Shuhrat Ahmadjonov,
Demokratik O’zbekiston Kongressi
Boshqaruv Hay’atining a’zosi
Yasha Turon,
yasha Turon!
Hozirgi kundagi asosiy va dolzarb masalalardan biri – Demokratik O’zbekiston Kongressi (DO’K)ning Dastur loyihasini sodda, ravon, tushunarli tarzda tayyorlashdir. DO’K Dasturi nimadan boshlanmog’i kerak, degan savolga fikrimni aytmoqchiman.
O’zbekiston demokratlarining eng katta kamchiliklaridan biri – shu kunga qadar ommaviy bo’lib aytadigan qo’shig’imiz yo’qligidadir, aniqrog’i qabul qilinmaganligidadir! Taklifim: mashhur demokrat va jadidchi shoirimiz Hamza Hakimzoda Niyoziyning (1889-1929) 1916 yilda yozgan “Yasha, Turon” qo’shig’ini DO’K a’zolarining qo’shig’i etib qabul qilish. Avval qo’shiq matnini keltirib o’tay.
Qo’zg’ol,
Turon! Qo’zg’ol, Turon!
Keldi
senga ham zamon,
Zulm
ahlini ayla vayron!
Tur
uyqudan, tur bu on! . .
Yasha
Turon, yasha Turon!
Sen
ezilganlarga yor.
Barcha
o’lka ishchisiga
Sen
suyanchiq, sen mador.
Bu jadidchi bobolarimizning mashhur qo’shig’idir. U 1916 yildagi qo’zg’olonlar va umumxalq namoyishlari paytida aytilgan. Masalan, mashhur hofizimiz Muhiddin qori Yoqubov shu qo’shiqni namoyishchilar bilan birgalikda oldingi saflarda baralla ovoz bilan aytib borgan. Bu haqda [1]da yozilgan.
Shunday qilib, “Yasha Turon” qo’shig’i ota-bobolarimizning ozodlik, demokratiya uchun kurash qo’shig’i edi. U sizu bizning ham ommaviy kurash qo’shig’imiz bo’lishi mumkin va kerak. Qolaversa, ushbu 8 qatorlik qo’shiqda ota-bobolarimizning ham, sizu bizning ham buyuk maqsadlaridan biri bo’lgan Turonni birlashtirish g’oyasi o’z ifodasini topgan.
DO’K Dasturi loyihasi bandlardan iborat bo’lishi har birimizga ayondir. Muallif quyida 45 bandning sarlavhalari ruyxatini taklif etgan. Dasturdagi bandlar soni faollar taklifi bilan kupaytirilishi mumkin.
DO’K Dasturiga qo’yiladigan talablar haqida.
1. Bugungi O’zbekiston boshqaruvidagi katta kamchiliklar sodda, tushunarli, lo’nda va iloji boricha ko’rgazmali tarzda bayon etilmog’i lozim.
2. DO’K saylovlar yo’li bilan O’zbekiston boshqaruviga kelgach qanday tub islohotlarni o’tkazishi haqida ham sodda, tushunarli, lo’nda va iloji boricha ko’rgazmali tarzda Dasturda yozilmog’i kerak. Toki hatto o’rta ma’lumotli DO’K faoli ham Dasturni tushunib olmog’i va uning asosida yon-atrofidagi odamlarga tushuntirish ishlarini olib borish imkoniyatiga ega bo’lmog’i darkor. Muallif shu talabdan kelib chiqib, 1- va 7-bandlarni sxemalar yordamida yozishni amalda taklif etgan. Sxemada 15 ta vazirliklar va 8 ta, aniqrog’i MXXni qo’shib hisoblaganda 9 ta davlat qo’mitalarining nomlari keltirilgan.
3. Har bir bandda sarlavhada yozilgan sohadagi asosiy kamchiliklar qisqacha, faktlar asosida tanqid qilinmog’i, so’ngra DO’K ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yo’lida amalga oshiradigan ishlar ketma-ket, bandma-band, qisqacha sanab o’tilmog’i kerak. Bunga misol tariqasida “Dehqonchilik erlarini dehqonlarga bo’lib berish” haqidagi 27-bandni kamina sal keyinroq yozib, faollar e’tiboriga jo’natish niyati bor.
