Jahongir Mamatov,
Demokratik O’zbekiston Kongressining raisi
O’zbekistonni
demokratiya qutqazadi
DEMOKRATIK O’ZBEKISTON KONGRESSI ISLOHOTLAR DASTURI
ning chizgilari
(Muhokama uchun)
2006 yil, 3 Yanvar
Muqaddima
Kongresning bo’lajak dasturiga chizgilar
bitishdan oldin ancha o’yladim. Bunga ma’naviy haqqim bormi? Hayotning turli qirralaridan xabarim, tajribam bormi?
O’ylab ko’rsam, 1976-1981 yillarda O’zbekiston radiosining qishloq
xo’jalik bo’limida bu sohaning muammolariga bag’ishlangan “Tabarruk zamin”
dasturlarini tayyoralsh jarayonida butun respublikani kezib chiqqanim, Jomboy
tumanidagi Ulug’bek davlat xo’jaligida madaniyat masalalari bo’yicha direktor
o’rinbosari, viloyat “Zarafshon” (“Lenin yo’li”) gazetasida avval qishloq
xo’jaligi, keyin partiya turmushu bo’limlari mudiri, undan keyin “Ozbekiston
ovozi”( “Sovet O’zbekistoni”) gazetasining Samarqand viloyat bo’yicha maxsus
muxbiri bo’lib ishlagan yillarimda turli sohalarning muammolarni o’rganib,
shular haqida minglab tahlillar yozgan ekanman.
Bir fe’leton, bir tanqidiy yoki bir tahliliy
maqola yozish uchun o’sha sohani yaxshi o’rganmasangiz bo’lmaydi. 1986-1990
yillarda respublika matbuotida mingdan ziyod tanqidiy maqolalarim chiqqan.
Boshqaruvdan tortib sanoatga, madaniyatdan tortib qishloq
xo’jaligi, iqtisoddan huquq tartibot organlari muammolariga qadar. Keyin O’zbekiston Oliy kengashida Oshkoralik qo’mitasida rais
o’rinbosari o’laroq qonunchilk ishlarini o’rgandim, qonun loyihalarini yozdim,
muhokamalarini tashkil etdim. Mazkur qo’mitning deyrali hamma
majlislarini men o’tkazar edim, “Xalq so’zi” gazetasini ham yo’qdan bor
qilgandim va qisqa vaqtda bu gazeta xalqning minbariga
aylangan edi.
Shu orada O’zbekiston prezidenti va Xalq
deputatlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo’limi mudiri, O’zbekiston
televideniyesining rahbari, ERK partiyasining kotibi, “ERK” gazetasining bosh
muharriri…
Xullas, bu ishlarning hammasi mamlakatning
turli sohalarini o’rganishga imkon berdi. Keyin Ozarbayjonda Elchibey
paytida faqat siyosiy islohotlar nimaga olib kelishini o’sha yerda turib guvohi
bo’ldim, Turkiyada yashaganimda esa siyosiy islohotlar qilmasdan iqtisodiy
islohotlar bilan guvillab rivojlangan mamlakatning birdan buhron girdobiga
qulaganini o’z ko’zim bilan ko’rdim. Nihoyat G’arb
demokratiyasini ham birovdan eshitib emas, o’zim ichida yashab ko’rmoqdaman.
Qolaversa, bugun diktatura rejimini maqtab, ertaga tanqid qilib, keyin yana maqtab yurganim yo’q. Yoki u yoqdan,
buyoqdan o’qib olganlarim, eshitganlarimga suyanib va’z ham o’qish niyatim
yo’q.
Qayta qurish paytida islohotlar kerakligini
yozgan bo’lsam, mustaqillik davrida ham shu fikrda qoldim. Bugun ham
O’zbekistonda tubdan islohotlar o’tkazish shart degan qarashdaman.
