JALOLIDDIN

 

 

“O’ZBEKISTON

HODISASI”

 

 

 

Statistik ma’lumotlar bugungi kunda O’zbekistonda harbiy hizmatga yaroqli aholi soni yetti million kishi ekanini ko’rsatadi. O’zbekiston Markaziy Osiyoda aholisi soni jihatidan eng yirik mamlakat hisoblanib, byudjetining xalqqa aniq ma’lum qilinmaydigan, ammo sezilarli katta qismi xarbiy sohaga yo’naltirilgan. So’nggi bir necha yil mobaynida ilgari go’yoki katta xavf tug’dirgan Afg’onistondagi Tolibon xarakatiga qarshi Koalitsiya kuchlari jadal kurashayotganiga qaramasdan O’zbekiston xarbiy xarajatlarini qayta ko’rib chiqish va qisqartirish xaqida qaror qabul qilmadi. Aksincha keyingi yillarda xarbiy sohalarga e’tibor yanada kuchaydi, ularga berilgan imtiyozlarning kengaytirilishi avj oldi. Shundoq ham eng yirik xarbiy salohiyatga ega O’zbekistonning sohaga chuqurroq e’tibor qaratishi mamlakat hukumatining qandaydir havfdan sarosimada ekanini anglatadi.

 

Bugungacha sabablari va oqibatlari qorong’uligacha qolayotgan Andijon voqealaridan keyin mamlakat hukumatining tashqi aloqalarida ko’zga tashlangan tub burilishlar ham yuqorida tilga olingan sarosimaning davomi ekanini ko’rsatib berdi. Xalq hokimyati va demokratiyani qo’llab quvvatlash, yakkahokimlik, korrupsiya va xalq nochorligiga barham berish chaqirig’i bilan chiqayotgan G’arbning mamlakat rivojlanishini ko’ra olmaydigan bir guruh davlatlarga aylanishi va Andijon voqealarini qo’llab-quvvatlagan Rossiyaning eng yaqin hamkor, aniqroq aytilsa panoh sifatida tanlanishi xukumatining kelajakda qanday maqsadlarni ko’zlayotganini namoyon etadi. G’arb davlatlari, hususan Evropa ittifoqining O’zbekistonga nisbatan embargolar joriy qilishiga javban Islom Karimov xalq xoxish-istaklari bilan hisoblashmagan holda Rossiya xukumati bilan negizida xarbiy hamkorlikni eng yuqori darajaga ko’tarish siyosati yotgan ittifoq shartnomasini imzoladi.

 

So’zimiz boshida takidlangan, xududda eng kuchli harbiy salohiyatga ega mamlakatning boshqa mamlakat bilan xarbiy hamkorlikni eng yuqori pog’onaga ko’tarishiga sabab qilib Islom Karimov mintaqada mavjud tashqi havfni ko’rsatdi. Andijon voqealariga qadar terrorga qarshi koalitsiyani dastlabkilardan qo’llab quvvatlagan, Iroq masalasida bir vaqtlar Rossiya bilan qarama-qarshi qutblarda bo’lgan, Rossiya bilan aloqalar xaqida gap ketar ekan asosiy e’tiborni mustaqillikka qaratgan O’zbek xukumatining navbatdagi tutruqsiz qadami turli bahslar va shubhalarga sabab bo’lmoqda.

 

Markaziy Osiyo mintaqasidagi davlatlar ichki va tashqi siyosatini bilgan kishiga ayonki, bugungi kunda Markaziy Osiyoda eng katta xavf O’zbekistondagi sun’iy yo’l bilan bostirib turilgan ichki nobarqarorlikdir. Mamlakatda qashshoqlik darajasi, ishsizlik oshib, yahshash xarajatlari ko’tarilib, xalqning daromadi pasayib borar ekan, O’zbekiston iqtisodiyotida salmoqli ulushga ega G’arb tomonidan turli embargolar e’lon qilish xavfi ostita qolar ekan, qolaversa hukumatning oqibatlarni o’ylamasdan G’arbga qarshi propagandani yo’lga qo’yib suniy ravishda vaziyatni yanada yomonlashtirar ekan, bu nobarqarorlikning ko’lami jadal kengayishi tabiiy holdir.

 

Shunday paytda, qandaydir xavfdan sarosimaga tushayotgan O’zbek xukumatining mazkur xavfning oldini olish uchun xarbiy yo’lni tanlagani ayon bo’ladi. Andijondagi namoishni haddan tashqari ko’p qo’n to’kish bilan bostirgan xukumat aholi anchagacha bu yo’lni qayta tanlamasiga ishonadi. Ammo xukumatning ishonchi komilki, bugun nobarqarorlikka sabab bo’layotgan omillarni yechish uchun tizimni to’laligicha yangilash lozim va bu uning imkoniyatlari va istaklari doirasidagi masala emas. Demak norbarqarorlikning davom qilishi albatta ikkinchi, juda keng ko’lamdagi Andijon xodisasiga, shartli ravishda aytilsa “O’zbekiston xodisasi”ga sabab bo’ladi.

