Shuhrat Ahmadjonov
Bir kun va bir dunyo
INSON
HUQUQLARI YIMOYACHISI MU’TABAR
TOJIBOYEVA USTIDAN OLIB
BORILAYOTGAN SOXTA SUD
MAHKAMASINING 2006 YIL 16
FEVRAL KUNGI TAFSILOTLARI
2006 yil 16 fevral kuni ikki kunlik tanaffusdan so'ng Toshkent viloyati, Qo'yi Chirchiq tuman sudida - Toshkentdan 70 kilometr masofada joylashgan Do'stobod (sobiq Soldatskoye) shahrida inson huquqlari himoyachisi, jurnalist, "O'tyuraklar" klubi rahbari Mu'tabar Tojiboyeva ustidan sud mahkamasi davom ettirildi. Bu uydurma sud qanday borayotganligiga doir dastlabki ma’lumotimiz -Tojiboyeva himoyachilari tomonidan yozilgan Iltimosnoma kirill alifbosida www.uzbekcongress.org saytimizda 17 fevral kuni chop etilgandi. Muallif ushbu maqolasida 16 fevraldagi sud jarayoni haqida batafsilroq yozmoqda.
Mu’tabar Tojiboyeva jabrlanuvchi bo’lib o’tgan, 2001-2003 yillarda tergov qilinib, sud hukmi M.Tojiboyeva foydasiga hal bo’lgan jinoyat ishi jami 11 jilddan iborat bo’lgan. Hozirgi kunda fuqaro Raxim Ergashev epizod (holat)lari bilan bog’liq ushbu 11 jild hujjat 8 jild bo’lib qolgan, ya’ni uch jilddan iborat hujjatlar yo’q. 16 fevral kuni sudda shu masala yuzasidan M.Tojiboyeva advokati Husan Maxbubov so’z olib, jumladan bunday dedi: “Ergashev epizodiga taalluqli bo’lgan 11 jildlik jinoiy ish 8 jildlik ishga aylanib qolgan. Uchta jild yo’qligi bizni taajublantirmoqda. Qaysi jild qaysi jildga qo’shilganligi bizga noma’lum bo’lib qolmoqda. Bu haqda hech qanday prosessual qaror qabul qilinmagan. M.Tojiboyeva bu materiallar bilan to’liq tanishgan emas”.
Advokat H.Mahbubov shuningdek, M.Tojiboyeva 2005 yil 7 oktyabr kuni o’z uyida hibsga olinganida hujjatda 3 ta qog’oz plakat va bitta lattaga yozilgan shior olinganligi, keyinchalik sud ishida 27 ta plakat va bitta lattaga yozilgan shior haqida yozilganligi, qolgan 24 ta plakat qayerdan olinganligi noma’lumligi haqida gapirdi. So’ngra bu haqda advokatlar (himoyachilar) Muxarram Tojiboyeva (Mu’tabarning opasi), Dilafruz Nurmatova va Husan Maxbubov birgalikda tayyorlagan va sud raisi A.V.Yo’ldoshev nomiga yozilgan Iltimosnomani o’qib berdi (bu Iltimosnoma maqolamizda quyiroqda keltirilgan).
Davlat ayblovchisi – prokuror Ahmadjonov Orifjon Umarovich bunga javoban: “Jinoyat ishi qo’shimcha tergovga qaytarilgach, jinoyat ishlari birlashtirilgan. Ish materiallarining bir qismi yo’qotilganligi asossizdir. Aynan qaysi hujjatlar yo’qotilganligi aytilmayotir. Sud ishlari birlashtirilgach, boshqa jinoyat ishi haqida so’z yuritish mumkin emas” dedi.
Advokat yana so’z olib: “Qaysi varaqlar, qaysi hujjatlar yo’qligini bilganimizda aytar edik. Jildlarni nima sababdan birlashtirilganligi haqida davlat ayblovchisi aytmadi. Xato-kamchiliklarni bartaraf etish haqida prokuraturaga ko’rsatma berishingizni iltimos qilaman” dedi.