Ana shularning hammasini bir joyga to’plaganda bugun dastur loyihasi
haqida chizgilar bitishga ma’naviy haqqim bor va
tajribam yetarli degan xulosaga keldim. Lekin bu degani men
haq, boshqalar nohaq degani emas. Doim bu fikrdan
mutloq yiroqman. Aksincha men o’z shaxsiy qarashlarim va
fikrlarimni chizgilarda ifoda etdim, hukmingizga havola qildim va endi navbat
sizga.
Sizning ham qaysi bir jabhada tajribangiz, taklifingiz, istagingiz
bo’lishiga ishonchim komil va buni aytishga ma’naviy
haqqingiz ham bor. Men yozganlarga siz qo’shimchalar qilsangiz, tahrir va
tahlil etsangiz, takliflar bildirsangiz, toma-toma ko’l bo’lur deganlaridek,
DASTUR loyihasi tayyor bo’ladi.
Uzundan uzoq dasturlarni ko’pchilik o’qimasligi va
ochib qaramsligini inobatga olib, imkon qadar qisqa yozishga urindim.
Kirish
NOMI: Demokratik O’zbekiston Kongressi – ya’ni
kelajakning kongressi. Bugun ikki O’zbekiston bor, bir
iqtidorda, bir boshi dorda. DO’K ana shu bugun boshi
dorda bo’lgan demokratik islohotchilarning yig’ini, qurultoyi, kongressidir.
TUG’ILGAN VAQTI: 2005 yil 11 Iyunda asos solingan,
25 Sentyabrda tashkilot deb e’lon qilingan va shu yili
18 Noyabrda AQSHda ro’yxatdan o’tgan.
MAQSADI: Diktaturaga qarshi tinch yo’llar bilan
kurashish va demokratiyani yoyish.
ISHONCHI: Diktatura buhronlari ostida qolgan
O’zbekistonni demokratiya qutqazadi deb ishonadi va bu
ishonchni quyidagi islohotlar bilan amalga oshirish mumkin deb hisoblaydi.
Bugun kimdir siyosiy islohot birinchi desa, yana
kimdir iqtisodiy islohot birinchi deydi. Dunyoda unisining
ham, bunisining ham misollarini topish mumkin. Lekin shu narsa aniq-ki
siyosat va iqtisodni ajratganlar doim mag’lub
bo’lishgan, erishgan natijalari oxir oqibatda sarob bo’lib chiqqan.
Et bilan tirnoqni ajratish mumkin. Zo’r bilan, kuch bilan, qon to’kish
bilan. Iqtisod va siyosatni ajratmoqchi bo’lganlarning yo’li ana shu. Ular
zoravonlik bilan qilmoqchilar bu ishni.
Siyosatni inson tanasidagi bosh deb tasavvur qilsak, iqtisod qorin. Bu
shu qadar sodda mantiq. Ochlik qilib kitob yozishingiz mumkin-mi? Ha, bir
muddat, xolos. Qorinni to’ydirib uxlab yotaverish mumkin-mi? Ha, mumkin, bu ham vaqtincha.
Avval siyosat, keyin iqtisod deyish ham xato. Avval iqtisod
keyin siyosat deyish ham yanglish. Har ikkalasini
birga olib borish kerak. O’zbekistonni qutqazish uchun bugun siyosat va hamda iqtisod birgalikda isloh qilinishi kerak. Demokratik O’zbekiston Kongressi ana shu islohotlar negizini
quyidagilarda ko’radi.
O’zbekiston dunyoviy davlat va boshqaruv shakli
demokartik respublika tarzida bo’lib, BMT Inson huquqlari deklaratsiyasida
ta’kidlangan barcha haq-huquqlar kafolatlanadigan mamlakatga aylanadi. So’zda emas, amalda boshqaruvning uch demokratik tizimi
o’rnatiladi. Vakolatlari cheklangan prezident, qonun chiqaruvchi organ va sudlov bir-birlarini mustaqil nazorat qila oladigan
mexanizm o’rnatiladi. Qonun oldida hamma barobar hisoblandi.
