Sud zalidan

 

Yig’lab-yig’lab

o’qilgan ariza

  

Ma’lumki, 2006 yil 17 may kunidan beri Jinoyat ishlar bo’yicha Toshkent viloyat sudida taniqli inson huquqlari himoyachisi Mu’tabar Tojiboyeva ustidan apelyatsiya sudi davom etmoqda. M.Tojiboyeva sudlov hay’ati nomiga 20 ta Iltimosnoma bilan murojaat qildi. Lekin birortasi inobatga olinmadi. Quyida M.Tojiboyeva 22 may kuni o’qib bergan bitta Iltimosnomani keltirmoqdamiz. U Iltimosnomaning ikkinchi qismini yig’lab-yig’lab o’qib berdi. Iltimosnomani o’qib bo’lgach o’zini yomon his etdi va sud raisiga murojaat qilib, valerianka olib kelib berishlarini iltimos qildi. Dorini ichgach, panjara ortida behol o’tirib sud jarayonini kuzatdi … Sud hukmi 2006 yil bugun soat 15.00 da o’qilishi kutilmoqda.

 

                                                                                              

 

 

Jinoyat ishlari bo’yicha Toshkent viloyat sudi

                                                                                               Apellyatsiya sudlov hay’atiga

                                                                                               Sudlanuvchi Mu’tabar Tadjibayevadan

 

A  R  I  Z  A

 

   Men 2006 yil 6 mart kuni chiqarilgan g’ayriqonuniy ayblov hukmi yuzasidan apellyatsiya sudlov xay’atiga davlat ayblovini quvvatlab ishtirok etayotgan Toshkent viloyat prokurori o’rinbosari va Toshkent viloyat prokurori yordamchisi timsolida O’zbekistonda qonun ustivorligini ta’minlovchi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga eng birinchi o’ringa mas’ul bo’lgan O’zbekiston Respublika prokuraturasini keskin rad qilaman.

   Chunki buyuk mutafakkirlardan biri Sitseron “G’azablangan guvohning so’zlariga ishonish mumkin emas” degan.

   Menga nisbatan qo’zg’atilgan jinoyat ishini qo’zg’agan, tergov harakatlari o’tkazgan, ayblov xulosasi tuzgan, bu ayblov xulosasini tasdiqlagan, da’vo ariza bilan chiqqan, davlat ayblovini quvvatlagan Farg’ona viloyat prokurorining 1-o’rinbosari Orif Ahmadjonov o’zi ham jabrlanuvchim bo’lsa, bundan tashqari tergov paytida qo’zg’atilgan tuhmat qilish va haqorat qilish jinoyatlari bo’yicha Respublika bosh prokurori Rashid Qodirov jabrlanuvchim bo’lsa, g’azablangan jabrlanuvchi – davlat ayblovchilari, jabrlanuvchimga tobe bo’lgan Toshkent viloyat prokuraturasi vakillarini menga nisbatan qo’zg’atilgan jinoyat ishi materiallari yuzasidan o’tkazilayotgan sud jarayonida xolis va beg’araz bo’la olmaydilar.

   Bu fikrimning isboti tariqasida quyidagilarni bildiraman.

   Men 2005 yil 7 oktyabr kuni kechasi Irlandiyaga, inson huquqlari bo’yicha o’tkaziladigan Xalqaro anjumanga ketish arafasida qonunga zid ravishda hibsga olindim.

   “O’tyuraklar” klubi 2000 yildan buyon faoliyat ko’rsatib kelgan. Respublika bosh prokuraturasidan bir necha marta Prezidentga yuborgan telegrammamiz vajlarini o’rganish uchun maxsus komissiyalar Farg’onaga borib, biz keltirgan vajlarni o’rgangan. Uyimdan qonunga zid ravishda olingan hujjatlar ichida barcha hukumat idoralaridan, eng ko’p esa Respublika bosh prokuraturasidan “O’tyuraklar” klubi rahbari sifatida yuborgan telegrammalarim buyurtma xatlarimga kelgan javob xatlar bor.

   Nima uchun Respublika bosh prokuraturasi bosh prokuraturaning buyurtmasi bilan Farg’ona viloyat prokuraturasi amaldorlari mening uyimdagi mavjud hujjatlarni, hattoki qog’oz chiqindilari solinadigan maxsus axlat chelakni ham titib, yozuvlari bor qog’oz bo’lakchalarini ham olib, qonuniy rasmiylashtirmasdan olib chiqib ketdilar? Nima uchun ko’zdan kechirish bayonnomalarida o’ta muhim hujjatlar uyimdan olib chiqib ketilgan bo’lsada, bayonnomalarga yozilmagan, ya’ni yo’q qilingan.

   Buni bir necha sababi bor.

