Shuhrat Ahmadjonov

 

ENG  QISQA  VA  OMMAVIY  DASTUR  -  MADHIYADIR

 

YANA  “YASHA  TURON”  MADHIYASI  HAQIDA   

 

   Musiqa inson ruhidagi mavjud ulug’vorlik imkoniyatlarini ko’rsatadi. [1, 292-b.]

   R. EMERSON

  

    Mundarija

   1. O’zbekiston demokratlarining madhiyasiga doir..

   2. “Yasha Turon” madhiya musiqasi va nog’ora, karnay, surnay, burg’ularni chalish bilan bog’liq buyuk tariximizdan ba’zi bir voqealar.

   3. Nog’ora, karnay, surnay va burg’u haqida ba’zi bir ma’lumotlar.

   4. O’zbekiston Davlat madhiyasiga doir qisqacha ma’lumotlar va unga nisbatan muallifning tanqidiy fikrlari.

   5. Muallif “Yasha Turon” she’riga kuy bastalab berishni 2003 yilda kompozitor R.Abdullayevga va 2004 yilda hofiz D.Xasanga iltimos qilgani tafsilotlari.

 

1.  O’ZBEKISTON  DEMOKRATLARINING  MADHIYASIGA  DOIR

 

      Kamina Hamza Hakimzoda Niyoziy (1889-1929) tomonidan 1916 yilda yozilgan va jadidchi bobolarimiz 1916 yilda Turkiston quzg’olonlari va namoyishlari vaqtida baralla kuylagan “Yasha Turon” qo’shig’i haqida [2] va [3] maqolada yozgan edi. Shu yerda “Yasha Turon” she’rini yana bir marta keltirib o’taylik.

Qo’zg’ol, Turon! Qo’zg’ol, Turon!

Keldi senga ham zamon,

Zulm ahlini ayla vayron!

Tur uyqudan, tur bu on! . .

 

Yasha Turon, yasha Turon!

Sen ezilganlarga yor.

Barcha o’lka ishchisiga

Sen suyanchiq, sen mador.

   O’zbekiston demokratlarining umumiy madhiyasi masalasida muhim fikr-mulohazalar bor.

   Avvalambor madhiya asosini tashkil etuvchi she’r matniga e’tibor beraylik. Sizu biz demokratlar bo’lganligimiz sababli ba’zi bir zamondosh shoirlarimiz o’z she’rlarini madhiya bo’lishiga tavsiya etishlari mumkin. Agar “Erk” demokratik partiyasi safida ham, “Birlik” xalq harakati” partiyasi safida ham, Demokratik O’zbekiston Kongressi safida ham, boshqa demokratik tashkilotlar tarkibida ham shoirlar borligini hisobga olsak, natijada bir nechta, hatto o’nga yaqin madhiya paydo bo’lish ehtimoli bor. Bu esa O’zbekiston demokratlari endi madhiya masalasida umumiy bir fikrga kelaolmay, bo’linish alomatlarining yanada chuqurlashishiga olib keladi.  

   Ushbu vaziyatni hisobga olib, madhiya matni tarixiy bo’lishi muhim, ya’ni madhiya muallifi na “Erk”chi, na “Birlik”chi, na DO’Kchi, na boshqa muxolifat tashkilot, na betaraf ziyoli bo’lishi kerak.  Madhiyaning muallifligi borasidagi bunday talabga jadidchi bobolarimiz juda mos keladi.

   Ba’zilar: “H.H.Niyoziy tomonidan 1916 yilda yozilgan 8 qatorlik “Yasha Turon” madhiya satrlari kamligi va  oradan 90 yil o’tganligi sababli bugungi kun muammolarini qamrab ololmagan” deyishlari mumkin. Bunday e’tirozlar qisman o’rinlidir. Shu sababli 8 qatorlik “Yasha Turon” madhiyasiga birinchi to’rtlikdan so’ng “Qo’zg’ol, Turon! Qo’zg’ol, Turon!” deb boshlanuvchi ikkita to’rtlik va ikkinchi to’rtlikdan so’ng “Yasha Turon, yasha Turon” deb boshlanuvchi yana ikkita to’rtlik qo’shaylik. Natijada “Yasha Turon” madhiyasining birinchi uchta to’rtligi “Qo’zg’ol, Turon! Qo’zg’ol, Turon!” bilan, keyingi uchta to’rtlik esa “Yasha Turon, yasha Turon” so’zlari bilan boshlanadigan, jami oltita to’rt qatorlik madhiyaga aylanadi. 

   E’tibor bersak, H.H.Niyoziyning bugungi kunda bizga ma’lum bo’lgan 8 qatorlik “Yasha Turon” she’ri birinchi to’rtligining oxirida uchta nuqta qo’yilgan. Bu she’rning davomi bor, degan ma’noni ham bildiradi.   

   Demak, H.H.Niyoziy yozgan 8 qatorlik she’r matniga 16 qator, aniqrog’i uch qatordan jami 12 qator she’r qo’shilmoqda. Mana shu 12 qator she’rni yozish uchun bir guruh atoqli shoirlardan iborat komissiya tuzsak. Bu komissiya tarkibiga demokrat shoirlar Yusuf Juma, Muhammad Solih, Dadaxon Xasan, Jahongir Muhammad, Yodgor Obid va boshqa shoirlar taklif etilsa. O’zbekiston demokratlarining “Yasha Turon” madhiya matnini qabul qilish ishchi guruhiga qaysi shoirlarni kiritish masalasini har bir demokratik tashkilot rahbariyati o’zi hal etsin. Shu bilan birga yakka tartibda ishchi guruhiga qo’shilmoqchi bo’lgan atoqli shoirlar ham o’z takliflarini yuborishlari mumkin.

   Shunday qilib, O’zbekiston demokratlarining “Yasha Turon” madhiyasini yaratish masalasida DO’K rahbariyati tashabbus kursatsa va ushbu muhim ishni boshqa tashkilotlar bilan birga amalga oshirsa yaxshi bo’lardi. Demokratik tashkilotlarning birgalikda amalga oshirgan har bir ishi bu tashkilotlarni bir-birlariga yaqinlashtiradi.  

