O'zbek Muxolifatining

Oydinlik kuni

 

Demokratik O’zbekiston Kongressi o’z missiyasining birinchi qismini bajardi. 15 yildir bir oraga kela olmayotgan muxolifat liderlarini bir joyga to’pladi.

Ular diktatura rejimiga qarshi va demokratiya tarafdori sifatida bir-birlariga qo’l berdilar. Bundan bir yarim oy oldin o’rtaga tashlangan “O’zini yenga olmagan, o’zgani yenga olmaydi!” shiori amalda o’z kuchini ko’rsata boshladi.

Shu kuni muxolifat liderlari va taniqli siyosatchilar Abdurahim Po’lat, Muhammad Solih, MuhammadBobur Malikov, Jahongir Mamatov, Abdumannob Po’lat, Avazxon Muxtorov, Sulaymon Murod, Farhod Inog’omboyev va boshqa ko’plab namoyondalar ishtirokida o’zbek demokratik muxolifatining maxsus yig’ilisi o’tkazilib, Qurultoy chaqirish masalasi muhokama etildi.

Yig'ilishda O'zbekistondan kelgan "Ezgulik" inson huquqlari tashkilotining raisasi Vasila Inoyatova ham ishtirok etib, birgalikda Qurultoy o'tkazish mamlakat ichidagi aksar muxolifat namoyondalarining istaklari bilan uyg'un kelishini  urg'uladi.

Yig'ilish qatnashchilari  tez orada o’zbek demokratik muxolifatining barcha qanotlarini jalb etgan Qurultoyni chaqirib, diktaturaga qarshi demokratik kurash strategiyasini belgilash kerakligi masalasida yakdil qoldilar.

Majlisda muxolifatni birlashtirish uchun ilgari tuzilgan-“Davra Kengashi”, Demokratik muxolifat Koalitsiyasi va Demokratik O'zbekiston Kongressi  umumiy Qurultoyni otkazish uchun birgalikda faoliyat ko'rsatishi kelishib olindi.

Shuningdek, chet ellardagi qochqinlarni, xususan Qirg’iziston va MDH o’lkalaridagilarni O’zbekistonga topshirmaslik haqida hamda O’zbekistonda qamoqda bo'lgan muxolifat namoyondalarini ozod qilish chaqirig’i bilan Bayonotlar qabul etildi.

 DO’K Matbuot xizmati.