Tahlil

 

 

 

Jaloliddin

 

 

Umumiylik va Farqlilik

 

 

Bugun O’zbekiston xalqining hayot xaqidagi qarashlari turlicha. Tabiiy, umuminsoniy, ertasini qayg’urib, farzandlari kamolini niyyat qilib yashash kabi umumiy maqsad va tushunchalar bilan bir qatorda O’zbekiston xalqida shunday tushunchalar ham mavjudki, ular O’zbek xalqini jamiyat sifatida boshqa xalqlardan tubdan ajratib qo’yadi. Bunday o’ziga hoslikning boisi bugungi ijtimoiy-siyosiy ahvolmi, yoki aksincha bu o’ziga hosliklar boisi o’laroq bugungi ijtimoiy-siyosiy muhit yuzaga kelganmi degan savolga javob berish juda mushkul. Nima bo’lganda ham buday o’ziga hoslik mavjud, va uni tahlil qilish ancha savollarga javob beradi.

 

O’zbekistonda xalqini turli omilar bo’yicha turli guruhlarga ajratish mumkin. Bu omillardan biri individuallikdir. O’zbekiston xalqining deyarli har bir fuqarosi, kasbi, ma’lumoti, mutahasisligi va shahsiy qarashlaridan qatiy nazar, o’zini o’zi yahshayotgan jamiyatning uzluksiz bir bo’lagi deb xisoblamaydi. Bu jamiyat muammo va yutuqlarida, buguni va kelajagida muhim rol o’ynovchi ahamiyatga ega ekanini his qila olmaydi. His qila olmaydi deyish bilan ularni bu omillarni idrok etmaslikda ayblagan bo’lamiz, ayni sababdan ularni bu umumiylik hissini tan olmaydi desak ancha to’g’riroq bo’ladi.

 

Tarixga nazar tashlasak, rivojlanishning asosiy omillaridan biri bu umummanfaatdorlik, muammolarga birgalikda yechim izlash, yutuqlarga teng hissa qo’shish ekanini ko’ramiz. Shunday ekan, bugun tom ma’noda xalq bo’la olmayotgan O’zbekiston aholisining rivojlanish uchun imkoniyatari juda kam ekanini tan olmasdan ilojimiz yo’q.

 

Kishilarni ajratadigan ikkinchi omil esa ularning ma’lumotsizligi, axborot olish uchun imkoniyatlari yo’qligidadir. Har bir odam o’z hayot tarziga baho berar ekan, albatta atrof muhitini, o’zi idrok qila oladigan borliqni etiket qilib oladi. O’z hayot tarzini shu muhit bilan solishtiradi, shu muhitga nisbatan o’ziga baho beradi.

 

Bugungi O’zbekiston sharoitida axborot olishning eng o’ziga hos tomoni bu axborotning bir kishi xoxish-istaklari, qarashlari doirasida filterlanishidir. Mana o’n besh yildan ortiq vaqt mobaynida, olti milliardlik insoniyatning yigirma yetti million a’zosi sifatida O’zbek xalqi tashqi dunyodan tor istak va qiziqishlar doirasidagi ajratib qo’yilgan. Tashqi dunyo xaqida ulargacha yetib boradigan axborotlarning ma’lum qiziqishlar doirasida filterlanishi yoki ma’lum tamondan tahlil qilinishi O’zbekiston axolisining ogohlik va voqifligini bugungi o’ta past darajaga tushirib qo’ygan. Dunyoda sodir bo’layotgan salbiy xodisalar, xalokatlardan iborat yangiliklar oqimi O’zbekiston axborot maydoning asosini tashkil etadi. Ayni paytda, millionlab fuqarolarning xoxish istaklari sabab davlatda sodir etilgan xukumat to’ntarishlarini o’z manfaatlari yuzasidan “qo’poruvchilik xarakatlari”, “boshboshdoqlik”, “to’laligicha noqonuniy hatti-harakatlar” deya talqin qilib, salbiy ma’lumotlarga asoslangan axborot maydonini yanada boyitib boradi.

