JALOLIDDIN

 

 

 

Bugunning gaplari

 

 

 2005 ni ham bitirar ekanmiz…

 

Bugunga kelib O’zbekistan xalqaro sahnada alohida ahamiyat kasb etgan davlat sifatida ajralib qoldi. Turli institut va tadqiqotchilarning yer yuzidagi davlatlar borasida chop qiladigan salbiy ko’rsatkichlarni aks ettiruvchi xisobotlarida Afrikaning qoloq davlatlari bilan bir qatorda albatta O’zbekiston tilga olinmay qolmayapti. Mamlakat aholisi har kun jahon hamjamiyati O’zbekistondagi ahvol borasida qanday qayg’urish bildirayotganini, xukumatning qaysi harakatlaridan norozi ekanini bilish uchun o’zlari uzilib qolgan tashqi olam matbuotidan habar topishga urinmoqda. Xalqaro axborot agentliklari “Bugun nima bo’lar ekan?”, “Endi nima qilishar ekan?” degan savollar nazari bilan har kun mamlakatdagi jarayonlarni kuzatmoqda.

 

O’n yillar davomida yuzaga chiqqan va bir ikkinchisini keltirib chiqarayotgan muammolarga, ular hoh ijtimoiy-iqtisodiy bo’lsin, hoh siyosiy, yechim izlash va bartaraf etish o’rniga bu muammolarni xalq va xalqaro hamjamiyatdan yashirishga urinish, muammolarni ko’tarib, ularga yechim izlashni taklif qilganlarga ta’ziq va zo’ravonliklar o’tkazish oqibatida vujudga kelgan bugungi sharoitda yuqorida takidlangan “eng salbiy ko’rsatkichlarni namoyon etish” va “diqqat markazida bo’lish” omillari tabiiydir.

 

Joriy 2005 yil O’zbekiston jahon hamjamiyati diqqat markazida bo’lishi borasida alohida ko’rinish kasb etti. Cho’kib borayotgan iqtisod, ayanchli ahvolga kelib qolgan tashqi siyosat va qo’shnichilik aloqalari tufayli yil boshidayoq O’zbekiston alohida ahamiyatga molik davalatlar sirasidan o’rin oldi. Bu salbiy omillar tufayli xalqning noroziligi oshishi “ijtimoiy portlash”, boshqacha qilib aytganda “rangli inqilob” bilan bog’lanib ketishi ehtimoli juda katta edi. Oradan to’rt oy ham o’tmasdan qo’shni Qirg’izistondagi “Chaqmoq inqilobi” bu ehtimolni maksimal darajaga yetkazdi. Qo’shni davlatda xalq hokimiyati o’rnatilishi, xaqiqatning qaror topishi O’zbekiston aholisini yanada to’lqinlantirib yubordi. Endi bu ijtimoiy portlashning sodir bo’lishi muqarrar bo’lib qoldi, va Qirg’izistondagi hodisalardan ikki oy ham o’tmay bu ijtimoiy portlash sodir bo’ldi.

 

Uning qanday bo’lgani, hodisani kim qanday ataganligini tahlil qilish uchun bir necha tomli katta kitoblar yozish va bildirilgan har bir fikrni alohida tahlil qilish lozim. Bunday bahslarga boy mavzuni chetlab o’tish uchun “O’zbekistonni ko’rolmaydigan kuchlarning qilmishi”, “islomiy asosga ega terror xarakatlari”, “muvaffaqiyatsiz yakunlangan rangli inqilob”, “Andijon qatlomi” yoki “norozi xalqning bosh ko’tarishi” iboralarini ishlatmasdan bu xodisani “Andijon xodisasi” deb atasak. Zotan yuqorida tilga olingan nomlanishlarning har biri alohida guruhlarning o’z manfaatlari nuqtai nazaridan yondashuvi deguvchilar bo’lsada, ularning har birida qay darajadir xaqiqatning mavjudligini inkor qilib bo’lmaydi.