I. SIYOSIY ISLOHOTLAR:
1. Saylov tizimi
-Prezident, Oliy Kengash va mahalliy saylovlar
mutloq erkin o’tkaziladi, hukumatning saylovlarga aralashmasligi ta’minlanadi;
-viloyat va tuman hokimlari xalq tomonidan
saylanadi va barcha mahalliy masalalarni mahalliy kengash bilan birgalikda hal
etish vakolatiga ega bo’ladilar;
-barcha siyosiy partiyalar, shaxslarning saylovlarda erkin ishtiroki,
matbuotda birdek targ’iboti ta’minlanishi uchun Saylov komissiyasini ana shu
partiyalarva guruhning o’zlari vakillar orqali qatnashish yo’li bilan o’zlari
tuzadilar;
-saylov komissiyasi faoliyatini a’zolari qonunlarni buzmagan holda
umrbodga xizmat qiladigan Konstitutsiyaviy sud nazorat etadi;
-aholining ovoz berish haqqiga ega bo’lgan
qismini saylovlarda erkin qatnashishlariga erishish uchun qonuniy asoslar
yaratiladi.
2. Siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari
-Har qanday guruh va shaxslar qonunlarda
belgilangan tartibda o’zlari istagan partiyalarga, guruhlarga va tashkilotlarga
a’zo bo’lishlari mumkin va hukumat ularni ta’qib etmaydi;
-siyosiy partiyalar va tashkilotlarni ro’yxatga
olish ishini qonin chiqaruvchi idoraga bo’ysunuvchi taskilot sodda tarzda
amalga oshiradi va buni sud nazorat etadi.
II. MATBUOT ERKINLIGI
-Istagan shaxs va istagan odam matbuot
vositasiga ega bo’lishi mumkin;
-matbuotning ishiga aralashishga boshqaruv
organlarining haqqi bo’lmaydi. Kimning qanday iddaosi bo’lsa masalani sud yo’li bilan hal etadi;
-matbuotda davlat sirini qo’riqlash idorasi tarqatiladi, davlat siri
ochilgani uchun matbuot vositasi emas, bu sirni saqlay olmagan davlat idorasi va amaldor masul bo’ladi.
III. SO’Z ERKINLIGI
-Har kim har qanday fikrni ochiq aytish, ochiq yozish
huquqiga ega bo’ladi;
-insonlarni tahqirlash, irqiy, milliy, diniy kamsitish, urushga
chorlashdan boshqa hamma sohada erkinlik kafolatlanadi;
-insonlarning qadr-qimmati bilan bog’liq masalalarda muammoni xalq sudi
hal etadi;
-so’z erkinligi muqaddas, hamma qadrlaydigan va
hurmat qiladigan tushuncha darajasiga qo’yiladi.
IV. MULK DAXLSIZLIGI
-Har kimning mulki daxlsiz va hukumatning shaxs
mulkiga tajovuz qilish haqqi bo’lmaydi;
-oiladan bir kishi og’ir jinoyat bilan qamalgan taqdirda ham uning
mol-mulki musodara qilinmaydi;
-mol-mulk korrupsiya yo’li bilan topilgani sud
tomonidan aniqlangan paytdagina musodara qilinishi mumkin, o’shanda ham oila
a’zolarining mehnati evaziga kelgan haq hisobga olinadi;
-mulk bilan bog’liq hamma ko’rinishdagi
muammolar mustaqil sudlar tomonidan ko’rib chiqiladi.
V. DIN VA DAVLAT
-Din va davlat ishlari bir-biridan ajratiladi.
-Hamma dinlar erkin hisoblanadi, vijdon va ishonch erkinligi ham
davlat tomonidan va hamda diniy jamoalar tomonidan birdek hurmat qilinishi
uchun qonuniy zamin yaratiladi.