M.Tojiboyeva, o’zining aybsizligini isbotlovchi hujjatlar jinoyat ishi materiallari ichidan yo’qotilganligini, buni Farg’ona viloyat prokuraturasi xodimlari qilganligini aytib, prokuratura xodimlari, ya’ni tergovchilar yo’qotilgan hujjatlarni jinoyat ishiga qaytarib qo’shishlarini talab qildi. M.Tojiboyeva ushbu hujjatlar topilmaguncha ushbu epizod (holat) bo’yicha ko’rgazma bermasligini bildirdi.
Sudya A.V.Yo’ldoshev: “Prokuror tushuntirish berdi, deb hisoblansin” degan qarorini aytdi.
Shu yerda M.Tojiboyeva himoyachilari yozgan Iltimosnomani lotin alifbosida keltirib o’tsak.
“Ish bo’yicha raislik etuvchi Jinoyat ishlari
bo’yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi
A.V.Yo’ldoshevga
O’zRsi JKning 139-m. 3-q. “a”, “d” bandlari, 140-m. 3-q. “a” bandi,
165-m. 3-q. “a” bandi, 167-m. 3-q. “a” bandi, 168-m. 2-q. “a”, “b”
bandlari, 184-m. 3-q., 189-m. 3-q., 196-m., 197-m., 209- m. 1-q.,
209-m. 2-q. “a” bandi, 216-m., 227-m. 2-q. “a” bandi, 228-m. 2-q. “b”
bandi va 3-q., 229-m. va 244-1 m. 3-q. “c” bandi bilan sudlanayotgan
Tadjibayeva Mu’tabar Ibragimovnani
Himoyachilari:
Tadjibayeva M. I.
Nurmatova D. Q.
Maxbubov X. M. lardan
I L T I M O S N O M A
Ushbu iltimosnomani keltirishimizga sabab ayblov xulosasiga ko’ra himoyamizda bo’lgan “M.I.Tadjiboyeva qonunga xilof ravishda tashkil etilgan “O’tyuraklar klubi” deb nomlangan jamoat birlashmasida g’ayriqonuniy ravishda faoliyat ko’rsatib, Toshkent shahri va Farg’ona viloyatida hokimiyat va boshqaruv idoralariga va ularning namoyandalariga g’ayridemokratik tazyiq o’tkazish maqsadida ularning binolari oldida ruxsat etilmagan namoyishlar o’tkazib, bu namoyishlarda aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan, tuhmatona va Mamlakatda vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydurmalar yozilgan shior va plakatlarni namoyish qilib kelgan. M.Tadjiboyeva ularga “Men O’t yuraklar” klubi rahbari Mu’tabar Tadjibayeva Fuqarolik jamiyatining birinchi bosqichi jamoatchilik nazorati Farg’onada boshlanganida bu jarayonni Mamlakat bo’ylab kuchaytirish o’rniga darhol Farg’onaning o’zida tugatgan, ya’ni hatto o’zi bo’ysunuvchi Mamlakat Prezidenti olib borayotgan siyosatga qarshi chiqib Prezidentni Farg’ona xalqi orasida obro’sini to’kkan Respublika Bosh prokurori Rashid Qodirovning iste’fosini qat’iy talab qilaman. Poraxo’r va korrupsionerlarga qarshi ko’rashga belingga belbog’ingni bog’la, O’Z B E G I M!!!, Respublika Prokuraturasidan Farg’onaga tekshiruv o’tkazish uchun borgan huquqiy savodsiz Himmat Oqbo’tayev va uning komandasi mendan olgan Farg’onalik jabrdiydalarning arizalari va qo’shimcha hujjatlari besh yuz varoq atrofidagi hujjatlar zudlik bilan menga qaytarilsin!, Prezident iste’fosini talab qilamiz!, Meni o’limimda Ma’ruf Usmonov poraxo’r aybdor!, O’zbekistonda odil, mustaqil sud umuman yo’q. Poraxo’r sudyalar yo’qotilsin!!!, Jinoyatchilarning sheriklari sudpsixiatrik kasalxonasi boshlig’i professor Abdulqosimov iste’foga chiqarilsin!, Birlashgan Millatlar Tashkiloti O’zbekiston hukumati tomonidan o’tkazilayotgan qiynoqlarga chek qo’yilsin., Poraxo’r Milliy xavfsizlik xizmati xodimini fosh etgan chet el fuqarosi jinoiy javobgarlikka tortildi. Unga Ozodlik berilsin!, Turmada yotgan Muslima va muslimlarga zulm ko’rsatayotgan O’zbek hukumati iste’foga chiqarilsin., Adolatsiz hukumat