DEMOKRATIYA
SABOQLARI
Savol…Javoblarning oldingilari
bu yerda…
SAVOL….
JAVOB….
adreslari orqali yo’llagan savollaringizga
JAHONGIR MUHAMMADning javoblari
Yolg’onxo’rlik inson fitratida bor…
9
Mart, 2006 yil
SAVOL: Meni hamisha bir narsa qiynaydi: Nega siyosat bunchalik murakkab, nega
u faqat yolg'onlar-u aldovlar bilan to'la bo'ladi? Bilaman,
bu juda bolalarcha berilgan savol. Lekin nima uchun, haqiqatan ham
shunday bo'lishi kerak? (A.Salih).
JAVOB: Ha, siyosat
murakkab. Chunki inson zoti, uning zehniyati, fel-atvori,
fikrlashi murakkab. Inson haqiqatdan, rostdan ko’ra
yolg’onga o’ch bo’ladi. U bola ekan yaxshi so’zdan
ko’ra yomon so’zni tezroq o’rganadi. Rostni emas, yolg’onni
tinglaydi. Yaxshilik qilishdan ko’ra yomonlikni
osonroq qiladi.
Bir ikki misollar bilan
fikrimni yana ham aniqroq aytishim mumkin.
Ishxonamizda sport zali bor.
Orada bir tushaman. Juda ko’p sport jihozlari bilan birga ustida yuguradigan
tasmali mashinalardan besh oltita bor. Ammo hamma bittasini ko’zlab turadi. Ba’zan o’shanga navbat ham bo’lib qoladi. O’sha
mashina natijalarni biroz bo’rttirib ko’rsatadi. Ya’ni
kamroq vaqtda ko’proq ish qilgan ko’rinasiz. Boshqalarida
esa biroz farqli. Qarang, bu yerga keladiganlar aslida
ko’proq harakat qilishim kerak deya maxsus kelishadi. Ammo
kamroq harakat qiladigan mashinani tanlashadi. Bu
zehniyat jumbog’i.
Bir odamni bilaman. Uzoq
yillar Karimov rejimini shunday maqtadiki, uning ilhom bilan gapirishiga qarab
og’zingiz ochilar edi. Muxolif jabhada unga tavqi
la’nat demagan odam qolmagandi. Bir kun u shu
jabhaga o’tib qoldi. Hammani o’ziga shunaqa maqtay
boshladiki, bu maqtovni eshitganlar o’zini Karimovdek his qila boshladilar.
Endi u haqda gap ketsa, “ukaxonim”, “samimiy yigit”, “yuragida
olovi bor” deydigan bo’lishdi. U ham bo’sh kelmay
maqtashda davom etaverdi. Uning aytayotganlari, maqtovlari
yolg’onligini, o’zlarini boplab aldayotganligini uzoq yillardir madhiyabozlikka
qarshi bo’lib kelganlar nafaqat hazm qila boshladilar balki och qolib, kutib
turadigan bo’lishdi. Bu ham zehniyat jumbog’i.
Yoki boshqa bir
misol. Bir kishi boshqasi haqida shunaqa to’hmat yozdiki,
ozgina aqli joyida bo’lgan odam buni darhol anglab yoki aniqlab olardi. Shu
bois ham ko’pchilik o’sha to’hmat yozgan odamning betiga ham, orqasidan ham
tupurgandi. Oradan yillar o’tib ketdi. To’hmatga uchragan odam katta siyosatga kirganda kimdir o’sha bir
paytlar yozilgan narsani eslab qoldi. Odamlar
ishondilar. Bu endi odamlarning siyosatga bo’lgan
munosabatlaridan kelib chiqqan jumbog. Yolg’onga
ishonish jumbog’i.
Endi o’zini va
boshqalarni aldash ham bor. Bir “jurnalist”ni bilaman. 15 yil
oldin bir siyosatchining etagini tutgan. Bu etak
iflosligini biladi. Bu siyosatchi hech vaqoga yaramasligini
ham biladi. Hatto bu siyosatchi amalga kelgan taqdirda
ham uni sariq chaqaga olmasligiga aqli yetadi. Lekin o’jar! O’zini ham, boshqalarani ham aldashda davom etmoqda. Bu endi
asriy jumboq!
Bir kuni Afandining xotini:
-Dadasi doim yolg’on gapirasiz,
siz ham odam bo’lib bir marta rost
gapirsangiz-chi!-debdi.
-Rost gap shuki, juda xunuksan,
mahmaddanasan, yuzga choparsan, xotin,- debdi Afandi.
Shu bilan
Afandining oilasi barbod bo’lgan ekan.
Qarang, 15 yildan beri Karimov
xalqning ko’ziga tik qarab uni aldaydi va haliga qadar
bu xalqning orasida unga ishonganlar bor. Karimovning yolg’on gapirganini
bilishadi. Ammo ishonishadi. Chunki inson fitratida
yolg’onxo’rlik bor!
Ana shu yolg’onxo’rlikdan
qutilgan kuningiz hammaning ko’ziga baloga o’xshab ko’rinasiz. Hamma
sizdan nuqs qidiradi, hamma sizni yomonlaydi. Lekin cho’chimang, shunday
kun keladiki yolg’onxo’rlarning qorni to’yadi va sizni
tushunadilar. Biz ana
o’sha juda olislardagi kunga umid qilib yashashimiz zarur. Ha, bu kun juda olis emas, juda yaqin ekanligini eshitmoqchi
edingiz.Bu kun juda yaqin desam yolg’on bo’lardi-da!
Xullas, yolg’on kesakdir!
Lekin uni sariq moy deb bilish, yolg’onxo’rlik, ya’ni kesakxor’lik qilish davom
etar ekan, o’rtaga, siyosat maydoniga kesak tashlovchilarning keti uzilmaydi!