 

O’z faoliyatining dastlabki yillaridan erkin, muholif fikrga, qarshilikka va raqobatga moyilligi yo’q ekanini namoish etgan O’zbek xukumati bugunga qadar o’ziga muqobil tuzumning shakllanishiga yo’l bermadi. Uning bugungi kundagi eng katta fojeasi sifatida qaraladigan muqobil tuzumning yo’qligi yaqin kelajakda nobarqarorlik tufayli yuzaga chiqadigan “O’zbekiston xoqisasi”ni qurolli yo’l bilan bostirish majburiyatida qoldiradi. O’zbek xukumatining mamlakat boyliklaridan shahsiy manfaatdorligi va bu manfaatdorlik ko’lamining juda kengligi uni mamlakatni tashlab chiqib ketish yoki qo’zg’alonni har qancha qurbon evaziga qurolli yo’l bilan bostirish imkoniyatlaridan eng qabixini tanlashga undaydi. Shuday vaziyatda ichki qurolli kuchlarning ham nobarqarorlikdan noroziligi, yuzaga kelayotgan vaziyatni insoniylik ko’zi bilan baholashi oqibatida xukumat buyruqlaridan bosh tortishi imkoniyati juda katta. Qolaversa, sodir bo’lish ehtimoli juda yuqori bo’lgan “O’zbekiston xodisasi” miqyosi jihatidan ichki xarbiy imkoniyatlar bilan bostirib bo’lmaydigan darajada katta bo’lishi ham ehtimoldan holi emas.

 

Xukumat uchun qaltis bunday vaziyatda ichki imkoniyatlarni davomli kengaytirib borish bilan bir qatorda, tashqi hamkorga ham ehtiyoj tug’uladi. Inson xuquqlari, ichki barqarorlik kabi ijtimoiy ko’rsatkichlardan xududda o’z ahamiyatini saqlab qolish va uni kengaytirish xaqida ko’proq qayg’uradigan Rossiya xukumati O’zbek xukumatining bugungi kundagi dolzarb muammolari uchun yagona yechim xisoblanadi. O’zbekiston xukumati bilan xarbiy hamkorlikni eng yuqori darajaga ko’tarar ekan Rossiya xukumati O’zbekiston xududida xarbiy bazalarini tashkil etish va vaziyat taqozo qilganda O’zbek xukumatiga bugungi kunda uni sarosimada saqlayotgan muammolarni  yechishda amaliy ko’mak berishni o’z zimmasiga oladi.

 

Ikkinchi tomondan, O’zbekiston xukumati Rossiya tomonini imtiyozli iqtisodiy siyosat bilan qo’llab quvvatlaydi. O’zbekistonda bugungi xukumat tomonidan o’zlashtirish maqsadida kasod qilingan korhonalarning Rossiya tadbirkorlariga arzon bahoda sotilishini ta’nimlaydi. Mamlakat byudjetidagi kamomadni qoplay olmagani tufayli mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qattiq fiskal siquvda ushlab turgan davlat Rossiya tadbirkorlariga keng imtiyozli faoliyat yuritish sharoitini yaratib beradi. Bu bilan ilgari mansabdorlar egalik qilishni ko’zlagan tarmoqlardan mahrum bo’lishi bilan bir qatorda raqobtchilarga yaratib berilayotgan keng imtiyozlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yanada qiyin ahvolga solib, nobarqarorlikning jadallashishiga olib keladi.

 

Qolaversa, nafatqat O’zbekiston, balki Markaziy Osiyoda o’z xukmronligini qayta tilkashni ko’zlagan Rossiya uchun O’zbekiston tabiiy zahiralarini qayta taqsimlashda o’z so’ziga ega bo’lish muhim ahamiyatga ega. Rossiyaning bu imkoniyatdan foydalanishi tabiiy resurslarning ichki bozordagi narhining oshishiga, bugungi kunda mavjud taqchillikning yanada avj olishiga sabab bo’ladi. Ohir oqibatda O’zbek xukumatining shahshiy manfaatlari tufayli mamlakatining katta miqdordagi tabiiy resurslari O’zbek xalqi manfaatlariga umuman xizmat qilmaydi.

