NOSIR ZOKIR
YUSUF JUMANING
“EL OG’ZINI YOPADIGAN …”
NOMLI SHE’RIGA
M U H A M M A S
O’z elini sotadigan zamon
keldi, sotib qol,
Haromdan yeb yotadigan zamon
keldi, yotib qol,
Qot deganda qotadigan zamon
keldi, qotib qol,
Yiqilganni tepadigan zamon
keldi, tepib qol,
Halollarni
qopadigan zamon keldi, qopib qol.
Sensan to’ra, manqurtlarga
bo’ladigan madadkor,
Hokimlarni poyin yalab
yuradigan riyokor,
Mansabparast, ham gumrohu,
ham g’arazgo’y soxtakor,
Mushuksan-ku sherman deysan, noqis, nojins, nobakor,
Sening
oting chopadigan zamon keldi, chopib qol.
Sen kabilar
hokimlarning izlaridan yo’rg’alar,
Pok elining yuzlariga qora
surkab bulg’alar,
Hokim, firqa nog’orasin
chalib oyog’in yalar,
Bir-birini ulug’laydi
laganbardor to’ralar,
Eshak
poyin o’padigan zamon keldi, o’pib qol.
O’z xalqini turtib-surib yotni
suygan, ey voiz,
Talon-taroj etib elni qorin
qo’ygan, ey voiz,
Oshkoralik yo’llarini
to’sib qo’ygan, ey voiz
So’z xalqqa, deb
minbarlardan xalqni quvgan, ey voiz,
El
og’zini yopadigan zamon keldi, yopib qol.
Qullik sari yetaklovchi
yo’rug’ tutding – alomat,
Tiling burro, diling qora,
qilar ishing xiyonat,
Nosir boshi uzra doim
dardu-g’amu malomat,
Yusuf xasdek himoyasiz, eli kabi qiyomat,
Sen boshiga
yetadigan zamon keldi, yetib qol.
Ushbu she’r
“Mustaqil haftalik” gazetasining 1992 yil oktyabr, 12-sonidan olindi. Oqqa ko’chiruvchi Shuhrat
Ahmadjonov.
2005 yil 9 noyabr.