4. DO’K Dasturida keltirilayotgan turli muhim faktlarning manbalari ko’rsatilmog’i kerak. Buning sababi, birinchidan, O’zbekistondagi kuchishlatgich organ xodimlari o’sha faktlarni tuhmat deya, DO’K faolini tazyiq qilishi, hatto sudga tortishi mumkin. Ikkinchidan, agar fakt manbasi DO’K Dasturi oxirida keltirilgan “Foydalanilgan adabiyotlar” ro’yxatida yozilsa, DO’K faoli o’sha adabiyotni topib o’qishi va o’zining bilim saviyasini oshirish imkoniyatiga ega bo’ladi.
5. DO’K Dasturi unga asos solayotgan, ko’pgina bilimlarga va siyosiy kurash tajribasiga ega bo’lgan, o’qimishli ziyolilargagina yozilayotgan Dastur emas, balki xalqimiz, Vatanimiz taqdiriga befarq bo’lmagan barcha fuqarolarga, birinchi navbatda yoshlarga qarata yozilayotgan Dasturdir. Axir Vatanimizda demokratiyaning g’alaba qilishi uchun DO’K murod-maqsadlarini yaxshi, chuqur tushunadigan faol, fidoyi a’zolar kerak.
6. Ma’lumki, DO’Kning asosiy siyosiy kurash yo’li – saylovlardir. O’zbekistonda navbatdagi prezidentlik saylovi 2007 yil 23 dekabrga belgilangan. Lekin prezidentlik saylovi turli sabablar bilan (prezidentning ist’efo berishi, kasal bo’lishi yoki vafot etishi munosabati bilan) muddatidan ilgari o’tkazilishi mumkin. Shu sababli DO’K navbatdagi prezidentlik sayloviga bundan buyon jiddiy tayyorgarlik olib bormog’i, doim tayyor bo’lmog’i lozim. Shuning uchun DO’K Dasturi puxta ishlab chiqilgach va qurultoyda tasdiqlangach, kichik kitobcha ko’rinishida minglab nusxada xalqimiz orasida tarqatilmog’i kerak. Toki har qanday saylov kampaniyasi davrida DO’K rahbarlari va faollari: “Asosiy maqsadlarimiz DO’K Dasturida yozilgan”, deya olsa yaxshi bo’lardi.
7. Ma’lumki, jahonda 200 dan ortiq davlat bor. Ushbu mamlakatlarda mingdan ziyod siyosiy partiyalar va harakatlar faoliyat olib borishmoqda. Ularning deyarli har birining o’z ustavi va dasturi bor. DO’K faollari iloji boricha o’sha dasturlarni o’rganishlari va ulardagi vatanimizda amalga oshirsa bo’ladigan eng muhim, dolzarb maqsad va vazifalarni DO’K Dasturiga kiritishni taklif etsalar yaxshi bo’lardi.
8. DO’K Dasturi bugungi va ertangi O’zbekiston uchun juda muhim hujjatdir. Uni har tomonlama puxta va pishiq qilib tayyorlashimiz kerak. Shu sababli DO’K Dastur loyihasini 2005 yil 25 sentyabrdagi yig’ilishga muhokama etib, dastlabki variantini, skleteni tayyorlasak yaxshi bo’lardi. U yig’ilishda muhokama etilib, tegishli tavsiyalar , takliflar qabul qilinsa. Shu takliflar asosida Dastur loyihasini 25 sentyabrdan sung Internet saytlarida chop etilsa va muhokamani yanada qizg’in davom ettirsak. Shu yo’l bilan har tomonlama puxta-pishiq qilib tayyorlangan DO’K Dasturi navbatdagi qurultoyda qabul qilinishiga erishishimiz mumkin, Xudo xohlasa!
Endi DO’K Dasturi loyihasi bandlariga kiritish uchun 16 ta taklifimni yozsam. Bu takliflar 2003 yilda kamina tomonidan tayyorlangandi. Shu yerda uning qisqacha yozilish tarixini ham aytib o’tsam.