 

2.  “YASHA  TURON”  MADHIYA  MUSIQASI  VA  NOG’ORA,  KARNAY,  SURNAY,  BURG’ULAR  CHALISH  BILAN  BOG’LIQ  BUYUK  TARIXIMIZDAGI  BA’ZI  BIR  VOQEALAR

 

   “Yasha Turon” madhiya matni tayyor bo’lgach, uning musiqasi, ohangi qanday bo’lishi kerak, degan savol tug’iladi. Madhiyaning musiqa ohanglari biz – demokratlar kurashayotgan maqsadlarimizga hamohang bo’lmog’i lozim. Maqsadimiz – O’zbekistondagi avtoritar, polisiya rejimini tinch yo’llar bilan demokratik boshqaruv tizimiga o’tkazib, fuqarolik jamiyatini qurishdir. Yani buyuk tariximiz davomida birinchi marta demokratik jamiyat bosqichiga vatandoshlarimizni olib chiqishdek ulkan vazifa turibdi. Buni amalga oshirish uchun xalqimizni jalb qilmay turib erishish mumkin emas. Shu yerda xalqimizni qanday qilib uyg’otish, harakatga keltirish va umummaqsad yo’lida birlashtirish mumkin, degan navbatdagi savol kelib chiqadi.

   Bu savolga javob berish uchun ham, “Yasha Turon” musiqasi ohanglarini qalban eshitish, tasavvur etish uchun ham Turon yurti buyuk bo’lgan davrni – sohibqiron Amir Temur davrini eslaylik.

   Ma’lumki, 1365 yil aprelida Mo’g’uliston xoni Ilyosxo’jaxon katta qo’shin bilan Turkiston va Movarounnahr ustiga bostirib kirgan edi. 1365 yil 22 may kuni mo’g’ullar qo’shini va Temurbek bilan amir Xusayn qo’shini o’rtasida Chinoz yaqinida katta urush bo’ldi. Tarixda “Jangi loy” deb atalgan bu urushda Temurbek hamda amir Xusayn mag’lubiyatga uchradilar va o’n mingdan ortiq askarining jang maydonidagi o’limi bilan yakunlandi. Amir Xusayn Jayxun (Amudaryo)ning narigi sohiliga o’tib, tog’u tosh va dovonlarni oshib, Shibartu mavzesiga (hozirgi Afgonistonnig sharqiga) qochib bordi [4, 113-b.]. Amir Temur ham Jayxundan o’tib, Balxda (hozirgi Afg’onistonning shimolida) qo’nim topdi [4, 115-b]. 

   Ilyosxo’jaxon o’zining g’olib qo’shini bilan Samarqand tarafga yurdi. Tarixdan ma’lumki, bunday kuchli dushmanni Samarqand xalqini Vatan himoyasiga birlashtira olgan sarbadorlar mag’lub qildilar! Bu va keyingi voqealar mashhur tarixchi olimimiz Bo’riboy Ahmedovning “Amir Temur” romanida yaxshi yozilgan. Ushbu tarixiy romandan bir parcha keltirib o’taylik (unda biz izlayotgan madhiya ohanglari ham bor).  

   “Xudoga shukr, Samarqandni ham, xalqini ham himoya qiluvchilar topilib qoldi o’shanda. Bular xalq yo’liga, mamlakat va adolat yo’liga boshini tikkan odamlar edilar. Tarixda ular sarbadorlar, ya’ni boshini dorga tikkanlar, deb ataladilar. Sarbadorlar aholining uch toifasi: ziyolilar, hunarmandlar va harbiylar orasidan chiqqan kishilar bo’lib, o’zlarining ma’lum harakat dasturiga ega edilar. Ular mamlakatni va xalqni qariyb bir yuz qirq besh yildan beri zuluk bo’lib so’rib kelayotgan mo’g’ul bosqinchilari hamda ularning mahalliy xalq orasidan chiqqan malaylari: katta yer egalari, savdogarlar zulmiga qarshi edilar.

   Shaharni yana mo’g’ul lashkari bosib olishi xavfi kuchaygan ana shu kunlarda o’sha tekinxo’r zotlar emas, balki sarbadorlar mehnatkash xalqning joniga oro kirdilar. Mo’g’ul qorovulining qorasi ko’rinishi hamono o’sha sarbadorlarning boshliqlari: Samarqanddagi madrasalardan birining mudarrisi Mavlonozoda, naddof Abubakr Kalaviy va mergan yigit Xurdak Buxoriy bechora xalqqa qalqon bo’ldilar. Voqea tarixiy kitoblarda bunday bayon etiladi: katta-kichik nog’oralarning gumbir-gumbiri, karnaylarning “vo-vu”si, surnaylarning mungli navosi hamma va hammani oyoqqa turgizdi. Tumonat xalq shaharning Jome’ masjidi hovlisiga to’plandi. Ular o’n mingdan ortiq odam edilar. Harbiylarcha kiyinib olgan va beliga qilich taqqan Mavlonozoda minbarga ko’tarilib, to’planganlarga murojaat qildi:

   - Xaloyiq! Movarounnahr va Samarqand osmoniga yana qora bulut toshdi. Hech bir yovuzlikdan tap tortmay turgan dushman jonajon shaharimiz ostonasida mo’ru malag’ kibi paydo bo’ldi. Mo’g’ul cheriki Movarounnahrning shaharu qishloqlarini beayov talon-taroj qilmoqda. Otam, valine’matim deb joningni fido qilganing o’sha amirlar, beklar, boyonlar mo’g’ulning sharpasi kelgan hamono seni tashlab ketdi. Ularning bir qismi dushman xizmatiga doxil bo’ldi, qolganlari Jayxunning narigi tarafiga qarab qochdi. Endilikda hamma narsa o’zimizga qoldi. Xo’sh, endi nima qildik?    

   - Yo, hayot, yo, o’lim! – degan javob bo’ldi chor atrofdan” [4, 115-116-b.]