kuni bitti. Hukumatni iste’fosini talab qilaman!, Men Mu’tabar Todjiboyeva Respublika Bosh prokurori Rashid Qodirovni, “Xalq so’zi” gazetasi muharriri A.Obosov, Usmonov, o’rinbosari Shuhrat Jabborovni va “Adolat” gazetasi tahririyatini iste’fosini talab qilaman. Men, Fozilova Muhayyo, onam Otaqulova Movjudaxonni g’ayri qonuniy hibsga olingan Oltiariq tumani prokurori Umirzoqov G’ayratga jinoiy ish ochilishiga, onamni esa ozod etilishini talab qilaman! Agar ushbu talabim qondirilmasa ertaga – 12 oktyabrdan boshlab ochlik e’lon qilaman! Shuningdek, qonuniylikni bajara olmayotgan Respublika hukumati iste’fosini ham talab qilaman! Qonunsizliklar tokaygacha???, Men Raxmonov Baxtiyorman! O’zbekiston Jurnalistlari meni oilamni Farg’ona korrupsiyasidan qo’tqaring!, Men Mu’tabar Tojiboyeva. Poraxo’r prokurorlarning jinoyatini yashirgan “hojatbaror jurnalistlar to’dasi “Hurriyat” gazetasi tahririyati iste’foga chiqarilsin!, Sudyaga bergan poram haqidagi arizamni bosti-bosti qilgan viloyat prokuraturasi amaldorlari iste’foga chiqarilsin!!!, Hukumat ixtiyorida bo’lgan maxbusa onam Oyshaxon Axmedovaga zulm o’tkazgan, tan jarohati yetkazgan hukumat vakillari jinoiy sheriklari javobgarlikka tortilsin. Onamga ozodlik!, Sud tibbiy ekspertlar va sud psixiatrik ekspertlar jinoyatchi ma’muriy organlar rahbarlari jinoiy sheriklari., Qonxo’rlar hukumati iste’foga chiqsin. Islom Karimov Prezidentlikdan bo’shatilsin., Men Mu’tabar Tojiboyevaman poraxo’r jinoyatchi prokuror Ma’ruf Usmonovni homiylari Rashid Qodirov, Rustam Inoyatov va Prezident Devonidagi chinori Komil Sofoyevlar iste’foga chiqarilsin!!!, Men o’zbek xalqini korrupsioner amaldorlarni absentiya usulida sudlashga chaqiraman., Men, Soliyeva Nigora o’ta xavfli residivistning akasi Farg’ona shahar prokurori A.Teshaboyevni va Bosh prokurorining erkatoyi, tergovchi Po’latov Mo’qimni iste’foga chiqishliklarini talab qilaman., O’zbekistonni korrupsioner-poraxo’rlar boshqarmoqda. Yo’qolsin poraxo’r amaldorlar!!!, Men Mu’tabar Tojiboyeva o’zbek televideniyesidan Qo’qon aymog’i – mafiyaning qo’g’irchog’i bo’lishga chek qo’yishni talab qilaman!” degan yozuvlarni yozib, ularni tarqatib, hokimiyat va boshqaruv hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar namoyondalariga g’araz go’ylik va boshqa past niyatlarda tuhmat qilib va ularni og’ir va o’ta og’ir jinoyatlar sodir etishda ayblab, o’z xizmat burchini bajarayotgan hokimiyat va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar namoyondalarini sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlab va ularni haqorat qilib, deb tasvirlangan holda uning harakatida O’zRsi JK ni 139-m. 3-q. “a”, “d” bandlari va 140-m. 3-q. “a” bandi alomatlari bor degan xulosaga kelingan.
Dastlabki tergov organi ushbu epizodlar bo’yicha e’lon qilish vaqtida o’ta shoshma-shosharliklarga yo’l qo’yib jiddiy prosessual xatoliklarni keltirib chiqargan. Bular jumlasidan quyidagi hollarni keltirib o’tishlikni lozim deb hisoblayman. 24 dekabr 2005 yili prokuratura tomonidan himoyamizda bo’lgan Tadjibayeva M.I.ga nisbatan jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish to’g’risidagi qarorda va ayblov xulosasida sodir etilgan jinoyatning vaqti umuman ko’rsatilmasligi oqibatida O’zRsi JPK ni 82-moddasini 2-qismi talablari buzilib ayblash uchun asoslardan biri tashlab yuborilgan.