1993 yil kuzida kamina bir guruh hamfikrlar bilan birgalikda ko’pchiligi yoshlardan iborat O’zbekiston Respublikachilar partiyasi (O’zRP)ni tuzishga harakar boshlagandi. Kamina 10 ta viloyatga borib, O’zRP boshlang’ich tashkilotlarini tuzib kelgachgina Toshkent shahar hokimiyati O’zRP ta’sis qurultoyini o’tkazish uchun 1994 yil 12 noyabr kuniga ruxsat berdi. O’sha qurultoyda kamina O’zRP raisi etib saylangandi. 1993-1995 yillarda O’zRPga 1000 ga yaqin fuqaro, ulardan 80 foizi yoshlar a’zo bo’lishgandi (ularning arizalari kaminaning shaxsiy arxivida saqlanmoqda). Lekin kuchishlatgich organlarning qattiq tazyiqi sababli avvaliga O’zRP faoliyatni kamaytirishga, 1997 yil yozidan esa deyarli to’xtatishga majbur bo’lgan edik.
Ma’lumki, 2004 yil dekabrida O’zbekistonda parlament saylovlari belgilangan edi. Shu sababli siyosiy rejim 2003 yilda muxolifatga ba’zi bir erkinliklar berib, siyosiy partiyalar faoliyatiga ozroq ruxsat etgandi. Bu O’zbekistondagi policiya davlatining navbatdagi siyosiy o’yini ekanini amalda isbotlash uchun kamina O’zbekiston Respublikachilar partiyasini qaytadan tashkil etish bo’yicha ba’zi bir tadbirlarni olib bordi.
Kamina vatandoshlarni O’zRPga a’zo bo’lishga da’vat etuvchi murojaatnomani tayyorladi va uni bitta varaqda to’rtta nusxasini joylashtirdi. Ushbu Murojaatnoma boshida Muhammad Payg’ambarning (570-632) quyidagi hadisi yozilgandi: „635-hadis. O’zlaring qanaqa bo’lsalaring, shunaqa odamlar sizlarga boshliq qilinadi“. Shu muborak hadisdan so’ng atoqli O’shlik shoir Shavkat Rahmonning (1950-1996) „Turkiylar“ she’ridan quyidagi olti satr keltirildi:
Bormi er yigitlar, bormi er qizlar,
bormi gul bag’ringda jumard nolalar,
bormi bul tufroqda o’zligin izlab,
osmonu falakka yetgan bolalar.
Bor bo’lsa, alarga yetkarib qo’ying,
bir boshga bir o’lim demagan ermas …
Ushbu O’zRP Murojaatnomasi 2003 yil kuzi – 2004 yil qishida o’zbek va rus tillarida tayyorlanib, kopgina nusxada fuqarolarga, asosan yoshlarga jamoat transportida, institutlarda kamina tomonidan tarqatildi. 2004 yil 20 fevral kuni Toshkentda Matbuotchilar ko’chasida joylashgan gazeta-jurnallar muharririyatiga kamina borib, uning 3- 4-qavatlardagi jurnalistlarga uzbek va rus tillarida Murojaatnoma nusxalarini tarqatdi. 2004 yil 22 fevral (yakshanba) kuni Toshkent shahar Hamza tuman ichki ishlar boshqarmasining xodimlari kaminani Yangiobod bozorida hibsga olib, Hamza tuman IIBsining Terrorizmga qarshi kurash bo’limiga olib borishdi. U yerda kaminani 12 soat davomida miliciya zobitlari, Hamza tuman prokuror o’rinbosari va prokurori suroqqa tutishdi. Kechasi 22.30 da O’zRPni bundan buyon tashkil etish mumkin emasligi haqida ogohlantirildi, degan tilxatni kamina yozib bergachgina uyga ketishga ruxsat berishdi. Bu haqda kamina O’zR Ichki ishlar vaziriga, Bosh prokuroriga, xalqaro tashkilotlarga, masalan EXXTga yozib berdi. Ushbu shikoyat asosida birorta ham xodimga qarshi choralar ko’rilmadi, chunki tazyiqlar ortida Milliy xavfsizlik organlari turgandi … Shu voqea va tazyiq orqali O’zbekistondagi 2004 yil parlament saylovlari rejimning navbatdagi siyosiy o’yini, nayrangbozligi ekanligi yana bir marta isbotlangandi.
Endi o’sha O’zRP Murojaatnomasida keltirilgan maqsadlarni yozsak bo’ladi. Bu takliflar DO’K Dasturii loyihasiga kiritishni kamina tavsiya etadi.