VI. IQTISOD
Iqtisod erkin bo’ladi va mamlakatning iqtisodchilari, Xalqaro valyuta
jamg’armasi, Dunyo banki, Dunyo Savdo tashkiloti, ATTB va boshqa xalqaro
tashkilotlarning ko’magida tayyorlangan maxsus dasturlar asosida buhrondan
chiqish choralari ko’riladi. Ayni paytda quyidagilarga alohida e’tibor
qaratiladi:
1. Byudjet
-davlat byudjeti jamoatchilik nazoratida hukumat tomonidan yilma yil
ishlab chiqiladi va qonun chiqaruvchi organning muhokamasi, tasdig’idan
ot’gandan keyin kuchga kiradi;
-davlat byudjetining shaffofligi ta’minlanadi, hukumat soliq
to’lovchilarning har bir tiyini qayerga sarflangani haqida yilda bir marta
hisobot e’lon qiladi va qonun chiqaruvchilarning, matbuotning bu boradagi
barcha savollariga javob beradi.
2. Moliya
-Moliya va soliq tizimida shaffoflik birinchi galdagi vazifa
hisoblanadi. Bu soha mamlakatning taniqli olimlari, mutaxasislaridan tuzilgan
“Moliya kengashi” tavsiyalari asosida ishlaydi;
-xalqdan faqat bitta narsa talab qilinadi, u ham bo’lsa adolatli
ravishda belgilangan solig’ini to’lash. Bu soliq “Xalqdan olib xalqqa sarflash”
prinsipi asosida qonun chiqaruvchi organ va jamotchilikning nazorati ostida
maorif, sog’liqni saqlash, yo’l qurilishi, yangilik va tashabbuslarni
rag’batlantirish hamda xavfsizlik, boshqaruv va mudofaaga sarflanadi;
-mamlakatda xazinaning mas’uli qonun chiqaruvchi organ hisoblanadi.
3.Og’ir va yengil sanoat
-Mamlakatda o’gir va yengil sanoat to’la xususiylashtiriladi va
rivojlanishi uchun qonuniy asoslar belgilab beriladi;
-O’zbekistonni agrar davlatdan agrosanoat davlatga aylantirish
siyosati yurgizaladi. Mahsulot ishlab chiqarish, joyida qayta ishlash va sotish
rag’batlantiriladi.
4.Texnologiya:
-Zamonaviy texnologiyaga keng yo’l ochiladi, bu borada rivojlangan davlatlar
bilan aloqalarga imtiyoz beriladi;
-mamlakatni to’la kompyuterlashtrish mamlakat rahbariyati oldiga
birinchi galdagi vazifa qilib qo’yiladi, chetdan keladigan moliyaning aksar
qismi dastlabki ikki yilda shu sohaga yo’naltiriladi, kompyuter va Intertet
bilan bog’liq bizneslar va maktablar besh yil davomida daromad soliqlaridan
ozod qilinadi;
-texnologiya tadqiqotlari, yangiliklari rag’batlantiriladi.
5.O’rta va kichik biznes
-Mamlakatda kuchli o’rta sinfni vujudga keltirish uchun o’rta va
kichik biznessni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratiladi, bu sohani
rivojlantirishga hissa qo’shaman degan har qanday davlat va xalqaro
tashkilotlarga barcha qulayliklar yaratiladi;
-o’rta va kichik bizness sohiblari markaziy va mahalliy hukumatning
har qanday aralashuvidan ozod qilinadilar, faqat soliq hujjatlarini taqdim
etish yo’li bilan nazoratda turadilar, qolgan hamma sohada ular mustaqil va
erkin faoliayat ko’rsatadilar;
-boshqa mamlakatlarning fuqaroligiga ega bo’lgan O’zbekistonliklar
tarixiy vatanlarida o’rta va kichik biznessni yo’lga qo’yishga besh yil hissa
qo’shishlari majburiyati bilan ikki fuqarolik haqqiga ega bo’ladilar;
-mustaqillik yillarida demokratik davlatlarda o’qib tahsil olgan
yoshlar mamlakatda o’rta sinfni vujudga keltirishda kadrlar siyosatining asosiy
nomenklaturasi hisoblanadilar.
