Karimov dastidan yana bir kishi o’ldi
HALIMA USMONOVA
O’zbekiston mustaqil bo’lgan kunlarda Oliy Kengash
rayosatining a’zosi, Sog'liqni saqlash,
xotinlar-qizlar, onalik va bolalikni muhofaza qilish qo’mitasining raisi
bo’lgan va umrining oxirgi o'n yilini quvg'inda o'tkazgan Halima
Usmonova shu yilning 5 fevral kuni AQShning Idaho shtatida yurak xuruji
tufayli olamdan o’tdi va 8 Fevrlal kuni mazkur shtatning Boise shahrida
dafn etildi.
Halima Usmonova BMTga va
xorijiy matbuotga bergan ma’lumotlarida O'zbekiston rejimining ikki
ayanchli nuqtasiga diqqat tortgandi. “Men aslida Karimovga astoydil xizmat
qildim,-degandi u ko’zda yosh bilan, lekin meni Karimovga raqib bo'lgan
Shukrullo Mirsaidovning odami deb tahqirlashdi, bolalarimni azoblashdi, o'zimni
yerto'laga tashlab qiynashdi, suv deganimda majburlab o'z siydigimni
o'zimga ichirishdi". Bu bilan u O'zbekistondagi
qiynoqning ana shunday mudhish usuli borligini afgor ommaga bildirgandi.
U ayni paytda Xalqaro tashkilotlarga o'z qo'li bilan
yozgan iqrornomalarida 1989 yilda Kreml Islom Karimov nomzodini rad etganda,
Toshkentdagi tumanlardan birining rahbari o'laroq, maxsus topshiriq bilan
SSSR prezidentining rafiqasi Raisa Gorbachevaga katta miqdorda olmos
toshlardan iborat pora olib borganini va keyin bu haqda gap
tarqalgach, quvg'inga uchragani, o'ldirmoqchi bo'lishganini
ta'kidlagandi.
Nima bo'lganda ham bir O'zbek ayoli, bir O'zbek
onasi o'z vatanida emas, balki quvg'inda, poytaxt Vashingtondan qariyb ikki ming kilometr olislikdagi huvillagan bir qabristonga dafn
etildi. Mazkur dafn marosimida qatnashgan Demokartik O'zbekiston Kongressi
a'zolarining aytishlaricha, oltmish yoshlar atrofida bo'lgan Halima Usmonova
keyingi paytda ikki marta yurak amaliyoti kechirgan,
Karimovga astoydil xizmat qilib, sadoqatiga xiyonat bo'lganidan
ma'nan juda qiynalgan ekan.
Demokratik O'zbekiston Kongressi o'z qilmishlariga
sidqidildan iqror bo'lgan va umrining oxirgi paytida juda og'ir
kunlarni kechirgan bu ayolning nomini Karimov zulmidan o'lganlar
ro'yxatiga kiritish lozim deb hisoblaydi.
Gunohu savoblari bilan bu dunyoni tark etgan Halima
Usmonovaga Tangridan rahmat va yaqinlariga
sabr-bardosh tilaymiz.
DEMOKRATIK O'ZBEKISTON KONGRESSI