 

Ammo alohida ikkita omilni aytib o’tish lozimki, bulardan birinchisi yuqorida tilga olingan qay darajadadir mavjud xaqiqatning kimlar uchundir mutloq xaqiqat sifatida ko’rilishi va boshqalarini tamomila rad qilishi bo’lsa ikkinchisi “rangli inqilob” iborasining kelib chiqishidir. Hech o’ylab ko’rganmisiz nega rangli inqilob deb atalishini? Bu inqiloblarni amalga oshirganlar o’zlari uchun timsol qilib olgan rang bilan atalganmi? Unda nima uchun bu inqilobni boshqargan, uni amalga oshishida yetakchilik qilganlar nomi bilan atalmaydi? Nega ma’lum xalqqa tegishli inqilobni shu xalqning nomi bilan emas balki qaysidir ramziy rang nomi bilan atashga qaror qilishdi? Bu iborani kim birinchi bo’lib joriy qildi va nega?

 

Ahamiyat bergan bo’lsangiz bu iborani birinchi bo’lib Ruslar qo’llashdi. Bunday nomlashganiga sabab esa boshqa nomlardan farqli o’laroq ranglar kamroq ma’no tashishidir. Masalan Gruziya yoki Ukraina “xalq inqilobi” deyishdan zarg’aldoq inqilob deyish Ruslar uchun manfaatliroq. Yana bir misol: “G’arb” so’zi aslida nimani anglatadi? Faqat AQSh va Evropa ittifoqinimi? Also! “Demokratiyani qo’llab quvvatlovchi, inson xuquqlarini barcha manfaatlardan ustun qo’yuvchi davlatlarning pozitsiyasi bizni qoniqtirmaydi” degan gap bilan “Biz G’arbning pozitsiyasiga qarshimiz” degan bildirishning farqini ko’ryapsizmi? Mana masalaning mohiyati qayerda! Siyosatdagi so’z o’yinlari nafaqat bir tamonlama manfaatlarga juda yahshi hizmat qiladi, balki bu ba’zilarni chalg’itib noo’rin baxs va mulohazalarga ham sabab bo’ladi.

 

Andijon xodisasiga qaytsak, 2005 yil 13 maydan e’tiboran O’zbekiston xukumati ichki va tashqi siyosatida misli ko’rinmagan o’zgarishlar sodir bo’la boshladi. Yashin tezligida G’arb bilan aloqalarning uzilishi va ilgari “ba’zi imperialistik kuchlar” hisoblangan Rossiya pinjiga kirish kuzatildi. Bu yerda Xitoy faktorini ham esdan chiqarmaslik lozim. Andijon hodisasidan so’ng mamlakatning yakkalanib qolgani, Karimovning umri bitgani butun dunyo bo’ylab ovoza bo’la boshladi. Albatta mamlakat ichkarisida ham keng tarqalib ketgan yangilik xalqni jonlantirishi ehtimoli ham juda katta edi. Bu paytda biror muhim ahamiyatga ega davlatga tashrif buyurib butun dunyoga, eng asosiysi xalqiga “Karimov yakkalanib qolgan emas!”ligini ko’rstib qo’yish lozim edi. Bu borada qilingan muzokaralardan ma’lum bo’ldiki, Xitoy Karimovni qo’llab quvvatlashini e’lon qilishi mumkin, rasmiy qabul uyishtirishga ham tayyor, ularning yagona sharti AQSh bazasini mamlakatdan chiqarib yuborish talabi bajarilsa bo’lgani. Karimovga bo’lsa bugun rasmniy qabul qilish uyoqda tursin, qo’llab quvvatlashga ham arzimaydigan AQShning bazasidan Xitoy bilan yangi aloqalar juda muhim.

 

Demak Karimovning Xitoyga tashrifi bilan AQSh bazasi taqdiriga nuqta qo’yildi. Albatta, Rossiyaning bu yerda umuman roli yo’q deb bo’lmaydi. Karimov avvalgi odati bo’yicha ikki quyonni bir baza bilan urdi: Kremlga qo’ng’iroq qilib, Ruslarning ilgarigi talablarini inobatga olgan xolda, va bundan keyin uzoq muddatli hamkorlikka zamin yaratish maqsadida AQSh bazasining O’zbekistonda turishiga barham berishini e’lon qildi. Shu bilan Karimov o’zining ohiri ihtiyoriy qarorini qabul qilgan bo’lib, buyog’iga uning qarorlari muvofiqlashtirilgan holda qabul qilinishu uchun muhokamadan o’tadigan bo’ldi.