   2005 yil 20 sentyabr kuni Toshkentda Andijon voqealariga aloqadorlikda ayblanib sud qilingan 15 nafar fuqaroning sudi boshlangan paytida ayblov xulosasini o’qigan Respublika bosh prokurorining 1-o’rinbosari Anvar Nabiyev ayblov xulosasini o’qir ekan, men haqimda quyidagilarni ayblov xulosasidan o’qidi.

   “Shuningdek, puxta rejalashtirilgan bu uydirmalarga haqqoniy tus berish uchun sud jarayonida 23 nafar “akromiylar” tergovda bergan  ko’rgazmalaridan qaytib, ular aslida tadbirkorlik bilan shug’ullanuvchi barcha musulmonlar qatori dinga e’tiqod qiluvchi fuqarolar ekanligi haqida yolg’on bayonotlar berganlar.

   … Bundan tashqari 2005 yil 5 aprel kuni Matluba Azamatova elektron nashrlarda “Huquqiy jamiyat” xalq harakati haqida maqola chop etib, unda “O’tyuraklilar” klubi raisi Tadjibayeva Mu’tabardan intervyu olgan. Ushbu intervyuda Tadjibayeva Mu’tabar “Huquqiy jamiyat” xalq harakati    tuzganligini, huquqiy muhofaza qiluvchi idoralar aybsiz fuqarolarni jinoiy javobgarlikka tortayotganligini, Oliy Majlisda inson huquqlari bo’yicha vakili (ombudsman) fuqarolardan kelib tushgan arizalardan juda kam miqdorini ko’rib chiqayotganligini ko’rsatib, qirg’iz muxolifatini va qirg’iz inqilobchilarini qo’llab-quvvatlashga va Qirg’iziston fuqarolaridan o’rnak olib namoyishlar qilishga da’vat qilgan” degan.

   Men 27 sentyabr kuni, 13 may fojeasidan keyin kuchaytirilgan rejimda kechayu kunduz mening uyimni poylaydigan ayg’oqchilarga chap berib, Toshkentga keldim va bu ayblov xulosasini yuqorida bayon qilingan holatlar g’irt yolg’on, tuhmatdan iboratligini, bularni isbotlovchi dalillarim, hujjatlarim borligini bildirib, Oliy sudga sudda guvoh tariqasida so’roq qilishlarini talab qilib bordim. Lekin meni sudning yaqiniga ham yo’latmadilar. Bu haqda “Ozodlik”, “Amerika ovozi” radiolari muxbirlariga intervyu berib, izimga qaytishga majbur bo’ldim. Oradan 10 kun o’tib esa qamaldim.

   Hammani bir savol qiynaydi. Andijonda nima bo’lgandi? Ushbu asr fojeasini o’zbek hukumati terroristlar xuruji deb atasa, xalqaro jahon hamjamiyati hukumat tomonidan tinch namoyishchilarni qirish, deb atamoqda.

   Men 13 may kuni Andijon fojealari boshlanganidan 16 may kuni kechgacha Farg’ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasida xech qanday hujjat rasmiylashtirmagan holda yerto’lada hibsda saqlangandim. Shuning uchun Andijon fojeasining tafsilotlarini guvohi bo’lmaganman, guvoh bo’lmay turib biron bir fikr bildirishga ma’nan haqqim yo’q edi.

   Men Andijon fojealari nechun sodir bo’lgani, bunga kim va qaysi davlat organi aybdorligini bilardim. Buni isbotlovchi dalillar, hujjatlar ham menda yetarlicha edi.

   D.I.Pisarev “Qabihlikni keltirib chiqaradigan sharoitlarga tegmay turib, haqiqat talab qilish – yomg’ir yog’ayotganida tosh yotqizilmagan ko’chada loy bo’lmasligini talab qilish bilan barobardir” degan. Shuning uchun ham “Andijon aybdori kim?” degan savolni kun tartibiga olib chiqilsa maqsadga muvofiq bo’lardi.

   Bu savolga javobni men bilardim. Qo’limda Andijon fojealari boshlanishiga asosiy aybdorlarning kirdikorlari haqida rad qilib bo’lmas hujjatlar bor edi. Andijon fojealari sodir bo’lishga asosiy aybdor bo’lgan prokuratura amaldorlari meni Dublinda bo’ladigan xalqaro anjumanda bu hujjatlarni oshkor qilishimdan qo’rqqan. Uyimdan olingan hujjatlar orasida 180-190 varoq Andijon fojealariga aloqador hujjatlar bor edi. Ularni prokuratura amaldorlari O’zbekiston Respublika hukumatini emas, prokuraturaning manfaatini ko’zlab yo’q qilingan.

