Jaloliddin
“Nima bo’lardi, Karimov ketib,
o’rniga boshqa “Karimovchi” keladi!” mi?
Bugungi O’zbek ijtimoiy-siyosiy xayoti xaqida yozishni maqsad qilib uzoq o’yladim. Nimadan boshlayman, nima bilan tugaydi? Aslida nimadan boshlangani, hali nima bilan tugashi mavhum bo’lgan bu tizim xaqida nima ham yozish mumkin? Uni kimlar yuzaga keltirgani, kimlar sababchi, aybdorliginimi? Bu xaqda men kimgadir yangilik yetkaza olamanmi? Aslo! Unda nima xaqda yozish kerak? Uning qachon va qanday o’zgarishini bashorat qilaymi? Qariib 20 yildan beri “moslashayotgan” xalqning birdan keskin o’zgarish qilishi xaqida, xatto unga kimlar boshchilik qilishlari lozimligini keltiraymi? Safsatadan ne naf? Xayronman…
Yoshligimizdan birga o’sgan do’stlarim bilan aynan mustaqillik atalmish davrda tarbiya topdik, ta’lim oldik, shunday atash mumkin bo’lsa kamolotga yetdik. Yoshlikda hammamizni bir maktabga boshlagan bu hayot yo’llari endi barchamizni turli taraflarga uloqtirib yuborgan, har yili bir-ikki ko’rishsak ko’rishamiz, yo’qsa yo’q. Har kimning boshida o’z turmush tashvishlari, maqsadlari, orzulari. O’zim va do’stlarim misolida oddiy O’zbekning hayotiga baho berar ekanman, jamiyatda mavjud kamchiliklar, O’zbekni bugungi holga keltirgan muammolar hammamizda borligiga amin bo’laman. Davlat idoralarida ishlashni tanlaganlar misolida bu kamchiliklar mavjud korrupsion tizimga o’zi istar-istamas singib ketish bo’lsa, shahsiy biznes yuritayotganlarning misolida bu davlatdagi korrupsiyadan foydalanib, qonunlarga chap berib daromad ortirishini tabiiy qabul qila olishdir. Albatta bular eng ko’zga ko’ringan, ayni paytda boshqa muammolarga “ota-ona” vazifasini o’tovchi omillardir.
O’z do’slarim misolida O’zbeklarning aynan korrupsiyaga, noqununiy daromad orttirishga tabiyatan moyil emasliklarini bilaman. Ular ham, bu ishni astoydil qilayotgan boshqalar ham aslida vatanparvarlik, vijdon va diyonat xislaridan mahrum emaslar. Ammo davlat tomonidan yaratib berilgan iqtisodiy-siyosiy tizim aynan mana shunday usuldagina yashab qolish mumkinligini ko’rsatadi, shunday yashashni taqazo etadi.
O’n yillar oldin kardinal o’zgarishlar qilish uchun bel bo’g’lagan, mahallamiz, shahrimiz, yurtimiz istiqboli uchun mehnat qilishni maqsad qilgan, vatan va xalq ravnaqini oliy burch deb bilgan biz yoshlarning bugungi hayot tarzimiz tamomila boshqa yo’sinda o’tmoqda. Har birimiz o’zimiz, individual ravishda bir-birimizdan, atrofdagilardan, jamiyatdan bir qadam ilgari bo’lishni o’ylaymiz. Yigirma yetti millionlik xalqning bir vakili sifatida har birimiz o’zimizning shahsiy olamimizgagina bog’lab qo’yilganmiz. Har birimiz o’z manfaatlarimiz yo’lida qachonlardir “oliy burch” deb xisoblangan xalq farovonligi, vatan ravnaqini qurbon qilishga xozirmiz, qilmoqdamiz. Chunki ijtimoiy oqimga qarshi turib, “to’gon” bo’lish uchun, oqimni lozim tamonga o’zgartirish uchun bir, o’n xattoki yuzlab kishining bosh ko’tarishi befoyda ekanini yahshi bilamiz. Qolaversa yahshash ham kerak, yashash uchun esa shu jamiyatda o’z o’rnini topmoq lozim. Mana yigirma yetti million xalqning individual muammosi. Bu muammoni xal qilish uchun ne qilmoqloq lozim, qachon shu ish amalga oshadi, uni kim qay yo’l bilan amalga oshiradi, buyog’i hech kimga ayon bo’lmagan tilsimot menimcha…
Bugun O’zbekiston matbuoti gullab-yashnayotgan, tarix atalmish kitobining har bir kuni yangi yutuq va zafarlar bilan to’layotganini bong ursa, asosini muholifat va uning manbaalari tashkil qiluvchi xorij matbuoti kundan-kunga vayronalikka yuz tutayotgan, ochlik va kambag’allik xukm surayotgan qilib ko’rsatmoqda. Tafovutning nega bu qadar ekanini albatta oddiy O’zbek fuqarosi ham yahshi biladi. Ammo bu axborotlardagi xaqiqat qay darajada? Asl hayot qanday?