 

Va’dasiga vafo qilgan xolda Kremlning oyog’iga bosh qoygan Karimov, o’zi tahtda qolishini kerak bo’lsa xarbiy yo’l bilan ham qo’llab quvvatlashni ko’zda tutadigan ittifoqchilik shartnomasi tuzdi. Shartnomaning juda ham o’ziga hosligi uning matni Kreml tomonidan tayyorlangan bo’lib, Karimov dastlab bu shartnoma borasida faqat o’z manfaatlariga xizmat qiladigan shart - oliy darajadagi xarbiy hamkorlikdan boshqa ma’lumotga ega emasdi. Ammo ko’p yillik tajribalariga tayangan holda shartnomani o’zi imzolab, tanishib chiqqach ham uning “o’ziga hos va o’ziga mos tomonlarini” ochib berishga muvaffaq bo’ldi. Mazkur  shartnomaning bugungacha xalq boshiga nimalar solgani ancha muhakama qilingan, ertaga nimalar keltirishini esa vaqt ko’rsatadi. Ammo shunisi aniqki, G’arbdan farqli o’laroq, Xitoy va Rossiya Markaziy Osiyoda bugungacha hech qanday ijobiy o’zgarish qilmagan, bundan keyin ham qilmaydi.

 

ROSSIYA, PUTIN yoki Mr.GAZPROM

 

Yeltsinning davlat boshiga kelishi bilan Gorbachov boshlab bergan oshkoralik va demokratiya siyosati juda sekinlik bilan ildiz ota boshladi. Shu bilan bir qatorda liberalizatsiya, privatizatsiya nomli davlat dasturlari bilan Yeltsin tor doiradagi boylar sinfining shakllanishiga asos yaratdi. Davlatga tegishli bo’lgan, ammo iqtisodiy o’tish jarayoning kamchiliklari tufayli inqirozga yuz tutgan ishlab chiqarish korhonalarining xususiylashtirilishida innovatsion firklashga ega ishbilarmon yoshlarni shahsan qo’llab quvvatlagan Kreml tabiiyki ularning bugungi va albatta kelajakdagi daromadlariga to’g’ridan to’g’ri  sherik edilar. Shunday qilib Rossiya iqtisodining asosi hisoblangan muhim ahamiyatga ega ishalab chiqarish korhona-tashkilotlarining hususiylashtirilishi avj oldi. Albatta bu jarayon aholi tabaqalashishiga salbiy ta’sir ko’rsatmay qolmadi

 

1998 yildagi Osiyo iqtisodiy bo’hroni janubiy, janubiy-sharqiy, Markaziy Osiyolar qatorida Rossiyani ham chetlab o’tmadi. Natijada Rossiya iqtisodi tanazzulga yuz tutib, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan ishlab chiqarish bilan barqaror iqtisodiy siyosat yurgizish mumkin emasligi ma’lum bo’lib qoldi. Ammo bu davrda ham Kremlga qarashli yo’nilg’i energitika sanoati, tabiiy resurslar ishlab chiqarish va eksoprt qilish yo’nalishlari iqtisodning so’nggi barqarorligini ushlab turardi.

 

Sog’ligining yomonlashgani sabab vazifasidan istefoga chiqar ekan Yeltsin o’ziga “munosib” merosxo’r tanlashni qoyilmaqom qilib amalga oshirdi. Merosxo’rga qo’yilgan talablarning murakkabligidan tanlash jarayoni uzoq davom qildi. Merosxo’r eng avvalo demokrat muxolifatchi bo’lib, erta-indin Yeltsin qilmishlarini oshkor qilishga tushib ketmasligi lozim edi. Qolaversa Yeltsin bugun birovlar orqali qisman egalik qilayotgan serdaromad sohalarga panja urib, u va uning komandasini yirik daromaddan mahrum qilmasligi shart edi. Shunday payda maxsus xizmatlar sohasida uzoq ishlagan, nafsini jilovlay oladigan, eng muhimi vatanparvarlik ruhini oshkora namoyon qilib, taziqli nutqlar bilan yuraklarga kirib bora oladigan Putin uning orzusidagi merosxo’r edi. Bosh vazir qilib tayinlanganda ham, Vaqtincha Prezidentlik vakolati ijrochisi davrida ham xalq orasida uning obro’sini oshirish uchun Kreml keng qamrovli xarakatlar olib bordi. Alternativ saylovlarning birinchi bosqichidayoq lozim marrani ishg’ol qilgan Putin endi o’zining xaqli o’rini - Prezidentlik kursisini egalladi.