Aldamay turish ham yordam
7
Mart, 2006 yil
SAVOL: Meni to’g’ri tushuning. Sizdan
bir narsani so’ramoqchiman. Nega ko'pchilik demokratiya deganda faqat
Rossiyani yomonlash, Amerikani yaxshilash deb tushinishadi, Putin bizning
zolimlarni himoya qilgani yuq-ku u ham Amerikaga uxshab o’z iqtisodiy
manfaatlarini o’ylasa kerak. Men o’ylayman Amerikani ham, Rossiyani ham
Ozbekistondagi demokratiya qiziqtirmaydi, ularni o’z maqsadlari bor, yani bu
regiondan bir-birini siqib chiqarish, Gruziya va
Ukraina bunga misol emasmi? Ular faqat Rossiyaga tuflash bilan ovora va O’zbek siyosiy
qochoqlarini Karimovga tutib berish bilan ovora. Axir
demokratlar birinchi o'rinda hamma bilan yaxshi qo’shnichilik aloqasini
o'rnatmaydimi? Sizlar demokratik kuchlar qachon
O’zbekiston saylovlarida qatnashasilar? Bizda 90 foiz aholi Karimovni
ko'rgani kuzi yo'q, qachon bizni ozod qilasilar? Bu ifloslar evrosoyuz
sanksiyasidan sung dadamning va barcha buyujed oylik maoshini 50 foizga
qisqaribdi 1 yanvardan boshlab.(Abdurasul).
JAVOB: Sizni tog’ri
tushunishga harakat qilaman. Juda ko’p masalalarni o’rtaga
qo’ygansiz, ularni ajratib, har biriga muxtasar javoblar qilmoqchiman.
“Nega
ko'pchilik demokratiya deganda faqat Rossiyani yomonlash, Amerikani yaxshilash
deb tushinishadi, Putin bizning zolimlarni himoya qilgani yuq-ku u ham
Amerikaga uxshab o’z iqtisodiy manfaatlarinu o’ylasa kerak” deb yozibsiz.
Demokratiya haqida gapirganda
ko’pchilik Rossiyani yomonlagani va AQShni
yaxshilagani holini kuzatayotganim yoq. Aksini esa kuzatib
turibman. Agar mening Amerika tarafini tutganim va
Rossiyaga qarshi yozib, gapirib kelganimni ko’pchilk desangiz, unda rahmat!
Ha, hech kim
o’z manfaatiga qarshi ish qilmaydi. Hatto siz ham. Shunday ekan, gap kimning manfaati sizning manfaatingizga yaqin
turishida yoki sizning manfaatingizga zid bo’lmasligida yoxud sizning
manfaatingizni oyoq osti qilmasligida. Ana shu nuqtai
nazardan O’zbek xalqiga Rossiyaning emas, AQShning manfaati yaqinroq, zid emas.
AQSh Xonobodda joylashganda
men qutlagan edim, ko’pchilk ayu hannos solgandi. Lekin ko’rib turibsiz, istalmagan joyda AQSh qolmaydi. Qayerdaki jiddiy turib “ket!” deyishgan bo’lishsa, chiqib
ketavergan, ammo Rossiya unday emas.
Savolingizning
davomida “Men o’ylayman Amerikani ham,
Rossiyani ham Ozbekistondagi demokratiya qiziqtirmaydi ularni o’z maqsadlari
bor, yani bu regiondan bir-birini siqib chiqarish, Gruziya va Ukraina bunga
misol emasmi?” deb soraysiz.
Amerikani
qiziqtiradi. Agar qiziqtirmaganda Xonobodni ustun qo’yar edi.
AQSh milliy strategiyasi bo’yicha dunyoda demokratiyani yoyish ham soyisy, ham
iqtiosdiy va ham harbiy manfaatlar sirasiga
kiritilgan. Kim prezident bo’lishidan qatiy nazar bu
strategiyani o’zgartira olmaydi.
Mana bu gapingizga esa to’la
qo’shilaman:”Axir demokratlar birinchi
o'rinda hamma bilan yaxshi qo’shnichilik aloqasini o'rnatmaydimi?” degansiz. Demokratlar hamma
bilan yaxshi qo’shnichilik aloqasini o’rantishlari kerak. Ammo bu zolimlar, diktatorlar, demokratiya dushmanlariga ham quchoq
ochish tarzida yoki ularning oyog’ini o’pish shaklida bo’lmasligi kerak.
“Sizlar
demokratik kuchlar qachon O’zbekiston saylovlarida qatnashasilar?” degan
savolingizga javob juda ham qisqa: qachon savolingizdagi “Sizlar” “Bizlar” bo’lganda!
Endi quyidagi savolingizga
to’xtalsak: “Bizda 90 foiz aholi
Karimovni ko'rgani kuzi yo'q, qachon bizni ozod qilasizlar?”
Ozod bo’lish o’z
qo’lingizda. Agar mahbus ozod bo’lishni istamasa yoki ozod bo’lish
uchun intilmasa, yoxud ozod bo’lish uchun kurashganlarni qo’llamasa nima ham
qila olardingiz? O’zbekning zehniyati qiziq, bugun
“ko’rarga ko’zim yo’q” deb ertaga bag’riga bosadi. Zarradek
manfaat bo’lsa, tog’dek imkoniyatni sotib yuboradi. Qo’shnisini
o’ldirib ketishsa ham miq etmaydi. Qachon kaltak
o’zining boshiga kelganda, sadosi chiqadi. Bunga esa quyidagi
gaplaringiz dalil bo’la oladi: “Bu
ifloslar evrosoyuz sanksiyasidan sung dadamning va barcha buyujed oylik
maoshini 50 foizga qisqaribdi 1 yanvardan boshlab.”
Ertaga O’zbekiston
ozod bo’ladi, indinga Karimov ketadi degan safsatalardan yiroqman. Sizni shunday deb
aldovchilarning ham oniy manfaatlari bor. Mustaqillik davrida O’zbeksitondan
chiqib ketganlarning ko’pchiligi dunyoning turli go’shlaridan ozodlikni
topishgan. Ulardan xafa bo’lish kerak emas. Chunki har bir odamning ozodlik haqqi bor. Faqat ular sizni
aldaganlarida ulardan xafa bo’lish shart.
Bugun umid ham, ishonch ham,
istiqbol va istiqlol taqdiri ham chetda emas,
mamlakatning ichida, xalqning ichida. Bugun nimjon bo’lsa
ertaga kuchlanadi. Sizu biz samimiy bo’lsak, ana shu nimjon kuchni
aldashimiz emas, agar imkonimiz bo’lsa unga yordam berishimiz kerak. O’sha
nimjon kuchni aldamay turish ham yordam! Haqiqatni aytish esa
uni kuchlanishga, oyoqqa turishga undaydi.