Ikkinchidan, har ikkala epizod bo’yicha jinoyat ob’ekti sifatida shaxsning qadr-qimmatiga qaratilgan bo’lib o’z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog’liq holda uni og’ir yoki o’ta og’ir jinoyat sodir etishda ayblashda ifodalanadi. Shunday ekan bunday holda tergov organi aniq qaysi bir shaxsga nisbatan yuqoridagi ko’rinishda tuhmat yoki haqorat qilinayotganligi ayblovda keltirilgan plakatlardan kelib chiqqan holda ko’rsatib berishi lozim edi. Chunki, plakatlarda bir qancha shaxslarning ism sharifi ko’rsatilgan bo’lib, bular jumlasida Hurmatli Prezidentimiz I.A.Karimov, Respublika Bosh prokurori R.X.Qodirov, Respublika prokuraturasi xodimi Himmat Oqbo’tayev, sud psixiatrik kasalxonasi boshlig’i professor Abdulqosimov, “Xalq so’zi” gazetasi muharriri A.Obbosov, prokuror o’rinbosari Shuhrat Jabborov, Oltiariq tumani prokurori Umirzoqov G’ayrat, Respublika Milliy xavfsizlik xizmati raisi R.Inoyatov, Prezident Devonxona xodimi Komil Safoyev, Farg’ona shahar prokurori A.Teshaboyev, Bosh prokuratura tergovchisi Po’latov Muhumlar ko’rsatilgan. Agar tergov organi shu shaxslarning qadr-qimmati kamsitilgan bo’lsa shu shaxslardan bevosita fikr-mulohazalari olinib, ularning bu narsaga bo’lgan yozma munosabati qonun normalaridan kelib chiqib rasmiylashtirib olishliklari lozim bo’ladi.
Uchinchidan plakatlarda nafaqat shaxslar, balkim tashkilot va organlarga nisbatan, shular qatorida prokuratura organi, televideniye, gazeta tahririyati, Sud ekspertiza byurolariga nisbatan fikr bildirilgan. Shunday ekan tergov organi shu tashkilot va organning bevosita rahbarlarida yuqorida qayd etilgan tartibda fikr-mulohazalarini olishliklari zarur edi.
To’rtinchidan, tergov organi qadr-qimmati kamsitilgan shaxslarni jinoyat kodeksida ko’rsatilgan qaysi moddalaridagi og’ir yoki o’ta og’ir jinoyatlarda ayblayotganliklari ko’rsatilmagan.
Beshinchidan, bunday toifadagi ishlar shaxsga nisbatan qaratilgan jinoyat bo’lganligi uchun biron bir shaxs ushbu jinoiy ishda jabrlanuvchi sifatida ishga jalb etilmagan.
Oltinchidan, bu har ikkala epizod bo’yicha biron bir shaxs guvoh tariqasida ham suroq qilinmagan.
Yettinchidan, tergov organi o’tkazilgan piketlar yuzasidan biron bir ishtirokchi, qolaversa sudlanuvchi Tadjiboyeva M.I. o’zini biron bir javobgarlikka tortilganligi yoki tortilmaganligini aniqlamagan.
Bunday jiddiy xatoliklarga yo’l qo’yilishi oqibatida biz tomondan ayblar bo’yicha ba’zi xolatlarga aniqlik kiritilishlikka to’sqinlik yaratilmoqda. Guvohlarning suroq qilinmasligi natijasida esa plakatlarni kelib chiqishi, kim tomondan yozilganligi, kimga tegishligi to’liq aniqlanmay qolingan va piket tashkilotchilari ham umuman aniqlanmagan.
Davlat ayblovchisida esa yuqoridagi shaxslarning sudda manfaatlarini himoya qilishliklari uchun tegishli tartibdagi hujjat, ya’ni ishonchnoma mavjud emas.
