N O S I R    Z O K I R

 

 

T U R K O N O L A R D A N M A N

 

 

Manam bir millatning o’g’li, asl Turkonolardanman.

O’tmishim, tarixim bilmay, hamon hayronolardanman.

 

Malomat yog’dirar zolim, tili boshqa, yo’li boshqa,

Qilib afsus bu holatga dili vayronalardanman.

 

Chirangan hokimi mutloq, o’zi Turku dili kofir,

Yaratdim shundayin battol, boshi sho’rxonalardanman.

 

Ki dengiz qolmadi menda, zaminim zardobu zaqqum,

Unutgan o’zligin Xalqim, ki sho’r peshonalardanman.

 

Chidolmay qilsamu faryod, qarang bu o’zbegim g’ofil,

O’zin anglab, ko’zin ochmas, yonib o’txonalardanman.

 

Va to’ldirdim g’animlarning g’aznasin oltin zarga,

Bu mudhish holda ham kuylab, kunu to’yxonalardanman.

 

Yaloq yalar itim bordur, yurar iskab izim har kun,

Ichimdan chiqdi bu maxluq, unga begonalardanman.

 

Ajab hofizlarim bordur, biri dumbul, biri yaltoq,

Biri ko’zlab mukofotlar, tilab ehsonalardanman.

 

Kunim farmon va qonunlar sanash birlan o’tar doim,

Qog’oz bezar qarorlardan, to’yib paymonalardanman.

 

Azaldan bu aziz yurtim, atalmishdur buyuk Turon,

Bu yurtda yashnasin Islom azal pirxonalardanman.

 

Base Nosir o’zing angla kurashga belbog’ing bog’la,

Bobolar izini izlab, topay durdonalardanman.

 

 

Tahririyatdan:Ushbu she’r  “Erk” gazetasining 1991 yil 24 iyun, 14-sonidan olindi.

Oqqa  ko’chiruvchi Shuhrat Ahmadjonov.   2005 yil  11 noyabr.