O’zbekistonni yaqin besh

yilda qanday rejim kutmoqda?

 

 

Jaloliddin,

“Turonzamin” junalining Toshkentdagi sharhlovchisi

 

 

O’zbekiston siyosiy tizimida kelajak besh yil ichida sodir bo’lishi mumkin bo’lgan o’zgarishlarni mumkin bo’lgan bir necha senariylar asosida ko’rib chiqsak. Senariy metodlari katta bir guruh tamonidan rivojlantirilishini hisobga olib ushbu tahlilimiz bir qadar sayoz va aytish joizki bir yoqlama tahlil bo’lishi mumkinligini eslatib o’tamiz.

 

Demak bugungi ijtimoiy-siyosiy ahvol kelajak besh yil ichida qay darajada o’zgarishi borasida:

1. “Odatiy davom” - unga ko’ra mamlakatda qaror qabul qiluvchi shahsning kelajakda ham o’z o’rnida qolishi taminlanishi oqibatida taraqqiyot silsilasi keskin o’zgarmasdan, “majburiy chekinishlar” istesnosida hayot oldingisiday davom qiladi;

2. “Sekin burilish” – bu senariyga ko’ra prezidentning o’z o’rniga mesorxo’r qoldirishi va bu merosxo’rning faoliyatida vasiyning ta’siri kuchliligi sezilib turadi, bu taraqqiyotda ham aks etishi senariyni birinchisi bilan juda yaqin qilib qo’yadi;

3. “Aldamchi kurs” – bu senariyga ko’ra qoldirilgan merosxo’rning o’ta sadoqatli chiqmagani oqibatida taraqqiyot silsilasi dastlab sekinlik bilan, so’ngra esa keskin o’zgarib ketadi;

4. “Keskin burilish” – bu senariyga asosan xukumatning ag’darilishi oqibatida ijtimoiy-siyosiy tuzim qayta ko’rib chiqiladi yoki shakllantiriladi;

5. “Noodatiy davom” – bu senariyga asosan prezident o’z o’rnida qolsa yoki merosxo’ri yordamida o’z ta’sirini saqlab qolsada ichki norozilik va nizolar oqibatida boshqaruvni qisman qo’ldan beradi va mamlakatda fuqorolik urushi alanga oladi.

 

Mazkur senariylarga qisqa izoh ham berib o’tsak:

 

- “Odatiy davom” senariysining amalga oshish imkoniyati juda baland bo’lib, bugun ijtimoiy-siyosiy tuzimga ta’sir o’tkazishi mumkin bo’lganlarning deyarli barchasi aynan shu senariyni amalga oshirishga safarbar qilinganlar. Bugungi ijtimoiy-iqitisodiy ko’rsatkichlar, milliy mentalitetni xisobga olgan xolda mazkur senariyning realligini eng yuqori va hamma tayyor bo’lgan variant deyish mumkin. Asosan yig’ilib borayotgan muammo va kamchiliklarni yechishdan ko’ra unga moslashtirish va ko’niktirishga yo’naltirilgan bo’lsada, amalga oshish imkoniyati eng yuqori senariy xisoblanadi;

 

- “Sekin burilish” senariysi ijtimoiy-siyosiy tizimga ta’sir qilishi mumkin bo’lgan qatlamga “qo’shimcha” variant sifatida taqdim qilingan bo’lib, prezidentning o’z o’rniga merosxo’r qoldirishga majbur bo’ladigan vaziyatlar, xususan uning xayotdan ko’z yumishi oqibatida amalga oshirish ko’zda tutilgan. Bu senariyning qaltis tomoni shundan iboratki, qoldirilayotgan “merosxo’r” keyinchalik ham o’ziga qoyilgan talablarni bajarib borishi to’la kafolatlanmagan. Prezidentning ketishidan ta’sirlangan fuqarolarning yangi diktator vujudga kelishi oldini olish maqsadida harakatga kelishi ham ijtimoiy-siyosiy tuzimda o’zgarish yasashi nazarda tutilgan. Bunday bo’lishi istesno qilingan taqdirda ham “vaqtincha shoh vazifasini bajaruvchi” hech bo’lmaganda o’z vakolati yakuniga yetib borishi natijasida o’ziga qo’yilgan shartlardan bosh tortishi muqarrarligi bu senariyning “yuqori” tomonidan “muvaffaqiyatsiz” deb topilishiga asos bo’ladi.;

 

- “Aldamchi kurs” senariysi ham bugungi xukumat tomonidan ko’zda tutilgan bo’lib, bugungi ijtimoiy-siyosiy tuzimga ta’sir o’tkaza oladigan qatlamga mazkur senariyning oldini olish qattiq topshirilgan. “Merosxo’r” ning sadoqatsiz chiqib qolishi mumkinligi xisobga olinib, agar mazkur senariy amalga oshgudek bo’lsa, uning muvaffaqiyatsizlikka yuz tutishi uchun juda ko’p chora-tadbirlar rejalashtirib qo’yilgan. Obyektiv olib qaraganda mamlakatning istiqbolga boshlashi mumkin bo’lgan senariylarning “eng arzoni” mana shu senariy xisoblanadi. Buni bilgan xukumat uning amalga oshmasligi uchun tish-tirnog’i bilan kurashadi.

 

- “Keskin burilish” senariysining xaqiqatga yaqinligi shu qadar pastki, u alohida e’tiborga va bu yerda muhokama qilishga ham arzimaydi. Uni amalga oshirish uchun lozim sharoitlar shu qadar bartaraf etilganki, buni amalga oshirishni oldilariga maqsad qilib qo’yganlarni to’rttasining boshi bir jojyga kela olmaydi. Qolaversa bu senariyga xalq zehniyat jihatidan ham tayyor emasligi senariyni amalga oshirishni rejalashtirgan subyektlar oldiga yuzlagan to’siqlarni qo’yadi. Na xukumat na xalq nuqtai nazaridan bunday variant mavjud emas ekan, bu senariyni xaqiqatga yaqin deb bo’lmaydi. Sharoitlar mavjud emasligi oqibatida bu senariyning amalga oshirilishi anarxiya va hausga olib keladi,

 

- “Noodatiy davom” senariysining amalga oshishiga asosiy sabab “Keskin burilish” senariysini amalga oshirishga urinish bo’lishi mumkin. Qolaversa yig’ilib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar ham ijtimoiy portlashga  olib kelishi mumkin. Bu kabi muammolarni yechishda “qurol” variatini tanlaganini oshkora namoyon etgan xukumatning faoliyatini mazkur senariy asosida davom qildirishi uning uchun katta muammo tug’dirmaydi. Oqibati ma’lum bo’lgan bu senariyning amalga oshmasligi xalq uchun ham juda ahamiyatli. Umid qilsa bo’ladigani esa bu ijtimoiy portlashga xalqning tayyor emasligi oqibatida bu senariyning boshqa istiqbolli senariylarga o’z o’rnini berishi mumkinligidir.