Vaziyat yanada yomon
tomonga bormoqda
DEMOKRATIK
O’ZBEKISTON
KONGRESSI
(DO’K) BAYONOTI
Vashington-Toshkent, 25 Oktyabr,
2005 yil
DO’K O’zbekistonda keyingi paytda muxolifatga, inson
huquqlari himoyachilariga bo’layotgan tazyiqlar yanada kuchayib ketganidan
jiddiy tashvishlanmoqda. Chunki O’zbekiston hukumatining bunday keskin odimlari
mamlakatdagi vaziyatni yaxshi tomonga emas, yanada qaltis va hatto izdan chiqib
ketish sari olib bormoqda. Jurnalist Nosir Zokir,
“Birlik” faolli Hamdam Sulaymonov, inson
huquqlari kurashchilari Saidjahon Zaynobiddinov, Dilmurod Muhiddinov, Musojon
Bobojonov, Akbar Oripov, Nurmuhammad Azizov, Muhammadqodir Otaxonov, Yelena
Urlayeva, jurnalist Mo’tabar Tojiboyeva, “ERK” faoli Bobomurod Mavlonov boshqa
bir qator faollar Andijon voqelaridan keyin qamoqqa olingani buning misolidir.
Vaziyat shu qadarga yetib bormoqdaki, keskin muxolif
fikrdagilar qatorida hukumat va
Parlament bilan muloqot qilaman deganlar ham qamoqqa olinmoqdalar.
Xuddi ana shunday hol “Serquyosh O’zbekistonim” atrofida
yuz bermoqda. Jumladan, tashkilot boshida turgan Sanjar Umarovning qamoqqa
olinishi tashvishli holdir.
Diktaturaga qarshi va demokratiyaga tarafdor bo’lgan har
qanday shaxs va guruh bilan muloqotga hozirligini qayd etib kelayotgan DO’K O’zbekiston
hukumatining demokratik muxolifatga, inson huquqlari faollariga va hatto o’zi
bilan muloqotni istayotganlarga ham tazyiq o’tkazishini qoralaydi va siyosiy
qarashlari uchun qamalgan barcha mahbuslar ozod qilinishini talab etadi.
DEMOKRATIK O’ZBEKISTON KONGRESSI