6. Statistika
Mamlakatda statistikani boshqarish hukumat tasarrufidan chiqariladi va
xususiylashtiriladi, bor narsa bor holida aytiladi.
7.Bank tizimi
-Bu tizimda Markaziy Boshqaruvning asosiy vakolatlarini Mahalliy
boshqaruvga berib, markazlashtirishdan voz kechiladi;
-xalqqa Markaziy Bank belgilagan foyizlarda uy-joy qurilishlari uchun
40 yillik, bizness uchun 15 yillik qarz berish majburiyatini olgan xususiy
banklarga qonuniy imtiyozlar beriladi;
-maoshlar bozorga va inflyatsiyaga indeksatsiya qilinadi va hukumat bu
masalaga aralashmaydi.
8. Tashqi investitsiya
-Ishlab chiqarishga yo’nalgan o’rta va kichik biznes korxonalari
ochadigan tashqi yotirim sohiblari 10 yilga foydadan soliq to’lamaydi;
-boshqa sohalarda umummamlakat qoidalari asosida ish yuritiladi va
investitsiyalar kafolati haqida maxsus qonun qabul qilinadi.
9. Xususiylashtirish
-Mamlakatda xususiylashtish mutloq ochiq va adolatli o’tishini nazorat
qiluvchi jamoatchilk kengashi tuziladi.
-xarid paytida sotuv bahosi emas, balki sotib olinadigan korxona yoki
mussasani qanday yuritish, undan qanday foydalanish rejalari birinchi o’ringa
qo’yiladi;
-tadbirkorlik, ishlab chiqarish, o’rta va kichik biznesni qo’llab
quvvatlovchi rejalarga imtiyzolar beriladi.
10. Antimonopol siyosat
Mamlakatda raqobatni saqlash uchun antimonopol siyosati yurgiziladi,
paxta, g’alla, qazilma boyliklar monopoliyasidan voz kechiladi, mamlakat va
millatga nima kerakligini bozor belgilaydi;
-biror bir sohaga monopol hokimlik bo’lmaydi, hukumat ham, biror shaxs
yoki guruh ham bitta sohaga mutloq xo’jayinlik qila olmaydi;
-biznes va bizneschi huquqlari qonun bilan himoya qilinadi.
11. Tabiiy zahiralar
-Tabiiy zahiralardan keladigan tushum yo’l qurilishlari, yangilikni
rag’batlantiirish, nafaqa va fan istiqboli hamda o’sha sohalarni qayta qurish
ishlariga sarflanadi.
-boshqa sohalarga referendun orqali xalq ijozati bilan sarflanadi.
VII. QISHLOQ XO’JALIGI
-Yerning xo’jayini hukumat emas, dehqon bo’ladi;
-yerni xususiylashtirish, dehqonga nisbatan adolatni tiklash, ishlab
chiqarishda va jamiyat boshqaruvining turli jabhalarida tadbirkolik,
tashabbuskorlikni rag’batlantirish uchun qonuniy asoslar yaratiladi;
-dehqon, fermer, tadbirkor istagan narsasini ekadi va istagan joyiga
istagan narxida sotadi, uning faoliyatini amaldorlar emas, bozor nazorat
qiladi, hukumat faqat yordam ko’rstadi;
-tabiiy ofatlar paytida dehqonlar markaziy hukumat tomonidan qo’llab
quvvatlanishi uchun qonuniy zamin yaratiladi.