 

Xalq ishonchini qozonish uchun qilgan o’ziga xos siyosati tufayli unga bo’lgan ishonch tobora oshib borar edi. Chechenistondan muddatli xarbiy xizmatchilarning chiqarilishi, u yerdagi vaziyatni barqarorlashtish uchun jangarilarni sotib olish va davlat tomonida kurashishga erishish tufayli eng daslabki qo’llab quvvatlashini qo’lga kiritgan bo’lsa, keyinchalik tabiiy resurlar ishlab chiqarilishni kengaytirish bilan xalq farovonligini birmuncha yahshilab o’z o’bro’sini yanada mustahkamlab oldi.

 

Ammo Putin yurgizgan siyosatning alohida e’tiborga molik tamoni Sovuq Urushga barham bergan Qurollanish poygasini to’htatish bitimini bir tamonlama buzgan holda xarbiy sohadagi izlanishlarga katta miqdorda mablag’ ajratdi. Bugunga kelib o’zida dunyoda tengi yo’q yangi qurol ishlab chiqarishga erishganini e’lon qilar ekan, Kreml o’zi bilan hisoblashishlari kerakligiga urg’u bermoqda.

 

Yeltsindan farqli o’laroq Putinning shahsiy manfaatparastligi pastroq darajada ekani uning uchun ijobiy ko’rsatkich hisoblanadi. Bugun Yeltsinning “Oligarhlari” ni o’zi istagan darajada siquvga ololmayotgan bo’lsada, ularning eng yirigini noqonuniq harakatlari uchun javobgarlikka tortib, mol-mulkini musodara qildi. Mihail Hodorkovskiyning boshqa oligarhlardan farqli o’laroq taziqqa uchrashi sababi Kremlga qarshi bosh ko’targanida edi. Shunday qilib musodara qilingan “Yukos” ning “ochiq” kim oshdi savdosida “osmondan tushgan” “Baykalfinansgrup” tamonidan sotib olinishi va davlat qaramog’idagi “Gazprom” shirkatiga qayta sotilishi yuz berdi. Keyinchalik esa yana bir oligarh Roman Abramovichga tegishli “Sibneft” “Gazprom” shirkati tamonidan sotib olindi. Roman Abramovichning “Yeltsining o’g’li” ekani unga korhonasini o’zi bir necha yil oldin sotib olgan narhdan minglab marotaba qimmat narhda davlatga qayta sotishiga imkoniyat yaratib berdi. Oligarhlarni muhim darommaddan judo qilar ekan, bu bilan davlatning iqtisodiy ahvoli ancha yahshilana bordi. Ammo bu iqtisodiy barqarorlik nimaga xizmat qilmoqda?

 

 Davlat tabiiy resurslarga tayanib iqtisodini barqarorlashtirar ekan, tabiiyki bu xalq farovonligida ham aks etadi. Ammo Kremlning bugungi maqsadi oldingisidan farqli o’laroq xalq farovonligini oshirish yoki tor doiradagi kishilar manfaatiga xizmat qilish emas, davlat tizimini kuchaytirish, Kreml qaramog’idagi davlatlar sonini oshirishdir. Manashu vazifa ta’minlansa, ertaga xaql farovonligi kafolatlanadi.

 

Shunday qilib Putin, yoki bugunning ta’biri bilan aytilsa Mr.Gazprom, hozircha sobiq ittifoq respublikalarning tizginini qayta qo’lga olish uchun harakat boshladi. Bugun Ukraina uchun alternativ energetik manbaa yo’qligidan unumli foydalangan Kreml o’z talablarini ilgari surmoqda va “Bizning talablarga ko’nmasangiz, qishni zarg’aldoq rangli sharflaringizni o’ranib o’tkazinglar!” demoqda. Rossiya Tashqi Ishlar Vaziri Sergey Lavrov Evropa Ittifoqi bilan olib borgan muzokaralari chog’ida “G’arb Rossiyaning sobiq ittifoq xududidagi manfaatdorligini inkor qilmasligi lozim” ligini takidladi. Ilgarigi ittifoq ixtiyoriy shartlar asosida tashkil qilingan va teng xuquqlilikka asoslangan bo’lsa, bugun Rossiya kuch bilan, zo’ravonlik bilan o’z manfaatlarini ilgari surmoqda. Demak bugun Rossiyaga resurs va boshqa masalalarda qaram hisoblangan mamlakatlar uchun juda qiyin davr boshlandi. Ertaga bu davlatlarni nimalar kutayotganini ham vaqt ko’rsatadi. Ammo bir savol kishini o’yga toldiradi- O’zbekistonni Rossiyaga bu qadar qaramlikka nima majbur qilmoqda?