 

Ayni paytda, mamlakatda yuz berayotgan ichki iqtisodiy-siyosiy o’zgarishlar istesno tariqasida faqat ijobiy tamonlari yoritiladi. Axborot vositalarning ijtimoiy o’zgarishlarga o’rn bera olmasligining sababi esa atiga ming fuqaro manfaatlariga xizmat qilgan ijobiy o’zgarishningda yo’qligidadir. Yuqori mansabdorlarning millionlab dollarlar evaziga yangi uylar qurayotgani, xalq manfaatidan yuz o’girib millardlab dollarlarni o’zlashtirishga muvaffaq bo’lishgani borasidagi ma’lumotlarni tabiiyki xalq e’tiboriga xavola etib bo’lmaydi.

 

Shunday ekan bugun O’zbek jurnalistikasini tom ma’nodagi o’ta mashaqqatli va chuqur mahorat talab etadigan kasb deb atash mumkin. Chunki tashqi dunyoda sodir bo’layotgan barcha o’zgarishlarni sabiy tomondan talqin qilish, cheksizlik sari intilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy muammolar orasidan ko’zga ko’rinmas ijobiy o’zgarishlarni “yuzaga chiqara olish” xar qanday jurnalistning ham qo’lidan kelavermaydi.

 

Xar kuni dunyoda sodir bo’layotgan salbiy xodisalar va mamlakatda mavjud ijobiy o’zgarishlarni taqqoslagan kishining ongida qaysidir ma’noda qoniqish xissi sodir bo’ladi. Qolaversa qo’ni-qo’shnilarining o’zi kabi xayot kechirayotgani, atrofidagi jamiyatdan o’zining keskin farq qilmasligi ham unga taskin beradi.

 

Manashu joyda kishiga uning yuqorida takidlangan individuallik xissi pand beradi. O’zini o’zi mansub bo’lgan jamiyat a’zolari bilan taqqoslar ekan kishi “Nega men bunday yashayapman?” degan savolni qo’yadi va savoliga “Axir men hamma qatori shunday yashayapman, men jamiyatdan ilgarilab keta olmayman!” degan qoniqarli javobni kashf qiladi. U o’ziga “Nega biz bunday yashayapmiz?” deya olmaydi - bu uning ongiga yot tushunchadir.

 

Ayni paytda o’zi tan olishi mumkin bo’lgan “biz” ni solishtirish uchun boshqa jamiyat xaqida xaqqoniy tushunchaga ham ega emas. Sun’iy vujudga keltirilgan individuallik va axborotsizlik omillari simbiozi vaziyatni ikki marotaba murakkablashtirib, uni oddiy ong bilan idrok qilib bo’lmas ikki noma’lumli murakkab tenglamaga aylantiradi.

 

Aholini ajratish mumkin bo’lgan yana bir omil esa befarqlikdir. Bu omil asosida guruhlangan kishilar soni nisbatan juda kamdir. Ular asosan o’zlari yashayotgan jamiyatdan bir pog’ona yuksak xayot tarzi kechirishadi, Shu bilan bir qatorda, ularning asosiy qismi yuqorida tilga olingan murakkab tenglamaning yechimini ham bilishadi. Ular bugungi muammolarning tub ildizi nimada ekanini idrok qila olgan xolda, bu muammolar ularga nisbatan kam ta’sir qilayotgani, o’zlari atrofdagilardan nisbatan yahshiroq yashayotgani bois “Nega endi men yechim izlay, bu yechimdan mendan ham ko’proq manfaatdorlar jim turishiptiku?” degan aqidaga amal qilishadi. Mazkur omil yuqoridagi ikki omildan fojealiroq ekani muammoni yecha oladigan kishilarning xarakatga kelmasligida aks etadi.