Dildagi
vulqonning tafti
5
Mart, 2006 yil
SAVOL: Siz bilan g'oyibdan bo'lsa-da diydorlashib turganimdan xursandman. Avvaliga juda uzoq o'yladim.
Mening yoshimda, mening jinsimda, umuman men siyosatga
bu qadar sho'ng'ishimga, sizga makub yo'llashimga nahot shunchalar ehtiyojmand
bo'lsam? Arzimagan umrim davomida faqat va faqat bir narsani orzu
qildim, maqsad deb bildim: Men bu dunyoda hech bir maqsadsiz va hech bir ishsiz
o'tib ketadigan insonlar sirasiga kirishni istamayman, hech bo'lmasa o'limimdan
so'ng meni inson qilgan(Olloh o'zi shunga yetkazsin)xalqim
eslab qolishi kerak!
Bilaman,
gaplarim biroz g'aliz va yoki baland parvoz tuyulishi
mumkin. Biroq bundan uyalmayman! Sababi, men shuni xohlayman.
Deyarli har Internetga tashrifimda bu saytga kiraman va
dilimni og'ir yuk, g'ijimlik bilan tark etaman.
Nahot
hayot shunchalar yolg'on, shunchalar chirkin bo'lsa? Nahot inson o'zi
istaganidek, halol, pok va vijdon bilan yashab o'tishi
shunchalar qiyin bo'lsa? Nahot ota degan nomi bo'lgan - xalq o'zining "farzand(lar)"idan kaltak yesa, biroq uni bartaraf
qilish, unga bir so'z aytishga yoki oq qilishga-da majol topolmasa?
Erta
5 dan kunni boshlab, ketmonini ko'tarib, beli mayishib, saratonda 40-ga chiqqan
dalada qo'lining qadog'i, umrining adog'i bo'lgan mehnat, mehnat va yana mehnat qilsa-yu, ko'nglini ko'targulik, hayotini
yaxshilagulik biror ro’shnolik ko'rmasa? Qani haqiqat?
Qani adolat? Dilim achishadi...Yuragim og'riydi...
Bir vaqtlar shaxsan "Katta"ning o'ziga
qarsaklarga to'lgan maktub yo'llash urf bo'lib ketgandi. Deyarli har hafta Tvda yosh yigit-qizlarni xat
yozgani uchun uylariga kelib, sovg'a tarqatib, yana
buni matbuotda, Tvda e'lon qilishgan edi. O'shanda onajonim
meni ham yozishga undagandilar. Lekin yozmaganman! Nima
uchunligini aytaymi? Agar men xat yozsam, meniyam
uyimga kelib taqdirlashadi, "mening bobojonim" esa meni sovg'a
dardida, mashhurlik dardida xat yozgan deb o'ylaydilar degan andishada
yozmagandim.
Qarang-a, qanchalik soflik, vijdonim, o'y-u
fikrlarimning bolalarcha andishasi. Lekin qani endi bu soflik? Menga hozir buni kim qaytarib beradi? Agar o'sha paytda yana 2 yildan keyin mening
farishtam - iblis deb aytishimni bilganimda osib yuborsalar ham ishonolmasdim. Qachonlardir menga seni bu gaplaring uchun otishadi deyishgandi.
Endi bunga shubha ham qilmay qoldim. Lekin ungacha
hali yashayman, to umrim borki, haqiqat uchun tikaman, holanki, buni hozirgi
zamonamiz aqllilari foydasiz deb bilsalar-da.
Bilaman,
haqiqat, adolat uchun hech bir kurash izsiz ketmagay, bir-birini zanjirday
tortadi, aqalli o'ndan biriga bo'lsa-da, erishiladi. Axir siz ham shuncha ishda
ham umidni uzganingiz yo'q-ku! Kurasgda
davom etayapsiz-ku!
Ha,
juda ko'p vatandoshlarimning chetda turib sayrashadi, degan gaplarini
eshitaman. Maning uchun buning ahamiyati yo'q. Gap
qayerda, qay holatda aytilganida emas, gap nimaning
aytilganida! Juda ko'p tengdoshlarim ikki yo'l orasida, sarosar, nimaga
ishonishni bilmaydilar. Siz aytgan faktlarni o'qib, hayotga solishtirib, uning
isbotini topib turib va yana bu yerdagi tinimsiz bir
xilda chalinadigan, me'daga tekkan, biroq quloq o'rgangan kuyga muxlis
bo'lishga majbur bo'ladilar.
Sizga
bir savolim bor: Qilayotgan ishlaringiz, so'zlaringiz, umuman hayotingiz
besamar ketmaganiga qay darajada ishonasiz? (A.Salih).
JAVOB: Avvalo yurak
tubidan quyilgan maktubingiz uchun rahmat. Dildagini satrlarga bunday dard bilan to’kish hammaga ham nasib etmaydi. Sizda shunday
qobiliyat bor ekan, buni ishga solishingiz va so’zingiz bilan kurashga
kirishmog’ingiz kerak. Bugun bunga ehtiyoj katta.
Chunki butun bir
mamlakatning qudrati ana shu kurashning qarshi jabhasida. Siz
ta’kidlagan kabi Tvlardan ro’znomalarga, Internetdan mahalla majlislariga qadar
hamma joyda so’z jangi bormoqda.
Qurol vujudni
chil-parchin qilib yuborishi mumkin. Lekin kuchi
dillarga, shuurlarga, avlodlarga, asrlardan asrlarga yeta olmaydi. Bunga faqat so’z musharraf.
So’z bo’lganda ham dildan quyilgan, shuurdan
to’kilgan, asrlardan asrlarga o’lmasdan kelgan haq so’z bo’lishi kerak.
Biz kurashning ana shu
jabhasida bo’lganimiz uchun ham baxtiyormiz va hamda
mas’uliyatlimiz. Baxtiyormiz shuning uchunki, umrimiz zoye
ketmayotir. Buni ko’rib turibmiz va bu cheksiz
baxt. Mas’ulmiz shuning uchunki, ana shu baxt qarzini
qaytarmog’imiz kerak. Bu esa bizdan har lahza, har
daqiqani ishga solishni talab qiladi.