   Chunki mening uyimdan olinib, yo’q qilingan hijjatlar 13 may kuni va undan keyingi voqealar haqida emas, fojea yuz berguncha bo’lgan hodisalar, mansabdorlarning jinoyatlari haqida, ya’ni Andijon fojeasi sodir bo’lishiga sabab bo’lgan omillar haqida edi.

   2005 yil 20 sentyabr kuni 15 nafar fuqaroning sudi boshlangan paytda Respublika bosh prokurori 1-o’rinbosari Anvar Nabiyev o’qigan ayblov xulosasida bayon qilingan fikrlar g’irt yolg’on edi.

   U “Shuningdek, puxta rejalashtirilgan bu uydirmalarga haqiqiy tus berish uchun sud jarayonida 23 nafar “akromiylar” tergovda bergan ko’rgazmalaridan qaytib, ular aslida tadbirkorlik bilan shug’ullanuvchi barcha musulmonlar qatori dinga e’tiqod qiluvchi fuqarolar ekanligi haqida yolg’on bayonnomalar berganlar” degan. 

   Aslida esa 2004 yil may-iyun oylarida norasmiy diniy uyushma, ekstremistik guruh va diniy aqidaparastlik degan gumon bilan ayblanib, Andijon viloyati Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan Andijon viloyatida faoliyat ko’rsatib kelgan korxonalar rahbarlari va tadbirkorlari 23 nafar shaxs hibsga olinganlar.

   Ayblov xulosasida aytilganidek, sud jarayonida emas, rejaga asosan emas, uydirmalarga haqqoniy tus berish uchun emas, adolatsizlikka, razolatga chek qo’yishni so’rab 2004 yil may-iyun oylaridan boshlab tinimsiz Prezidentga, hukumat idoralariga shikoyatlar, arizalar bilan murojaatlar qilib kelganlar.

   Ular deyarli barcha murojaatlarida O’zbekiston hukumati rahbarlariga, Respublika bosh prokuroriga quyidagilarni bayon qilib kelganlar.

   “Ushbu murojaat o’z xalqining g’amini chekayotgan muhtaram yurtboshimiz va hukumat boshliqlarini befarq qoldirmaydi, deb ishonamiz.

   Biz Andijon viloyatida faoliyat ko’rsatib kelgan 20 ga yaqin korxona, ellikdan ortiq tadbirkor va ishbilarmonlarning nomidan shuni ma’lum qilamizki, Andijon viloyat MXX tomonidan 2004 yil may-iyun oylarida norasmiy diniy uyushma, ekstremistik guruh va diniy aqidaparastlik degan gumon bilan ayblanib, shu korxona rahbarlari va tadbikorlari hibsga olinganlar.

   Tadbirkorlar va ishbilarmonlarning ish faoliyatlari rivojlanib ketayotganligi va yurt ravnaqiga katta hissalarini qo’shib kelayotganlarini ko’ra olmayotgan adovati bor ba’zi kimsalar tomonidan uyushtirilgan bu tuhmat O’zbekistonning jahon hamjamiyati oldidagi obro’siga putur, ziyon yetkazishi muqarrar. Shunisi achinarliki, bu insonlar aslida o’z yurtining haqiqiy fidoyilari, yuqori malakali yetuk mutaxassis va rahbarlaridir.

   Ularning ko’pchiligi viloyat, shahar tadbirkorlar palatalari tomonidan uyushtirilgan bir necha ko’rik-tanlovlarda ishtirok etishib, o’z sohasining yetakchi mutaxassislari deb tan olinganlar. Shu bilan birga, hukumatimizning xayriya tadbirlarida ham mahalliy hokimiyat va mahalla fuqarolar yig’ini bilan faol qatnashganlar. Bu hammaga ma’lum, xalq buni yaxshi biladi va ularning ishlaridan xabardor. Aynan shu holat ko’pchilik fuqarolarni xayratga solmoqda.

   Bunday insonlarni qo’llab-quvvatlash o’rniga ularni yo’qotishga va yaxshi ishlarini yo’qqa chiqarishga harakat qilinmoqda. Hattoki MXX, viloyat nazorat taftish va soliq boshqarmalari bilan hamkorlikda o’tkazilgan moliyaviy xo’jalik tekshiruvi natijasida bu korxonalar faoliyatlari qonun asosida olib borilganligi va chet eldan hech qanday moliyaviy yordam bo’lmaganligi aniqlangan. Auditorlik xulosalari ijobiy deb topilgan. Shunga qaramay, bu shaxslar ustidan tergov ishlari olib borilib, ularni ma’naviy va jismoniy tazyiq o’tkazish yo’llari bilan qilmagan gunohlarini bo’yniga olishga majbur qilingan…

   … Ustiga-ustak korxona rahbarlariga qarshi ko’rsatma berish uchun bir qancha ishchi xodimlarga MXX xodimlari tomonidan ma’naviy va jismoniy tazyiq o’tkazish evaziga noto’g’ri ko’rsatma berishga majbur qilingan …

   Buning oqibatida korxonalar va tadbirkorlarni ish faoliyatlari to’xtagan. Natijada bir necha yuzlab ishchi o’rinlari yo’qolib, aholi ishsiz qolgan. Bu holat jamiyatimiz ravnaqiga salbiy ta’sir ko’rsatmasdan qolmaydi. Ishsiz aholining yuzlab bolalari ijtimoiy va iqtisodiy ta’minotdan mahrum bo’ldilar.