VII. ISHSIZLIK VA BANDLIK
-Ishsizlarning huquqlari borasida qonun qabul qilinadi;
-islohotlarning asosiy maqsadi aholini ish bilan ta’minlashga, ish
joylarini ko’paytirishga yo’naltiriladi;
-chet mamlakatlar bilan ishsizlarga ish topish borasida muzokaralar
olib boriladi va qaysi mamlakatda bo’lmasin ishlagan fuqarolarning
haq-huquqlarini muhofaza qilish davlat siyosatining bir qismi etib belgilanadi.
IX. AYIRMASLIK SIYOSATI
-Mamlakatda yoshlar, ayollar, qariyalar, onalar degan ayri ayri
siyosat bo’lmaydi;
-hammaning huquqlari birdek himoya qilinishi va hammaga huquqlari
darajasida sharoit yaratilishi siyosatning o’zagini tashkil etadi;
-odamlarga diniy, irqiy, jinsiy, mahalliychilik nuqtai nazaridan emas,
hammaga birdek munosabat, bilimi, mehnati va faoliyati qadrlanishi ta’lim
siyosatining yo’nalishini belgilaydi.
X .IJTIMOIY SOHALAR
1.Sog’liqni saqlash
-Hammaning tibbiy yordam olish huquqini kafolatlanadi;
-har fuqaro pensiyaga chiqqanidan keyin normal yashashi uchun yetarli
darajada nafaqa olish imkoni bo’ladi;
-nafaqa va ijtimoiy yordamning boshqa turlarini yo’lga qo’yish uchun
sug’urta, yordam tashkilotlari faoliyatiga keng yo’l ochiladi.
2.Ta’lim-tarbiya
-O’qituvchilarning ijtimoiy himoya qilish yo’li bilan jamiyat
madaniyatini oshirish uchun yo’l ochiladi;
-maktab o’qituvchilariga alohida imtiyozlar beriladi, maoshlari
jamiyatning o’rtachadan yuqori darajasida bo’lishini ta’minlash uchun qonun
hozirlanadi;
-oliy o’quv yurtlariga imtihon topshirish yo’li bilan qabul bekor
qilinadi, maktablardagi bahosiga qarab oliy o’quv yurtlari talabalarni o’zlari
tanlaydilar;
-maorif va oliy ta’limga nisbatan zo’ravonlikka chek qo’yiladi,
bolalar va studentlarni majburiy ravishda dalalarga olib chiqib ishlatish
jinoyat hisoblanishi uchun qonuniy zamin yaratiladi.
3. Madiniyat va San’at
-Madaniyat, adabiyot, tarixni yozish, san’at ishlariga hukumat
aralashmaydi. Bu ishlarning qonuniy bazasi yaratiladi va vazifani nohukumat,
jamoatchilik tashkilotlari amalga oshiradilar;
-hukumatga oid faqat bitta matbuot vositasi bo’ladi, u ham bo’lsa
“Rasmiy gazeta” bo’lib unda faqat hukumatning qaror va boshqa hujjatlari e’lon
qilinadi.
Ijtimoiy sohalarning boshqa jabhalarida ham ayni siyosat yurgiziladi.
4.Kommunal xizmat
Kommunal xizmatning barcha sohasi xususiylashtiriladi va to’lovlar
aholi maoshiga indeksatsiya qilinadi. Bugungi kabi maoshi o’n ming so’m
bo’lgani holda kommunal xizmatlarga yuz ming so’m to’lanadigan adolatsiz
tizimga barham beriladi.