Bilaman, tavakkal qilib, bir
nom tanlab shu bilan maktubingizga imzo chekkansiz. Kelajakda
sizning o’z nomingiz bilan yozishingizga ham ishonaman. Chunki dilingizda dardning vulqoni bor. Bu vulqon sizga tinchlik
bermaydi. Agar uning taftini chiqarmasangiz portlab
ketadi, yondirib yuboradi. Satrlar bilan chiqsa orom topasiz, taskin
topasiz, yuragingiz
olov tog’idan orom gulshaniga inadi.
Bu kurash maydoniga xush
kelibsiz! Hozirdan ishonch bilan ayta olamanki, sizning ham
hayotingiz besamar ketmaydi. Bunga o’sha yurakdagi dard
yo’l bermaydi.
Bu dunyoda agar bir
kishining diliga zarradek yog’du yetkaza olsangiz, demak umringiz besamar
o’tmayotir.
3
- Mart, 2006 yil
"Assassin" nishonga urdi
SAVOL: Keyingi kunlarda sizning va Demokratik
O’zbekiston Kongressining elektron adresslaridan “spam” shaklidagi xatlar
olmoqdaman. Buning sababi nima? Xakerlarning
ishimi bu? Yoki O’zbekiston hukumatiga
ishlayotganlarning hunarlarimi? Balki sizlarga xat
yozmasligimiz uchun shunday qilishmoqdami? Nima deb
o’ylaysiz? (Alisher).
JAVOB: DO’Kning saytida "Assassin"
romanining 7 bobi e'lon qilingandan buyon Karimovning itlari, Gulnoraning
bitlari, ularga qulbachchalik qilayotgan harom qillar tomonidan elektron
pochtalarimiz tinimsiz hujumga uchramoqda. Ular go'yo o'zlarini texnologiya
asrining bilimdoni qilib ko'rsatib, aslida axmoqlarcha harakat
bilan bizning va bir qator muxolifat adreslarini qo'llanib o'zimizga
va boshqalarga ham minglarcha xat
yo'llamoqdalar. Essiz vaqt, essiz pul..
Inson tuban
ketganda nima qilayotganini bilmay qoladi. Bular ham
shunday.
Ammo bu bizga
yanada kuch bag'ishlashini esa xayollariga ham keltirmagan bo'lsalar kerak. Chunki ular
o'zlari bilmagan holda bizning nishonga urayotganimiz va
so'zimiz nishonning bag'rini tilim-tilim qilayotganini shu yo'l bilan bildirib
qo'ymoqdalar. Holingizga maymun yig'lasin, bechoralar!
"Assassin"ning
oldingi 6-bobi e’lon qilingandan keyin Devondagi tanishim mazkur bobning
hukumat idoralarida shov-shuvga sabab bo’lganini yozgan edi.
.org-ning statistikasiga ko’ra, "Assassin"ning
7-bobi e’lon qilingan kun 1256 kishi saytni ko’rgan bo’lsa, ertasiga bu raqam
1792 ga chiqqan, undan keyingi kun 2435 ga ko’tarilgan. Saytga o’sha kun O’zbekistondan 1617 marta kirilgan. Endi tasavvur qiling:
sayt O’zbekistonda ommaviy joylarda ochilmaydigan qilib qo’yilgan. Ba’zilar juda qiyinchilik bilan ochishadi. Demak, Devondagi
manbaning gapi to’g’ri. MXX, IIV va
hukumatning Internetga kirish cheklanmagan boshqa tizimlarida
"Assassin" shov-shuvga sabab bo’lmoqda.
DO’K yoshlar bilan
ishlashni boshlagandan keyin hukumat yoshlarga e’tibor qilib qoldi. Yangi
tashkilotlar, yangi saytlar tashkil etib, yoshlarning maktublarini chop eta
boshladi. Ularning savollariga javob berish kabi
“Savol-Javob” bo’limlari yaratishdi. Demak, ishlarimiz
bekorga emas, yozganlarimizni hali ham “Katta”ning o’zlari kuzatayotganlari
sezilib turibdi. Chunki u kishining buyrug’i bo’lmasdan yangilikka qo’l
urilmaydi-da!
"Assassin"ning
7-bobidan esa ul zotning jahllari chiqqan ko’rinadi-ki, itu bitlarini ishga
soldilar. Ularga azaldan u kishining itu biti bo’lishni orzu
qilib yurgan alamzadalar ham qo’shildilar.
Nima bo’lganda ham
ruhimiz yengil tortib, mamnun bo’ldik. Ha, so'zimizdan talvasaga
tushganlarni ko'rib turish ham bir baxt!
Badiiy asarining kuchini ko’rib turish ijodkorga qanchalik halovat baxsh
etishini tasavvur qilishingiz qiyin emas!
Bizning elektron adeslarimizni
qo'llanib sizga ham maktublar borganidan xursand bo'ling, chunki siz ham
savollaringiz bilan nishonga urmoqdasiz va urto'qmoq
zarbidan qurt-qumursqaga aylanganlar shu yo'l bilan chaqib olamiz deb
o'ylashmoqda.
Xato qiladilar,
ular chaqishni ham bilishmaydi, chunki ular bichilgan qurt-qumursqalardir. Ularning va “spam”larining o’rni axlatxona!
“Qasosim bor
tasodiflarda!”
2
- Mart, 2006 yil
SAVOL: Hech e'tibor berganmisiz Husayin Boyqaro, Alisher Navoiy va Islom Karimov, Abdulla Oripovlar orasidagi bog'lanishga.
Husayin Boyqaro 1438 yilda va Alisher Navoiy 1441
yilda tu'gilgan. Islom Karimov 1938 yilda va Abdulla
Oripov 1941 yilda tug'ilgan. Husain Boyqaro va Alisher
Navoiy zamondosh va ayni saroyda faoliyat ko'rsatishgan. Islom Karimov va Abdulla Oripovlar ham ayni saroyda. Oradan 500 yil o'tib
ayni Turon o'lkasida zulmkor podsho va maddoh shoir
ayni saroyda paydo bo'lishibdi. Bu shunchaki tasodifmikin?
(Javlon ).
JAVOB:
Dunyoda
tasodiflar ko’p. Ammo bu tasodiflarni izohlab beradigan ilm
yo’q. Kimdir tasodiflarni Xudoga bog’lab qo’yib, oson
yo’lini topadi.
Ma’lumki, biz tariximiz deb
atayotgan tarix uch marta ishlovdan
o’tgan.