   Bu ishbilarmon, tadbirkorlarning harakatida Davlatga, Prezidentga, hukumatga, Konstitutsion tuzumga qarshi hech qanday harakatlar bo’lmagan.

   Aslida esa bu tadbirkorlarning faoliyatidan ularning asosiy maqsadi Respublikamizni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga o’z hissalarini qo’shib, aholining turmush farovonligini oshirish hamda O’zbekistonimizni dunyo hamjamiyatida yetakchi o’rinlarga olib chiqish ekanligi yaqqol ko’rinib turibdi.

   MXX xodimlarining tinch aholiga nisbatan o’rta asr inkvizitsiyasi usulida tutayotgan bu harakatlari inson huquqlarini poymol etilishiga va O’zbekiston Konstitutsiyasidagi shaxs erkinligi va amaldagi huquqiy qonunlarga zid kelishi aholi orasidagi hukumatga qarshi norozilik kayfiyatlarining kuchayishiga olib kelmoqda.

   Biz, murojaatchilar, viloyatimizda sodir etilayotgan bu xunrezliklarni to’xtatish va Vatanimizning ravnaqiga hissa qo’shib kelgan fidokor o’g’lonlarini ozodlikka chiqarib, korxonalarimiz faoliyatini tiklash uchun qat’iy choralar ko’rasiz degan umiddamiz” deya 200, 300 tadan imzo chekilgan shikoyatlarni uzluksiz bir yil davomida hukumat idoralariga yuborib, qonunlarni oyoq osti qilayotgan MXX xodimlariga qonuniy choralar ko’rishni iltijo qilib so’rab kelganlar.

   Bu ariza shikoyatlarni diqqatga sazovor joyi shundaki, 2004 yil may-iyun oyidan boshlab Andijon fojeasi yuz berguncha tinimsiz ravishda qonunbuzarliklar evaziga aholi orasida hukumatga qarshi norozilik kayfiyatlarining kuchayib borayotganligi haqida hukumatga ma’lum qilib, hukumatni ogohlikka chaqirib kelganlar.

   Meni 2005 yil 7 oktyabr kuni tovlamachilik jinoyati sodir etganlikda ayblab hibsga olgan bo’lsalar, oradan 6 kun o’tib, ya’ni 14 oktyabr kuni Farg’ona viloyat prokuraturasi iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo’limi boshlig’i Baxtiyor Mamatov Farg’ona viloyat MXX boshqarmasi boshlig’i A.Qurbonovga, Farg’ona viloyat IIB boshlig’i Sh. Inog’omovga alohida topshiriq berib, tajribali tezkor xodimlarni jalb qilish orqali bir qancha tezkor-surishtiruv ishlarini amalga oshirishni, mazkur topshiriq yuzasidan sifatli va har tomonlama tezkor surishtiruv harakatini amalga oshirib, uning natijalari haqida 25 oktyabr kunga qadar yozma ravishda viloyat prokuraturasiga ma’lum qilishni so’ragan.

   Ushbu alohida topshiriq talablari 12 banddan iborat bo’lib, 5-chi topshiriq, “M.Tojiboyevaning jinoiy faoliyatiga har tomonlama moddiy va ma’naviy ko’mak beruvchi, unga ma’lumotlar yig’ib beruvchi va shunday harakatlar qilishga da’vat qiluvchi shaxslar doirasini hamda ular to’g’risida to’liq ma’lumotlarni aniqlash lozim” deb yozilgan.

   Meni uyimdan olingan hujjatlarni ko’zdan kechirish 2005 yil 6-19 dekabr kunlari amalga oshirildi, deb rasmiylashtirgan bo’lsalarda, hibsga olinganimdan keyinoq hujjatlarimni qonunga zid ravishda ko’zdan kechirib, 23 nafar Andijonlik fuqarolarning aybsizligini isbotlaydigan o’sha muhim hujjatlarni 180-190 varaqli ashyoviy dalillarni yo’q qilganlar. Bunday hujjatlar meni qo’limga qanday tushib qolganligini aniqlash uchun esa yuqoridagi alohida topshiriqda menga ma’lumotlar yig’ib beruvchi shaxslar doirasini hamda ular to’g’risida to’liq ma’lumotlarni aniqlashni topshirgandilar.