 

O’zbekiston - xatolar, xatolar va yana xatolar…

 

 

O’zbekiston mustaqilikka erishgan davrda xalqaro hamjamiyatning sobiq ittifoq davlatlariga e’tibori alohida edi. Ilgari tashqi dunyo uchun yopiq hisoblanga bu davlatlar jahon hamjamiyatini u yoki bu borada o’ziga tortardi. O’sha paytlarda O’zbekiston matbuotida sobiq ittifoqning kirdikorlariga bag’ishlangan materillar bilan tanishar ekan kishi “Ruslar qatya bosib olib yana qullikka mubtalo bo’lmasmikanmiz?” degan qo’rqinchli hayolga borardi kishi. Ammo G’arbning bunga yo’l qo’ymaslik uchun barcha tadbirlarni amalga oshirishini idrok qilish kishini hotirjamlashtirardi.

 

Mustaqillikka erishgan O’zbekiston o’zining tabiiy zahiralari, ichki imkoniyatlari bilan alohoda ajralib turardi. Mazkur salohiyat bilan Islom Karimov aytganidek O’zbekistonni jannat qilib yuborsa bo’lardi. Islom Karimov aytganidek buyuk kelajak oldinda edi.

 

Ammo korrupsiyaning ildiz otishiga asosiy zamin yaratib bergan, o’zi boshchilik qilgan va faoliyatining asosiy qismini kim qacha o’marganiyu, unga qancha ulush berishi lozimligini nazorat qilishga odatlangan Karimov mamlakat istiqbolini esdan chiqardi. Xalq farovonligini oshirish uchun dastlabki yillarda chet el invistitsiyalari muhim rol o’ynagan bo’lsa, keyinchalik bu investorlarning shartlari bajarilmasligi oqibatida xalq farovonligining pasayishi boshlandi va 2000 yildan so’ng bu jarayon keskinlik kasb etdi.

 

Bugungi xukumat dunyodagi deyarli boshqa barcha xukumatlardan farqli o’laroq xalq manfaatlari bilan umuman hisoblashmaydi. Shu bilan bir qatorda kelajak avlod istiqboli, mamlakatning xalqaro sahnadi o’rniga ham ahamiyat bermaydi. Bugungi xukumatning fundamental maqsadi tahtda qolish va uni hech kimga bermaslik bo’lgan va shunday bo’lib qolmoqda. Bu maqsad yo’lida yuqorida tilga olingan omillarni barchasini qurbon qilishga hozir va qurbon qilmoqda ham. Xukumat tarkibida qolish uchun yagona talab, maqsadidan qat’iy nazar unga sadoqat bilan xizmat qilish va milliy manfaatlar oyoq osti bo’lishiga tik qarab tura olishdir. Buni kim qay darajada amalga oshirayotgani yoki amalga oshira olmayotganini kadrlar o’zgarishlari yaqqol namoyon etadi.

 

Andijon voqealarini kim qay yo’sinda talqin qilmasin, bu xukumat uchun yirik imtihon edi va bu imtihondan xukumat a’lo bahoga bo’lmasada o’tishga muvaffaq bo’ldi. Ammo muammolarning ko’lami va o’z imkoniyatlarini inobatga olgan xukumat bundan keyin tashqi qo’llab quvvatlashsiz bu kabi muammolarni “xal qila olmasligi”ni anglab yetdi va keng jamoatchilikdan yuz o’girib Rossiya pinjiga tiqilmoqda. Albatta, yagona maqsadi - xukumatni qo’ldan bermaslik uchun bundan yahshi yechim yo’q!

 

Ammo o’z istiqbolini kafolatlash evaziga xalq nimalarni qo’ldan boy berishga to’g’ri kelgani borasida bugungi xukumat hech qachon fikr bildirmaydi, bildirolmaydi. Chunki bu kabi hoinlik, shahsiy manfaatlarini xalq manfaatlaridan ustun qo’yishni hech qanday sabab bilan oqlab bo’lmaydi.