Avval zolim hukmdorlar
tarafdidan yozdirilgan. Ularga yoqqani bot-bot ko’chirtirilgan, kitob holida
qoldirilgan. Bugungilar ko’ziga surtib yuribdi. Yoqmagani yo’qolib ketgan.
Bugungilar bexabar.
Keyin ruslar tomonidan
yozildi. Ularga yoqqani, xizmat qiladigani qayta - qayta chop etildi, yoqmagani
o’zgartirildi va boshqa tus berildi.
Mustaqillikdan so’ng tariximz
bitta odamning avzoyiga qarab yozilmoqda. Unga yoqsa nashr etiladi, o’qitiladi.
Unga yoqmasa qatag’on.
Bu uch omil menga tariximizga
mutloq ishonmaslikka asos beradi. Tarixga ishonmasdan ham yashash mumkinmi
deyishingiz mumkin. Ba’zi odamlar Xudoga ishonmay yashashmoqda. Buning oldida
tarixga ishonmaslik gunoh emas. Ayniqsa, u soxta tarix bo’lsa.
Shu nuqtai nazardan Alisher
Navoiy va Abdulla Oripovni yonma-yon qo’yganingizga hayron bo’lmayman. Chunki
Alisher Navoiy paytida ham undan kuchliroq yozadigan o’sha davrning Yusuf
Jumalari bo’lgan ersa ne ajab?! Lekin biz bexabar! Ajabmas ming yildan keyin
Abdulla Oripov ham keyin millatning bobokaloni, Alisher Navoiysiga aylanaman
deb xayol qilib yurgan bo’lsa?1 Chunki bugunning o’zida uni “bobokalon”
deganlar ham yo’q emas.
Lekin bugun tarix shohlarning hukmi yuradigan
hududlardan tashqarida ham yozilmoqda. Bugun tarix shohdan oltin tanga
kutgan muarrixlar va xattotlargagina
bog’lanib qolmagan. Farq ana shunda.
Husyan Boyqaro shoir bo’lgan,
shoirdan zolim chiqmaydi deydilar. Zolimlardan shoir chiqqanini, shoirlardan
zolim chiqqanini bugun ko’rib turibmiz. Chunki bu Internet degani butun dunyoni
bitta quttiga soldi. Ana shu quttida hamma narsani ko’rish mumkin. Faqat ko’ra
olish qobiliyatini topsak, bas!
Xullas, Husayn Boyqarodan Isom
Karimovga qadar zulmat ichidamiz. Ammo zulmatning pardasi yirtildi. Endi bir
amallab sochimizdan tirnog’imizga qadar o’ralgan o’rgimchak to’ridan qutulsak,
balki o’shanda tasodiflarning sirini topmoq imkoni tug’ilar?!
Dunyo tasodiflar girdobida.
Mustaqillik uchun kurashganlar zindonband, darbadar, mustaqillikka qarshi
bo’lganlar esa qahramon, sohibi zamon bo’lgani kabi. “Qasosim bor
tasodiflarda!”.
25 Fevral, 2006
Xorazm-Qoraqalpoq mintaqasi
“yoshulli”ni bezovta qilmoqda
SAVOL: Sharifxo’jayevni Senat raisligidan olgan
Karimov uning o’rniga Sobirovni tayinlashida biror maqsad bormi?(Vohid).
JAVOB: Siz “olgan”, “tayinlagan” degan so’zlarni juda o’rinli
ishlatgansiz. Ko’rinishda Karimov Murod Sharifxo’jaevning iste’fosini qabul
qilishni Senatdan so’ragan bo’lsada aslida unga qadar uni bo’shatib qo’ygandi.
Elgizar Sobirovni ham Senat majlisidan ikki kun oldin tayinlab ulgurgandi.
Qolgani xojako’rsinga.
Karimov tayinlash
paytida “ustozim” degani Sharifxo’jayevni endi “keksayib, ishga yaramay qoldi”
deb bo’shatdi. Agar keksayib qolish asos bo’ladigan bo’lsa uning o’zi nega
taxtdan tishmayapti degan haqli savol tug’iladi. Javob shuki, uni ishdan oladigan
yoq. Topilib qolar!
Savolingizda jon
bor. Oliy Majlisdagi manbaga ko’ra, Karimov Xorazm-Qoraqalpoq mintaqasida vujudga kelgan kuchli norozilikdan bezovta.
Ayniqsa, O’zbekiston Kreml bilan yaqinlashgandan beri Putinning nomiga bu
mintaqadan shikoyatlar to’lib-toshib ketgan. Ularda O’zbekistondan ajralish,
Rossiyaga qo’shilish, mustaqil bo’lish kabi masalalarda ochiq-oydin gap borgan.
Kreml ularni “ko’rib chiqish” uchun Karimovga yubormoqda va Karimov Oliy
Majlisga yubormoqda ekan. Samarqandlik Bahodir Matlyubov Ichki Ishlar vaziri
etib tayinlangandan beri bu mintaqada nafaqat oddiy odamlar orasida, balki
rejim kadrlari orasida ham noroziliklar paydo bo’lgan. Amudaryoda suv muzlashi
natijasida paydo bo’lgan toshqin tahlikasi, Orol bo’yidagi vaziyat ham jiddiy.
Vujudga kelgan
ahvol haqida kuchishlatar idoralari ham Karimovga maxsus hisobot taqdim
etganlarini aytadi manba. Karimov “tozalash” o’tkazishdan oldin o’zining bu
mintaqaga xusumati yo’qligini ko’rsatmoqchiga o’xshaydi.
Karimov bitta o’q
bilan ikki quyonni urishga o’rganib qolgan. Shu bilan Dumadan hay’at kelgan
kunlari “gripp” bo’lib qolgan Sharifxo’jaevdan ham qutulgan bo’ldi.