   E’tibor bering: “… Katta-kichik nog’oralarning gumbir-gumbiri, karnaylarning “vo-vu”si, surnaylarning mungli navosi hamma va hammani oyoqqa turg’izdi” [4, 116-b.]. Ya’ni hech kim uyma-uy yurib odam yiqqan emas. Shu qudratli kuy, ohang xalqni oyoqlantirgan, dahshatli dushmanga qarshi jangga ruhan birlashtirgan va oxir-oqibat sarbadorlar boshchiligidagi xalqning Ilyosxo’jaxon qo’shini ustidan g’alabasiga olib kelgan!

   Ma’lumki, nog’ora va bayroq turkiy xalqlarda hokimiyat belgisi, ramzidir. Tarixdan ma’lumki, Amir Temur 1370 yil bahorida Balx hokimi Husaynga qarshi qo’shin tortib borayotganida, Termiz yaqinidagi Biyo qishlog’ida makkalik shariflardan sayyid Baraka (? – 1404) unga oliy hokimiyat, saltanat ramzi katta nog’ora – tabl va yalov – bayroq tortiq qilgan edi [5, 6-j., 406-b.]. O’sha yil 9 aprel kuni Balxdagi Hinduvon qal’asi Temur qo’shinlari tomonidan qurshab olindi va amir Xusayn qo’shini mag’lub qilindi (1370 yil 12 aprel kuni amir Xusayn qatl etildi). 1370 yil iyun oyida Samarqandda katta qurultoy chaqirildi va natijada Temur davlati tashkil topdi [4, 589-b.].  

   Amir Temur 1370 yildan keyin hokimiyat ramzlari bo’lmish nog’ora va bayroqni o’z qo’shini boshliqlariga ato eta boshladi. Bu borada uning o’z tuzugi bor edi va undan bir abzas ma’lumot keltirib o’taylik.

   “Amr qildimki, o’n ikki katta amirlarning har biriga bitta bayroq (alam) va bir nog’ora berilsin. Amir ul-umaroga bayroq va nog’ora, tumon tug’i va chortug’ taqdim etsinlar. Mingboshiga esa bir tug’ va karnay (nafir) bersinlar. Yuzboshi va o’nboshiga bittadan katta nog’ora (tabal) bersinlar. Aymoqlarning amirlariga bo’lsa, bittadan burg’u taqdim etsinlar. To’rt beglarbegining har biriga bittadan bayroq, nog’ora, chortug’ va burg’u bersinlar” [6, 82-83-b.].  

   Yana tarixdan ma’lumki, Amir Temur o’z qo’shini bilan Eronzaminga uch yillik (1386-1388) yurush qilayotgan vaqtda Oltin O’rda xoni To’xtamishxon 1387 yil oxirida ko’pgina amirlarini katta qo’shin bilan Turkiston ustiga yubordi. Ular ko’pgina shahar-qishloqlarni taladilar va vayron qildilar, jumladan Qozonxonning mashhur qarorgohi Zanjirsaroyga o’t qo’yib yondirib yubordilar [4, 289-b., 590-b.]. Shu va shunga o’xshash sabablar tufayli Amir Temur qo’shini bilan 1388 yilda Eronzamindan o’z Vatani poytaxti – Samarqandga qaytdi.

   1388 yil oxirida To’xtamishxon o’zi rahbarligida katta qo’shin bilan Amir Temur davlatiga qarshi yurush boshladi. Uning mang’uloy (qo’shinnig markaziy qismi oldida boruvchi maxsus bo’linma, avangard) Elyig’mish o’g’lon boshchiligida Xo’jand daryosidan kechib o’tib, Jizzaxga qarashli Achiq mavzesiga kelib tushdi. Amir Temur harbiy kengash chaqirib, ertasi kuniyoq yo’lga chiqib, bir necha kundan so’ng dushman qo’shinini uch tomondan o’rab tor-mor qildi [4, 303-305-b.]. 1389 yil mart oyi boshlarida To’xtamish Amir Temur qo’shinidan qo’rqib qolgan askarlari bilan o’z yurtiga ketdi.

   Mana shu voqealar sabab bo’lib, 1991 yil 19 yanvarda Amir Temur 200 mingdan ortiq askardan iborat qo’shin bilan Dashti Qipchoq sari, To’xtamishxonga qarshi katta harbiy yurish boshladi. 1391 yil 13 iyun kuni Rossiyadagi Samara va Chistopol shaharlari orasida o’rinlashgan Qunduzcha degan yerda Amir Temur va To’xtamishxon qo’shinlari o’rtasida dahshatli jang bo’lib o’tdi. Shu jang boshlanishi paytini mashhur tarixchimiz Bo’riboy Ahmedov tarixiy manbalar asosida quyidagicha yozgan.

   “Quyosh hali tulu’ (arabcha chiqish, ko’tarilish, balqish, A.Sh.) qilmasdan karnay-surnay, burg’u va katta-kichik nog’oralarning xurushi osmonu falakni larzaga keltirdi. Shundan so’ng har ikkala tarafning askarlari bir-birlari ustiga sher bo’lib tashlandilar …” [4, 345-b.].

   Agar har bir o’nboshida bittadan nog’ora borligini eslasak, Amir Temur qo’shinidagi o’nboshilarning ixtiyorida 20 mingdan ziyod nog’ora bo’lganligi, bunga yuzboshilar, mingboshilar, amirlar ixtiyoridagi katta-kichik nog’oralarni qo’shsak, u holda Amir Temur qo’shinida o’sha kuni 30 mingga yaqin nog’ora va bunga qo’shimcha ko’plab karnay-surnaylar, burg’ular chalinganligini tasavvur etishimiz mumkin. Oxir-oqibat har ikkala tomondan 200 mingdan ziyod, ya’ni 400 mingdan ortiq askar ishtirok etgan o’sha 1391 yil 13 iyundagi qonli jangda Amir Temur qo’shinlari g’alaba qozongan edi.

   Mana shunday minglab, o’n minglab nog’oralar, karnay-surnaylar, burg’ular sadolari ostida turkiy  ajdodlarimiz ruhan birlasha olganlar va hayot-mamot janglarida katta tarixiy g’alabalarga erishganlar!

