Demokratik O’zbekiston Kongressi (DO’K)ning
ish yuritish
1. Demokratik
O’zbekiston Kongressi (DO’K) diktaturaga qarshi, demokratiyaga tarafdor
shaxslar va guruhlarning 2005 yil 18 Noyabrda AQShda ro’yxatdan o’tgan
tashkilotidir.
2. DO’Kka a’zo bo’lish
ixtiyoriy hisoblanib, Kongressning O’zbekiston bo’limi Toshkentda rasman
ro’yxatdan o’tguniga qadar a’zolarining majburiyatlari ularning o’z
tashabbuslariga bog’liq bo’ladi. DO’K faoliyatida aktiv qatnashganlar DO’K
himoyasida bo’ladilar va ularning muammolarini hal etishda DO’K o’z hissasini
qo’shadi. Ular DO’K tarqatadigan nashrlar, kitoblar va hujjatlarni olib turish
imkoniga ega bo’ladilar.
3. DO’K AQSh qonunlari asosida ishlaydi va O’zbekistonda ham ro’yxatdan o’tgan taqdirda O’zbekiston
qonunlariga rioya etadi. BMT inson huquqlari Deklaratsiyasida belgilangan
haqlar O’zbekistonda qaror topishi uchun demokratik yo’l bilan faoliyat
ko’rsatadi, zo’ravonlikning har qanday ko’rinishini rad etadi;
4. DO’K tuzilishi ish yuritadigan rahbariyat
(besh yoki yetti kishilik), Maslahat kengashi va
tashkilotning turli joylardagi bo’limlaridan iborat bo’ladi. DO’K rahbariyati va Maslahat kengashi tashkilot ishini yuritish uchun o’z
ixtiyorlari bilan muntazam a’zolik badali to’laydilar. A’zolardan
esa doimiy badal olinmaydi, ammo tashkilot amalga oshiradigan loyihalar uchun
xayriya qilishlari mumkin bo’ladi.
5. DO’K rahbariyatiga uning go’ya va maqsadlari yo’lida astoydil xizmat qilgan, xizmat
qilayotgan, uni moddiy jihatdan qo’llab quvvatlayotgan kishilar saylanadilar. DO’Kning
demokratiyaga tarafdor va diktaturaga qarshi bo’lgan yo’lini inkor etgan
shaxslar rahbariyat qarori bilan boshqaruv tarkibidan, maslahat kengashidan
chiqariladi va ular tashkilot a’zosi hisoblanmaydilar.
6. DO’K Kongress raisi, raisning birinchi
o’rinbosari, o’rinbosarlar va ijrochi
direktor maqomlariga ega bo’ladi.
7. Rais va o’rinbosarlar
rahbariyatning majlisida saylanadilar. Xizmat davri olti yil bo’lib, rahbariyat
a’zolari eng ko’p ikki marta saylanish
huquqiga egadiralr. Maslahat kengashi yoki faollar majlisi o’rni bo’shab qolgan
rahbariyat a’zoligiga nomzodlar ko’rsatishlari mumkin.
8. DO’K Maslahat
kengashi maslahat ovoziga ega bo’lib, DO’K ishida faol ishtirok etaman degan
shaxs unga a’zo bo’lishi mumkin. Ammo uzrsiz sabab bilan bir oy DO’K
faoliyatida qatnashmagan (tashkiliy, moddiy va ma’naviy tomondan) faol Maslahat
kengashidan chiqqan hisoblanadi.
9. Demokratik
O’zbekiston Kongressi raisi, birinchi o’rinbosari va o’rinbosarlar Kongress
Nizomi va Dasturi asosida ish yuritadilar.
10. DO’K Parlamentar
tartibda foaliyat yuritadi va muhim qarorlar rahbariyat, Maslahat kengashi
a’zolari orasida to’g’ri yoki bilvosita (telekonferensiya, elektron
maktublashma orqali) ko’pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
11. DO’K o’z nashrlariga
ega bo’lish, muhim voqealar, demokratiya talablari, inson huquqlari toptalishi,
siyosiy erkinliklar poymol etilishi kabi hollar munosabati bilan bayonotlar
tarqatish, murojaatlar bilan chiqish vakolatiga ega.
12. DO’K irqiy
kamsitilish hollarini vujudga keltiradigan, millatlararo tafovutni keltirib
chiqaradigan, millliy va diniy nizolarga bois bo’ladigan har qanday faoliyatdan
o’zini tiyadi va bunga qarshi chiqadi.
13. Demokratik
O’zbekiston Kongressi o’z faoliyatini moliyaviy ta’minlash masalasini
rahbariyat qarorlari asosida amalga oshiradi. Bu haqda Maslahat kengashiga oyda bir marta, Kongress a’zolariga yilda bir marta hisobot taqdim
etadi.
14. Tashkilot o’z veb sahifasi, o’z ramzi va o’z muhriga ega. Demokratik O’zbekiston Kongressi - The
Congress of Democratik Uzbekistan- AQSh qonunlariga ko’ra tashkilot asoschisi
tomonidan corporatsiya nomi sifatida band qilingan va
bu nomni boshqa shaxs yoki guruhlar qo’llana olmaydi.