 

Yanada muhimroq nutqa esa, shartli ajratilgan uchchala guruhga ham taaluqli bo’lgan birikmaning kattaligidadir. Fuqarolarning deyarli hammasi mazkur omillardan shubhasiz ikkitasiga tegishlidirlar. Jamiyatda o’z o’rnini bilmaslik, shu jamiyatning muhim ahamiyat kab etuvchi bir bo’lagi ekanini his qila olmaslik, o’zi jamiyatdan qay darajada manfaatdor bo’lsa, jamiyat ham undan shu darajada manfaatdorligini anglamaslik bu jamiyat a’zolariga qimmatga tushadi. Umumiy muammolar qurshovida yashayotgan millionlab kishilarning shu muammolar birgalikda yechilishi mumkin va lozim ekanini anglab yetmasligi yoki tan olmasligi bu muammolar umrini uzaytiraveradi. Ayni omillar sabab, o’z manfaat va qiziqishlari doirasida birlasha olgan kam sonli guruh esa birlasha olmagan ko’p sonli individumlar ustidan xukmronlikni boy berishmaydi.

 

Shunday tushunchalar bo’ladiki, ularni kishi nazariy jihatdan hech qachon anglab yeta olmaydi. Aniq fanlarga hos “sharoit” degan tushuncha mavjud: muayyan xarorat va bosim ostida sodir bo’lishi mumkin bo’lgan xodisalarni muayyan sharoitda sodir bo’ladigan xodisalar deyiladi. Aynan shu muayyan sharoit yuzaga kelmaguncha kerakli xodisa sodir bo’lmaydi. Ayni nuqtai nazardan kishilardagi umummanfaatdorlik ham muayyan sharoitdagina yuzaga keladi.

 

Qo’shnisining yuzlab odamlar ko’z o’ngida xuquq himoyachisi bo’lgani uchun kaltaklangani yuzlab odamlarni qo’shnisi himoyasiga otlansa, qahraton qishda tabiiy gazning yetkazib berilmayotgani minglab kishilarni oyoqqa turg’azadi. Ammo qo’shnisining “tinch qo’yilishi” va bir qishloqqa gazning nisbatan balandroq bosimda berilishi shu kishilarga taskin berishi ularni tom ma’noda umummanfaatdor deya olmasligimizga sabab bo’ladi.

 

Bugun gaz kechagidan ham kam bo’lgani uchun ko’chaga chiqish va uning kechagi darajaga ko’tarilishiga erishish - ya’ni muammoni qisman xal qilish, bu muammoni to’laligicha bartaraf qilish emasligini idrok etish mazkur “sharoit”ga bir necha bor tushish va qilingan o’zgarishlar jabrdiyda aholi manfaatini ko’zlab emas, keskin vaziyatni bartaraf qilishni ko’zlab amalga oshirilganini anglab yetish bilan bog’liq.

 

Bugun O’zbekistonda torroq doiradagi umummanfaatdorlik, to’g’riroq aytilsa umummajburiylik yuzaga kelgan. Individual, o’zi bilgan jamiyat tashqarisidan behabar, boshqalar muammolariga befarq kishilarning biror xodisaga umumiy qarshiligi va bu xodisa ularni bosh ko’tarishga majbur qilishiga olib kelgan. Mazkur umummajburiyatning ko’lami kengligini ko’rsatish uchun, o’rtaga tashlanayotgan talablarning zudlik bilan qisman qondirilishi evaziga kishilarga tarqalish talabi qo’yilayotganini keltirish mumkin.

 

Bugun imkon qadar keng ko’lamda “umummajburiyat” ostidagi xalqni ko’chalarga chiqarish bilan ularning talablarini qondirilishiga erishish mumkin. Ayni uslubda muammoni xal qilish mumkinligini anglab yetgan xalq esa, o’zi doim qayg’uradigan umuminsoniy maqsadlari, buguni farovonligi va kelajak istiqboli uchun qanday “sharoit” lozimligini, va buni birgalikda qanday vujudga keltirish mumkinligini o’zlari idrok qilib olishadi.

 

Toshkent, 2 Fveral, 2005 yil