“O’zbekiston Mustaqillikka erishganidan buyon o’tgan 14 yil mobaynida Vatanimizda kuchishlatgich organlarga tayangan avtoritar (polisiya) siyosiy tizim qaror topdi. Bunday siyosiy tizim xalqdan uzoqlashgan va u xakq ehtiyojlariga xizmat qilmayotir va qilaolmaydi ham. Asosiy maqsadimiz – hokimiyatni xalqqa xizmat qildirishdir!
Demokratik O’zbekiston Kongressining bosh maqsadlari:
- adolatli va demokratik jamiyat qurish;
- O’zR davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo’linish principini (O’zR Konstituciyasining 11-moddasini) amalda ta’minlash uchun O’zbekistonda 4-hokimiyat bo’lib turgan alohida prokuratura organlarini tugatish va uni Adliya vazirligi tarkibida Prokuratura bo’limi sifatida tashkil etish (bunday tizim AQSHda mavjud);
- so’z va matbuot erkinligiga erishish, jumladan telekursatuvlarni tubdan yangilash va mustaqil telekanallarni tashkil etish;
- xalqimizning farovon yashashiga imkoniyatlar yaratib berish;
- inson huquqlariga rioya etilishini va qonun oldida amaldorning ham, oddiy fuqaroning ham tengligini ta’minlash;
- pasport propiska tizimini bekor qilish va “O’zbekistonda erkin ko’chish va yashash joyini erkin tanlash to’g’risida”gi O’zR qonunini qabul qilish;
- “Miliciya to’g’risida” va “Milliy xavfsizlik xizmati to’g’risida” O’zR qonunini qabul etish;
- O’zbekistonning chet el davlatlariga bo’lgan ko’p milliard dollarlik qarzining yanada oshishini to’xtatish;
- O’zbekiston poraxo’rlik va korrupciyaga botgan mamlakatlar ro’yxatidadir va amaliy choralar bilan bu qora ro’yxatdan chiqish;
- referendum o’tkazish orqali dehqonchilik erlarini dehqonlarimizga xususiylashtirib berish va ayollarning mardikorligiga va fohishabozlik bilan shug’ullanishlariga chek qo’yish;
- dehqonlar o’zlari etishtirgan dehqonchilik mahsulotlarini, jumladan paxta va bug’doyni O’zbekistonda va xorijda sotish, davlatga esa tegishli soliqlarnigina to’lash imkoniyatini yaratib berish;
- eng kam ish haqini, penciya va stipendiyalarni uch marta oshirish va uni tirikchilikka etadigan eng oz miqdorga yaqinlashtirish;
- yuridik shaxslarning soliq solinadigan daromadiga 13 foizgacha soliq solinishiga erishish;
- yoshlarga o’qishda, ishda, hayotda keng imkoniyatlar yaratib berish;
- gap-gashtaklarni ko’pminglab nodavlat notijorat tashkilotlariga aylantirish, bu bilan kuch ishlatuvchi organlarning barcha tashkilotlarni nazorat ostiga olish imkoniyatidan mahrum etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga munosib hissa qo’shish;
- Vatanimizda ekologiya muammolarini yechishda faol harakat qilish, yurtimiz tabiatini zaharlayotgan amaldorlar haqida matbuotda yozish va hokimiyat chora-tadbirlar ko’rishiga erishish;
- Vatanimizda Oliy Majlisga va Qoraqalpog’iston Respublikasi Juqorg’i Kengesi, viloyat, shahar, tuman vakillik organlariga bo’ladigan saylovlarda halol va iymonli fuqarolarning, jumladan DO’K a’zolarining ham nomzodini ko’rsatish va deputat etib saylash”
LOYIHA
Qo’zg’ol, Turon! Qo’zg’ol, Turon! Yasha Turon, yasha
Turon!
Keldi senga ham zamon, Sen
ezilganlarga yor.