   O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasida nog’oraxona haqida quyidagi ma’lumotlar bor.

   “Harbiy harakatlar chog’ida nog’oraxona oliy bosh qo’mondonning baland yerga o’rnatilgan hirgohi oldidan joy olgan, jangchilarni ruhlantiruvchi kuylarni tinmay ijro etib turgan. Nog’oraxonadan eshitiluvchi musiqa ovozining tinishi muayyan darajada mag’lubiyatdan darak bergan.

   Saroylarda nog’oraxona darvoza ustidagi xonaga joylashgan. Nog’oraxonada mavjud cholg’u asboblaridan saroyda o’tadigan turli tantanalar, bayramlar, xalq tomoshalarida foydalanilgan” [5, 6-j., 407-b.]

 

3.  NOG’ORA,  KARNAY,  SURNAY  VA  BURG’U  HAQIDA  BA’ZI  BIR  MA’LUMOTLAR

 

   Shu yerda hozirgi kunda nog’ora, karnay, surnay, burg’u va ular bilan ijro etiladigan kuylar haqida ham ma’lumot berib o’taylik.

   “N o g’ o r a (arabcha naqqora – zarb beruvchi) – urma musiqa cholg’u asbobi. Tuzilishi turlicha; tuvaksimon kosaxonasi, asosan, sopoldan yasaladi. Kiyik yoki echki (ayrim hollarda boshqa hayvonlar) terisi bilan qoplanadi. Qadimdan harbiy, jarchi hamda ommaviy marosim cholg’u asbobi sifatida Sharq mamlakatlarida ma’lum bo’lgan. Hozirda o’zbek, tojik, uyg’ur, arman va boshqa xalq sozandalari tomonidan qo’llaniladi. O’zbekistonda uning  d o’ l  nog’ora (yo’g’on tovushli katta nog’ora, teri qoplanadigan qismining diametri 60 santimetr), r e z  nog’ora (ingichka tovushli kichik nog’ora, diametri 20-30 santimetr), k o’ s nog’ora (tovushi rez nog’oradan yo’g’onroq, diametri 30-40 santimetr) turlari keng tarqalgan. Rez va ko’s nog’ora ikkita cho’p bilan, do’l nog’ora nisbatan yo’g’onroq bitta cho’p bilan chalinadi. Xalq musiqa ijrochiligida ko’s va rez nog’oradan iborat qo’sh nog’ora qo’llaniladi. Qo’sh nog’ora tovushlari bir-biridan taxminan kvarta (lotincha quarta – to’rtinchi, to’rt pog’ona oralig’idagi interval, A.Sh.) intervalida farq qiladi. Bu esa turli shakldagi bezaklarda boy usullarni ijro etish imkoniyatini yaratadi. Nog’oraning chindovul (mis yoki boshqa metalldan yasalgan hajmi katta nog’ora), tablak (kichkina nog’ora) turlari ham bo’lib, ular kam tarqalgan. Qo’sh nog’ora surnay va karnaylar bilan qo’shilib an’anaviy milliy ansamblni tashkil etadi. Bunday ansambllar ochiq joylarda o’tkaziladigan tomoshalar, tantanalar, to’y marosimlari jarchisi bo’lib, “Shodiyona”, “Katta o’yin”, uyg’urlarda hayit kechalarida chalinadigan “Nog’ora muqom” kabi cholg’u yo’llarini ijro etib kelmoqda” [5, 6-j., 406-b.]

   “K a r n a y – puflama musiqa asbobi. Bo’yi uzun (2-2,5 metr), naysimon, og’zi konus shaklida, jezdan yasalgan. Bir-biridan ajraladigan (olib yurishga qulaylik uchun) uch bo’lakdan iborat. Barmoq teshiklari yo’q, ovozi kuchli va yo’g’on, diapazoni bir oktava oralig’ida. Surnay, nog’ora, doiralarga hamohang bo’ladi. Karnayning to’g’ri va tirsakli (to’g’ri burchak ostida ikki marta bukilgan) turlari qadimdan O’rta va yaqin Sharq mamlakatlarida, shu jumladan, O’rta Osiyoda tarqalgan. O’tmishda harbiy musiqa cholg’usi sifatida harbiy yurish xabarchisi, jang maydonida g’alaba jarchisi bo’lgan. Hozirda bayram, to’y va boshqa tantanalarda chalinadi. Oxirgi paytda karnay zamonaviy milliy estrada ansambl (masalan, “Abbos” guruhi)lar tarkibida ham kiritilmoqda.” [5, 4-j., 475-b.]

   “S u r n a y – puflab chalinadigan cholg’u asbobi. O’zbek, tojik, turk, Kavkaz, Eron xalqlari va boshqalarda tarqalgan. Shakli naysimon, yuqori tomoni ingichka, past tomonida konussimon kengayib boradi. Uzunligi 45-55 santimetr. Yong’oq yoki o’rik yog’ochidan o’yib yasaladi. Surnayning ust (yuz) tomonida 7 ta va osti (orqasi)da bitta (barmoq bilan bekitib ochiladigan) tovush teshikchalari bor. Yuqori (ingichka) tomoni qopqoq bilan yopilib, unga metall naycha, naychaga esa yupqa qamish til o’rnatiladi. (N a y p a ch o q – yog’ochdan yasalgan puflab chalinadigan sozlarda tovush hosil qiluvchi yupqa plastinka. Ilgari qamishdan tayyorlanganligi uchun qamish til deb atalgan. Hozir boshqa materiallardan ham tayyorlanadi. Yakka (klarnet, saksafon kabi sozlarda) va juft (surnay, goboy, fagot kabi sozlarda) turlari bor. [5, 6-j., 247-b.]) Metall naychaga qamish tildan oldin kiygiziladigan (suyak yoki metalldan yasalgan) yupqa plastinka – sadat surnay chalinishiga xizmat qiladi. Surnay diapazoni birinchi oktava “re”dan, ikkinchi oktava “si”gacha va undan ham yuqori.  