15. DO’K rahbariyatiga kirgan shaxslarning vazifalari quyidagilardir:
I. DO’K raisi
1.Tashkilot faoliyatiga umumiy
rahbarlik, DO’Kning siyosiy islohotlar borasidagi dasturini tayyorlash, amalga
oshirishga rahbarlik qilish;
2.Tashkilot, uning a’zolari va
boshqa demokratik tashkilotlar bilan faoliayatni muvofiqlashtirish;
3.Tashkilot bayonotlarini,
hujjatlarini tayyorlash bo’yicha muhokamalar tashkil etish va bayonotlarning o'zbek tilidagisini
tayyorlash, tarqatish;
4.Tashkilot nashrlariga adabiy va
texnik muharrirlik qilish;
5.Tashkilot nomidan
muzokaralarda, uchrashuvlarda qatnashish;
6.Kongress uyushtiradigan
uchrashuvlar va konferensiyalarga siyosiy tayyorgarlik ko'rish;
7.Tashkilotning O’zbekiston va boshqa
o’lkalarda bo’limlarini tashkil etish;
8.Tashkilotning strategik va taktik
siyosatidan kelib chiqib kundalik ishlarni demokratiyani yoyishga va
diktaturaga qarshi tinch yo’llar bilan kurashga yo’naltirish;
9.Tashkilot a’zolari tomonidan
ilgari suriladigan muammolar, savollar ustida ishlash;
10.Tashkilotning
yilda bir marta e’lon qiladigan “Demokratiya do’stlari” va “Demokratiya
dushmanlari” kitoblari muhokamasini uyushtirish va hokazo.
II.
DO’K raisining birinchi o’rinbosari
1.Moliyaviy ishlarni boshqarish;
2.Tashkilotning iqtisody siyosati
bilan birga uning iqtisodiy islohotlarga yo’nalgan dasturini tayyorlashga
rahbarlik qilish;
3.Tashkilotining jamg’armasi, a’zolik
badallari, xayriyalar kabi manbalardan keladigan mablag’lari sarfini nazorat
qilish;
4.Tashkilotga grantlar olish ishini
yo’lga qo’yish va hokazo.
III.
Rais o’rinbosari(O’zbekistonda).
1.Tashkilotning O’zbekistondagi
siyosiy strukturasini tuzish va uni ro’yxatdan o’tkazish uchun intilish;
2.Tashkilott faoliyatini mamlakat
ichida targ’ib qilish ishlariga bosh bo’lish;
3.Viloyatlardagi vakillar faoliyatini
muvofiqlashtirish, yig’ilishlar va konferensiyalar o’tkazish yo’llarini
qidirish;
4.Tashkilot hujjatlari va
nashrlarini yoyishni tashkil etish;
5.Tashkilot amalga oshiradigan
tadqiqotlar-xorijiy radiolar dasturlarini monitoring qilish, korrupsiya, inson
huquqlari kabi bir qator masalalar bo’yicha hisobotlar hozirlash kabi ishlarda
yetakchilik qilish va hokazo;
6.Tashkilotning yilda bir marta e’lon
qiladigan “Demokratiya do’stlari” va “Demokratiya dushmanlari” kitoblari
muhokamasini mamlakat ichida ham uyushtirish va hokazo.
IV.
Rais o’rinbosari (AQShda).
1. Tashkilot hujjatlarini Ingliz
tilida tayyorlanishini va tarqatilishini tashkil
etish, tashkilotning Ingliz, rus tillaridagi nashrlariga muharrirlik qilish;
2. AQSHdagi o’zbekistonliklar
bilan yaqin aloqa o’rnatib, ular bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni DO’K
faoliyatiga jalb qilish;
3. O’zbekistonlik qochqinlarning
muammolari ustida ishlash;
4. Yilda bir marta
AQSHda yashayotgan o’zbekistonliklarning oilaviy qurultoylarini tashkil qilish;
5. DO’Kni AQSHda tanitish ishlarini
yo’lga qo’yish va hokazo.
V.
Rais o’rinbosari (Avropa yoki MDH o’lkalaridan birida)
Tashkilotning
mafkuraviy masalalari bilan shug’ullanadi. Nashrlarni chop etish, tarqatish
ishlarini boshqaradi.
Saylanmaydigan
lavozimlar:
1.
IJROCHI DIREKTOR
Tashkilot rahbariyati
tomonidan kontrakt asosida ishga olinadigan Ijrochi direktor DO’Kning protokol
ishlari, kundalik faoliyatini yurgizadi. Barcha byrokratik ishlarni
bajarish bilan birga tadbirlarni uyushtirish, tashkilot nomidan AQSh idoralari va muassaslari bilan kundalik aloqalarni yo’lga qo’yish,
O’zbekiston va boshqa o’lkalardagi bo’limlar bilan birgalikda ish yuritish
faoliyati bilan shug’ullanadi.
2.
VEBMASTER
Tashkilot rahbariyati tomonidan
kontrakt asosida ishga olinib, Tashkilotning veb sahifasini boshqaradi va kotibiyat ishlarini yuritadi.
Kotiba
va Xazinachi
Kontrakt asosida xizmatga olinib,
Tashkilotning kundalik ishlarini yuritish va tashkilot
mulki qaydiyatini saqlash bilan shug’ullanadi.
Eslatma: mazkur NIZOM loyihasi dastlab elektron
maktublashma asosida muhokama etilib, 2005 yil 25 Sentyabrdagi majlisda asos
sifatida qabul qilingan va keyin Dekabr oxiri va 2006 yil Yanvar oyining
boshida yana muhokama etilib, elektron maktublashma yo’li orqali qo’shimchalar
qo’shilib, rahbariyat va Maslahat kengashiga kirganlarning ko’pchilik ovozi
bilan tasdiqlangan).