   Chunki meni uyimda ushbu 23 nafar ishbilarmon tadbirkorlarga qarashli korxonalarda MXX boshqarmasi, viloyat Nazorat taftish boshqarmasi va viloyat Soliq boshqarmalari hamkorlikda o’tkazgan tekshiruvi natijalari bayon qilingan dalolatnomalar, auditorlik xulosalari nusxalari, ushbu tadbirkor ishbilarmonlarni Tadbirkorlar palatalari tomonidan tashkil etilgan, Tashabbus ko’rik-tanlovlarini Andijon shahar, viloyat va Respublika bosqichlarida qatnashib g’olibliklarni qo’lga kiritganliklari haqidagi diplomlar, gazetalarda chop etilgan maqolalar, hukumat 2006 yilni “Homiylar va shifokorlar yili” atagan bo’lsa, undan oldin, ya’ni bir necha yillardan buyon mahalliy hokimiyat va mahalla fuqarolar yig’ini bilan shaharda o’tkazilgan xayriya tadbirlarida qilgan ulkan miqyosdagi homiyliklari haqidagi gazetalarda chop etilgan maqolalar bor edi.

   Prokuratura amaldorlarini qo’rqitib yuborgan eng muhim hujjatlar – bular Andijon shahar Markaziy shifoxonasi reanimatsiya bo’limi shifokorlari Xonto’rayeva Nasibaxon va Yuldasheva Muhabbatxonlarni Andijon viloyat hokimi o’rinbosari – xotin-qizlar Kengashi raisasi nomiga yozilgan tushuntirish xatlari va Husanboy Ro’ziyevni reanimatsiya bo’limiga qanday tarzda MXX xodimlari olib kelib tashlaganliklarini, Ro’ziyevning ahvoli o’ta og’ir bo’lganligini, kaltaklanishi natijasida olgan jarohatlari batafsil yozilgan kasallik tarixi bayonnomalari, 25 mart kuni Andijon shahrida faoliyat ko’rsatib kelgan bir necha korxona, ishbilarmon va tadbirkorlar oila a’zoari, ishchilari nomidan tayyorlanib imzo chekilgan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga, Vazirlar Mahkamasiga, Respublika bosh prokuraturasiga, Ichki ishlar vazirligiga, Ombudsmanga yozilgan 350 nafar fuqaro imzosi bilan yuqoridagi hukumat idoralariga yuborilgan murojaatnomaning bir nusxasi bor edi.

   Menga ushbu hujjatlarni 23 nafar tadbirkor ishbilarmonlarning ota-onalari mart oyining oxirida Oltinko’l tumanilik Arapova Go’yoxon va Akramovlar oilasini ularning ishonchli vakili sifatida Jinoyat ishlari bo’yicha Andijon viloyat sudida bo’ladigan apellyatsiya sudiga borganimda berishgan va sudlanuvchilarning ximoya huquqlari o’ta qo’pol tarzda buzilayotganligidan shikoyat qilib yordam so’rashgan edi.

   Men ularga O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2005 yil 19 dekabr kuni “Gumon qilinuvchi va ayblanuvchini himoya huquqi bilan ta’minlashga oid qonunlarni qo’llash bo’yicha sud amaliyoti to’g’risida”gi 17-sonli qaroridan nusxa berdim va oila a’zolari ham himoyachi bo’lib ishtirok etishlari mukinligi, bu haqda sudga ariza bilan murojaat qilishlari kerakligini tushuntirdim.  

   Sudlanuvchilarning oila a’zolari bergan komplekt hujjatlar taftish xulosalari, auditor xulosalari, diplomlar, gazetalardagi ko’rik tanlovlar, xayriya tadbirlari haqidagi maqolalar haqiqatan ham ularni aybsizligini isbotlardi.

   25 mart kuni yozilgan 350 nafar fuqaro imzo chekib, hukumat idoralariga yuborilgan murojaatnomada tadbirkorlar ustidan olib borilgan tergov harakatlari to’lig’icha qiynoq qo’llash, qonunga zid ravishda harakat qilish asosida olib borilganligini isbotlardi.

   Ushbu murojaatnomada ayblanuvchilar ustidan tergov ishlari olib borilishida, ularga va guvohlarga ma’naviy va jismoniy qiynoqlar qo’llash yo’llari bilan qilmagan gunohlarini bo’yniga olishga majbur qilinganliklari haqida yozib, bir nechta misollarni keltirgandilar.

