Shuhrat
AHMADJONOV,
DO’Kning
HOFIZ
VA SHOIR
DADAXON HASANGA
TAZYIQ
DAVOM ETMOQDA
Hofiz va shoir Dadaxon Hasanning uyida O’zR Milliy xavfsizlik
xizmatining sakkiz nafar xodimi 2006 yil 12 aprel kuni soat 15.00 dan 20.00
gacha tintuv o’tkazganlari, so’ngra uni MXX Respublika idorasiga olib borib,
tergovchi Akmal Rashidov tomonidan kechasi soat 1.30 gacha so’roq qilishgani va
13 aprel kuni soat 11.00 dan 13.00 gacha, shuningdek soat 15.00 dan keyin ham
so’roq davom ettirilgani haqida www.uzbekcongress.org saytida muallif 14 aprel kungi maqolada
yozgan edi. D.Hasanning kaminaga 15 aprel kuni aytganiga ko’ra, unga qarshi
O’zR Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-bandi, 159-moddasi 3-bandi va 244-moddasi 2-bandiga asosan jinoiy ish
qo’zg’atilgan.
Buxoro viloyat Milliy xavfsizlik
xizmati tergov boshqarmasining xodimi Akmal Rashidovning talabi bilan Dadaxon
Hasan va uning advokati Ruhiddin Komilov 2006 yil 14 aprel (juma) kuni soat
12.00 da Milliy xavfsizlik xizmatining Respublika idorasiga yetib borishgan.
Ishonchli ma’lumotlarga ko’ra,
Dadaxon aka kenja o’g’li Nodirjon
va kelini Nozima bilan bir hovlida yashayotganligi
sababli, kelini Nozimaning uyni garrovga qo’yilishiga rozi ekanligi haqidagi
arizani tergovchi A.Rashidov 13 aprel kuni talab qilgan. Dadaxon
aka 14 aprel kuni kelini Nozimaning shu haqdagi arizasini A.Rashidovga
topshirgan.
Tergovchi 13 aprel kungi so’roq
davomida Dadaxon akaning rahmatli katta o’g’li Shokirjonning vafot etganligi
haqidagi guvohnomaning nusxasini va Dadaxon aka
ikkinchi guruh nogironi ekanligi haqidagi tibbiyot ma’lumotnomasi nusxasini
keltirib berishni talab qilgan. Dadaxon aka shu hujjatlar nusxalarini ham 14
aprel kuni tergovchiga topshirgan.
Shuncha talabni amalga oshirgach,
MXX tergovchisi A.Rashidov Dadaxon akaga shunday degan: “Endi sizga uyga ketishga javob. Kerak bo’lsangiz o’zimiz chaqiramiz, uyda o’tiring!”.
Dadaxon aka kamina bilan suhbatda
boshqacha tazyiq haqida ham aytdi: “Ko’pgina
kishilar mening uyimga telefon qilishadi. Telefon go’shagini ko’taraman, lekin
u tomondan ovoz kelmaydi …”.
O’zbekistonda maxsus xizmat organlari ba’zi bir fuqarolarning shaxsiy telefon
suhbatlariga yashirincha quloq solishlari va ba’zan
fuqarolarning uy telefonlarida Dadaxon aka aytgani kabi “o’yinlar” bo’lib
turishi sir emas.
Shu
kunlarda Dadaxon akani qo’llab-quvvatlovchi fuqarolar ko’paymoqda.
Taniqli inson huquqlari himoyachisi Surat Ikromovning kaminaga hozirgina
telefonda aytganlariga ko’ra, u ham Dadaxon akaning himoyasiga bel bog’labdi. U
bugun kunduzi Dadaxon Hasan bilan uchrashib, bu haqda bir qarorga
kelishibdi.
Dadaxon
Hasan oilasi haqida qisqacha ma’lumot. Uning uch qizi
(uchalasi ham oilali, Farg’ona vodiysida yashashadi), ikki o’g’li va 13 nafar
nevarasi bor. Dadaxon akaning turmush o’rtog’i Karomat 2005 yil 26 fevral kuni
vafot qilgandi. Uning katta o’g’li Shokirjon 1969 yilda tugilgan va 2005 yil 3 sentyabr kuni yurak huruji sababli vafot
etgan.
Maqolamiz oxirida uch dona fotosuratni ilova qilmoqdamiz. Ushbu fotosuratlarni
muallif 2000 yil yozida olgan va ular ilk bora chop
etilmoqda.

Foto 1. Dadaxon Hasan oila
a’zolari bilan o’z uyi oldida. Birinchi qatorda (chapdan o’ngga): katta
o’g’li Shokirjon (1969 – 2005.03.09), Dadaxon Hasan (1940.11.11), nevaralari
Zulfizar (1994), Gulruh (1997) va Chingizxon (1991); ikkinchi qatorda
(chapdan o’ngga): kenja o’g’li Nodirjon (1971), kichik kelini Nozima va katta
kelini Sohiba.

Foto 2. Dadaxon Hasan hovlida
o’z oila a’zolari bilan (o’ng tomonda Dadaxon akaning “Espero” markali shaxsiy avtomashinasi ko’rinib turibdi).

Foto 3. Dadaxon Hasan oila
a’zolari bilan o’z xonasida (devorga ilingan Turkiston Muhtoriyatining tarixiy
bayrog’i nusxasini Dadaxon aka 1991 yilda AQShdan olib kelgan).
E-mail: shuhrat1954@yahoo.com