ANDIJON XOTIRASI

 

DEMOKRATIK  O’ZBEKISTON KONGRESSINING

BAYONOTI

 

 

 

 

Vashington, 8  May, 2006

 

Demokratik O’zbekiston Kongressi AQShdagi nohukumat tashkilotlari tomonidan Andijon voqealarining bir yilligi munosabati bilan Vashingtonda 9-May kuni o’tkaziladigan konferensiyani ayni muddao deb hisoblaydi va AQSh Kongressining bu anjumanga e’tiborini qadrlaydi. Andijon qatliomining bir ylligini xotirlash bu demokratiya istagan va unga yetisha olmagan insonlarning ruhini xotirlash va demokratiya yo’lidan chekinmaslikni ta’kidlashdir.

 

Andijon voqeasi hammani demokratiya uchun jipslashuvga undadi. Zotan Demokratik O’zbekiston Kongressini tuzish uchun ham Andijonda yuz bergan fojialardan keyin, 2005 yilning 11 Iyun kuni  o’tkazilgan yig’ilish asos bo’lgandi. O’shanda O’zbek demokratik kuchlarining tarqoqligi va diktatura rejimi bundan foydalanayotgani, siyosiy alternativ kuch yo’qligidan demokratiya yutqazayotgani aytilgandi.

 

Oradan bir oy o’tib, Kongressning ikkinchi yig’ilishi bo’ldi va bunda O’zbekiston demokratik kuchlarining barcha harakat va partiyalaridan vakillar qatnashdilar. Lekin o’zini diktaturaga muxolif deb atagan kuchlar yagona platformada birlashishi oson kechmasligi ayon bo’ldi. Shundan keyin Demokratik O’zbekiston Kongressi o’zbek jamiyatida demokratiyani yoyish uchun ko’proq yoshlar orasida ish olib borish kerak degan qarorga keldi va shu asnoda 25 Sentyabr kuni Demokratik O’zbekiston Kongressi tashkilot sifatida rasman shakllangani e’lon qilindi. DO’K 2005 yilning 18 Noyabrida AQShda ro’yxatdan o’tdi va soliqlardan ozod qilingan xalqaro tashkilot maqomiga ega.

 

Bugunga kelib, DO'K AQSh, Avropa, MDH o’lkalari va O’zbekistonda o’z a’zolariga ega va faoliyatini diktaturani rad etib, demokratik qadriyatlarni ustivor qilishga, tinch, ma’rifiy  yo’l bilan demokratiya g’oyalarini targ’ib qilishga yo’naltirgandir.

 

O’tgan qisqa davr ichida juda ko’p o’zbekistonlik yoshlar, inson huquqlari himoyachilari, mustaqil jurnalistlar, demokratiya tarafdorlari DO’Kka a’zo bo’ldilar. O’zbekiston poytaxti va 7 ta viloyatda DO’Kning bo’limlari va faollari tazyiqlar ostida bo’lsada ish yuritmoqdalar. Ularning nomlari e’lon bo’lishi bilan esa tazyiqqa uchramoqdalar. Lekin DO’K o’z a’zolarini himoya qilish choralarin ham ko’rib kelmoqda va tashkilot a’zolariga yordamga oshiqmoqda.

 

DO’Kka dastlab a’zo bo’lganlardan ba’zilari hukumat tazyiqlaridan qochib, xorijdan boshpana oldilar. DO’Kning namanganlik a’zosi Rizo Obid kaltaklandi va ustidan jinoiy ish ochildi. U ham BMT orqali Hollandiyaga ketdi. DO’Kning boshqa bir a’zosi, jizzaxlik Egamnazar Shoymanov hukumat tazyiqlaridan qochib, hozir Qirg’izistonda yashamoqda.

 

DO’K a’zosi, taniqli shoir, hofiz va siyosatchi Dadaxon Hasan ustidan ish qo’zg’atilib, u MXX ta’qibi ostida qolmoqda.  DO’Kning Buxorodagi faoli, ulug’ shoir Yusuf Juma ham MXX tomonidan ta’qibga uchramoqda. Yaqinda AQShga kelgan yosh jurnalist Kamolliddin Hamzayev Toshkentda ekanligida MXX xodimlari undan DO’K a’zolari ro’yxatini talab qilishgan, uni qo’rqitishgan va DO’Kka a’zo bo’lgani uchun ta’qib etishgan. DO’Kning Jizzax shahridagi vakili, DO’Kning www.uzbekcongress.org saytidagi “Jizzax sadosi” sahifasini boshqarib kelayotgan inson huquqlari kurashchisi Baxtiyor  Hamro qattiq ta’qib ostida yashamoqda.

 

Hatto xorijda yashab, DO’Kka a’zo bo’lganlarning yaqinlariga tazyiqlar bo’lmoqda. Jumladan DO’K boshqaruv hay’atining a’zosi Ghayrat Mirzo, Jamshid Ochilov va DO’K faoli Ilhom Isoqov, Tursunpo’lot  Nazarov, Ikrom Abdukarimov shular jumlasidandir.

 

O’zbekiston rejimiga yon bosgan yoki bu rejimga yomon ko’rinmaslikni istagan shaxslarning ta’siridan bo’lsa kerak, hatto AQShga oid  Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiolarining O’zbek bo’limlarida o’rnatilgan ichki tsenzura sabab DO’K rasmiy tashkilot bo’lgani holda uning nomini ishlatmaslik uchun harakat qilinmoqda va uning faoliyati, bayonotlari, saytida chiqayotgan dolzarb masalalar ko’rmaslikka olinmoqda. Hatto DO’K raisining o’rinbosari, “Birdamlik” harakatining lideri Bahodir Choriev bunday g’ayri demokratik usulga qarshi ochlik e’lon qilganiga qaramay, bugunga qadar “Ozodlik” radiosi u bilan o’tkazilgan suhbatni efirga uzatmayapti va hokazo.

 

Bularning hammasi O’zbekiston hukumatining va bu hukumatga xayrixoh bo’lganlarning demokratiya g’oyalari tarqalishidan juda qo’rqayotgani va ular demokratiya tarafdorlariga har turli yo’llar bilan qarshilik ko’rsatayotganidan darakdir. Lekin dushmanlari har qancha qarshilik qilmasinlar demokratiya o’z yo’lida ildamlayveradi. Zotan, demokratiyaga erishuv Andijon xotirasini abadiylashtirishdir.