiri yomon
bo'ladi, Xolis ilgari ham shunaqa xom-xatala ishlarga bosh qo'shib, ko'p odamni
xonavayron qilgandi, agar yana bir narsa o'ylayotgan
bo'lsa, uni to'xtatish kerak. Chunki bu yo'l bilan biz faqat
diktatura mustahkam bo'lishiga yordam qilayapmiz. Bu ketishda oxiri
Vatanda bir kishi ham ko'chaga chiqa olmaydigan bo'lib qoladi yoki diktatorga hamma odamni qirib
tashlashi uchun sharoit qilib bergan bo'lamiz. Buning ustiga unutmang, qilich
bilan kelgan, qilich bilan ketadi,-dedi Mirtemir.
-E, yo'q, nimalar deyapsiz, bir gap
bo'lsa mana men bilgan bo'lardim. Faqat hammamiz birgalashib Vatanga qaytib
boraylik, bitta uchqichda boraylik, xalq bizni kutib oladi va
bu harakat inqilobga aylanib ketishi mumkin, degan plan bor edi,
qo'shilmasangiz biz sizni majbur qila olmaymiz,-deya Olmosli ichkariga,
boshqalar o'tirgan xonaga qarab yurdi.
Ichkarida Olmosli gapni uzoqdan boshlab, yana birgalikda
Vatanga qaytish kerak degan gapni aytgandi,
Mirtemir so'hbatga qo'shilmadi…
Shu bilan ular xayrlashdilar.
Amerikada
bu suhbat
bitib yangi yil kirib kelar ekan Vatanda ham yangi yil bayrami boshlanib ketgan
edi.
1998 yilning oxiri, 1999 yilning yil
boshi
Almatov bayram tabriklarini qabul qilar
ekan, qo'lidagi qadahni ko'tarishga qo'rqib turgandi. Chunki hali Karimov
so'rab qolishi yoki chaqirishi mumkin-da. Bugun u qabulxonaga telefon
qilib, Karimovni tabriklash niyatini aytgandi, kotib bir zum o'tmasdan qayta
qo'ng'iroq qilib:
-O'zlari sizga telefon qilar
ekanlar,-dedi.
Shundan keyin yuragiga g'ul-g'ula tushdi. Nima gap ekan? Nega qabul qiladilar? Har doim bayram
arafasida xayollariga kelmagan hadya olib borishimni bilar edilar-ku? Yoki birortasi biror narsa deb qo'ydimi?
Almatov hatto xayolida ham Karimovni
senlashga qo'rqardi.
Unga shunchalik jon oldirib qo'ygan-ki, u xayolimdan
o'tganini ham bilib qolishi mumkin deb o'ylar edi.
Mana bir necha soatki savollar Almatovga
tinchlik bermasdi. Dunyo qiziq ekan. Ko'pchilik uni juda
qudratli, mamlakatni boshqarib turgan odam deydi. Ba'zilar
hatto Karimovning jilovi ham uning qo'lida degan xayolga boradilar. U esa yangi yil bayrami kirib kelayotganiga qaramay qo'lidagi
qadahni ko'tara olmaydi. Yegan ovqati ham tomog'idan
o'tmaydi. Bir
oddiy qul ham bayramda erkin bo'ladi, ammo u erkin emas edi. Qanchadan-qancha odamlar kelib, unga hadya berib, shirin-shirin
gaplar aytib ketdilar. Na bir hadya ko'ziga ko'rindi va
na bir shirin gap qulog'iga kirdi. Xayolida ham, dilida ham, qulog'ida ham
faqat ‚”Nima gap ekan?‚” degan savol xuddi buldozerdek
gurillab aylangani aylangan.
U har soniyada devordagi soatga qaraydi. Bir daqiqa u yoqda
tursin, bir soniya ham juda uzoq vaqt ekan. Turib-turib,
keyin soatga qarasa, endi yarim daqiqa o'tgan bo'ladi. Soatning ‚”tiq-tiq‚” etgani esa xuddi boshida birov yong'oq
chaqqandek butun vujudini qoplab olgandi. Ana shu zayl vaqt imillay-imillay yangi yil
kirishiga 25 daqiqa qolganda kotib telefon qildi va 20 daqiqadan keyin borishi
kerakligini aytdi. U apal-tapal yo'lga chiqdi.
Almatov o'tiradigan binodan Devonga er
osti yo'li bor edi. Bu tunneldan bitta engli mashina yura oladi. Ammo tunnel Karimov yashaydigan 3 qavatli uyning tagiga borganda
bekiladi. Chunki narigi tomonini faqat Karimovning o'zi kabinet va uy orasi yo'lagi sifatida qo'llanadi. Shu bois favqulodda
holatlarda Almatov o'sha nuqtaga qadar borar va u
erdan tashqariaga chiqib, devon hovlisi orqali ichkariga o'tardi. U
tunneldagina qo'llaniladigan mashinani qoldirib, yuqoriga chiqdi va Karimovning qabulxonasiga qarab yugurar ekan, xursand
edi. Chunki ko'nglidan Karimov yangi yilni men bilan kutib
olar ekan, degan fikr o'tdi. U Devon yoniga kelganda,
to'satdan bir daraxtning ortidan Karimov chiqib qoldi. U anqayib qoldi. Boshqa birov ko'ziga
Karimov bo'lib ko'rindimi yoki bu rostdan ham Karimovning o'zimi? Qo'rimalari qani? Bu soatda bu erda nima qiladi?