 

Xalqaro matbuotda Qozog’iston va Belarusyaning Rossiya bilan yagona davlat sifatida qayta shakllanishi borasida asoslanmagan ma’lumotlar mavjud. Garchi bugungi kunda Qozog’iston tomoni bu ma’lumotlarni inkor qilayotgan bo’lsada, bu hodisaning yuz berishi ehtimoli yo’q emas. Agar shunday hol yuz bersa, O’zbekiston bu qayta shakllanishdan chetda qolishini tasavvur ham qilib bo’lmaydi. Faqat Rossiyaga sodiqligini namoyon qilish maqsadida ham Islom Karimov bunday qarorga kelishi mumkin, Zotan uni milliy manfaatlardan o’ziga beriladigan imkoniyatlarning miqyosi ko’proq qiziqtiradi.

 

Agar ushbu ma’lumotlar xaqiqat bo’lsa va Qozog’iston bugun mazkur qayta shakllanishdan bosh tortayotgan bo’lsa bu albatta yahshi hol. Chunki O’zbekiston uchun Qozog’istonni qoldirib to’g’ridan to’g’ri Rossiya bilan yagona davlat sifatida shakllanishdek qadam aqlan qabul qilib bo’lmas holdir. Shu sababli O’zbekistonning kelajakdagi taqdiri Qozog’iston xukumati qabul qiladigan qarorlarga juda bog’liq bo’lib qoladi.

 

ZOKIRJON ALMATOV

 

O’zbekiston Ichki Ishlar Vaziri Zokirjon Almatovning O’zbek xukumatida tutgan o’rni to’g’risida turlicha qarashlar mavjud. Kimlardir uni Karimovni ham qo’lga olib olgan mustabid, barcha muammolarning asosiy sababchisi desa, yana kimlardir uni qo’lidagi ma’lumotlar va imkoniyatlar tufayli Karimov hisoblashadigan yagona shahs sifatida ko’radilar va uning mustaqil O’zbekiston xukumati tarkibidagi eng uzoq vazirlik qilishini ham shu bilan izohlaydilar. Boshqa bir guruh kishilar esa uni ham barcha boshqa amaldorlar kabi Karimovning qo’g’irchog’i sifatida ta’riflab, zulm mashinasining ijro qilish qismi hisoblashadi. Zokirjon Almatov Andijon voqealaridan keyin O’zbeksiton xukumatiga joriy qilingan Evropa Ittifoqiga kirish cheklovlari ro’yhatida birinchi o’rinda turgan bo’lsada, bugun navbatdagi sovuq urushning asoschisi Putin harakatlari bilan Germaniyada davolanish imkoniyatini qo’lga kiritdi.

 

Uning sog’ligi yomonlashgani sabab o’z arizasiga binoan vazifasidan ozod qilinishi ham turli munozaralarga sabab bo’lmoqda. Vazifasidan ozod qilingani xalqaro hamjamiyatdan ma’lum qisqa davr sir tutildi. Uning o’rniga tayinlangan yangi vazir Islom Karimov manfaatlarini qay darajada himoya eta oladi? Zokirjon Almatov siyosiy sahnani tark etishi xukumatga qanday tasir qiladi? Bu savollarni ham oliy hakam vaqt ko’rsatadi.

 

Zokirjon Almatovning Germaniyada davolanish imkoniyatini qo’lga kiritgani ko’plab xalqaro tashkilotlarning o’rinli e’tiroziga sabab bo’ldi. Bu tashkilotlar Zokirjon Almatovni Germaniya qonunlari doirasida so’roq qilish talabi bilan chiqdilar va xalqaro hamjamiyatni o’z chaqiruvlarini qo’llab quvvatlashga da’vat etdilar. Bu da’vatlar boshqa tashkilotlar tamonidan befarq qoldirilmadi va ularning chaqiruvni qo’llab quvvatlagan tashkilotlar soni kundan-kunga oshib bordi. Ammo O’zbek Muxolifati bu da’vatlarga befarqlik bilan yondashib, chaqiruvni qo’llab quvvatlashni lozim topmadi. Bazi muxolif partiya va guruhlar web sahifalarida bu chaqiruvlar va unga Germaniya xukumatining munosabatini yoritgan bo’lsalar, boshqalari shunga ham jurat eta olmadilar.

