“Saroy to’ntarishi ehtimolidan xalq boshqaruviga” maqolasi muhokamada
SHUHRAT AHMADJONOV
O’zbekistonni qanday
boshqarish kerak?
Maqolada jumladan shunday
yozilgan:
“Karimov
jilovni o’z qo’lida tutgan holda ishni Mirziyoyevga topshirishni istamoqda.
Buning siyosiy zaminini hozirlab qo’ygan ham. Hatto u birdaniga o’lib qolgan
taqdirda ham parlamentdan chiqadigan kuch Mirziyoyev bo’lib turibdi.”
Bu fikringizga qo’shilaman. O’zbekiston
Liberal-demokratik partiyasi O’zbekistondagi huquqni muhofaza qilish
organlarining „yashirin“ partiyasining legallashgan shakli ekanligi haqida
o’zimning 2005 yil 25 fevralda CentrAsia portalida chop etilgan „Politicheskiye
partii Uzbekiatana: shest zaregistrirovannix i odna „ckritaya“ maqolasining
3-qismida (7-bandida) yozgan edim. Jumladan 2007 yil 23 dekabrda bo’ladigan
prezidentlik sayloviga tayorlanish ham ekanligi haqida 7-bandda yozgan edim.
Shavkat Mirziyoyev O’zLiDeP Siyosiy Kengashining a’zosidir. U 2005 yil 25
yanvar kuni UzLiDeP Siyosiy Kengashining 4-majlisida ishtirok etdi va nutq
so’zladi („21-asr“ gazetasi, 2005 yil 28 yanvar soni).
Maqolada
quyidagi fikr muhokamaga qo’yilgan.
“Xo’sh,
nima qilish kerak? Menimcha,
O’zbekiston sharoitida prezidentlik-yakkahokimlik boshqaruvidan voz kechib, parlamentarizm
tuzumiga o’tish haqida o’ylash, shunga tayorlanish, shuni talab etish zarur. Bu
yakkahokimlikdan xalq boshqaruviga o’tish demakdir! Balki Karimov ham o’zidan
keyin hokimiyatni kimga qoldirishdan qo’rqayotgani sabab bunga qarshi oyoq
tiramasligi, hozirgi cho’ntak partiyalar va “katta kuchlar” ham baribir biz
yutib chiqamiz, deb kompromisga borishlari mumkin va hokazo. O’shanda balki
bitta odamning zulmidan qutilgan xalq o’z yo’lini o’zi tanlashi uchun imkoniyatga ega
bo’lar!”
Menimcha, O’zbekistonda davlat
prezidentlik boshqaruvi asosida qolishi o’rinlidir (lekin mavjud prezidentlik
boshqaruv tizimi tubdan isloh qilinmog’i kerak, bu haqda pastda yozilgan).
Birinchidan, Turon, Turkiston, O’zbekiston hududida yashagan xalqlar ming
yillar davomida yakka rahbarlik sharoitida boshqarilgan va xalqimizda shunday
boshqaruvga moyillik, mintalitet shakllangan.
Ikkinchidan, parlament
boshqaruviga o’tilganda hukumat inqirozi va bosh vazirning ist’efo berish
hollari tez-tez ro’y beradi. Bunga sabab - parlamentdagi siyosiy partiyalarning
mavjud hukumatni ba’zi masalalarda qo’llab-quvvatlashi yoki qo’llamasligi bilan
bog’liqdir. Buni Italiya parlamenti va u yerdagi hukumatning ko’plab marta iste’foga
ketishga majbur bo’lganligida ko’rishimiz mumkin (faqat oxirgi yillarda
Berluskoni rahbarligidagi hukumatgina bir oz davomli ishlamoqda). Bunday
tez-tez hukumat o’zgarishiga O’zdekiston xalqining ko’nikishi juda qiyin
kechadi.
Uchinchidan, tariximizda,
jumladan bugungi kunda O’zbekistondagi avtoritar siyosiy tizim ataylab
mahalliychilikni qo’llab-quvvatlab kelgan va bu ularning xalqni boshqarish
usullaridan biridir. Shu sababli agar O’zbekistonda Italiyadagidek ketma-ket
hukumat ist’efosi sodir bo’lib, bir viloyat vakili iste’fosidan so’ng boshqa
viloyat vakili hukumatga rahbarlik qilsa va bu holat ketma-ket ro’y bera
boshlasa, joylarda noxush voqealarga sababchi bo’lishi mumkin.
O’zbekistondagi kuch ishlatar
organlarga tayangan, politsiya davlati prinsipida boshqarilayotgan mavjud
prezidentlik tizimini tubdan isloh qilmog’imiz lozim.
Birinchidan, prezident
vakolatlarini kamaytirishimiz va kamaytirilayotgan vakolatlarni viloyat va
tuman hokimliklariga, ba’zilarini esa uchta hokimiyat bo’g’inlariga
o’tkazishimiz kerak bo’ladi.
Ikkinchidan, viloyat va tuman
hokimlarini usha viloyat va tumanda yashovchi fuqarolar saylamog’i lozim.
Uchinchidan, prokuratura
tubdan o’zgartirilishi darkor.