   Jumladan:

   “Tadbirkor Artiqov Shokirjonni MXX xodimlari yalang’och qilib, boshiga qop kiygizib, 4-5 kishi o’rtaga olib, toki hushidan ketgunicha urishgan, do’pposlashgan. Artiqov xushiga kelganidan keyin MXX xodimlari unga “Mana bu qog’ozlarga qo’l qo’yasan, qo’ymasang holing bundan besh battar ahvolga solamiz, qo’shimchasiga xotiningni ham olib kelib, nimalar qilishimizni bilasan-a” deganlaridan keyin, “Unday qilmanglar, nimaga qo’l qo’y desalaring, qo’l qo’yib beraman” deganini sudda ochiq oydin aytib berdi va suddan oldingi ko’rsatmalarini inkor qildi.

   Tadbirkor Nodirov Dadaxonga ham MXX xodimlari jismoniy kuch ishlatib, nozik organlariga qarab beto’xtov urishgan. Nodirov kaltaklar azobiga chidamay, ko’rsatilgan qog’ozlarga Artiqov Shokirjon singari o’qimasdan qo’l qo’ygan. MXX xodimlarining bu harakatlari va bugungi kunga qadar ham zarur meditsina yordami ko’rsatilmay kelinganligi sababidan Nodirjonning salomatligi hozirgacha yomon ahvoldaligini sudda aytgan va suddan oldingi ko’rsatmalarini inkor etdi.

   Ro’ziyev Husanboyni o’rtoqlari bilan o’tirgan joyidan MXX xodimlari “15 daqiqada kelasiz, sizga bir  og’iz gapimiz bor” – deb olib ketishgan. Unga “Rahbaringga qarshi ko’rgazma berasan” deyishganida, u “Yo’q narsa bilan tuhmat qiladigan inson emasman”deb rad etgan. Husanboyning qarindoshlari bezovtalanib, qidirishganida o’rtoqlari: “Oq Damasda, “Biz Milliy xavfsizlikdanmiz” deb olib ketishdi”, deyishgan. Yaqinlari Husanboyni reanimatsiyadan o’ta og’ir holatda  topishgan. Husanboyning aytishicha, MXX xodimlarining gapiga unamaganidan keyin uni qiynashib, urib, chala o’lik holatiga olib kelishgan. So’ng reanimatsiyaga tashlab ketishgan. MXX xodimlari vrachlarga: “Unga xech qanday yordam ko’rsatmanglar” degan gapiga qaramay, reanimatsiya xodimlari Xonto’rayeva Nasibaxon va Yo’ldasheva Muhabbatxon: “Men Gippokrat qasamini ichganman” deb Husanboyning hayotini saqlab qolgan (Asosli hujjatlar ilova qilinadi)”, deyilgandi.

   Bu keltirilgan dalillarni esa Husanboy Ro’ziyevni kasallik tarixidan yozuvlar, shifokorlarning Andijon viloyat hokimi o’rinbosari – Xotin-qizlar Kengashi raisasi nomiga o’z qo’llari bilan yozilgan tushuntirish xatlarining nusxasi tasdiqlardi.

   Shuning uchun men “Huquqiy jamiyat” xalq harakati, “O’tyuraklar” klubi nomli inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti nomidan 2005 yil 4 aprel kuni Prezident Islom Karimovga, Vazirlar Mahkamasi Bosh vazir Sh.Mirziyoyevga, Respublika bosh prokuraturasiga, Ichki ishlar vazipligiga, Ombudsman Sayora Rashidovaga, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi sudyalarni tanlash, lavozimlarga tavsiya etish oliy malaka Komissiyasiga, O’zbekiston Respublikasi Oliy sudiga, Respublika MXX qo’mitasiga, O’zbekiston ishbilarmonlar va tadbirkorlar liberal partiyasi Markaziy Kengashiga, “Xalq so’zi”, “21-asr” gazetalariga, Respublika teleradiokampaniyasi rahbariyatiga, O’zbekiston Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar Palatasi boshqaruviga, Respublika Oqsoqollar Kengashi va “Mahalla” jamg’armasi boshqaruvi raisi A’zam Gadoyboyevga, Respublika Sog’liqni saqlash vaziri Feruz G’ofurovga, “Andijonnoma” gazetasi bosh muharririga, Andijon viloyat teleradiokampaniyasi rahbariyatiga, “O’zbekistonlik ishbilarmon va tadbirkorlarga qarshi hujum kuchayib, ular qiynoqqa solinmoqda” nomli bayonot yozib, Prezidentga telegramma usulida, qolgan barcha tashkilotlarga buyurtma xat usulida pochta orqali yubordim. 