Ma’lumki, Sovet
davrida kadrlarni mintaqalarga qarab tanlashar va shu zayl “balans” saqlayapmiz
degan xulosaga kelishardi. “Kadrlarni tanlash va joylashtrish” degan siyosiy
xaritada O’zbekiston to’rtga bo’lingan va quyidagicha nomlangan:
1.“Zarafshon” (Samarqand, Jizzax, Buxoro, Navoiy,
Qashqadaryo, Surxondaryo)
2.“Farg’ona” (Farg’ona,
3.“
4.“Xorazm”
(Xorazm, Qoraqalpog’iston)
Birinchilik va
ikkinchilik “Zarafshon” hamda “Farg’ona” orasida almashib turardi. Uchinchilikni “
Elgizar Sobirov
Xorazmning Qo’shko’pir tumanidan. U Mudofaa qo’mitasida ishlar ekan, Karimovni
“yoshulli” deb murojaat qilishi bilan ajralib turgan va “o’zini “yoshulli” deb
chaqirishidan Karimov mamnuniyat his etar ekan. Uni Rossiya harbiylari bilan
yaqin aloqada ekanligi va Xorazmda yog’och mafiyasining yetakchisi degan gaplar
ham bor. Nima bo’lganda ham Sobirovni nomi ulug’, suprasi quruq joyga tayinlash
bilan Karimov xorazmliklar va Qoraqalpog’iston ahlini yana bir bor
laqqillatmoqchi ko’rinadi.
Oliy Majlisdagi
manba bu gaplar “programma minumim,
programma maksimum esa Karimov Sobirovni saylovdan oldin Xorazmga hokim
etib tayinlash uchun tayyorlamoqda” deydi.
Vatanparvarlikning
narxi bo’lmaydi
23 Fevral, 2006
SAVOL: Fidoyilik, vatanparvarlik degan gaplar tarixda qoldi. Pul bo’lsa
muxolifat bo’ladi. Pul bersangiz inson huquqlari tashkilotlari sizni himoya
qiladi. Pul bo’lsa inson huquqlari tashkilotlari yoki muxolifat rahbarlari
sizga siyosiy boshpana olib berish uchun yeng shimaradilar. Pulingiz
bo’lsa muxolifatga qarshi kurashib
kelgan bo’lsangiz ham birdaniga haqiqiy muxolifatchiga, hatto qaysi bitta
partiyaning Markaziy kengashi a’zosiga aylanasiz.
Kim
bilan gapni boshlamang, ijaraga falon ming to’layapman, Internetga kirish uchun
mana buncha pul kerak, xullas, “oz-moz” xarajatlar uchun bir narsa cho’zish
haqida ochiq gapiradi. Agar bularning hammasi qancha bo’ladi desangiz kamida
bir yuz ellik dollar deydi.
Bugun
O’zbekistonda kim ana shunday pul topib bera olsa o’sha muxolifat bo’la oladi.
Kelajakda ba’zi diniy guruhlar odamlarimizni ana shu tomondan qo’lga olib
demokratiya kelgan taqdirda ham uni ag’darib tashlashlari mumkin. Falastinda
nima bo’lganini ko’rib turibsiz. 15 yil oldin bizda bunday narsa yo’q edi. Odamlar
vatan uchun, xalq uchun deb kurashar edilar. Bugun esa pul uchun kurash
boshlangan.
Mana
bitta misol keltiraman. Sanjar Umarov va Nodira Hidoyatovaning sudiga
borganimda "qo’llab-quvvatlash guruhi a'zolari uchun" deb ikki ming
so’mdan har bir sudga borganlarga Yelena Urlayeva orqali berishdi. 1000
so'm yo'lkiraga va 1000 so'm obed uchun berishdi. Bu pullarni Nigora
Hidoyatova ajratgan bo'lsa kerak.
Menga sakkiz
kun sudga borganimda ja’mi 15 ming so'm berishdi, bir kun sud raisi kasalligi
tufayli qoldirilgandi, o’sha kun uchun 1000 so'mdan berishgandi.
Ana
shularni ko’rib hamma narsadan ko’nglim aynab ketdi. Tashlab uzoqlarga ketgim
keldi. Butun dunyoga tanilgan bir huquq himoyachisiga bu haqda aytsam, ozgina
xarajatlari bor deb aytdi. Balki menga Demokratik O’zbekiston
Kongressi yordam berishi mumkinmi?
Fermer Rajabboy.
JAVOB: O’zini shartli
ravishda fermer Rajabboy deb nomlagan bu
kishiga bizning javob shunday:
Demokratik O’zbekiston
Kongressi o’z nizomiga ko’ra faqat
tashkilotga rasman a’zo bo’lgan, uning faoliyatida ochiq qatnashgan, haqiqatdan
ham rejimga muxolifligi bilan tanilgan va rostdan ham quvg’inga uchragan,
hayoti tahlika ostida qolgan kishilargagina siyosiy boshpana olishi uchun
tavsiyanoma berishi mumkin. Buning uchun tashkilot a’zolaridan kamida uch
kishining tavsiyasi zarur.
Biz bu masalani tashkilot
a’zolari orasida muhokama etib, ana shunday qaror olganmiz. Chunki haqiqatdan
ham muxolifatni biznesga aylantirib yuborganlarning hidi butun dunyoga tarqalib
bo’ldi.
Sizning nomingizni birinchi
marta eshitayotganimiz uchun bizni ma’ruz tutasiz. Biz pul uchun ishlaydiganlar
tashkilot emas, biz xarajatlar uchun boshqaruv a’zolari o’z yonidan xayriya
sifatida pul berib, demokratiya uchun kurashayotganlar tashkilotimiz. Mana
katta harflar bilan yozaman: BIZ HALIGA QADAR BIROR
TASHKILOTDAN YOKI BIROR SHAXSDAN BIR TIYIN PUL OLGANIMIZ YO’Q! Buni
boshqalar ham yozib ko’rishsin-chi! Siyosiy boshpana olish uchun tavsiyanoma
bersak, shaffoflik nuqtai nazaridan boshpana olib, tahlikadan qutulgandan
keyin, qonuniy maxfiylik davri (11 oy) bitgandan so’ng ularning nomlarini ham
e’lon qilamiz. Agar kelgusida biror bir tashkilotdan grant olsak qayerga
sarflaganimizni ham ochiq e’lon etamiz. Menimcha, barcha muxolifat
tashkilortlari haqiqatdan ham ifloslik botqog’iga botmagan bo’lsalar ana
shunday yo’l tutishlari kerak.
Sizga maslahatimiz o’z
nomingizni yashirmang va ochiq kurashib, muxolif sifatida o’zingizni
ko’rsating! Eng kamida bilganlaringizni yozib rejimning basharasini fosh eting.
