JAHONGIR MAMATOV

 

 

 

OZODLIK BULBULI

QAFASDA

 

Demokratik O’zbekiston Kongressining “NOSIR ZOKIRGA OZODLIK!” chaqirig’iga haqida

 

Nega Nosir Zokirni ozod qilish umum harakatiga aylanishi kerak?

Chunki…

 

Nosir Zokir asli kasbi jurnalist bo’lmasada, O’zbekiston mustaqil bo’lganidan bu yonga kasbi jurnalistlarga ibrat bo’ladigan darajadagi JURNALISTdir. “Ozodlik” radiosida bugunga qadar kimlar ishlamadi, kimlar kelib, kimlar ketmadi. Ammo Nosir Zokir kabi ozodlik kuychisiga aylanganlar juda oz.

 

Ozodlik tuyg’usi Nosir Zokirning yuragida, qalbida, shuurida bor.

 

Uning uchun mahalliychilik yo’q, uning uchun O’zbek eli bor, Turkiston bor, Turon bor! Yagona Vatan va yagona millat bor! Bag’ri ana shunday keng!

 

Uning uchun tarafkashlik yo’q, uning uchun “Birlik’ ham, “Erk” ham, “Ozod dehqonlar” ham, hammasi bitta - diktaturaga muxolifat! Shu bois hamma uni “Bizdan” deydi.

 

Agar Andijonda O’zbekning joni uzilsa, Nosir Zokir o’sha yerda, agar Buxoroda o’zbekning ulug’ shoiri kaltaklansa, Nosir Zokir o’sha yerda! Uning uchun vaqt, masofa degan narsalar emas, inson taqdiri muhimdir.

 

U o’zini, tinchligini, halovatini o’ylamaydigan inson. Aks taqdirda bu qadar kuyunchak, bu qadar jonkuyar va bu qadar sergak bo’lmasdi.

 

U o’z vazifasini bajarib, namanganlik Haydarali Komilovning Andijon voqealari dahshati haqida yozgan she’rini uning o’z tilidan efirga uzatgandi. U jurnalistlik burchini ado etgandi. Bir zumda elga tanilgan Haydarali Komilovni sudga tortishdi. Uning yonida Nosir Zokirni ham. Ammo Haydarali Komilov uning yelkasini yerga bermadi.

 

Aslida maqsad ozodlik kuychisining ovozini o’chirish edi. MXX xodimi Dilmurod Isamuhammedov Nosir Zokirga turli bo’htonlar uyushtirib, ataylabdan uning jahlini chiqarib, keyin esa “meni haqorat qildi” deb ustidan ish qo’zg’atib, sud ham darhol buni ko’rib chiqib, ozodlik kuychisini zindonband etishdi. Qarang-a, MXX chilar odamlarni haqoratlash u yoqda tursin, qiynab o’ldirishganda ham mum yutgan sud bur zumda tilga kirdi. Karimovning topshirig’isiz hech kim bunga jur’at eta olmasdi! Nosir Zokirni zindonband etish bu Islom Karimovning hukmi!

 

2005 yil, 26 Avgust… Karimovning hukmi bilan e’lon qilingan yana bir qora kundir!

Qiynoqlar va iskanja botqog’ida qolgan O’zbekiston qamoqxonasiga tushgan yana bir ozodlik kuychisining taqdiri bugun bizni tashvishga solishi va uning ozodligi uchun bong urishimiz kerak!

 

Sizni, bizni, elni  o’ylab halovatini o’ylamagan bu jurnalistning taqdiri tahlika changalida qolgan ekan, biz  uni himoya qilishni burchimiz deb bilishimiz shart! Shu ishni ham qilmasak, kimga keragimiz bor?!

2005 yil, 27 Avgust.