   Surnay ovozi kuchli va jarangdor. O’zbekiston va Tojikistonda karnay, nog’ora yoki doira bilan ommaviylashgan maxsus ansamblni tashkil qilib, milliy an’anaviy tomoshalar (dorboz, qo’g’irchoqbozlar o’yinlari)da, turli marosim va yig’inlarda keng qo’llaniladi. Yakkanavoz cholg’u sifatida ham mashhur. Surnay ijro imkoniyatlarining boyligi va o’ziga xos xususiyatlariga egaligi tufayli unda chalinadigan kuylar alohida ajralib turadi. Shashmaqomda Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq maqomlari shu’balari asosida yaratilgan surnay yo’llari g’oyat sevimlidir. “Surnay Buzrugi”, “Surnay Navosi”, “Surnay Orazi”, “Surnay Dugohi” (savt va ufori bilan), “Mushkiloti Segoh” va uning ufori, “Surnay Iroqi” kabi surnay yo’llarining ko’pi siklli asarlardir. Ayniqsa, Navo maqomining surnay yo’llari keng tarqalgan bo’lib, ular, asosan, nikoh to’ylarida ijro etiladi. Surnay yo’llarining aksariyati raqs kuylari hamdir. Siklli “Shodiyona”, “Katta o’yin”, “Surnay munojoti”, “Surnay Girya Qozog’i” kabilar shular jumlasidan. Surnay rekonstruksiyalanmagan holda hozirgi zamon ansambl va xalq cholg’u asboblari orkestrlarida ham ishlatilmoqda. Surnayning Xitoyda ishlatiladigan turi sona, Zakavkazye xalqlaridagisi zurna deb ataladi” [7, 10-j., 438-b.]

   “B u r g’ u,  q o’ b u z c h a (ruscha rojok) – 1. Ayrim puflama cholg’u asboblarining nomi. Masalan, ingliz burg’usi. 2. Cho’ponlar burg’usi turidagi rus xalq puflama cholg’u asbobi. Burg’uda turli past-baland tovushlar olish uchun maxsus teshikchalar bor. Mis burg’uning chalish qismida ba’zan mundshtuk qo’yiladi; xromatik tovushlarni olish imkoniyati bor bo’lsa ham lekin amaliyotda diatonik (yunoncha diatonikos bir tovushdan boshqa tovushga o’tadigan, A.Sh.) holda qo’llaniladi. Teshiksiz burg’u Rossiyada pochta signali uchun qo’llanilgan. Burg’uning katta-kichik turlari bo’lib, bularning umumiy uzunligi 400 dan 800 millimetrga qadar” [8, 55-56-b.] 

   Aytmoqchidek, buyuk tariximizda ota-bobolarimiz chalgan sozlardan biri bo’lmish burg’u haqida na O’zbek Sovet Ensiklopediyasida, na hozirgi yangi – O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasida hech qanday ma’lumot yozilmagan …

   Yuqorida keltirilgan tarixiy ma’lumotlardan ham ko’rinib turibdiki, nog’ora, karnay, surnay, burg’u va shu kabi milliy sozlar ijrosida madhiya yaratishimiz mumkin va kerak!

 

4.  O’ZBEKISTON  DAVLAT  MADHIYASIGA  DOIR  QISQACHA  MA’LUMOTLAR  VA  MUALLIFNING  TANQIDIY  FIKRLARI

 

   Ba’zi o’quvchilarimiz “Bo’lajak madhiya matni va uning musiqasi qanday bo’lishi kerakligi muallifga ma’lum ekan, nega endi u Toshkentda birorta kompozitorga yoki hofizga murojaat etmadi?” deb savol berishlari mumkin. Muallif 2003 yilda taniqli kompozitorga ham, 2004 yilda mashhur hofizga ham murojaat qilgan edi. Bu voqeani yozish uchun O’zbekiston Respublikasi madhiyasining tarixi haqida qisqacha bayon etishga to’g’ri keladi.

   Sovet Ittifoqining dastlabki madhiyasi 1918-1944 yillar davomida mashhur “Internasional” qo’shig’i (E.Potiye so’zi, P.Degeyter musiqasi) bo’lganligi, u 1944-1991 yillarda Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining, 1991 yildan hozirgi kunlargacha Rossiya kompartiyasining madhiyasi ekanligi haqida kamina [3] maqolada yozgan edi. Sovet Ittifoqining navbatdagi Davlat madhiyasi S.Mixalkov [1913.28.2] va El-Registan she’ri, A.V.Aleksandrov [1883-1946] musiqasi bilan 1944 yildan ommaviy ravishda ijro etila boshlandi. [7, 3-j., 345-b.]

   1947 yilda O’zbekiston Davlat madhiyasi kompozitor Mutal (Mutavakkil) Burhonov [1916.5.5 - …] va shoir Temur Fattoh tomonidan yaratilib, 1947 yilda tasdiqlangan edi [7, 3-j., 345-b.].

   1977 yilda Sovet Ittifoqida yangi Konstitusiya qabul qilinishi munosabati bilan SSSR madhiyasi matnini yana S.Mixalkov va El-Pegistan yozishdi. Uning rus tilidagi matnini K.Yashin, A.Muxtor, Mirtemir, E.Vohidov, A.Oripov va J.Jabborov o’zbek tiliga o’girdilar. U quyidagi misralar bilan boshlanar edi:

                    “Erkin o’lkalardan Ulug’ Rus diyori

                     Yaratdi qudratli, ahil oila.”  [7, 10-j., 81-b.].

   O’zbekiston 1991 yil 1 sentyabrda Mustaqillika erishdi. 1992 yil 8-10 dekabr kunlari Toshkentda O’zR Oliy Kengashining 12-chaqiriq 11-sessiyasi bo’lib o’tdi. Shu sessiyada 8 dekabr kuni O’zR Konstitusiyasi, 10 dekabr kuni O’zR Davlat madhiyasi qabul qilindi. O’sha kuni parlament deputatlari e’tiboriga komissiya tomonidan madhiyaning uchta varianti tavsiya etilgan edi. Muhokama televideniye orqali ko’rsatilgandi va kamina ham uni e’tibor bilan ko’rgandi. Shu muhokama davomida madhiyaning uchalasi ham ketma-ket xor ijro etgan holda eshittirildi va deputatlar e’tiboriga havola etildi. Oliy Kengash deputatlarining aksariyat qismi Abdulla Oripov so’zi, Mutal Burhonov musiqasi asosidagi qo’shiqqa ovoz berdilar va u O’zR Davlat madhiyasi sifatida qabul qilindi [5, 3-j., 157-158-b.].