      Ushbu telegramma va buyurtma xatimga 350 nafar fuqaro imzo chekib, 25 mart kuni Prezident devoniga, Respublika bosh prokuraturasiga yuborgan murojaatni to’liq ko’chirdim. Ushbu murojaatning yakunidagi “MXX xodimlarining tinch aholiga nisbatan o’rta asr inkvizitsiyasi usulida tutayotgan bu harakatlari inson huquqlarini poymol etilishiga va O’zbekiston Konstitutsiyasidagi shaxs erkinligi va amaldagi huquqiy qonunlarga zid kelishi, aholi orasidagi hukumatga qarshi norozilik kayfiyatlarining kuchayishiga olib kelmoqda” degan ogohlantiruvlarini ham shundayicha ko’chirib yuborgandim. Bundan ko’rinadiki, Andijon fojealaridan 50 kun avval andijonlik 350 nafar fuqaro, 40 kun avval esa “Huquqiy jamiyat” xalq harakati, “O’tyuraklar” klubi inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti hukumatni yaqinlashib kelayotgan xavfdan ogoh etibmiz. Hukumatni yaqinlashayotgan xavfdan ogoh qilgan 350 nafar fuqaro ichida 23 nafar ishbilarmon, tadbirkorlarning oila a’zolari, yaqinlari ham imzo chekkandilar.

   Endi o’zingiz o’ylang: qaysi davlatda, qaysi zamonda terroristlar hukumatni 50 kun avval ogohlantirib, keyin terroristik hujum qilgan, hech birida.

   Telegrammada “Huquqiy jamiyat” xalq harakati, “O’tyuraklar” klubi inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti faollari yuqorida nomlari zikr etilgan davlat va nodavlat tashkilotlaridan, siyosiy partiya, ommaviy axborot vositalari vakillaridan ushbu murojaatnomada bayon qilingan dalillarga jiddiy yondoshib, ushbu tadbirkor va ishbilarmonlarni himoya qilishga chaqiramiz” degandim.

   2005 yil 20 sentyabr kuni sudda Respublika bosh prokurori o’rinbosari Anvar Nabiyev 5 aprel kuni “Huquqiy jamiyat” xalq harakati tuzganligim, qirg’iz muxolifatini va qirg’iz inqilobchilarini qo’llab-quvvatlashga va Qirg’iziston fuqarolaridan o’rnak olib namoyishlar qilishga chaqirgan” degan bo’lsada, “Huquqiy jamiyat” emas, “Fuqarolik jamiyati” deb nomlangan Xalq harakatini 5 aprelda emas, 25 martda, Qirg’iz inqilobining ertasi kuni tuzganman. Shu kuniyoq Islom Karimovdan boshlab 91 ta hukumat idoralariga “Fuqarolik jamiyati” tuzganligimiz, uning maqsad va vazifalari haqidagi bayonotni buyurtma xat orqali yuborganman.

   Anvar Nabiyev aytgan 2005 yil 5 aprelda esa meni andilonlik ishbilarmonlar taqdiridan xavotirlanib, Andijonda siyosiy-ijtimoiy vaziyat keskinlashayotganligidan ogohlantirib, Prezidentga yuborgan telegrammam (4 aprel kungi) Prezident devonida nazoratga olinib, qonuniy hal etish uchun Respublika bosh prokuraturasiga yuborilgan.

   Telegrammamni olgan Respublika bosh prokuraturasi amaldorlari esa Prezident devonidan nazoratga olib qonuniy hal etish uchun yuborilgan telegrammadagi vajlar, shuningdek buyurtma xat bilan yetib borgan shifokorlarning tushuntirish xatlari, Husanboy Ro’ziyevning reanimatsiya bo’limida yuritilgan kasallik tarixi bilan sinchkovlik bilan tanishib chiqib, Jinoyat kodeksi 30-moddasidagi jinoyatni sodir etish MXX xodimlariga jinoyat ishi qo’zg’ash uchun harbiy prokuraturaga topshiriq berish o’rniga ushbu hujjatlarni yuborgan aybdorni, ya’ni meni 2005 yil 15 aprel kuni ertalab 9.30 larda Toshkentda Respublika Ichki ishlar vazirligi yo’lida o’g’irlab ketdilar. Chunki men Ichki ishlar vaziri bilan bo’ladigan matbuot konferensiyasiga ketayotgan edim.

    Meni o’g’irlab ketganliklarini shu kuni dugonam Inera Safargaliyeva va yana bir toshkentlik inson huquqi himoyachisi tasodifan ko’rib qolishgan. Inera men o’tirgan taksidan olib, boshqa mashinaga tiqayotganliklarini ko’rgan, hayron bo’lib ketayotgan mashina taksistini to’xtatib meni chaqirgan, men eshitmaganman. Toshkentlik, kasbi huquq himoyachisi ham meni qandaydir g’ayritabiiy usulda mashinaga tiqqanlarini ko’rib qolgan va Freedom House (Ozodlik uyi)ga borib, bo’lib o’tgan voqeani A’zam aka Turg’unovga aytib, meni olib ketgan mashina markasi va nomeri, ranggi haqida xabar bergan.

