Jaloliddin
“Odamlar, ogoh bo’ling!”
Savollar, savollar… Nega O’zbekiston tashqarisida bo’lgan muxolifat har kun biror kamchilikdan nolir ekan ichkarida hech kim indamaydi? Nima uchun axvol bu qadar yomon bo’lsa odamlar norozilik izxor qilishmaydi? Nima sababdan “demokratik tashabbuslar” mamlakat ichkarisidan chiqmaydi?..
Muhtaram prezidentimizning oltinga teng so’zlari bor- “Odamlar, ogoh bo’ling!” Bu so’zlarning naqadar chin dildan aytilganini bilmadimku, ammo bu so’zlar zamirida yotgan mazmun shu qadar muhimki, darxaqiqat ogohliksiz, voqifliksiz hech qachon hech nima o’zgarmaydi. Tashqaridagi “muxolifat” qanchalik xarakat qilmasin, ichkarida bugunini qanday o’tkazish qayg’usidan orta olmayotgan, tashqi olamdan batamom uzib qo’yilgani parvosiga ham kelmaydigan xalq “yashab qolish uchun” kurashni davom qildiraverar ekan, biror o’zgarish kutishdan ne naf?
Maddohlik avjiga chiqqan, ommaviy axborot vositalarining tili davlat tomonidan qattiq siquvga olingan bir jamiyatda ogohlik, voqiflik xaqida o’ylashdan, umid qilishdan foyda nima? Olayotgan oyligining oliy ma’lumotli mutahasis oyligidan ikki barobar baland ekanidan g’ayratga to’lib, xaqiqatning yuziga bezbetlarcha oyoq qoyadigan MXXchilari bor ekan, ular o’z vakolatidan foydalanib, shaxsiy manfaati yo’lida vijdon-diyonatini pullar ekan, bu jamiyatda o’zgarish bo’lishini kutish mumkinmi? Xuddi shu oyligining ozgina ko’proq ekani yurtning asl o’g’lonlarini qiynoqlarda o’ldirishga yo’l qo’yib beradigan vahshiy jamiyatdan qanday o’zgarish kutsa bo’ladi?.. Masalaning tub mohiyati nimada? Savollar qachon adog’iga yetadi? Qachon bu mukammal jumboqning yechimini topamiz?
Tarixdan ma’lumki, Markaziy Osiyo bir necha tarixiy jarayonlarni “sakrab o’tgan” va nihoyat rus og’alari “boshchiligida” buyuk sosialistik jamiyat vujudga kelgan edi. Ammo manashu sakrab o’tilgan “quldorlik jamiyati”ning o’rniga “erkin yollanma ishchi-dehqonlar” sinfining shakllanishi kabi tarixiy xodisalar asnosida ajdodlarimiz zehniyatida “qullik” va “ozodlik” tushunchalari o’rtasida to’laqonli chegaraning o’rnatilmay qolgani bugungi kunda o’z asoratlarini ko’rsatmoqda. Eramizning 500 yillarida Evropada vujudga kelgan tuzum Evropa xalqlarining “qullik” va “ozodlik” o’rtasida ma’naviy chegara o’rnatishlariga xizmat qilgan. O’sha davrlarda vujudga kelgan xarbiy davlatlarning asosini tashkil qilgan askarlarga erkin dehqonlarning yerlari davlat tomonidan tortib olib berilishi, kuchishlatar tizimlarga berilgan ma’muriy imtiyozlar oddiy xalqda ozodlikning asl bahosini idrol etish, uni talab qilish va unga erishish hissini uyg’otgan.
Mazkur jarayonlar Markaziy Osiyo xalqlari, xususan O’zbekiston xududida sodir bo’lmaganini “tarixiy bosqichni sakrab o’tish” demoqlikdan “tarixiy bosqichga kech yetib kelmoqlik” deyilsa to’g’ri bo’ladi.
Bugun axolisining 70 foizi kishi jon boshiga kunlik daromadi 1 dollarga ham yetmaydigan -qashshoqlikda yashayotgan xalqning tizginini qo’ldan bermaslik uchun davlat kuchishlatar tizimlari safini tinimsiz kengaytirar, ularga cheklanmagan imtiyozlar berar ekan, buning oqibatlari ham tarixan Evropada kuzatilgan “xalq noroziligining yanada oshishiga” xizmat qilmoqda.
Tarixiy manbaalarning guvohlik berishicha, yerlari davlat tomonidan tortib olinmasligi yoki qo’shni amaldorlar qaramog’iga o’tkazilmasligi uchun boshqa bir amaldorga tobe bo’lishga rozi bo’lish, oqibatda baribir o’z daromadiga sherik orttirish oxir oqibat Evropa xalqlari dehqonlarining keskin noroziliklariga sabab bo’lgan va natijada tarixiy o’zgarishlar yuzaga kelgan. Bugun ishga yaroqli aholisining deyarli o’ndan biri kuchishlatar tizimlarda faoliyat yuritayotgani uchun “tizginni qo’lida ushlab turgan xukumatning” shu kuchishlatar tizimlar sadoqatiga erishish maqsadida katta imtoyozlar berishga majbur bo’lishi oxir oqibatda o’z boshiga yetsa ajab emas. Jamiyatning “yahshi yashaydigan” sinfiga aylangan militsiya va zobitlar, mamlakat “elitasi” asosini tashkil qiluvchi MXXchi va amaldorlar ishtahalari tufayli erta indin boridan ham ayrilajak bu xalqning bosh ko’tarishi muqarrar.
O’zbek zehniyati har qanday qiyinchilikga ko’nika olsada, kuchishlatar tizimlar safining bu qadar kengayishi ertaga ularning bugungiday “qoniqarli” ta’minotga ega bo’lishlari imkonini pasaytiradi. Manashu potensial xafv qachondir mamlakatda keskin o’zgarishlar qilish talabini yuzaga chiqaradi. Bu xavfning yuzaga chiqishi esa yana shu xalqning zimmasiga tushadi. Peshona teri bilan topgan bir burda nonini ham kimlar bilandir bo’lishishga rozilik bermasligi kuchishlatar tizimlar safida ham “qoniqmaganlar” sinfini shakllantiradi. Natijada oddiy xalq bilan bir qatorda o’zgarishlarga ehtiyoj sezgan kuchishlatarlar sinfining asosiy qismi biror o’zgarish qilish chorasini ko’radilar. Ungacha esa imkonini topganlar xukumatga yollanib xalqni talayverishadi, qolganlar esa bu talashlarga bardosh berib, bugunini bir amallab o’tkazganiga shukur qilib, ertasi borasida qayg’urib yashayveradi.