Bu savol ham murakkab, javob undanda mujmal chiqsa ajabmas. Bugun O’zbekistonning aholi zich yashaydigan xududlarida pul mablag’larining aylanishi ancha yuqori, qisman bo’lsada ishlab chiqarish bor, ayniqsa xizmat ko’rsatish avjida. Shaharlarda yurgan mashinalarning naq to’rtdan uch qismi taksi, oldi katta ko’chaga qaratib qurilgan uy borki yo oshxona yoki do’kon- xaridorini topib ishini yurita olyaptimi, kasod bo’lyaptimi buni xisob-kitobini qiladigan odamning o’zi yo’q. Daromad qilyotganlarning hammasi davlat belgilagan soliqdan tashqari “qo’shimcha to’lov” to’lashi allaqachon tabiiy xolga aylangan. Katta shaharlarda, ayniqsa poytaxtda bir oila bir oy kun kechirishi uchun lozim bo’lgan eng kam mablag’ga viloyatlarning chekka qishloqlaridagi oilalar bir yillab kun kechirishadi. Katta shaharlarda pul mablag’larining yahshiroq aylanishiga yana bir sabab davlatning aholi zich xududlarda norozilik kelib chiqishi oldini olish uchun “o’z vaqtida” xisob-kitobni yo’lga qo’yganidir.
Ammo qishloq joylarda axvol tubdan farq qiladi. Aholining asosiy qismi qishloq ho’jaligida band. “Qishloq ho’jaligi”da bandlikning ham turlari bor: davlat qaramog’idagi yerlar- shirkat ho’jaliklarida ishlaydigan dehqon yil bo’yi mehnat qilib terimda pul olsa oladi, yo’qsa uni ham davlat belgilagandan past narhda berishadi. Sho’ring qurg’urning yeri mahalliy amaldorlar manfaatdor bo’lgani uchun har yili “hasharga” olib kelinadigan talabalarga berilsa terim pulidan ham quruq qoladi. Xususiy fermerlarga yollangan dehqonlar bo’lsa terim puli bilan o’zlari uchun ajratilgan kichik dala maydonida talabiga qarab biror mahsulot yetishtirib oladi. Shirkat ho’jaligida ishlab pul ololmaydigan, xususiy fermerlar cheklangan bo’lgani sabab ishsiz aholi esa kichkinagina tomorqasida tirikchilik qiladi.
Elektr uchun har oy o’rtacha 20-30 ming gaz uchun yana shuncha to’lash qishloqda bir amallab kunini ko’rayotgan dehqon u yoqda tursin shaharlikning ham imkoni darajasida emas. Shu sababdan qishloq joylarida qahraton qishta gaz deyarli umuman bo’lmasa, elektr toki haftada 2-3 marta “cheklab” qo’yiladi. Bugun qishloqlardagi deyarli barcha uylarning bir-ikki xonasiga eski “cho’g’ pech”lar o’rnatilgan. Qish mavsumida manzarali daraxtlar tugab pillaga ekilgan tutlar ham chopib uylarni isitishga yoqilmoqda. Qishloqlarda hayot tarzi yigirma o’ttiz yilga ortga qaytib ketgan. Issiq suv, gaz plitada ovqat qilish, doimiy elektr ta’minoti degan tushunchalar unitilayozgan…
Ammo O’zbek nolimaydi, oshini pishirish uchun yozi bilan masallig’ini yetishtiradi, noni uchun bug’doy jamg’aradi, qornini bir amallab to’yg’azib oladida, qolganiga ko’nikaveradi. Odamlar “serialoterapiya” qilingan. Kuniga kamida beshta serial kechqurun bir mahal ertalab takroran namoish qilinaveradi. Seriallar odamlarning ongiga shu qadar ta’sir qilganki, bir-biri bilan xayot, turmush, ish yuzasidan emas, serial yuzasidan gaplashadi, Individuallik avjiga chiqqan bu jamiyatda o’zi aravasini zo’rg’a tortayotgan bir paytda birovdan “yahshimisan?” deb so’rab, yarasiga tuz sepib nima qiladi? Undan ko’ra kechagi seriani miriqib muhokama qilishsa ko’ngli yoziladi, dardi biroz bo’lasada unut bo’ladi.