Bugun tashqarida yurib, tahlikadan uzoq bo’lgan “muxolifatchilar” nomlarini
yashirib turgan bir paytda bu gapim balki sizga og’ir botar. Ammo na chora!
Nomini yashirib, panadan turib
kurashmoqchi bo’lgan soxta muxolifatchilar,
manfaatchi “adolatparvar”lar, haqni yashirgan “haqgo’y”lar armiyasini
tark eting! Tog’ri yo’l shu!
Vatanparvarlikning narxi
bo’lmaydi. Agar siz bu Vatan va bu muillat uchun joningizni tikkan
bo’lsangiz, pulning ahamiyati yo’q
ekanligini darhol anglaysiz. Afsuski bu tuyg’u juda kam odamlarga nasib etgan.
Shu bois ham bu tuyg’u bilan yashagan odamlarni ko’pchilik tushuna olmaydi.
“Ozodlik” hech kimning
onasining mahriga tushgan emas!
20
Fevral, 2006
SAVOL: Demokratik O’zbekiston Kongressining saytida “Ozodlik” radiosining
“Qurultoy” dasturi yopilishi mumkinligi haqida gap borgandi. Mana bugun
eshitdim, yopilmabdi, ammo siz chiqmadingiz. Balki tanqid uchun ta’qibga
uchradingizmi deb ham o’yladim. Shunga javob bersangiz.( Gh’ayrat).
JAVOB: DO’K saytida
o’quvchilarning fikrlari berilmoqda. Men hali o’z fikrimni yozganim yo’q. Bugun
erta balki yozarman. Gap shundaki tashkilotimiz ro’yxatdan o’tishida biz
oldimizga qo’ygan juda ko’p vazifalardan biri xorijiy radiolar dasturlarini
monitoring qilib borish ekanligini ham bildirgan edik va bu saytimizda ham
yozib qo’yilgan. Demak bu muhokamalar tashkilotimizning vazifalaridan birining
bajarilish jarayonidir.
Ma’lumki, AQShda soliq
to’lovchilarga hisobot berib turiladi. Yilda bir marta uyga yuboriladigan
hisobotda soliqlar qayerga ketgani izohlab beriladi va ana shu hujjatga qo’shib
yuboriladigan kichik bir varaqada “Qonunlar sizga o’z soliqlaringiz qayerga
sarflanishini nazorat qilib turish haqqini bergan, bu haqni unutmang” deb yozib
qo’yiladi. “Amerika ovozi” va “Ozodlik” soliq to’lovchilarning puliga ishlaydi
va demokratiyani targ’ib qilishi kerak. Agar bizning pulimiz diktatorga xizmat
qila boshlasa va indamay tursak o’sha diktatorning quliga aylanamiz. Agar
fikrimizni aytib tursak radioga yordam bergan bo’lamiz.
Qolaversa, birovning nuqsini
ko’rib aytmaslik unga dushmanlikdir. Birovning nuqsini ko’rib uni ochiq aytish
esa unga do’stlikdir. Lekin o’sha birov buni teskari tushunsa demak nuqs uning
fitratida bor. DO’K a’zolari “Ozodlik”ni
tanqid qilayotganlari yo’q, balki o’z fikrlarini aytib, uni qo’llab unga
yordam bermoqdalar va biz ularning bunday jonkuyarliklarini qadrlaymiz.
Endi “Qurultoy” masalasiga
kesak, mening O’zbek xizmatining oldingi
direktori Adolat Najimovaga murojaatlarim, demokratiyani yoyishni jonlantirish
bo’yicha takliflarim natijasida shunday bir dastur tug’ilgandi. Uning olib
boruvchisi Abdulla Iskandar har bir dasturda qayd etganidek men doimiy
qatnashchi edim va orada qanday mavzularni tortishish haqida ham fikrlarimni
yo’llab turar edim.
Oxirgi muhokamadan oldin ham
xat yo’llab, karikaturalar masalasini muhokaa qilish va buning ahamiyati haqida
yozgandim. Taklifim qabul bo’lib, o’zim chiqmaganim tabiiyki menga bog’liq
emas. Abdulla Iskandar ham “Nima bo’ldi?” degan xatimga javoban telefon qilib,
bu masala o’ziga bog’liq emasligini bildirdi.
Men “Ozodlik” hech kimning
onasining mahriga tushgan emas, degan fikrdaman. Mening ham doim chiqib
turishim shart degan qoida yo’q, Ammo men chiqib turishni istasam buni
ta’qiqlaydigan qonun ham yo’q, aksinch bunga
yo’l ochadigan qonunlar bor. Shunday ekan, aytadigan gaplarim bo’lsa
radioda chiqib turish bu mening qoniniy haqqim. Meni bu haqdan mahrum qilishni
istagan odamlar esa Karimovning “dum”lari yoki demokratiyani o’rgana olmay,
demokratiyaga moslasha olmay qotib qolgan bechora bandalardir. Undaylar 15
yildan beri tish ko’rsatadilar va bundan keyin ham ko’rsataveradilar. Bu qadar!
Nega bir joyda depsinib turibmiz?
19
Fevral, 2006
SAVOL: Siyosatchi va lider ayni odammi yoki boshqa boshqa-boshqami, ularni
qanday farqlab olish mumkin? (Miraziz).
JAVOB: Siyosatchi va
lider mutloq boshqa-boshqa odamlardir.
Ajratib olish uchun har ikkalasini ham ko'ra olish kerak. Bugun biz
siyosatchilarni ko'rib turibmiz, ammo liderlarni ko'ra olmayapmiz. Nega?
Faraz qiling. Bur guruh odam
yo'lga chiqqan. Uning oldida ikki kishi. Biri oldinga qaramoqda, ikkinchisi
orqaga. Oldinga qaragani liderdir, ya'ni yo'lboshchi. U yo'lni biladi, o'zi
qayerga borishini, odamlarni qayerga olib borishni biladi va amali bilan odamlarga
yo'l ko'rsatmoqda, oldinga qarab ketmoqda.
Orqaga qaragan esa
siyosatchidir. Unga kelajak tomon yo'l emas, toplanib turgan odamlar kerak,
ularni aldashi, qo'llanishi, laqqilatishi va shu asnoda o'z ishini bitirishi
lozim. Siyosatchining taqdiri, hayoti, iqtisodi shu odamlarga bog'liq. Ularning
hisobiga yashaydi. Aks taqdirda ochdan o'ladi, nomi unut bo'ladi. U bundan juda
qo'rqadi.
