Demokratik O'zbekiston Kongresi

Ta'sischilar Yig'ilishining

 

BAYONOTI

 

Vashington, 6-11-2005

 

2005 yilning 11 Iyun kuni AQSH poytaxti Vashingtonda bo'lib o'tgan Demokratik O'zbekiston ta'sischilarining ilk yig'ilishida turli harakatlar, partiyalar, guruhlar namoyondalari, siyosiy yetakchilar va xayrixohlar ishtirok etib, quyidagilarni bayon etishni lozim deb topdilar:

 

1.O'zbekistonda vujudga kelgan vaziyat barcha demokratik kuchlarni tarqoqlik, gina-kudrat, o'zaro kelishmovchiliklarga chek qo'yib, demokratiya maqsadini ko'zlagan faoliyatlarni muvofilashtirishgan holda amalga oshirishga undamoqda. Ana shu maqsadda muvofiqlashtirish va maslahat kengashi maqomiga ega bo'lgan Demokratik O'zbekiston Kongresi(DO'K)ni tashkil etishga qaror berildi.

 

2.DO'K  ta'sischilar yig'ilishi har qanday qurolli harakatlarga qarshi ekanligini ta'kidlagan holda, Andijonda qon to'kilishi voqeasini keskin qoraladi, marhumlarning oila ao'zlariga hamdarlik izhor etib, AQSH hamda Avropa Ittifoqining mustaqil tekshiruv o'tkazish borasidagi talablarini qo'llab quvvatlashini ma'lum qildi.

 

3.DO'K millati, irqi, dinidan, qayerdaligi, kimligi va qarashlaridan qat'iy nazar demokratiyaga tarafdor bo'lgan hamda diktaturaga qarshi turishni istagan kuchlarning ixtiyoriy birligi hisoblanib,  kongresdagi barcha munosabatlar teng huquqlilikka tayanishi e'tirof etildi.

 

4.DO'K o'z nashrlariga ega bo'lish, muhim voqealar, demokratiya talablari, inson huquqlari toptalishi, siyosiy erkinliklar poymol etlishi kabi hollar munosabati bilan bayonotlar tarqatish, murojaatlar bilan chiqish va demokratiyani keng yoyishga qaratilgan odimlarni targ'ib etish vakolatiga ega bo'lishi urg'ulandi.

 

5.DO'K o'z faoliyati doirasida irqiy kamsitilish hollarini vujudga keltiradigan, millatlararo tafovutni keltirib chiqaradigan, millliy va diniy nizolarga bois bo'ladigan har qanday faoliyatdan oz'ini tiyishi va bunga qarshi chiqishi alohida ta'kid etildi.

 

6.Mamlakatda yuzaga kelgan vaziyatni muhokama etish uchun demokratik kuchlarning keng qatlami ishtirokida qurultoy o'tkazish maqsadida Ta'sischilar yig'ilishi ishchi hay'atini saylab, unga barcha ta'sischilar nomidan faoliyat kor'satishni yukladi.