Yuqoridagilarga asosan O’zbekiston Respublikasi JPKni 53-moddasiga binoan
Sizdan ayblov xulosasini tasdiqlagan va sudda Davlat ayblovini qo’llab-quvvatlayotgan Ahmadjonov O.A.ga yuqorida xato kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan topshiriq berishingizni va shundan so’ng sud prosessini davom ettirishingizni s o’ r a y m a n.
Himoyachilar X.M. Maxbubov
D.K. Nurmatova
M.I. Tadjiboyeva
16.02.2006 y.”
Ish bo’yicha raislik etuvchi A.Yo’ldoshev oldin guvohlik bergan Husan Ro’zmatovni guvohlik berish uchun sud zaliga chaqirtirdi. U sudya, advokatlar, davlat ayblovchilari va Mu’tabar Tojiboyeva savollariga javob berib, uning uyiga 4 oy davomida kelib yurganligini, shu vaqt davomida bo’lib o’tdi, deb M.Tojiboyevaga qarshi ko’pgina gaplarni gapirdi. Savol navbati Mu’tabarga kelib, ikki-uchta savol bergach, guvoh H.Ro’zmatov o’zini, so’zini yo’qotib qo’ya boshladi, tutila-tutila javob berardi. Mu’tabarning bir necha savollarini sudya bekor qildi, bir marta “Siz to’g’ri, aniq savol bering, sizga ogohlantirish e’lon qilaman” dedi. Yana ikki-uch savoldan so’ng guvoh H.Ro’zmatov o’zini yomon his qilayotganligini aytdi. Sudya 10 daqiqalik tanaffus e’lon qildi.
anaffus paytida hozirgina “Mazam yo’q, kasalman, yomon bo’layapman” degan H.Ro’zmatov tashqariga chiqa solib sigareta tutatib, cheka boshladi. So’ngra bizga notanish bo’lgan odamlar bilan nimalarnidir muhokama qildi.
Tanaffusdan so’ng Mu’tabar guvoh H.Ro’zmatovga ish jildlaridan olingan hujjatlarni sudya ruxsati bilan o’qib berib, bir nechta yaxshi savollar, jumladan diktofon haqidagi savolni berdi. Guvoh bir oz jahli chiqib, shu darajada ayblab gapirdiki, “Siz meni iznasilovat (zo’rlamoqchi, A.Sh.) qilishga harakat qilgansiz” deyishgacha bordi. Bu gaplarni eshitgan sud zalidagilarning ko’pchiligi kulib yubordi, ayniqsa Mu’tabar zavqlanib kuldi. Haqiqatan, bo’yi 180 santimetrlar keladigan, yoshi 50-lardan oshgan baquvvat erkak bo’yi 165 santimetrlar keladigan Mu’tabardek ayolni zo’rlamoqchi bo’lganlikda ayblashi kulgilikda! Yana bir-ikkita savoldan so’ng sudya tushlik tanaffus e’lon qildi.
Soat 14.10 larda sud ishi davom etdi. Sudya: “Guvoh H.Ro’zmatov sog’ligi yomonlashganligi sababli boshqa guvoh chaqiriladi” dedi. Guvoh O’rinboyev Avazbek Rustamovich 1976 yilda tug’ilganligini, Farg’ona viloyati, Oltiariq tumani, Bo’loqboshi qishlog’ida yashshi, tijorat bankida nazorat bo’limida ishlashini aytdi. U bank mijozlarining hisob ochishi, pul mablag’larini o’tkazish, ayniqsa kredit olishi va boshqa hisobga o’tkazish bilan bog’liq advokat, sudya savollariga aniq javob berolmadi.
So’ngra guvoh H.Rozmatov sud zaliga taklif qilindi. U “Hozir yuragim sanchayapti, betobman, davolanishim kerak” degan bahona bilan sudyadan ketishga ruxsat so’radi. Prokuror “Ruxsat bersak” dedi. Himoyachi Husan Maxbubov: “Guvohning bu iltimosi asossizdir, ruscha aytganda semulyasiya qilaypti. Tanaffus paytida ko’chada shaxslar bilan muzokara olib borgani, sigareta chekayotganligini ko’rdik. Himoyachilarning savollariga javob bermaslik uchun bahona qilayapti. U bir haftadan beri Toshkentda yashayapti. Agar kasal bo’lsa vrachlarning xulosasini ko’rsatishi kerak edi. Shu sababli guvoh H.Ro’zmatov so’rog’i davom ettirilsa” dedi.
