Jaloloddin

 

 

O’zbekning

Navro’zi

 

 

Bugun O’zbekistonda milliy bayramimiz Navro’z nishonlanmoqda. Qayta tiklanishi milliylik ruhimizning qayta shakllana boshlagani mustaqillik arafasidagi yillar bilan bog’liq bu bayram o’sha yillarda xaqiqatdan ham ommaviy xalq bayrami edi. Yilllar o’tib O’zbek xalqi taqdirining yagona shahs tomonidan xal qilinishi o’zlashtirila borgan sari milliylik ruhining tushishi bilan bir qatorda mustaqillik yillarida tiklaganimiz, aytish mumkinki yagona qadryatimizga ishonch, e’tiqod so’nib bordi.

 

Bir paytlar shahsan prezidentimizning o’zi ishtirok etadigan sayllar-u tomoshalar bugun “ihchamgina” maydonda o’tkaziladi. Tarixi ming yillarga borib taqaladigan, qayta tiklanishi uchun qanchadan-qancha davlat mablag’lari sarflangan udumlarimiz allaqachon yo’qolib ketdi.

 

Navro’z ham mustaqil O’zbekistonning odatdagi bayramiga aylandi. Yurtboshimiz ishtiroki tufayli xavfsizligi taminlanishi jihatidan BMT sammitlarini eslatuvchi bu marosim ham oddiy qilib ish kunlarini ko’chirish va xalq bayram qilishi mumkin bo’lgan muddatni kamaytirish bilan boshlanadi.

 

Mana ohirgi besh yil ichida alohida tus olgan odat bo’yicha agar bayram havftaning payshanba kunidan oldin bo’lsa oldingi, payshanbadan keyin bo’lsa keyingi dam olish kunlari ish kuni deb e’lon qilinadida, dam olish kunlari o’rniga bayram to’g’ri kelgan kun dam olish kuni etib belgilanadi.

 

Ba’zan bayramlarni “kerakli” sanalarga ko’chirish ham amalga oshiriladi. Yil davomida kutiladigan, asrlar osha avloddan-avlodga udum bo’lib kelayotgan sanalarni ko’chirib nishonlashni ham milliy qadryatlarimizning qayta tiklanishidagi yangi qadam deyish mumkin. Bir kun erta bo’ldi nimayu, bir kun kech bo’ldi nima, ammo bayram qilinishi kerak.

 

Ammo nishonlash masalasidanda muhim masala bor: bu milliy qadryatlarimizning tiklanishi yoki uning oyoq osti qilinishidir. Yuqorida takidlanganidek, Navro’zni O’zbekning qayta tiklangan yagona udumi, an’anasi deyish mumkin.

 

Chunki vatan uchun jonini bergan ota-bobolarning avlodlari bo’lgan bu xalq tiklayman desa udum, an’ana qadryatlar cheksiz. Ammo ularning oqibatlaridan teskari manfaatdor bo’lgan xukumat bunga yo’l qo’yib berarmidi? Yo’q albatta! Nomigagina davlat tili maqomi berilgan ona tilimiz qatori Navro’z shodiyonalari ham nomiga, xo’jako’rsinga, qolaversa tor doiradagi guruh uchun o’tkaziladi.

 

“Tiklanolmay” qolgani sabab boshqa an’ana va qadryatlar xaqida biror so’z aytishning imkoni yo’q. Nomigagina tiklangan Navro’zimizning mohiyati esa hamon sirligicha qolmoqda. Navro’zning ne sababdan bayram qilinishi, undagi elementlar, uning ahamiyati borasida bahs yuritish u yoqda tursin, millatning gullari sanalgan yosh ilm ahli “Navro’zni qutlash kerakmi yoki, yo’qmi, bu qadryat turli dinlarga aloqasi jihatidan qay o’rinda turadi” kabi savollar bilan band.

 

Gap shundaki, asosan Markaziy Osiyo xalqlariga xos bu bayram qayta-qayta takidlanganidek yangilanish bayrami, yasharish bayrami. Ammo tom ma’nodagi tabiiy yangilanish, tabiiy uyg’onish bilan bir qatorda ijtimoiy qatlamning ham uyg’onishi, yangilanishidir. Bu bayramda tabiyatning uyg’onishini qutlash bilan bir qatorda jamiyat o’z yo’lboshlovchilari, liderlarini ham qayta sinovdan o’tkazgan, yangilagan.

 

Odatlarimiz bo’yicha o’tkazilgan bellashuvlar o’sha zamonlarda o’z ishining ustalarini qayta sinovdan ot’kazgan. Mana shu yo’l bilan ajdodlarimiz komillik, barkamollik sari intilganlar.

 

Bugun mazkur qadryatlarning qayta tiklanishi millatning uyg’onishidan manfaatdor bo’lmagan kimsalar tomonidan uzuq-yuluq ko’rinishga olib kelingan bu bayram tom ma’noda milliy uyg’onish, yangilanish bayrami ham bo’lmog’i zarur.

 

Bunga yaqqol misol qilib Qirg’iziston xalqi bu yil ikkinchi marotaba nishonlaydigan xalq bayramini keltirish mumkin. Mamlakatning mustaqillika erishgani xukumat e’lon qilgan, bosqinchi boshqaruv tizgini qo’ldan boy bergan sanadan emas, xalq o’zligiga qayta boshlagan, g’ururini anglagan kundan boshlanadi aslida.

 

Shunday ekan bugun Qirg’iz xalqi o’z mustaqilligining bir yilligini nishonlayotir desak, O’zbek xalqi xali bu mustaqillik shabodasidan bahra olmadi deb ishonch bilan ayta olamiz.

 

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, O’zbekning Navro’zi ham yaqin qoldi. Garchi u xukumatning qadamlari tufayli aniq sanada nishonlanmasligi mumkin bo’lsada, milliy uyg’onish, o’zlikni anglash oni oz qoldi. Manashu on kelganda albatta Navro’zimizni, ajdodlarimizdan meros asl Navro’zimizni nishonlaymiz, bir – birimizni qutlaymiz, bayram qilamiz. Yangilanish va istiqbol sari yangi qadam qo’yamiz.

 

Xozir esa, kechagi dam olish kuni o’rniga bugun e’lon qilingan “bayram” bahona shahar markazi tamon yo’l olar ekanmiz, har qadamda o’rnatilgan militsiya postlaridan sekingina o’tib, kelgani bayram qilinayotgan bo’lsada atrofdagilar ruhida sezilmayotgan uyg’onishning kechikayotganidan hayron bosh chayqab qo’yamiz.