Bolasini Rossiyaga yillab yuborib, jonini xatarga qoyib topib kelgan puliga oldingiday, undanam kattaroq to’y qiladi. 300-400 odamni qornini bir marta to’yg’azib, arog’ini ichirib, bolasini yillab qilgan mehnatini ko’kka sovuradi… Anashunda asabi kuchsiz, irodasi zaif biror kishi mast bo’lib baqirib-baqirib yig’laydi- “Ey Hudo aybim nima?…” Surishtirib ko’rsangiz yoki hali ham to’y qilib bera olmadim deb yuzi shuvut kishi mastlikdan dardini aytgan, yoki hayot mashaqqatlarining yana bir zarbasidan gangib yurgan kishi bo’lib chiqadi - O’zbekchilik…
…Yaqinda uzoq yillar ko’rishmagan bir sinfdoshimni uchratdim. Oilaviy ahvoli sabab maktabni ham tugatmay ustaga shogird tushgandi, hozir o’zi ham usta ekan. Biroz suhbatlashdik, maktab ko’rmagan bo’lsayam hayot maktabini yahshi o’rgangani oq oralagan sochlaridan ko’rinib turardi. Uning fikrlashi meni hayratga soldi. “Yoshligimda xayotni dengizga o’hshatardim, unda cho’kmay tura olishi uchun odam tinmay xarakat qilishi kerakligini bilardim. Endi bilsam xayot dengiz emas botqoq ekan, xarakating kundan kunga oshmasa chuqurroq kirib, cho’kib boraverar ekansan…” Bugungi O’zbekning xayotini tariflash uchun har qanday yetuk faylasufni ishga solmang, bu qadar aniq, tushunarli va shaffof qilib tariflab bera olmasdi. Bu bugungi O’zbekning xayotiga berilgan eng oliy ta’rif, eng xaqqoniy baho edi nazarimda.
Boshi mehnatdan chiqmasada ro’shnolik ko’rmay qo’ygan, mehnati ortgan sari zahmati ham ortayotgan, yetmish yil rusga qul bo’lib topgani oshhona, gaz plitayu isitish batareyasidan yana mahrum bo’lib qahratonda o’tin yorib tashqarida o’choq qilib kun kechirayotgan bu xalqni kelajakda nima kutmoqda? Bu aqlga sig’mas paradoksning chegarasi bormi? Bo’lsa qayerda, qachon unga boramiz, kim bizga bu chegarani belgilab beradi? Sabr kosamiz ham bir kun to’lar, unda nima qilamiz? Hech nima! Aniqrog’i moslashamiz! Yigirma yil ichida nima qilgan edikki, endi biror ish qilsak. O’zimizni, bola chaqamizni bir ammallab boqib olamizda yashayveramiz, boshqalar ham o’zini o’zi eplaydi…
Ilgari kimlarningdir, ayniqsa u kishi ziyoli bo’lsa “Nima bo’lardi, Karimov ketib, o’rniga boshqa “Karimovchi” keladi, hayot bugungiday davom qilaveradi” deganini eshitsam chidab turolmasdim. Hamma narsaning chegarasi bor bo’lgani kabi, bu rejimning ham chegarasi bor, bir kun demokratiya quyoshi porlaydi deb ishonardim. Hozir o’ylab qarasam kimga keragi bor shu demokratiya quyoshining? Pechkaga o’tin yorish kerak, qishga bug’doy, yegulik jamg’arish kerak, demokratya xaqda o’ylashga vaqt qayoqda deysiz? Ertaga Karimov bo’ladimi, Karimova bo’ladimi yoki “Karimovchimi” bizga yengil bo’lmaydi, shuni uchun u xodisalarga e’tibor ham qaratmay, chalg’imay yashash uchun kurashda davom etaveramiz…
Bugun chetda turib “xalq farovonligi, vatan ravnaqi” ni qayg’urayotgan muxolifat falakning charhpalagi teskari aylanib o’zi o’n yillab orzu qilgani xukumat boshiga kelib qolsa nima o’zgaradi? Ming kishi mukammal tizimga aylanib ketgan “yashash uchun kurashni” o’zgartira olarmidi? Yigirma yetti million odamni o’zlariga moslashtirisharmikan yoki o’zlari yigirma yetti million kishiga moslashib olib, oldingi xukumat funksiyasini davom qildiraverishadimi?… Bu savollarga bugun javob berishning imkoni ham, zarurati ham yo’q aslida.
Xalq va vatanni sidqidildan qayg’urgan kishi shu xalqning ko’zini ochishni, vatanining ushbu salohiyati bilan uning yashash tarzi bu qadar past bo’lmasligi shartligini, yahshi yashash hammaning teng xuquqi ekanini, birgalikda har qanday muammoni xal qilish mumkinligini uqtira olsa, yetkaza olsa, kimni xukmron qilib tayinlashni xalq o’zi xal qilib oladi. Buning uchun anglatishi lozim kishining o’zi buni anglashi, xis qilishi juda muhim. Bugun kimlar xukumatga intilmayaptilar? Bunday xukumatda amal kursisi olish kimning orzusida emas? Muxolifat ham shu ro’yhatga kirib qolayotgani ham achinarli ham shubhali! Bunday muxolifatga xalq ergashadi deb kim ayta oladi? Xalq o’zini ko’zini ochgan muholifatga ergashadi, o’sha muxolifatni o’ziga xukmdor etib tanlaydi. Ammo ko’rinishidan bunga hali ancha bor.