Prokuror Orifjon Ahmadjonov: “Himoyachi keltirgan vajlar o’rinsiz, u mutaxassis emas” dedi.
Mu’tabar: “Guvoh Madaminova Malika ham meni katta jinoyatchi deb ko’rsatma berib, savollarga javob berishga kelganda kasal bo’lib qolgandi. H.Ro’zmatov ko’rsatma berganida yaxshi edi. Endi savollarga javob berishda kasal bo’lib qolmoqda. Endi javob bersin. U savollarimga javob berolmay, burchakka kelib qolgandagi qo’rqishdir” dedi.
Sudya: “Guvoh to’liq ko’rgazma berganligi, uning tergovda bergan ko’rgazmalari borligini, hozir betob ekanligidan kelib chiqib, H.Ro’zmatovga javob berilsin, sud ishi davom ettirilsin” dedi.
Mu’tabar Tojiboyeva yana so’z so’radi va sudyaga qarab: “Jabrlanuvchi Hafizulla Karamatovni shu bugunga qadar olib kelinmayotganligi uchun men sizga otvod beraman” dedi.
Sudya: “Menga nisbatan uch marta bir xil asoslarda rad qilishni bildirgan edi. Men uni asossiz deb bilaman. Menga nisbatan keltirilgan rad qilishni inobatga olib, muhokama qilmasdan qoldirilsin va sud davom ettirilsin” dedi.
Sudya sudlanuvchi Mu’tabar Tojiboyevaga so’z berdi. U 13 jildlik sud ishi bilan tanishib chiqishga doir jadvalga deyarli rioya qilinmaganligini, 2005 yil 27 dekabrdan 2006 yil 15 fevralgacha bo’lgan vaqt davomidagi sud ishini tanishish uchun berilgan soatlar haqida kunma-kun tahlil qilb berdi. U so’zining oxirida quyidagi uchta talabni qo’ydi.
“1) Ish materiallaridan to’liq ko’chirma olishimga imkoniyat yaratib berilsin.
2) Advokatlar bilan himoya taktikasini ishlab chiqish uchun qonunda belgilangan xoli gaplashishga vaqt berilsin.
3) Ergashev Rahimga nisbatan qo’zg’atilgan jinoyat ishi materiallari qaytarilmagunicha men ko’rgazma bermayman. O’sha jildlar tiklab qo’yilsin”
Prokuror Orifjon Ahmadjonov: “Bunday talablar birinchi marta qo’yilayotgan emas. Bu prosessual qonunlarga mosdir. . . Sudlanuvchi ko’rsatma berishdan bosh tortsa, sud ishidagi dastlabki ko’rgazmasi asosida davom ettirmoq kerak” dedi.
Himoyachilar H.Mahbubov, M.Tojiboyeva va D.Nurmatova Mu’tabar Tojiboyeva iltimosini qo’llab-quvvatlashlarini aytishdi. Sud zalida birinchi qatorda o’tirgan ikki jabrlanuvchi davlat ayblovchisi bo’lmish prokurorni qo’llashdi.
Sudya A.Yo’ldoshev sudlanuvchi M.Tojiboyevaga va himoyachilariga sharoitlar yaratib berilganligi haqida gapirib, ayblanuvchining sud ishidagi ko’rgazmalari asosida sud davom ettirilishi haqida aytdi. So’ngra u sud ishi jildlarida biridagi Mu’tabar tomonidan yozilgan dastlabki uch betlik ko’rgazmalaridan birini o’qib berdi. Bu paytda soat 17.50 bo’lganligi sababli sudya sud ishi ertaga – 17 fevral kuni soat 9.00 dan davom etishini e’lon qildi.
Yuqorida yozganlarimiz O’zbekistondagi polisiya rejimi tomonidan inson huquqlari himoyachisi, jurnalist, “O’tyuraklar klubi”ning rahbari Mu’tabar Tojiboyeva ustidan Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tuman sudida o’tkazilayotgan uydirma sud ishining faqat bir kuni – 2006 yil 16 fevral kungi voqealarning qisqartirilgan bayonidir.
E-mail:
shuhrat1954@yahoo.com
2006 yil 17 fevral.