 

Bugungi kundagi ko’zga sodir bo’layotgan Ichki Ishlar Vaziriga davolanish uchun embargo qo’yilgan davlatlarga viza olishni ta’minlash va shunga o’hshay “mayda” sabablar yuzasidan ham hamkor hukumatlar alohida hisob yuritishadi. Bu esa mamlakat byudjetiga alohida zarba hisoblanadi. Karimovning Moskvaga tashrifidan oldin Kreml bilan muzokara olib borgan Evropa Ittifoqi Tashqi Aloqalar Delegatsiyasi kun tartibidagi O’zbekistonga joriy qilinajak embargo doirasida Islom Karimovga “istalmagan shahs” maqomi barmaslikni va ro’yhatda undan keyin birinchi o’rinda turgan Zokirjon Almatovga Germaniyada davolanish uchun viza berish talabini qo’ygani va bunga erishgani G’arbning Rossiya va O’zbekiston aloqalari qay tamonga yo’naltirilganidan voqif qildi.

 

Yuqoridagi omillarga asoslanib umumiy xulosa chiqarilsa, Rossiya bilan xamkorlikning aynan shu tomoni alohida e’tiborga molikki, u nobarqarorlikni oshirib, ehtimoli bor “O’zbekiston xodisasi”ni tezlashtiradi. Demak O’zbek xukumatining olib borayotgan tadbirlaridan, xususan Rossiya bilan xamkorlikdan yagona maqsadi, ehtimoli bor “O’zbekiston xodisasi”ning oldini olish emas, uni xarbiy yo’l bilan bostirishdir degan xulosa kelib chiqadi.

 

Mavjud xavf sarosimasida xalq erkinliklarini xaddan tashqari cheklab qoyayotgan O’zbek xukumati, olib borayotgan tashqi siyosati tufayli O’z imkoniyatlarini ham yetarlicha cheklanib qolishiga zamin yaratdi. Iddao etilganidek minglab tinch aholi o’qqa tutilmagan bo’lsa, vaziyatni izga solish nuqatai nazaridan mustaqil tekshiruvga sharoit yaratib berish lozim edi. Qo’llarini paxsa qilib “Xalqaro tekshiruvga ruhsat bersak mustaqilligimiz qayoqda qoladi?” deya shitob qilgan Karimov, kelajakda o’zini kutayotgan “O’zbekiston xodisasi” xatari yuzasidan xarbiy hamkorlik borasida fikr bildirar ekan o’zi tilga olgan “mustaqillik qayoqda qolishi” borasida xalqqa biror izoh bera olmaydi.

 

Aksincha, bugundan e’tiboran aholi o’rtasida qilyotgan G’arb propagandasiga qo’shimcha ravishda Rossiya bilan ittifoqchilikning xalq farovonligida tutgan muhim o’rni, o’zi iddao qilgan tashqi xavf va yana o’nlab asossiz g’oyalar ham qo’shiladi. Ovmi xalq yoki rejim bosimiga giriftor bo’lmaslik uchun yoinki yigirma yillar oldingi mehnat qilganida xaqini olish imkoniga ega bo’lgan ittofoqni nazarda tutib xukumat propagandasini qo’llab quvvatlaydi. Bugun G’arbning muammolari, kamchiliklarini ochib tashlayotgan rejim maddohlariga esa yangi uyga vazifa: Rossiya bilan ittifoqning ko’z ilg’amas qirralarini namoish qilib berishi talab qilinadi.

 

So’nggi kunlarda Rossiya matbuoti sahifalarida ko’zga tashlanayotgan “Yo Islom Karimov yoki Islom Ekstrimistlari” borasidagi fikrlarni o’qigan, mamlakatdagi vaziyatni yahshi biladigan kishi, bu ikkala tanlov ham bir narsa ekanligini, aniqrog’i Islom Ekstrimistlari Islom Karimovning uydirmasi ekanini, aslida bu ikkala nomni mujassamlashtirib “Karimov Ekstrimizmi” shakliga keltirilsa to’g’ri bo’lishini bilishadi. Ammo Karimov bu iddoalarga dunyoning, xususan Rossiyadagi Kremlga muxolif kuchlarning ovozini bog’ish uchun o’zi sahnalashtirgan terroristik xarakatlarni amalga oshirishi, terroristlarni zudlik bilan topib, ularning diniy o’zgacha fikrlovchi kishilar ekanini aniqlashi va ochiq sud qildirishi ehtimoldan holi emas. Eng kamida Islom ekstrimizmi xafvi davlat yuritayotgan propagandaning yuqori pog’onalaridan joy olishi aniq. Aholi yuqoridagi propagandaga qo’shimcha o’laroq, Islom ekstrimizmi xavfini qoralab, farovon kunlarga to’sqinlik qilayotgan kuchlarga la’natlar aytadi.

 

Faqat qog’ozlar va magnit tasmalarda qolib ketadigan bu yahshi gaplar, la’natlar, yuqori ko’rsatkichlar, umidlar xalq farovonligini ta’minlashga umuman xizmat qilmaydi. Natijada xukumatni sarosimada saqlayotgan, ammo bostirish uchun allaqachon kerakli choralarni ko’rib qo’ygan “O’zbekiston xodisasi”ning sodir bo’lish onlari yaqinlashaveradi.

Toshkent, 18 Noyabr, 2005 yil.