Shuhrat  AHMADJONOV

                                                                                                DO’Kning Toshkent bo’limi rahbari

 

 

DADAXON HASAN SUDI

ATROFIDAGI  JARAYONLAR

 

Kamina Dadaxon aka bilan bir oz suhbatalshib, o’z uyiga soat 19.30 larda qaytdi. Soat 22.00 dan o’tganda muallifga Dadaxon aka telefon qilib, hol-ahvol so’radi. Keyin qo’shimcha qildi: “San ketganingdan so’ng ular uch kishi bo’lib kelishdi.  Sani so’rashdi. Men bir ozdan so’ng uyga ketganingni aytdim. Qayerda yashahsingni so’rashdi. “Bilmayman” deb javob berdim” dedi. Kamina bu haqda qo’ng’iroq qilib aytgani va hol-ahvol so’ragani uchun Dadaxon akaga minnatdorchilik bildirdi.

 

 

 Taniqli hofiz va shoir Dadaxon Hasan sudi 2006 yil 4 avgust kuniga qjldirilganligi haqida  www.uzbekcongress.org  saytida 1 avgust kungi maqolada muallif yozgan edi. Sudda 4 avgust kuni ham 1 avgustdagi voqealar takrorlandi.

  

Muallif Jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent shahar sudi binosi oldiga soat 14.30 da kelganida Jahongir Shosalimov bor ekan. Bir oz suhbatlashib o’tirgan edik, ichkaridan Sur’at Ikromov chiqib keldi va sudga kirmoqchi bo’lganlar ro’yxatini tuzishni tavsiya etdi. Kamina sunkasidan bitta toza varaqni Jahongirga berdi va u ro’yxatga kelgan inson huquqlari himoyachilarining familiyalarini yoza boshladi.

  

Soat 15.00 larda ro’yxatdagilar soni 15 nafarga yetdi. Ro’yxatni sudyaga kiritib, imzo olish kerakligini bilgan kamina Jahongirdan so’radi: “Ro’yxat qani?” Jahongir: “Militsiya xodimlari stoli ustiga qo’ygandim. Fuqaro kiyimidagilardan biri ro’yxatni oldi”, deb o’rtaxonada turgan maxsus xizmat organlari xodimlari tomoniga ishora qildi.  Kamina: “Siz sudga kelgan kishilar ro’yxatini maxsus xizmat organlariga topshiribsiz”, dedi. Shunda J.Shosalimov: “Men qayerdan bilay, shu stol ustiga, militsiya xodimi oldiga qo’ygan edim, fuqaro kiyimidagi kishi ichkaridan chiqib olib kirib ketdi”, dedi. Muallif: “Militsiya xodimlari buyruqni bajaruvchi, xizmatda turgan xodimlardir. Biz ro’yxatni sudya yoki sud raisi nomiga yozishimiz va ulardan birining imzosini, ruxsatini olishimiz kerak. Shunday imzoni ro’yxat ostiga qo’ygach, militsiya xodimi biz sudga kirishimizga ruxsat beradi”, dedi. Jahongir esa: “Men buni qayerdan bilaman” deb e’tiroz bildira boshladi. Shunda kamina: “Siz O’zbekiston prezidentligiga o’z nomzodingizni qo’ygansiz. Axir shunday oddiy narsalarni bilmay qanday qilib O’zbekistonga prezident bo’lmoqchisiz? Qanday qilib 27 millionli Vatanimizni boshqarmoqchimisiz?” dedi. Muallif yonida turganlardan biri: “Prezidentlik haqida qattiq aytdingiz”, dedi. Kamina bunday javob berdi: “To’g’ri gap-da, axir shunday oddiy narsalarni bilmayman, degan odam, qanday qilib 27 millionli O’zbekistonni boshqarishga da’vogarlik qilayapti?!”

