Jaloliddin
Hukumat almashishining o’zigina
O’zbekistonda katta o’zgarishlarga sabab bo’ladi
Insoniyat paydo bo’libdiki mukammallikka intiladi, taraqqiyot uchun zahmat chekadi. Uning umummanfaati, birlashtiradigan omili ham aynan shunda. Shu bilan bir qatorda nafaqat insoniyat, balki aql-idrok yot bo’lgan jonzotlarda ham umummanfaat tushunchasi mavjud. Bu umummanfaat ularni qaysidir shakldagi jamiyatga biriktiradi.
To’da bo’lib yashovchi jonzotlarning qobilyatlari nuqtai nazaridan turli vazifalarni bajarishlari, bir-biridan manfaatdor ikki turning birgalikda hayot kechirishi- simbioz bunga misol bo’la oladi. Ayni misoldan ko’rinib turibtiki, umummanfaatdorlik, o’z vazifasiga ma’suliyat xuddi nasl qoldirish kabi dastlabki instinktlardan xisoblanadi.
Bugungi O’zbek jamiyatini kuzatar ekansiz, aql-idrokga ega, nafaqat aql idrokka ega, balki tarixda ilm-fanning tamal toshlarini qo’ygan ajdodlarning avlodlari ekanidan fahrlanadigan, buni ko’z-ko’z qiladigan xalqning yuqorida takidlangan dastlabki instinklarni yo’qotganiga guvoh bo’lasiz. Son jihatidan juda katta xisoblanadigan yigirma besh million xalqning nisbatan qisqa bo’lgan yigirma yil ichida birdaniga, deyarli to’laligicha umummanfaatdorlik va ijtimoiy ma’suliyatni yo’qotganini qanday izohlash mumkinligini bilmayman.
Umummanfaatdorlik va ijtimoiy ma’suliyat asosini tashkil qiluvchi omil – taraqqiyotning to’htashini aynan shu sabab bilan izohlash mumkin edi. Bu ijtimoiy inqirozga sabab omillarni avtoritar xukumat yuzaga chiqargan degan gipoteza ancha xaqiqatga yaqin. Ammo ushbu ijtimoiy inqiroz avtoritar xukumat shakllanmasidan oldin ham bor edi. Bunga misol qilib sovet ittifoqi xukmronligining so’nggi o’n yilni olsak, yirik miqyosdagi ijtimoiy muammolar mavjudligi bo’yicha O’zbekiston dastlabki o’rinda bo’lganini ko’ramiz.
“Pahta ishi” keyinchalik “O’zbek ishi”, milliy majorolar va shu kabi yuzlab kamchiliklar aynan O’zbek jamiyatining “shahsiy” muammolari edi. Manashu “Pahta ishi” davomida qanchadan-qancha amaldorlar xusumati bor kishilarni Gdlyanga “ro’baro’” qilishmadi, qanchadan- qancha o’rta pog’ona amaldorlar jinoiy javobgarlikka tortilmadi. Aynan o’sha paytlarda ijtimoiy inqirozning tamal toshlari qo’yilganini ba’zilar hali bugun ham idrok qila olishmaydi.
O’rta pog’ona boshqaruvda “yoppasiga” jinoyatchilik bo’ladida, buning sababi yuqori pog’ona boshqaruv ekani mantiqan xulosa qilinmaydimi? Yuqori pog’ona rahbarlar bu ishlardan behabarmidilar? Gdlyan nega aybni faqat o’rta pog’onada ko’rdi?… Bu yog’i bugunning “tarixiy siri” xisoblanadi. Ammo o’sha paytdagi “yuqori pog’ona rahbarlar”ning asosiy qismi bugun “oliy pog’ona rahbarlar” xisoblanishadi. Shunday tarbiya topgan rahbarlar hali ham boshchilik qilayotgan jamiyatda inqiroz bo’lmasligi kishini hayratga solgan bo’lardi.
Muhtaram prezidentimiz ta’biri bilan “masalaning tagini ochib ko’rsangiz” bu omillar sovet O’zbekistoni davlatchiligining dastlabki yillaridan boshlanadi. Stalin qatag’oni davrida millat gullarining qirg’in qilinishiga erishilgani, qaysidir amamldorning ikkinchisi ustidan tinmay “yozaverib” nihoyat yo’q qilgani va shunga o’hshash shahsiy manfaatga asoslangan, xalq manfaatini toptashga moslashtira borilgani kabi “maktab” tarbiyalagan amaldorlar ijtimoiy inqirozga sabab bo’lmasliklari mumkin emas.
Shu mavzuda suhbatlashar ekan, yoshi katta suhbatdoshim G’ofur G’ulomning qaysidir yozuvchi ustidan qirqdan ortiq “shikoyat” yozgani va nihoyat maqsadiga erishib, shu yozuvchining “yo’q qilingani” borasidagi faktlar SSSR arxivida bugun ham saqlanib turganini so’zlab bergandi.
Bugun amalda bo’lgan xukumatning asosini G’ofur G’ulomlar tashkil qilganini, ayni sababdan uning bugun ham ko’klarga ko’tarilishini ko’rib turar ekanmiz, ijtimoiy inqirozning ildizlari mustaqillik yillariga emas, uzoq o’tmishga borib taqalishini anglab yetamiz. Shu sabab bugungi xukumat almashishining o’zigina O’zbekistonda katta o’zgarishlarga sabab bo’ladi deb ishonch bilan aytish mumkin.