O’zR prezidenti I.Karimov
o’zining 15 yillik prezidentligi davrida shakllantirgan politsiya davlatining
boshqaruv sxemasiga e’tibor beraylik (1-sxemaga qarang). Sxemadagi prokuratura
organlarining faoliyati haqida qisqacha aytib utaylik.
O’zbekistondagi kuchishlatar
organlar, jumladan MXX, IIV, Soliq, Bojxona qo’mitasi, prokuratura, faol
fuqarolar, ayniqsa rahbarlar haqida ko’p yillar davomida turli xildagi
axborotlarni to’plab boradi. Bu ko’pincha shaxsni badnom etuvchi axborot
(kopromat – komprometiruyushiy material) ko’rinishida bo’ladi. Shu materiallar
asosida ushbu shaxsga, rahbarga qarshi jinoiy ish ochiladi va unga prokuratura
xodimlari yordamida qonuniy tus beriladi. So’ngra o’sha rahbar prokuraturaga
chaqirtiriladi yo uning ishxonasiga prokuratura yoki MXX xodimi boradi. Alal
oqibat ushbu rahbar boshi uzra “ur-to’qmoq” (Domoklov to’qmog’i) “ilib”
qo’yiladi. Endi o’sha rahbar MXX xodimi prokuratura xodimi orqali ko’rsatma
bera boshlaydi, u orqali ba’zi bir o’zgacha fikrlovchi fuqarolarga turli
tazyiqlar qilinadi, hatto ishdan olinadi va qamashgacha choralar ko’riladi. Umuman
policiya davlatlarida, jumladan O’zbekistondagi policiya rejimining asosiy
boshqaruv principlaridan biri – bu shaxslarni qo’rqitishga asoslangandir.
Agar Vatanimizdagi barcha
siyosiy sud ishlari prokuratura orqali rasmiylashtirilganligini eslasak, masala
yanada oydinlashadi.
Biz – demokratlar bunday
xavfli siyosiy rejimni tubdan isloh qilish uchun asosiy repressiya mexanizmi
bo’lmish prokuraturani qisqartirmog’imiz va uni O’zR Adliya vazirligi tarkibiga
ma’lum bir vakolatlarga ega bo’lgan prokuratura bo’limi sifatida kiritmog’imiz
kerak (2-sxemaga qarang).
Ushbu prokuratura bo’limi
rahbari bo’lmish Bosh prokuror lavozimini saqlagan holda unga bevosita
prezidentga axborot berish vakolatlari qolmog’i o’rinlidir. Shu holdagina
prokuratura, shuningdtk MXX prokuratura orqali, asosiy uchta hokimiyat
boshqaruv organlari faoliyatiga aralashishiga chek qo’yiladi va faqat
qonunlarning ijro etilishi bo’yicha prezidentning kuzatuvchisi bo’lib xizmat
qiladi. Agar prokuratura mavjud qonunlar buzilayotlanganligi haqidagi
ma’lumotni olsa, o’sha qonunni buzgan shaxsning rahbariga yoki, zarur deb
hisoblasa, Bosh prokuror orqali prezidentga murojaat etishi mumkin. Prezident
esa o’zining vakolatlari doirasida eng zarur chora-tadbirlarni ko’rish
imkoniyatiga egadir. Bunday rahbarlik principi AQSHda mavjud, u yerda Bosh
prokuror (adashmasam) Bosh attenshik deb
ataladi.
Ta’kidlash lozimki, agar
prokuratura organlari bugungi ko’rinishda saqlanib qolsa, O’zbekistonda
demokratik, fuqarolik jamiyatiga o’tish amri mahol bo’ladi. Buni Rossiya misolida
ko’rishimiz mumkin. Rossiyada prokuratura organlari (boshqa kuchishlatar
organlar bilan birgalikda) demokratik tuzum tarafdorlarini bitta-bitta mag’lub
etmoqda, jinoiy ishlar qo’g’atib qamamoqda (masalan, milliarder
M.Xodorkovskiyni 9 yilga qamalganini eslang), ba’zilar esa turli g’ayri tabiiy
sabablar bilan ulib ketmoqdalar, siyosiy partiyalar va demokratik, jumladan
inson huquqini himoya etuvchi tashkilotlar faoliyatini qiyinlashtiruvchi turli
xildagi qonunlar qabul etilmoqda, demokratik ruhdagi ommaviy axborot vositalari
bo’g’ilmoqda (NTV va bir necha gazeta atrofida bo’lib o’tgan voqealarni eslang)
va hokazo tadbirlar qo’llanilmoqda.
Shunday qilib, prokuratura
masalasi prinsipial, eng muhim masalalardan biridir. Shu sababli Demokratik
O’zbekiston Kongressining bu boradagi pozitsiyasi ishlab chiqilmog’i va u DO’K
Dasturi loyihasiga kiritilmog’i muhimdir.
Sxema 1
O’ZBEKISTONDAGI
POLICIYA DAVLATINING BOSHQARISH
SXEMASI 
Sxema 2
O’ZBEKISTONDA DEMOKRATIK BOSHQARUVGA
O’TISH SXEMASI 
2-sxemaga qisqacha izoh. Figurali mil
(strelka) orqali axborot berish, oddiy yugon mil orqali esa boshqaruv nazarda
tutilgan.
8 iyul
2005 yil.