   Shoir Mirpo’lat Mirzo so’zi, kompozitor Rustam Abdullayev musiqasi asosidagi qo’shiq ikkinchi o’rinni egalladi. Kaminaga xuddi mana shu qo’shiq madhiya sifatida ko’proq ma’qul bo’lgan edi. Chunki uning musiqasi sadolari ohanglarida ozroq bo’lsada o’sha nog’ora va boshqa milliy cholg’ularning ohanglari bor edi.

   Ikki og’iz so’z hozirgi O’zR madhiyasi haqida. Ushbu madhiya musiqasini Mutal Burhonov 1946 yilda, ya’ni o’sha mash’um diktator Iosif Vissarionovich Stalin davrida yaratgan edi. Agar prezidentimiz I.Karimov 1938 yil 30 yanvarda, shoir Abdulla Oripov 1941 yil 21 martda tug’ilganligini e’tiborga olsak, ikkala hamfikr sobiq kommunistning bolalik, o’smirlik, yoshlik yillari, shuning davomi sifatida 1991 yil 1 sentyabrga, ya’ni Mustaqillikka qadar qariyb 45 yillik hayoti har kuni radio, televideniye va turli yig’ilishlarda ijro etilgan M.Burhonovning Stalin davri madhiya kuyi ostida o’tgan. Balkim shu sababli ham, O’zbekistonda avtoritar, polisiya rejimi o’rnatishga hamohang bo’lgani uchun ham shu kuy ularga ma’qul tushgan va  madhiyaga asos sifatida qabul qilishni oldindan rejalashtirishgan, deb taxmin qilish mumkin. A.Oripov 1946 yilda yozilgan M.Burhonov kuyiga moslab she’r yozgan. Ya’ni A.Oripovdek shoirga ham avtoritar tizim “mana shu musiqaga moslab she’r yozing” degan va bu bilan oldindan chegaralab bergan, deyishga asos bor ...

   Endi hozirgi O’zbekiston Respublikasi madhiyasining kamchiliklari haqida ham aytib o’taylik.   

   Birinchidan, shoir Abdulla Oripov madhiya uchun  yozgan she’ri Vatanimizning ko’pgina fuqarolarini, jumladan kaminani ham ruhlantirishga xizmat qilmaydi. 1946 yilda M.Burhonov yaratgan musiqaga moslab yozilgan she’r bo’lganligi sababli uning so’zlari murakkab, sal chalkashroq, ya’ni yodlab olish qiyin bo’lgan uslubda yozilgan. Kamina yuzdan ortiq she’r va baytlarni yoddan biladi (shular qatorida A.Oripovning “Xatolaring kerak ularga” she’rini [9, 2-j., 108-b.]). Muallif O’zbekistonning bir ziyoli fuqarosi sifatida Davlat madhiyasi she’rini yodlashga 1992 yildan beri bir necha marta harakat qilib ko’rdi, lekin to’liq yodda qoldirib bo’lmadi … O’quvchi do’stim, e’tibor bering: biror tantana yoki sport musobaqasida, masalan futbol bo’yicha xalqaro uchrashuvlarda ko’pgina mamlakat fuqarolari o’zlarining Davlat madhiyalarini faxr bilan ijro etishadi, O’zbekiston Davlat madhiyasi yangraganda bizning fuqarolar esa indamay turishaverishadi …         

   Ikkinchidan, shu madhiya musiqasi yangraganda, kaminaning Jizzax shahrida o’tgan bolalik va o’smirlik yillaridagi ba’zi bir voqealar yodiga keladi. U 1960-1970 yillarda Jizzaxdagi A.Navoiy nomli maktabda o’qirdi. O’sha vaqtlar kamina yashagan mahallada ko’pgina rus oilalari yashashardi (bugungi kunda ruslarning ko’pchiligi ko’chib ketishdi va mahalladagilarning aksariyat qismini o’zbeklar tashkil etishadi). Agar ruslardan birortasi vaqti-soati yetib o’lsa, ko’chamizdan duxovoy (puflama) orkestr chalgan mungli sadolar ostida o’sha o’likni qabristonga eltishardi. Hozirgi davlatimiz madhiyasi musiqasini muallif eshitganida o’sha 1960-yillardagi sadolar yodiga keladi. Chunki ohanglarida qandaydir o’xshashliklar bor …  

   Uchinchidan, turkiy ota-bobolarimiz ming yillar davomida birorta qo’shiqni hozirgi yevropacha, jumladan ruslarga o’xshab xor bo’lib aytilayotgan madhiya sifatida kuylamagan-ku. Ya’ni Mustaqil O’zbekiston madhiyasining kuyi turkiy xalqlarning buyuk tarixi, jumladan juda boy musiqa an’analari asosida, ayniqsa milliy cholg’ular ijrosida ko’tarinki, faxrlanish ruhida kuylanmog’i lozim!

 

5.  MUALLIF  “YASHA  TURON”  SHE’RIGA  KUY  BASTALAB  BERISHNI  2003  YILDA  KOMPOZITOR  R. ABDULLAYEVGA  VA  2004  YILDA  HOFIZ  D. XASANGA  ILTIMOS  QILISH  TAFSILOTLARI

 

   Avval muallif 2001 yilda O’zbekistonda yangi xalq harakati tuzish kerakligi va unga madhiya zarurligi fikriga qanday kelganligi haqida qisqacha yozsak.