 

MUXOLIFAT

 

So’ngi 15 yil mobaynida boshi bir joyga kelmagan O’zbek Muxolifati Andijon hodisasidan so’ng qayta birlashish tashabbusi bilan chiqdilar. Mohiyati jihatidan avvalgilaridan tubdan farq qiladigan yangi tashkilot ma’lum ma’noda birlikka erisha oldi. Ammo ilgarigi muxolif guruh va partiyalar kabi bu tashkilotning ham daslabki maqsadi birinchi va ikkinchilarni aniqlash, maqsad va vazifalardan ikkilamchi masalarni ustun qo’yish bo’lib qolmoqda. Muzokara va munozaralarda “og’riqli nuqtalarni” aylanib o’tib, asosiy maqsad sari intilish o’rniga, munosabatlarni aynan “og’riqli nuqtalar” tamon yo’naltirib, dastlabki muxolifatchilar qilgan hatolarni takrorlash arafasida turibdilar. Shuni aytib o’tish joizki, kompromisga o’rin yo’q ekan, umumiy maqsad yo’lida kichik kamchiliklardan ko’z yumib hamkorlik qilinmas ekan, maqsad va vazifalar ustivorligi ta’minlanmas ekan rivojlanish va qandaydir natijalarni qo’lga kiritish borasida so’z yuritishga hojat yo’q.

 

Erk Demokratik Partiyasi Lideri Muhammad Solihning BBC radiosiga bergan intervyusida O’zbekistonda rangli inqilob qilishga yirik tayyorgarliklar borayotgani ma’lum qilindi. Hatto xukumat a’zolari, xavfsizlik xizmatlari ham ularni qo’llab quvvatlayotgani e’tirof etildi. Agar bu ma’lumot xaqiqat bo’lsa va ertaga Karimov xukumatining o’rninini demokratik kuchlar egallasa bu O’zbekiston tarihida yangi sahifaning ochilishi bo’ladi. Ammo ajablanarlisi bunday tadbirlar odatda sir saqlanib, tabdirlar boshlanguncha xukumat xabardor qilinmasligi an’ana bo’lgan xolda, O’zbek muxolifatining xalqaro matbuotda ovoza qilishi nimani anglatadi?

 

O’zbek muxolifatidagi bu kamchiliklar va ularning doimiy takrorlanishi, tarixiy xatolardan to’g’ri xulosa chiqara olmaslik nima bilan bo’g’liq? Bugungi muxolifatning asosini tashkil qilgan avlodga hos muhim hususiyatmi bu? Unda bugungi muxolifat o’rnini yoshlar egallamaguncha, yoki muxolifatdagi yoshlarning soni ko’pchilikka ta’sir qiladigan darajaga chiqmaguncha vaziyat shundayligicha qolaveradimi? Yoshlarning muxolifat safiga kirishlari, faol ishtiroq etishlari uchun nima qilish lozim? Umuman yoshlarning muxolifatda xal qiluvchi ahamiyatga ega bo’lishini umid qilsa bo’ladimi?

 

JAHON O’ZBEKLAR KENGASHI

 

Bugungi muxolofat va uning faoliyatidan Islom Karimovning ko’ngli to’qligini e’tirof etishdan maqsad muxolifatchilarni dilini og’ritish, ularni kamsitish emasligini to’g’ri tushunsalar maqsadga muvofiq bo’lar edi. Islom Karimov uchun bugun mamlakat tashqarisidagi yoshlarning bir maqsad atrofida birlashib, ahamiyat kasb etadigan mavqeni egallashlari va xalqaro hamjamiyat oldida bugungi tarqoq va samarasiz muxolifatga nisbatan kuchliroq ta’sirga ega bo’lib olishlari havfliroq. Ayni havf sababli bugungi kunda o’ziga sadoqatli yetakchilar tashabbusi bilan tizgini o’zining qo’lida bo’lgan bir tashkilotga asos solishni lozim topdi. Tashkilot asoschilari ishlab chiqqan o’ziga hos va o’ziga mos dasturning ahamiyatli tamoni, uning yoshlarni jalb qila olishidir. Masalan “AQSh O’zbekiston munosabatlarini yahshilash” maqsadini ko’rib tashkilotga a’zo bo’lgan yoshlar, keyinchalik munosabatlarning yahshilanishi AQSh jamoatchiligi oldida o’ziga to’q, hayotidan minnatdor xalq ko’rinishini namoish etib, AQSh xukumatining bugungi “chuqur xavotirlari” noo’rin ekanini ko’rsatishdir. Shu bilan bir qatorda, bu tashkilot mavjud bo’la turib, yangi bir tashkilotning shakllantirilishi ehtimoli kamayadi. Demak mavjud tashkilot bugun O’zbek xukumati manfaatlariga xizmat qilish bilan bir qatorda, unga xizmat qilishni istamaydigan tashkilotning yuzaga kelishini oldini ham oladi.