XI .HUQUQ-TARTIBOT SOHASI
1. Militsiya, sud, prokuratura
va MXX
-IIV vazirligini tugatilib, militsiya xizmati mahalliy hokimiyatlarga
topshiriladi;
-Milliy Xavfsizlik Xizmati Tashqi Xavflardan Muhofaza Xizmatiga
aylantirilib, ham ijro va hamda qonun chiqaruvchi idoralarga baravar bo’ysunadigan
qilib qo’yiladi;
-sudlarni mamlakat, viloyat va tuman darajasida mustaqil sudlovga
aylantiriladi;
-prokratura xizmatini Adliya vazirligi bilan birlashtirgan holda bu
vazirlikni huquq tartibot idoralari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashga
aylantiriladi;
-mazkur kengashga hisobdor bo’lgan mustaqil tergov boshqarmasi
yaratiladi;
-huquq tartibot sohasida ishlovchilarning mustaqilligini ta’minlash va
mas’uliyatini oshirish uchun rahbarlarining mahalliy va mamlakat qonun
chiqaruvchilari huzurida muntazam hisobot berishlari yo’lga qo’yiladi;
-bu idoralarga ajratiladigan mablag’ va sarfi haqida aholiga batafsil
ma’lumot berib boriladi;
-mamlakatda bu tarmoqda umumavf o’tkaziladi va diktatura rejimi
paytida qonunlarga zid ish qilganlarga samimiy iqror bo’lishlari, o’zlarini
ko’rsatishlari, demokratiyaga astoydil xizmat qilishlari, g’ayri qonuniy yo’l
bilan topganlarini “Reablitatsiya fondi”ga topshirishlari uchun bir yillik
attestatsiya davri beriladi. Shu muddatda o’zlarini oqlay olganlar vazifalarini
davom ettiradilar. Qattiq jinoyatlar sodir etganlar, faoliyatlari og’ir
oqibatlarga olib kelganlar adolat huzurida javob beradilar;
-diktatura rejimi paytida siyosy qarashlari uchun qamalgan, ta’qibga
uchragan, quvg’in qilingan barcha shaxslar reablitatsiya qilinadi, ulardan uzr
so’raladi va ularga “Reablitatsiya fondi”dan to’lov haqi to’lanadi.
2.Advokatlik xizmati
-Hech kim advokat ishtirokisiz tergovga, sudga tortilmaydi;
-advokatlar mustaqildirlar va ular qonunlarning ijrosini ta’minlashda
jamiyatning asosiy kuchiga aylantiriladilar.
3.Korrupsiyaga qarshi kurash
-Mamlakat miqyosida barcha amaldorlarni o’z boyliklari, daromadlari
borasida hisob berishga mas’ul qilib qo’yiladi;
-prezidentdan to mahalla qo’mitasi raisiga qadar hamma yilda bir marta
matbuotga batafsil ma’lumot beradi;
-korrupsiyaga qarshi umummalakat kurash ochiladi.
XII TASHQI SIYOSAT
-Tashqi siyosatda umumjahon demokratik qadriyatlar doirasida uzviy
faoliyat ko’rsatiladi. Mamlakat va millat manfaatlari ustunligidan kelib chiqib
ish yuritish ta’minlanadi;
-tashqi (va harbiy) siyosatning izchil doktrinasi umumxalq muhokamasi
yo’li bilan qabil qilinadi;
-mamlakat elchilarini MXX xodimlari hisobiga tayinlash uslubidan voz
kechiladi;
-diplomatlik kasbga aylantiriladi va hukumatlar kelib ketaveradilar
ammo diplomatlar ishlarini davom ettiraveradilar siyoasati yo’lga qo’yiladi;
-Markaziy Osiyo (Turkiston), Avrosiyo (Turon) Ittifoqlariga intilish
va demokratik dunyo bilan hamqadam bo’lish siyosati yurgiziladi;
-Markaziy Osiyo Ittifoqi tashabbuskori sifatida maydonga chiqiladi va
Avropa Ittifoqi modelini - bitta Konstitutsiya, bitta pul birligi, yagona
informatsion va chegaralarsiz iqtisodiy zonani tashkil etish uchun odimlar
otiladi.
XII. MUDOFAA
-Mamlakatda MXX, IIV tarkibidagi, Prezident gavardiyasi nomidagi va
boshqa barcha harbiy kuchlar bitta vazirlikka birlashtiriladi;
-yaxshi ta’minlangan professional armiyaga o’tish yo’lga qo’yiladi;
-armiya mamlakatning ichki ishlariga aralashmaydi. Faqat favqulodda
holat - tabiiy ofatlar paytidagina aralashuvi qonunlar bilan tartibga solinadi.