Zulm ahlini ayla vayron! Barcha o’lka ishchisiga
Tur uyqudan, tur bu on! . . Sen
suyanchiq, sen mador. [1]
HAMZA HAKIMZODA NIYOZIY
(1889-1929)
DEMOKRATIK O’ZBEKISTON KONGRESSINING DASTURI
Muqaddima
1. O’zbekistondagi policiya davlati qanday boshqarilmoqda?
2. Milliy xavfsizlik xizmati (maxsus xizmat organlari).
3. Prokuratura (sxemasi bilan).
4. Ichki ishlar vazirligi (sxemasi bilan).
5. Soliq qo’mitasi (sxemasi bilan).
6. Bojxona qo’mitasi (sxemasi bilan).
7. O’zbekistonda demokratik boshqaruvga o’tish yo’li.
8. O’zbekistonda Milliy xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari tomonidan ommaviy axborot vositalari (OAV) qanday nazorat qilinmoqda (sxemasi bilan)?
9. O’zbekistonda demokratik boshqaruvga o’tilgach OAV o’rni va fuqarolarning axborot qidirish, olish va tarqatish erkinligini ta’minlash (sxemasi bilan).
10. Prezident vakolatlarining kamaytirilishi.
11. Senat.
12. Qonunchilik palatasi.
13. Viloyat va tuman hokimlari saylovi.
14. Mustaqil va obro’li sud hokimiyati.
15. Samarali ijroiya hokimiyati.
16. Korrupciya va poraxurlikni tugatish.
17. Erkin iqtisod.
18. Byudjet siyosatining ochiq-oydinligi (oshkoraligi).
19. Tabiiy zahiralarni ishlatishdan kelayotgan katta foydalarni musodara qilish.
20. Pul-kredit siyosatini o’zgartirish.
21. Bank tizimini isloh qilish.
22. Faol sanoatlashtirish siyosati.
23. Tashqi qarz muammosini hal etish.
24. Iqtisodda to’rachilikni keskin kamaytirish va kichik biznesni qo’llab-quvvatlash.
25. Antimonopol siyosat.
26. Ochiq xususiylashtirish.
27. Dehqonchilik erlarini dehqonlarga bo’lib berish.
28. Faol ijtimoiy siyosat.
29. Oila, onalik va bolalikni himoya qilish.
30. Hammabop va sifatli sog’liqni saqlash.
31. Ishsizlikka qarshi kurash, bandlik siyosati.
32. Fuqarolar munosib penciya olish huquqini ta’minlash.
33. Faol uy-joy siyosati.
34. Uy-joy mulkdorlar shirkatlarini fuqarolar manfaati uchun rivojlantirish.
35. Fan.
36. Maorif.
37. Tashqi siyosat.
38. Turon birligi.
39. Islom diniga va Uzbekistonda islom davlati qurmoqchi bo’lganlarga munosabat.
40. Mudofaa.
41. Ekologik vaziyat va atrof-muhitni himoya qilish.
42. Yoshlar siyosati.
43. Gap-gashtakka asoslangan turkona nodavlat notijorat tashkilotlarini rivojlantirish va fuqarolik jamiyati.
44. Ba’zi bir xulosalar.
45. Demokratik O’zbekiston Kongressi haqida.
Foydalanilgan adabiyotlar.
Mundarija.
1. UZBEKISTONDA POLICIYA DAVLATI QANDAY BOSHQARILMOQDA?
O’zR prezidenti I.Karimov o’zining 15 yildan ortiq prezidentligi davrida O’zbekistonda policiya davlatini shakllantirdi va har tomonlama mustahkamlashga harakat qildi. Shu erda “policiya davlati” ta’rifini keltirib o’taylik.