Siyosatchi shuhratga ishqiboz.
Odamlar faqat uning nomini aytib qichqirishlarini istaydi. Shuning uchun ham
ko'zi oldinda emas, orqada, odamlar adashib, boshqaning nomini aytib qo'ymasin
deydi. Maydonni bir lahza tark etmagani ham ana shundan.
Siyosatchi yonidagi ikki uch
malayi orqali maydondagi odamlarga tinmay o'zi madh etilgan yoki o'zigagina oid
qog'ozlar, varaqalar, kitoblar tarqatadi. Odamlarni bir lahza ham erkin
o'ylashga qo'ymaydi. Ularning atrofiga to'rt-beshta megafon qo'yadi va
hammasida birdan uning nomi aytila boshlanadi. Odamlar butun dunyo shu nomni
takrorlamoqda degan yolg'on hisga tobe bo'ladilar. Bu odamlarni
manqurtlashtirishgina emas balki odamlarning ixtoyoriy manqurtlashuvi hamdir.
Agar odamlar oldinga qarab
yura boshlasalar soyosatchi vaqtincha yo'l chetiga o'tadi, biror xavfsizroq,
tepparoq joydan turib kuzatadi. Odamlar yana ham oldinga yursalar u ortda
qoladi. Ba'zan esa odamlar orasidan chiqqan kimlardir uni qo'llana
boshlaydilar. Unga sen buyuksan deydilar va bunga uning o'zi ham ishonib
qoladi. Ammo uning ruhida biznesmenlik kuchli va yana butun haraktani biznesga
aylantiradi. Zota siyosatchi uchun siosat biznesdir.
Chunki bunday siyosatchi
xatarli vaziyatda odamlarni boshqara olmasligini biladi. O'zining yolg'onlariga
ishongan bu odamlar boshqaning ham yo'lg'oniga ishonib, uni toptab ketishlari,
toshbo'ron qilishlari mumkinligidan cho'chiydi. Shuning uchun ham odamlarni bir
joyda tutib turishga, diqqatini o'ziga qaratib saqlashga intiladi.
Bu bilan u olomonga qo'shilmay
o'tib ketayotganlar yoki olomonga yordam qo'lini cho'zayotganlarni ham
chalg'itadi. Ular olomonning yetakachisi shu deb o'ylaydilar va oldinga o'tib
ketayotgan odamni yoki olomon orasidan chiqayotgan liderni ko'rmay qoladilar.
Butun yordamni siyosatchiga uzatadilar va ular ham yolg'onning qurboniga
aylanadilar. Zotan bu siyotachi erishmoqchi bo'lgan asosiy maqsad..
Siyosatchi bir umr
liderlarning yo'liga to'g'anoq bo'ladi. Birinchidan, odamlarni aldab turaverish
bilan maydonni tark etmaydi. Ikkinchidan, odamlar orasidan chiqqan liderning
tovushini bosib yuboradi va lider yurgan yo'lni bekitib oladi.
U tajribaga, mahoratga ega. U
olomon yangilanib turishidan manfaatdor. Chunki odamlar safiga yangitdan
qo'shilganlar uning gaplariga oshuvta bo'lib, oldinga o'tadilar, ilgaridan shu
yerda turganlar esa ortga chiqib qoladilar. Yangi kelganlar siyosatchining
qichqiriqlaridan ilhomlanadilar, uning gaplariga qo'shilib baqira boshlaydilar,
uning nomini aytib hayqiradilar. Chunki olomonning orasida siyosatchi bilan
birga bu ishdan non yeydigan odamlar ham bor. Baqirishni o'shalar boshlab
beradilar. Olomon esa ularga jo'r bo'ladi. Shu zayl bir muddat ishonganlar va
asta sekin ishonchini yo'qotganlar konveyr usulida almashib turaveradilar.
Aslida olomon orasida ham
oldinga yurib, xavf ortirishni istamadiganlar, bir joyda turib tinchlikni
istaydiganlar ko'pchilikni tashkil qiladi. Siyosatchi buni biladi. Shu bois
o'ziga kelgan yordamdan juda oz qismini o'shalarga uzatadi. Qolganlarga esa
kattaroq va'da beradi. Agar uning nomini aytib baqiraversalar yana bir qism
uzatishi mumkin. Lekin aksariyatini o'z qo'lida qoldiradi. Biznesmen o'z
zarariga ishlamaydi-da!
Megafonchilarni saqlash,,
varaqalarni nashr etish, kitoblarni chiqarish, oilasini tebratish, qarindosh
urug'larini ta'minlash, davru davron
surishning oz'i bo'ladimi?
Odatda siyosatchi
ishlamaslikni, olomonni aldab yashashni ixtiyor qiladilar. Lider esa olomonga
bog'lanib qolishni istamaydi, mustaqil bo'lishni xoxlaydi. Liderning ortidan
ketayotganlarning ba'zilari unga yeta olmay hansirab qoladilar va ortga qaytib
siyosatchiga qo'shiladilar, uning nomini aytib baqiradilar va halovatlarini
topgandek bo'ladilar. Ammo oxir oqibatda aldanib qoladilar.
Aslida esa ular aldanishni
istaganlardir. Odamzot murakkab. Uning bir qismi oldinga yugurishdan ko'ra bir
joyda turib, aldanib, qo'llanilib, qul bo'lib yashashni afzal ko'radi. Shu bois
ham ular ko'pincha avom olomondan uzoqlashib oldinga ketib qolgan liderni ko'ra
olmaydilar.
Shu bois ham ular lidersiz
qoladilar.
Shu bois ham dunyoda liderlar
sanoqli ammo siyosatchilarning son sanog'i yo'q.
Shu bois ham bugun O'zbekning
siyosatchisi ko'p, ammo lideri yo'q!
Siyosatchi va liderni ajratib
ololmagan xalq hech qachon oldinga yura olmaydi, bir joyda depsinib turaveradi.
Xuddi 15 yildan beri depsinib turgan O'zbek kabi! Xuddi hali yana siyosatchiga
og'zi ochilib, oldinga yurishni istamayotgan,
va hali yana depsinib turishdan qoniqayotgan O'zbek kabi!
Jinnixonada haqiqat bormi?
11
Fevral, 2006