   Ma’lumki, insoniyat tarixida siyosiy tizimning dastlab shakllangan, barqarorlashgan, asosiy, o’zak qismi – davlatdir. Ya’ni davlat – siyosiy tizimning birinchi institutidir. Siyosiy tizimning ikkinchi instituti – siyosiy partiyalardir. Siyosiy tizimning uchinchi instituti – bu ommaviy tashkilotlar va harakatlardir. Bunga milliy harakatlar, inson huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar, diniy tashkilotlar, milliy-madaniy markazlar, kasaba uyushmalari, yoshlar, faxriylar va shunga o’xshash uyusmalar misol bo’la oladi. Odatda demokratik jamiyatlarda ularning soni jihatidan juda katta qismini nodavlat notijorat tashkilotlari tashkil etadi.

   O’zbekistondagi avtoritar, polisiya rejimi haqiqiy ko’ppartiyaviylikka yo’l bermagach, kamina demokratik jamiyatning uchinchi instituti bo’lmish nodavlat notijorat tashkilot (NNT)larini tuzish va ular sonini oshirish kerak, degan xulosaga kelgan edi. Turkona gap-gashtaklar – 4-5 ming yillik tarixga ega bo’lgan sharqona nodavlat notijorat tashkilotlaridir! Shunday gap-gashtaklarni NNT sifatida tuzib, ularni umumiy Jadidchilik harakatiga birlashtirish lozim, degan fikrni o’zining 2001-2003 yillarda yozgan “Gap-gashtakdan – Jadidchilik harakatiga” nomli kitobida batafsil bayon qilgan edi. (Ushbu kitobni 2001-2003 yillarda Toshkentda kompyuterda terish iloji bo’lmaganligi sababli kamina uning 210 betlik 1-qismini yozuv mashinkasida chop etib, muqovalatib 2003 yilda tayyorlagan edi.)

   Ana shunday Jadidchilik harakatiga madhiya ham zarurligi va bunga [10] maqolada keltirilgan H.H.Niyoziyning “Yasha Turon” she’ri juda mos kelardi (bu she’rni maqolamiz boshida keltirganmiz). 2004 yil dekabrida Vatanimizda navbatdagi parlament saylovlari bo’lishligini hisobga olib, O’zbekistondagi polisiya rejimi 2003 yil bahorida bir oz siyosiy erkinliklarga yo’l berdi, bir necha inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari tuzildi, muxolif “Birlik” xalq harakati” partiyasi va “Erk” demokratik partiyasining navbatdagi qurultoyi bo’lib o’tdi. Kamina ham 1999 yil yanvarida yoza boshlagan, gap-gashtakka asoslangan “Demokratlar davrasi” nomli nodavlat notijorat tashkiloti Ustavini 2003 yil bahorida yozib tugatdi va bir guruh hamfikr safdoshlari (ulardan ikki nafari fan doktori va   besh nafari fan nomzodi) bilan birgalikda uning ta’sis yig’ilishini 2003 yil aprelida o’tkazdi.

   “Demokratlar davrasi” gap-gashtagi (NNT) tuzilgach, kamina “Yasha Turon” she’riga kuy bastalash masalasida birorta kompozitorga murojaat qilishni rejalashtira boshladi. Shunda 1992 yil 10 dekabr kuni O’zbekiston Respublikasi madhiyasini qabul qilayotganda 2-o’rinni olgan shoir Mirpo’lat Mirzo so’zi, kompozitor Rustam Abdullayev musiqasi asosidagi qo’shiqni esladi. Shu yerda R.Abdullayev haqida ma’lumot keltirib o’taylik.

   “Abdullayev Rustam (1947.12.2, Xiva) – kompozitor. O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi (1977). Toshkent davlat konservatoriyasini tugatgan (1972). 1985 yildan Toshkent konservatoriyasining o’qituvchisi. O’zR Kompozitorlar  va bastakorlar uyushmasining kotibi (1985-1995), raisi (1995 yildan). 4 opera – “Shodimulk” (1975), “Sadoqat” (O.Matchon, 1980), “Xiva ordeni” (E.Samandarov, 1985), “Kimlar zor, kimga xor” (M.Mirzo, 1994); “Quyoshga ta’zim” balet-oratoriyasi (O’. O’marbekov, 1984); simfoniya (1975) va 3 simfonik poema (1968-70); fortepiano va orkestr uchun 5 ta konsert (1972-95), kamer-vokal, xor va boshqa asarlarning muallifi. Asarlari O’zbekiston va chet el konsert sahnalari (Rossiya, Ukraina, Shvesiya, Tailand, Janubiy Koreya va boshqa)da ijro etiladi.” [5, 1-j., 28-b.]

   Muallif 2003 yil may oyida R.Abdullayev ishxonasiga – O’zR Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasining raisi kabinetiga borib u bilan uchrashdi. Salom-alikdan so’ng kamina 1992 yil 10 dekabrda tanlovga qo’yilgan va 2-o’rinni olgan madhiya musiqasi milliy ohanglarda yaxshi yaratilganligini aytib minnatdorchilik bildirdi. Davom etib, H.H.Niyoziyning “Yasha Turon” she’ri borligi, uni 1916 yilda mashhur hofizimiz Muhitdin Qoriyoqubov [1896.1.5 – 1957.2.2] qo’shiq qilib kuylagani va bu haqda “Xalq so’zi” gazetasining 1996 yil 23 noyabr sonida B.Nasriddinovning maqolasida yozilganligi haqida aytdi. So’ngra muallif shu she’rga o’sha 1992 yilgi milliy ruhdagi kuy bastalab berishni iltimos qildi va “Yasha Turon” she’r matnini R.Abdullayevga berdi (o’sha varaqda she’r manbasi ham yozilgan edi). Rustam aka H.H.Niyoziy she’rini qunt bilan o’qib chiqdi va B. Nasriddinovni shaxsan tanishini aytdi. Keyin buni o’ylab ko’rishi kerakligini va “2-3 haftadan so’ng xabar oling” dedi.