  

Jahongir: “Hozir yangi ro’yxatni tuzamiz”, dedi-da, toza varaq olib, yig’ilganlar familiyasini yoza boshladi. Bu ro’yxatda 19 kishining ismi sharifi yozildi. Vaqt 15.30 bo’lib qolgan edi. Amaldorlar bugun ham Dadaxon aka sudiga bizni qo’yish niyatlari yo’qligi ayon bo’ldi. Kamina ko’kragida 1270 raqamli temir nishon taqqan, militsiya katta serjantiga murojaat qilib: “Yo telefon orqali sudya I.Jalolov bilan bog’lang, yoki shahar sudi raisi nomiga shikoyat arizasini kiritib berishimga ruxsat bering”, dedi. Katta serjant: “Bugun rais qabul qiladigan kun emas” dedi. Kamina: “Ana e’lon taxtasida bugun soat 15.00 dan 17.00 gacha shahar sudi rais o’rinbosari qabul qilishi yozilgan. Arizani rais o’rinbosariga yoki kotibiyatga topshirib chiqaman”, dedi. U esa: “Rais o’rinbosari yo’q, ichkariga kirishga ruxsat bermayman”, dedi. Kamina tortishuv jarayonida ushbu militsiya katta serjantidan familiyasini aytishni uch marta so’radi, lekin u aytmadi.

  

Tortishuvni davom ettirish behuda ekanligini tushungan muallif bir varaq toza qog’oz olib, shahar sudi raisi nomiga navbatdagi shikoyat arizasini yoza boshladi. Ariza tayyor bo’lay deganda ichkaridan Dadaxon Hasan va Sur’at Ikromov chiqib kelishdi. Yig’ilganlardan biri J.Shosalimov yozgan 19 kishilik ro’yxatni S.Ikromovga berdi. U ro’yxatni ichkaridan chiqmoqch bo’layotgan advokat Abdumalik Jalilovga uzatdi va sudyaga olib kirib berishni iltimos qildi (Dadaxon akaning sud ishi yuzasidan advokatlar Ruhiddin Komilov va Abdumalik Jalilovni S.Ikromov yollagan).    

  

Sur’at aka va Dadaxon akaning aytishicha, soat 15.30 ga yaqin sudya, prokuror, himoyachilar va sudlanuvchi sud zaliga yig’ilgach, kuzatuvchilarni sudga qo’yish masalasi yana muhokama qilingan. Sudya   I.Jalolov: “Bizda tartib shundayki, sudda qatnashmoqchi bo’lganlar ro’yxati sud boshlanishidan oldin berilishi kerak edi”, degan. S.Ikromov: “O’zbekiston Jinoyat-protsesual kodeksi bo’yicha ochiq sudga hamma qo’yilishi kerak”, deb javob bergan. Bu masala hal bo’lmagan va sudya Dadaxon Hasan ishi bo’yicha sud 9 avgust kuni soat 15.00 ga qoldirilganligini aytgan.

  

Bir oz suhbatlashib turgach, ichkaridan advokat A.Jalilov chiqib keldi. U sudya I.Jalolovga 19 kishining ismi sharifi yozilgan ro’yxatni bermoqchi bo’lgan. Lekin sudya uni shahar sudi raisi vazifasini bajaruvchi M.Abdug’aniyevga olib borib topshirish kerakligini aytgan va ro’yxat yozilgan qog’ozni olmagan. Ta’kidlash lozimki, ilgarigi sud jarayonlarida Sur’at Ikromov Toshkent shahar sudi raisiga ko’p marta murojaat qilib, sud zaliga kuzatuvchilarning kirishi erkin bo’lishi va bunga ruxsat bermog’i kerakligi haqida gapirgan. Har safar Toshkent sudi rahbariyati sudga kuzatuvchilarni kiritish masalasini sudya hal etsin, degan. Qisqasi, Jinoiy ishlar bo’yicha Toshkent shahar sudi rahbariyati va sudyalari O’zR Jinoyat-protsesual kodeksi moddalari talablariga amal qilmay, “Bor otangga, bor onangga” qabilida ish tutib, bu masalani bir-biriga oshirish, bir-biriga solib ishni cho’zish, orqaga sudrash, ya’ni sudda sansalorlikka yo’l qo’ymoqdalar.