 

Jahon O’zbeklar Kengashi tashkilotchilaridan biri, jurnalistligi sabab “betaraf” bo’lish majburiyatida qolayotgan Odil Ruzaliev bu tashkilotning shakllanishi, unga a’zolarning jalb qilinishi bilan bir qatorda, tashkilot o’tkazgan tabdirlarga ishtirokchi jalb etish, tashkilot borasida tug’ilgan xaqli fikrlarni ustalik bilan inkor qilib, tom ma’nodagi oqlovchilik vazifasini o’tashni ham maromiga yetkazib amalga oshirdi. O’zbekistonning AQShdagi elchisi Abdulaziz Komilovning tadbirga tashrif buyurishi tasoddifan, qo’qqistan yuz berganligini e’tirof etilgan bo’lsa, tashkilot uyushtirgan tadbirlarning O’zbekiston xukumati yoki O’zbekistoning AQSh dagi elchihonasi qisman moliyalashtirgani borasidagi ma’lumot inkor qilindi.

 

Birovlar omadsiz bo’lgani holda Jahon O’zbeklar Kengashi yutuqlarini ko’ra olmayotgani aytilgan bo’lsa, yana birovlar falon ming dollar grant evaziga yurgizayotgan veb sahifasini to’ldirish uchun bu tashkilotni tanqid qilayotgani bildirildi. Ammo tashkilot va tadbir borasida berilgan savollarning barchasiga javob olish imkoni bo’lmadi. Vaholangki, agar tashkilot O’zbekiston manfaatlari doirasida faoliyat yuritmayotgan bo’lsa, O’zbekistondan tashrif buyurgan honandalar “ko’zda tutilmagan sabablar bois” yetib kela olmasliklari lozim edi. O’zbekistonning AQShdagi elchisi mustaqil ravishda bunday tabdirga borishga qaror qila omasligi ham sir emas. Xullas bu jarayonlarni kuzatib, “betaraflik” so’zining lug’aviy ma’nosi ancha o’zgarib ketganiga amin bo’ladi kishi.

 

XULOSA

 

Bugun vaziyat qay darajada bo’lishidan qat’iy nazar, O’zbekiston buguni va kelajagida muhim o’rin tutushi mumkin bo’lgan kishilarning asosiy qismi “Kim qanday harakat qilmasin, ertaga Karimovning o’rniga boshqa Karimov kelib uning faoliyatini davom ettiraveradi, buyoqdagilar esa huddi bugungiday o’z faoliyatlarini davom ettiraveradilar” deguvchilar juda ko’p. Albatta ular xaqlar! Qachonki har birimiz o’z xaq xuquqimizni bilmasak, uni birgalikda, hamkorlik-hamjihatlikda talab qilmasak, birovning faoliyatiga baho berib, o’zimiz jim o’traversak hech narsa o’zgarmaydi. Aniq va real maqsad yo’q ekan, maqsadga erishish uchun belgilangan vazifalardan ikkilamchi, aslida hech narsani hal qilmaydigan vazifalar ustun qo’yilar ekan, va buning oqibatida birdamlik, hamkorlikka barham berilar ekan, ertaga hech narsa o’zgarmaydi.

 

Mening salohiyatim barchanikidan kuchli degan bilan, boshqani tan olmaslik bilan, noo’rin munozaralarga barham bermaslik bilan hech narsaga erishilmaydi. Xalqqa yetib borish uchun xarakat qilmaslik, xalqda xukumat va muxolifat borasida xaqqoniy fikr uyg’otmaslik biror natijaga boshlamaydi. Muxolifatni xalq muxolifat deb taniganda, tan olgandagina u muxolifat bo’la oladi. Anashundagina muxolifat amaldagi xukumat bilan bellasha oladi. Ungacha…

 

Ungacha Rossiya Ukrainaga gaz berish evaziga o’z ta’sirini o’tkazishga urinayotgan bir holda, O’zbekiston xalqi Rossiya qaramog’ida qolish uchun Rossiyaga gazini berib, gaz taqchil qahraton qishini zahmat to’la yozga ulab yashayveradi.