   20-25 kunlar o’tgach, kamina O’zR Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasiga bordi va K.Abdullayev kabinetiga kirdi. U salom-alikdan keyin Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik borayotganligi sababli hozir ishi ko’p ekanligini va sentyabrda xabar olishni maslahat berdi. 2003 yil sentyabr oyi o’rtalarida kamina yana bordi. Bu safar R.Abdullayev dekabr oyida rejalashtirilgan qandaydir katta (xalqaro) tanlovga tayyorgarlik olib borayotganligini, hozir “Yasha Turon” she’riga kuy ijod qilish bilan shug’ullanishga hech vaqti yo’qligini va dekabr oxirlarida vaqti ko’proq bo’lishini aytdi. Muallif 2004 yil yanvarida yana bir marta R.Abdullayev idorasiga bordi va u bilan uchrashdi. Shunda u 1992 yilda madhiya uchun yozilgan kuy davlat nomiga o’tkazilganligi, endi uni boshqa she’rga kuy qilishga haqqi yo’qligini aytdi. Kamina bunga javoban, siz musiqa sohasida katta ilmga va tajribaga ega bo’lgan kompozitorsiz, sal o’zgartirib, boshqacharoq qilib yozib bersangiz, toki “Yasha Turon” tarixiy qo’shig’i sizu bizdan keyingi avlodlarga meros bo’lib qolsa yaxshi bo’lardi, dedi. Lekin R.Abdullayev “Yasha Turon”ga kuy bastalab bera olmasligini yana bir marta aytdi.

   Shundan so’ng muallif bu masalada hofiz Dadaxon Hasanga murojaat qilishga qaror qildi. Kamina D.Hasan uyiga ilk marotaba 1990 yil mart oyida bir guruh “birlik”chilar bilan Navruz bayramini nishonlash uchun borgan edi (o’shanda hovlida katta qozonda kechasi bilan sumalak ham pishirilgan edi). 2001 yilda muallif “Birlik”chilar va o’zbekistonlik askarlarning tobutlari” kitobida “Birlik” xalq harakatining 1988 yil 11 noyabrdagi dastlabki yig’ilish tarixini yoritish jarayonida Dadaxon akanikiga ahyon-ahyonda borib, suhbatlashib turar edi. 2004 yil fevralida kamina Dadaxon aka uyiga borib, bir oz suhbatlashgach, “Yasha Turon” she’rini unga berdi va shunga kuy bastalab berishni iltimos qildi. U she’rni e’tibor bilan o’qib chiqib, hozirgi siyosiy tizim unga birorta xonanda bilan birga ishlashga, birorta  studiyaga borib musiqani yozdirishga yo’l bermayotganligi, biror kishi to’yga taklif qilishiga imkoniyat bermayotganligi haqida gapirdi va shu sababli “Yasha Turon” she’riga kuy bastalab bera olmasligini aytdi.

   Bir tomondan, haqiqatan O’zbekistondagi kuchishlatar organlarga tayangan mavjud polisiya rejimi Dadaxon akaning erkin ijod qilishiga ko’p yillardan beri yo’l bermayotir. Ikkinchi tomondan, Dadaxon aka universitetning jurnalistika fakultetini tugatgan hofizdir. “Yasha Turon” she’rini esa nog’ora, karnay, surnay va boshqa milliy cholg’ularda chaladigan ansambl ishtirokidagi kuy bastalanmog’i zarur. Bunga esa bevosita konservatoriyani bitirgan, xalqimiz milliy cholg’u kuylarini yaxshi biladigan talantli kompozitor kerak.

   Agar yuqorida yozganimizdek, demokrat shoirlar guruhi tashkil etilib, H.H.Niyoziyning “Yasha Turon” she’riga yana 4 ta to’rtlik qo’shib, ya’ni oltita to’rtlikdan iborat she’r matni tayyor qilinsa, u holda boshqa demokratik qarashlardagi kompozitorga, jumladan talantli yoshlarga murojaat qilishimiz mumkin.

   Shunday qilib, O’zbekiston demokratlarining “YashaTuron” madhiyasini yaratish juda muhim masalalardan biridir. Madhiya millionlab vatandoshlarimiz uchun eng qisqa, lo’nda, tushunarli va birlashtiruvchi ommaviy Dasturdir!

Qo’zg’ol, Turon! Qo’zg’ol, Turon!

Yasha Turon, yasha Turon!

 

                                       FOYDALANILGAN  ADABIYOTLAR

 

   1. ÁÎÐÎÕΠÝ. Ýíöèêëîïåäèÿ àôîðèçìîâ (Ìûñëü â ñëîâå) /Õóäîæ. Þ.Ä.Ôåäè÷êèí. – Ì.: ÎÎÎ «Ôèðìà «Èçäàòåëüñòâî ÀÑÒ», 1999. – 720 ñ.     

   2. Yasha Turon! Yasha Turon! -  www.jahongir.org www.jahongir.org “Turonzamin” jurnali, 2005 yil oktyabr, 10-soni.

   3. AHMADJONOV Sh. Yasha Turon, yasha Turon! – www.uzbekcongress.org  www.uzbekcongress.org 2006 yil 25 yanvar.

   4. AHMEDOV B. Amir Temur: Tarixiy roman (Maxsus muharrir: B.Omon). – T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1995. – 640 b.

   5. O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasi. 12 yildlik. – T.: “Ozbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat nashriyoti, 2000-2006.

   6. Temur tuzuklari //Forschadan A.Sog’uniy va H.Karomatov tarj.; B.Ahmedov tahriri ostida/. – T.: Nashriyot-matbaa birlashmasi, 1991. – 144 b.

   7. O’zbek Sovet Ensiklopediyasi. 14 yildlik. – T.: “O’zbek sovet ensiklopediyasi Bosh redaksiyasi”, 1971-1980.

   8. AKBAROV G.A. Muzika lug’ati /Maxsus muharrir T.G’ofurbekov/. – T.: G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987. – 448 b.

   9. ORIPOV A. Tanlangan asarlar. 4 jildlik. – T.: G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 2001.

   10. NASRIDDINOV B. “Yasha Turon” deya kuylardi ...”. – “Xalq so’zi”, 1996 yil 23 noyabr.  

 

   Shuhrat  Ahmadjonov.

   E-mail:  shuhrat1954@yahoo.com   shuhrat5454@yahoo.com 

   2006 yil  12 fevral.  Toshkent.