  

Ta’kidlash kerakki, Dadaxon aka sudiga kelayotgan fuqarolar soni har safar oshib bormoqda. 4 avgust kungi sudga Angren shahridan Dadaxon akaning muxlislari O’zbekiston Inson huquqlari jamiyati Toshkent viloyat tashkilotining rahbari, G’urum mahallasi raisi Yunus Xolxo’ja Muhammadxo’ja o’g’li, shu mahalla posboni Ibrohim Husanov, hamshira Karomat Ashirova, pensioner Karima Sotvoldiyeva va uning qizi, mahalla raisi Gulbuvi Sotvoldiyeva kelishdi. Ular o’zlari bilan birga plakatlar ham olib kelishgan ekan. Shu plakatlardan bittasini kaminaga ham berishdi. U plakatda qizil siyoh bilan: “Xalq dardini kuylagan shoir, hofiz Dadaxon Hasanni sud zalidan ozod qilishni so’raymiz”, deb yozilgan. Kamina ularga  www.uzbekcongress.org  Internet-saytida 1 va 4 avgust kunlari chop etilgan Dadaxon Hasan va Ruhitdin Faxrutdinov haqidagi maqoladan bir nusxadan berdi.

  

Bir oz suhbatlashgach, yig’ilganlar birin-ketin tarqala boshlashdi. Kamina Dadaxon aka, uning o’g’li Nodirjon va Dadaxon aka yollagan advokat Valijon Qoraboyev bilan birga oq rangli “Tiko” mashinasiga o’tirdi. Mashina ruliga Dadaxon aka o’tirdi. Yo’l-yo’lakay V.Qoraboyevni ishxonasi oldida qoldirib, Dadaxon aka uyiga bordik. Darvoza oldida avtomashinadan tushayotganimizda Nodirjon: “Sud oldidan mashinamiz orqasidan oq rangli “Jiguli-06” kuzatib keldi, ana ular nariroqda to’xtashdi” dedi. Qarasak, 50-60 qadamlar nariroqda, yo’lning o’rtasida “Jiguli-06” markali mashina to’xtab turibdi. Kamina mashina raqamini Nodirjondan so’radi. U eslab qolgan ekan: “11 P  09 79” dedi. Kamina ushbu raqamni o’z daftariga yozib qo’ydi. “Jiguli-06”da o’tirganlar biz u tomonga qaraganimizni va ular kuzatib kelishganini  bilganimizni ko’rib, mashinani biz tomonga haydab kelishdi, Dadaxon aka uyidan sal nariroqqa o’tib burilishdi va oldimizga kelib mashinani to’xtatishdi. Mashina ichkarisida ikki kishi o’tirgan ekan. Ular Toshkent shahar sudi eshigida turgan, 25-30 yoshlardagi fuqaro kiyimidagi kuchishlatar organi xodimlari edi (ular IIBning jinoyat-qidiruv bo’limi zobitlari bo’lsalar kerak). Ular Dadaxon aka bilan salomlashdilar va kaminani ko’rsatib so’rashdi: “Mehmon olib keldingizmi?” Dadaxon aka: “Ha” dedilar va yana bir-ikkita so’z aytdilar. So’ngra ular xayrlashib jo’nab ketishdi.

  

Kamina Dadaxon aka bilan bir oz suhbatalshib, o’z uyiga soat 19.30 larda qaytdi. Soat 22.00 dan o’tganda muallifga Dadaxon aka telefon qilib, hol-ahvol so’radi. Keyin qo’shimcha qildi: “San ketganingdan so’ng ular uch kishi bo’lib kelishdi.  Sani so’rashdi. Men bir ozdan so’ng uyga ketganingni aytdim. Qayerda yashahsingni so’rashdi. “Bilmayman” deb javob berdim” dedi. Kamina bu haqda qo’ng’iroq qilib aytgani va hol-ahvol so’ragani uchun Dadaxon akaga minnatdorchilik bildirdi.

  

Dadaxon Hasan sudi va uning atrofidagi jarayonlar mana shunday sharoitda davom etmoqda.

 

   E-mail:  shuhrat1954@yahoo.com  

   2006 yil  5 avgust. Toshkent,  soat 18.50.