“P o l i c i y a d a v l a t i – davlat va jamoat tartibini saqlovchi kuchlar, ya’ni oshkora va yashirin policiya tomonidan oppoziciyani siyosiy zo’ravonlik, ta’qib va qidiruv usullari bilan bostirish muntazam qo’llaniladigan mamlakatlar siyosiy rejimining ko’chma, majoziy ta’rifidir. Policiya davlati fuqarolarning shaxsiy va ommaviy hayotini (fuqarolarning manzili, borar joyi, yurish-tirishi ustidan nazoratni qat’iy belgilash, o’zaro xat yozishmalar sirligini ommaviy buzish, telefon suhbatlari, uchrashuvlar va suhbatlarga quloq solish, muxolif harakatlarning oshkora va potencial qatnashchilari, rejimga sodiqlikni namoyish etishdan o’zini tiyayotgan arboblar haqida muntazam hujjatlar to’plash bilan ajralib turadi. Policiya davlati – totalitar rejimlarning bir ko’rinishi bo’lib, unda boshqaruv guruhlari tomonidan “tartib kuchlari”ning faolligi ataylab namoyish etiladi” [2, 306-bet]
Endi O’zbekistondagi policiya davlatining boshqaruv sxemasiga e’tibor beraylik (1-sxemaga qarang). Sxemadagi prokuratura organlarining faoliyati haqida qisqacha aytib o’taylik. O’zbekistondagi kuchishlatar organlar, jumladan Milliy xavfsizlik xizmati (MXX), Ichki ishlar vazirligi, Soliq qo’mitasi, Bojxona qo’mitasi, prokuratura, faol fuqarolar, ayniqsa rahbarlar haqida ko’p yillar davomida turli xildagi axborotlarni to’plab boradi. Bu ko’pincha shaxsni badnom etuvchi axborot (kopromat – komprometiruyushiy material) ko’rinishida bo’ladi. Shu materiallar asosida ushbu shaxsga, rahbarga qarshi jinoiy ish ochiladi va unga prokuratura xodimlari yordamida qonuniy tus beriladi. So’ngra o’sha rahbar prokuraturaga chaqirtiriladi yo uning ishxonasiga prokuratura yoki MXX xodimi boradi. Alal oqibat ushbu rahbar boshi uzra “ur-to’qmoq” (Domoklov to’qmog’i) “ilib” qo’yiladi. Endi o’sha rahbarga MXX xodimi prokuratura xodimi orqali ko’rsatma bera boshlaydi, u orqali ba’zi bir o’zgacha fikrlovchi fuqarolarga turli tazyiqlar qilinadi, hatto ishdan olinadi va qamashgacha choralar ko’riladi. Umuman policiya davlatlarida, jumladan O’zbekistondagi policiya rejimining asosiy boshqaruv principlaridan biri – bu shaxslarni qo’rqitishga asoslangandir.
Agar Vatanimizdagi barcha siyosiy sud ishlari asosan Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan fuqaroni badnom etuvchi axborotlarni to’plaganligi, so’ngra prokuratura xodimlari orqali rasmiylashtirilganligini eslasak, masala yanada oydinlashadi.
Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi (IIV) tarkibida bo’lgan “Korrupciya, reket va terrorizmga garshi kurash” boshqarmasi amalda Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) tomonidan boshqarilmoqda. MXX o’ziga bo’ysundirilgan ushbu boshqarmani IIV tarkibida ochishi va boshqarishi O’zbekiston fuqarolari uchun xavfli bir vaziyatni vujudga keltirmoqda, ya’ni “G’at-g’at qilgan karnaychi, baloga qolgan surnaychi” vaziyati ro’y bermoqda. Mahallalarda ishlayotgan uchastka inspektorlari bevosita ushbu boshqarmaga ham bo’ysundirilgan. Ya’ni ular mahallalarda yashayotgan o’zgacha fikrlovchi, faol, to’g’ri so’z, halol, nomozxon fuqarolar haqida ma’lumotlar to’plab, boshqarma bo’limlariga topshirmoqdalar. Bu bir tomondan. Ikkinchi tomondan esa, MXX va boshqa kuchishlatgich organlar rahbariyati tomonidan ishlab chiqilgan rejalar (ulardan ba’zilari umuman qonunlarga zid, masalan, inson huquqini himoya qiluvchi faollarni o’z uylaridan ko’chirib yuborish tadbirlari) shu boshqarma orqali jo’natilib, uchastka nozirlari va mahalla rahbariyati yordamida amalga oshirilmoqda. Shu sababli bu boshqarma bevosita MXX tarkibida ochilmog’i va uning barcha ijobiy va salbiy natijalari uchun MXX rahbariyati javob bermoqlari zarur. Shu fikrdan kelib chiqib ushbu boshqarma 2-cxemada MXX tarkibida yozilgan.
Sxema 1
O’ZBEKISTONDAGI POLICIYA
DAVLATINING BOSHQARISH SXEMASI
Sxema 2
O’ZBEKISTONDA DEMOKRATIK
BOSHQARUVGA O’TISH SXEMASI