-Anqayma, shundan vafodor ekaningni va aytganimdan oldin kelishingni bilardim. Yur, biroz Devon
hovlisida aylanib gaplashamiz,-dedi Karimov unga. Shundagina Almatov o'ziga
keldi va qarshisida haqiqatdan ham Karimov turganiga
ishondi.
-Yangi yilingiz bilan tabriklamoqchi
edim,-deb Almatov Karimovni quchoqlamoqchi bo'ldi. Karimov gavdasini boshqa
tomonga burdi-da:
-Qanaqa yangi yil?-dedi,-
qani, ana u amaliyotni qanday o'tkazamiz, ana o'sha kun biz uchun yangi yil
bo'ladi va o'shanda birgalikda ichamiz. O'sha kun
formangni kiyib kelasan. Amaliyot yaxshi o'tsa, yangi yilni qutlaymiz, elkangga
yana bitta yulduz taqib qo'yaman. Bo'lmasa, formani
echasan!
Almatovning hadyasi ham qo'lida qoldi.
-Qo'lingdagini mana bu daraxtning ostiga
qo'y,-dedi Karimov.
-Bu juda qimmatbahoo…
-Agar amaliyotni pishitmasang bu narsalar
bir tiyinga qimmat bo'lib qoladi, amaliyot yaxshi o'tsa, demak seni eng katta
hadyang o'sha bo'ladi. Unutma, ilgari poshsholar bur o'q
bilan ikki hayvonni urganlar. Biz beshtasini birdan
urayapmiz. Bu oson bo'lmaydi. Dindorlar masalasida bugungacha bizga ishonmagan dunyoni
ishontirishimiz kerak. Saylovning msallig'ini
tayyorlab qo'yishimiz lozim. Bu senga ham keyingi
saylovgacha qolish garantiyasini beradi. Muxolifatni
butunlay bitirishimiz shart. Xalqni ko'zini qo'rqitib
turish lozim. Nihoyat, kuchimiz borligini, har qanday
sharitda iqtidorni qo'lda tuta olishimizni boshqalar ham bilib qo'ysin.
Bilasan, dunyoning qulog'i bor va hamma gapni
eshitishadi. Shuning uchun tashqarida gaplashaylik degandim.
Hamma bayram bilan ovora. Osmondan
turib yozib oladiganlarning ham xayoliga bular shu paytda ishni gaplashadi
degan gap kelmaydi. Yaxshilab eshitib ol.
Amaliyotda kim qatnashasa ham vaqtini bilmasligi
kerak. MXXdan ikki kishi biladi va ularga 15 fevral
deb aytdim. Ammo amaliyotni bir kun keyinga mo'ljalla.
Men hukumat majlisini ham 15 ga aytganman va bir kun
qolganda 16 ga ko'chiramiz. Demak, 45 kun qoldi va bu haqda boshq
gaplashmaymiz. Kamida 5 joyda shampanskiy ochasan. Hukumatdagilarga yaxshiroq qilib quy. Keyin
bankdagilarga ham bir shisha ber. O'zingni odamlaring
ham quruq qolmasin. MXX yaqinida ham bittasini och! Importniysidan
bo'lsin. Kimning mahsuloti bo'lishini ham o'ylab qo'y.
Shishalaar birin-ketin ochilsin! Hoziroq borib hamma narsani tekshirib chiq!
-Ijrochilarning ba'zilari MXX da…
-Shuni ham menga aytasanmi? Nodirxonga
ayt, hammasini bitta bochkaga soladi!
Shu payt olisdan soatning bong urgani
eshitildi, odamlarning qiyqiriqlari keldi va
qaerdandir osmonga mushaklar otildi.
-Yangi yiling bilan tabriklayman,-dedi
Karimov,- bunisi emas, keyingisi bilan!
Karimov shunday deb ortga qaytdi va daraxt ostidagi hadyani olib, bino ichiga kirib ketdi.
Shundagina Almatov eshik yonida bir yigit kutib turganini va
Karimov hadyani uning qo'liga tutqazganini ko'rdi. Favqulodda holatlar uchun
qilingan bu eshikdan devonning hojatxonasiga kirish mumkin. Demak, qolgan
qo'riqchilar ichkarida kutishmoqda va yangi yil
oqshomi Karimovning qorni og'rib qoldi deb o'ylashsa kerak.
”Ha, otam, pishiqsiz!‚”
deb qo'ydi xayolan Almatov.
U o'zini qushday his qildi. Demak, Karimov faqat
unga ishonadi. Hatto MXXga ham aniq kunni aytmabdi.
Agar hadyani olmaganda ko'ngli xira tortaradi, lekin hadyani
ham oldi. Faqat nega uni darxtning ostiga tashlatdi va
keyin qaytishda oldi? Balki ichida yozib oladigan bir narsa
bormikan deb o'yladimi? Nahotki... Birdan ko'nglidagi
ravshanlik o'rnini zulmat qopladi. ‚”U tullak, hatto o'ziga ham
ishonmaydi‚” deb o'yladi va ana shunday deb
o'ylaganidan qo'rqib ketib, atrofga qaradi. Shu payt badani
junjikdi. Shundagina bu erga qadar yupun kelganini
angladi. Darvoqe, Karimov ham juda yupun kiyimda edi.
Balki havo sovuq emasdur? U qo'lini-qo'liga
ishqamoqchi bo'lgandi barmoqlari qotib qoganini va
havo juda sovuq ekanligini his etdi va yana yugurgancha ishxonasi tomonga
ketdi.
(DAVOMI BOR)