Shuhrat Ahmadjonov

 

HOFIZ  VA  SHOIR  DADAXON  HASAN

 O’ZBEKISTON  MILLIY  XAVFSIZLIK  XIZMATI  IDORASIDA  SO’ROQ  QILINMOQDA

 

  

2006 yil 12 aprel kuni soat 15.00 ga yaqin ikkita yengil mashinada 8 nafar fuqaro kiyimidagi kishilar Dadaxon Hasanning uyiga kelishdi. Ularga Buxoro viloyat Milliy xavfsizlik xizmati tergov boshqarmasining xodimi Akmal Rashidov rahbarlik qilgan  (u o’zini adliya leytenanti Akmal Rashidov, deb tanishtirgan). Ular Toshkent shahar prokurori imzo qo’ygan sanksiyani ko’rsatishgan va Dadaxon aka uyida tintuv o’tkazilishi haqida aytishgan. Xolis guvohlar sifatida shu mahalla – Shukur Burhonov nomli mahalla raisi va o’rinbosari taklif etilganlar. Dadaxon aka o’z advokati Ruhiddin Komilovni chaqirtirgan va u yetib kelgan.

  

Tintuv soat 15.00 dan 20.00 gacha davom etgan. Dadaxon akaning quyidagi narsalari ro’yxat qilib olib ketilgan: 1) 6 dona qo’lyozma kitob; 2) 3 dona kundalik; 3) 98 dona aydiokassetalar, hammasida lirik qo’shiqlar yozilgan; 4) 13 dona kompakt disk; 5) Ko’plab fotosuratlar, Internetdan olingan maqolalar va boshqa shaxsiy qog’ozlar. Bularning hammasini Dadaxon aka uyidan olingan 3 ta karton qutiga solishgan va kuchishlatar organ xodimlari o’z mashinasiga olib chiqib joylashtirishgan. So’ngra Dadaxon Hasanning shaxsiy avtomashinasiga (1996 yilda Koreyada ishlab chiqarilgan, “Espero” markali, 10 J 75 20 raqamli) u, R.Komilov va organ xodimlaridan ikki kishi o’tirishib, uchala mashinada O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Respublika idorasiga borishgan.

  

O’zR MXX Respublika idorasida Akmal Rashidov kechasi soat 1.30 gacha so’roq qilgan. Tergovchini asosan D.Hasan ijodi, ya’ni qo’shiqlari, she’rlari va maqolalari qiziqtirgan. D.Hasandan ijtimoiy-siyosiy qo’shiqlar yozilgan kasetangiz qayerda, deb so’raganida, u quyidagicha javob bergan: 2005 yil oktyabr oyida Toshkentdagi Parkent bozoriga uyimning tunuka tomini bo’yash uchun bo’yoq sotib olmoqchi bo’lib bozorga kirib ketgan paytimda kimdir avtomashinamni ochib, alohida turgan magnitafonimni va yuz ming so’m pulimni o’g’irlab ketibdi, o’sha magnitafon ichida ijtimoiy-siyosiy qo’shiqlarim yozilgan audio kassetam bor edi.

  

So’ngra Dadaxon Hasan nomidagi uy va shaxsiy avtomashinasini garrovga qo’yish hisobidan uyga qaytishga ruxsat berishgan. Tergovchi so’roq 13 aprel kuni soat 11.00 dan davom etishini va kechikmaslikni buyurgan. D.Hasan va R.Komilov ko’chadan yengil avtomashinani kira qilib, kechasi soat 2.00 larda uyga qaytishgan.

  

13 aprel soat 11.00 ga Dadaxon Hasan O’zR MXXning bosh idorasiga yetib borgan. Tergovchi Dadaxon aka bilan suhbatni xonada emas, hovlida va D.Hasan avtomashinasida olib borgan va bu suhbat-so’roq soat 13.00 gacha davom etgan. So’ngra tergovchi Akmal Rasidov tushlikka boradigan bo’lgani uchun unga uyiga ketishga ruxsat bergan va u 15.00 ga yetib kelishni buyurgan.  

  

Ba’zi bir qo’shimcha ma’lumot. Ma’lumki, 10-13 aprel kunlari Jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent shahar Mirza Ulug’bek tuman sudi binosida taniqli tijoratchi, “Quyoshli O’zbekiston” kaolisiyasining rahbari Sanjar Umarov, shuningdek R.Bobojonov va I.Usmonov ustidan apellyasiya sudi o’tkazildi. Dadaxon Hasan uyida 12 aprel kuni ro’y bergan voqea haqida kamina 13 aprel ertalab soat 10.00 ga yaqin sudga kelib, inson huquqlari himoyachilaridan eshitdi. A.Shaimardonov, A.Volkov va kamina inson huquqlari himoyachilari nomidan Dadaxon Hasan masalasidagi arizani rus tilida O’zR Bosh prokurori nomiga yozdik va imzolar yig’ishga kirishildi. Ushbu ariza bugun Internet saytlarida e’lon qilingan bo’lishi kerak.

  

S.Umarov, R.Bobojonov va I.Usmonov ishi bo’yicha Jinoiy ishlar bo’yicha Toshkent shahar sudi kollegiyasi a’zosi, sud raisi V.Sharipov apellyasiya sudining hukmini bugun – 13 aprel kuni o’qib berdi. Sanjar Umarovga 2006 yil 6 mart kungi birinchi instansiya sudida 14,5 yilga qamoqqa hukm qilingan bo’lsa, bu sud ushbu qamoq muddatini 10,5 yil qilib belgiladi. O’zR Oliy Majlisining 2005 yil 2 dekabrdagi amnistiya haqidagi qaroriga ko’ra bu muddat chorak qismga kamaytiriladi. Ya’ni S.Umarov 7 yil 11 oyga umumiy tartibli koloniyaga qamoqqa hukm qilindi. R.Bobojonov va I.Usmonovning qamoq muddatlari o’zgarishsiz qoldirildi.

  

Ushbu sud tugagach kamina Dadaxon Hasanning uyiga telefon qildi. Telefon go’shagini Dadaxon aka nevaralaridan biri ko’tardi va uyda kattalardan hech kim yo’qligini aytdi. Shu sababli muallif ikki soatlar Internet-klubda ishlab, so’ngra Dadaxon akaning uyiga soat 14.30 dan oshganda bordi. Dadaxon aka O’zR MXX idorasiga ketish uchun shoshib turganligi sababli darvoza oldida qisqacha suhbatlashdik(Suhbat paytida aniqlangan ma’lumotlarni yuqorida keltirdik).  Dadaxon aka navbatdagi tergovga borish vaqti bo’lib qolganligini aytdilar va biz xayrlashdik. U uyga  kiyinishga kirib ketdi.  

  

Ma’lumki, 2007 yil 23 dekabr kuni O’zbekistonda prezidentlik saylovlari bo’lib o’tishi kerak. Polisiya rejimi bu saylovlarni katta spektakl ko’rinishda o’tkazish uchun qizg’in tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Shu tayyorgarlik doirasida rejimni va soxta saylovlarni Vatanimizda tanqid qilishi mumkin bo’lgan har bir faol fuqaroni hozirdan tovushini o’chirish boyicha “tadbirlar” olib borishmoqda. Dadaxon Hasan qo’shig’i bahonasida Buxoroda boshlanib, Toshkentda davom etayotgan tergov ishlari shular jumlasidandir. 

 

  E-mail:  shuhrat1954@yahoo.com 

  

  Toshkent,  2006 yil 13 aprel, soat  18.00.