XIV. ATROF MUHIT
Barcha islohotlar borasidagi qonunlar, qarorlar va farmonlar qabul
qilinishida atrof muhit masalasi inobatga olinadi va bu borada xalqaro talablar
darajasida ish yuritish uchun zamin tayyorlanadi;
-mamlakatni agrar-paxtachilik davlatidan ilg’or texnologik-agrasanoat
davlatiga aylantirish tufayli ekologik muammolar hal etilishi tomon jiddiy odim
otilgan bo’ladi.
Xulosa o’rnida
Xo’sh bularning o’ziga qanday erishiladi? Avvalo islohotlar borasidagi
qonuniy zaminni hozirlaydigan “Xalq ziyolilari Kengashi” tuziladi. Turli
sohalarning olimlari, mutaxassislari, tanqidchi va qiziquvchilar,
huquqshunoslar va boshqa manfaatdor guruhlar vakillaridan maxsus komissiyalar
tuziladi. Bu ishga xorijiy o’lkalardan ekspertlar ham taklif etiladi.
Har bir sohani isloh qilish uchun uch variantli qonun loyihasi
tayyorlanadi. Masalan, huquq tartibot sohasini isloh qilish uchun bitta
variantni shu soha xodimlari, ikkinchi variantni bu sohaning raqiblari va
uchinchisini hukumat taqdim etadi.. Qonun chiqaruvchilar esa ana shu uch
variantdan bitta oxirgi variant tayyorlaydilar va qabul etadilar.
Dastlabki olti oyda mamlakatni barcha partiyalar va guruhlarning
vakillaridan tuzilgan Milliy Kelishuv kengashi boshqaradi. Mazkur kengash ikki
oyda umumiy saylovlar haqida qaror qabul qilib, olti oy ichida saylovlarni
o’tkazib, o’z o’rnini xalq saylagan boshqaruv organiga bo’shatib beradi.
Dastlabki bir yilda boshqaruv organlari haqidagi qonunlar qabul qilinib,
mahalliy saylovlar otkaziladi., keyingi yilda iqtisod va siyosat sohasini isloh
qilish borasidagi qonunlar qabul etiladi, unga qadar mavjud to’siqlar parlament
qarorlari va Prezident farmonlari bilan olib tashlanadi. Xullas, besh yilda
mamlakatni demokartik yo’lga olib chiqish mumkin bo’ladi.
Yana shuni ilova qilmoqchi edimki, biz ertaga bu rejimni ag’darib
tashlaymiz degan xom xayoldan yiroqmiz. Bu rejimni almashtirish uchun katta
tayyorgarlik ko’rish lozim. Bu rejimning muhim ustunlari qulab turishi mumkin,
ammo uni fundamental ravishda o’zgartirish oson kechmaydi. Hatto Karimov
ketgandan keyin ham bunga jiddiy qarshilik qiluvchi kuchlar bo’ladi va faqat
xalqning oz haq-huquqlarini to’la tushunishi, idrok etishi bu rejim o’rniga
demokartiyani olib kelishi mumkin. Demak, biz bugun xalq bilan ishlashimiz va
unga o’z haqlarini tushuntirishda davom etishimiz zarur.
Bugun bizning safimizga qo’shilgan va qo’shilayotganlar orasida
Karimov rejimining ichida yetishib, uning asl basharasini bilganlar ham bor.
Biz ularni bu rejimning qurbonlari deb hisoblaymiz va bugun ham bu rejimdan yuz
o’girib bizning safimizga kelishsa, demokratiyani yoyish uchun hissa qo’shishsa
ularni olqishlaymiz. Chunki
diktaturadan yuz o’girish uchun hali ham kech emas!