   Men shu bugungi kungacha 2005 yil 15 aprel kuni o’g’irlab ketib, olib borgan joylarida nima fojea sodir bo’lganini hech kimga aytmadim, aytolmadim. 2005 yil boshida Safar Abdullayev repressiyaga uchraydigan fuqarolar ruyxatini e’lon qilgandi. Ushbu ruyxatdagilarning deyarli barchamizni turli usullarda repressiya qilishdi. Safar Abdullayev meni aldov yo’li bilan olib ketilib, menga nisbatan psixotrop usul qo’llanilishi rejalashtirilganligi haqida Internetda xabar bergandi. Kuni kecha sudda meni qonunga zid ravishda hibsga olgan kunlari 7 oktyabr kuni kechasi 1.45 da prokuratura tergovchilari shifokor Yo’lchiyev Otabek bilan psixotrop usul qo’llamoqchi bo’lganliklarini aytib, buni isbotlovchi tez tibbiy yordam markazining signal varag’i (sinalniy listi)ni jinoyat ishiga qo’shish, ashyoviy dalil deb e’tirof etish, shifokor Yo’lchiyev va tergovchi Mamatovga jinoyat ishi qo’zg’atishni so’rasam, buni jinoyat ishiga aloqasi yo’q, deb ajrim chiqarildi.

   Shundan keyin 2005 yil 15 aprel kungi jinoyatlar haqida jamoatchilikni xabardor qilishga qaror qildim.

   15 aprel kuni meni o’g’irlab olib ketgan joylarida 10-12 nafar ko’rinishdan narkoman, jinoyatchi kimsalar ekankligi yaqqol ko’rinib turgan badbashara kimsalar to’planib turgan ekan.

   Meni o’g’irlab ketganlarning eng kattasi tarsaki bilan urib: “Qani, aytchi, Qirg’iziston muxolifatini qo’llab-quvvatlaysan-mi? Hukumatni ag’darasanmi? Qirg’izistonda davlat to’ntarishi bo’lishidan oldin “Qirg’iziston” xalq harakati tashkil qilingandi, bizda esa sen Qirg’iziston muxolifatini qo’llab-quvvatlovchi “Fuqarolik jamiyati” xalq harakati tuzibsan? Orqangda kim turibdi? Kimning nog’orasiga o’ynayapsan?” dedi. Men 2005 yil 25 mart kungi “Fuqarolik jamiyati” xalq harakati tuzish haqidagi bayonotimni o’qib ko’rishini, u yerda “Fuqarolik jamiyati”  xalq harakati amaldagi tuzumni qulatishga emas, mustahkamlashga xizmat qiladi” deb yozilganini aytdim.

   Odam o’g’rilarining biri kimdan, qancha pul olib xalqni davlatga qarshi qo’yayotganligimni aytishni talab qildi. Men davlatga qarshi hech qanday ish qilmaganimni aytib, sumkamda yuradigan kichkina Qur’onni olib stol ustiga qo’ydim. U esa Qur’onni irg’itib yuborib, “Qur’oningga palashim” deb haqorat qildi. Men unga: “Meni haqorat qilsangiz ham, Qur’onni xo’rlamang. Hammamiz musulmonmiz” dedim. “Qur’onni behurmat qilganni Xudo uradi, o’zingizga bo’lmasa, yaqinlaringizga ziyon yetadi” deganimni bilaman, “Qattiq sani o’zingni Xudo urib qo’ydi. Ishonmasang, mana ko’r” dedida meni bitta xonaga itarib kiritdi. Ortimdan haligi badbashara kimsalardan 3 tasi kirib kelib, menga tashlanishdi. Men dod deb baqirib, yig’lab yordamga chaqira boshladim. Shunda ulardan bittasi meni urib yiqitdi. Manimcha, qoraytirilgan oynaning orqasidan videotasvirga olishayotgan bo’lsa kerak, oyna taqillab, iz qoldirmaslikni topshirishdi. Keyin haligi 3 ta barzangi meni qo’limni tepaga ko’tarib, ckoch bilan bog’lashdi. Keyin og’zimga ham ckoch yopishtirib mahkamlab, biri qo’yib biri, unisining o’rniga bunisi yarim soatdan ortiq vahshiylarcha, hayvonlarcha zo’rlashdi.

   Meni oldimga kirgan o’g’riboshi “Ko’zing ochildimi, endi qisib yurasanmi?” deganda, men davlatga qarshi hech qanday harakat qilmaganligimni aytdim. “Seni ko’zing ochilmas ekan, sayohatga ketishingdan oldin mana bu akalarni ham xursand qilib qo’y, keyin seni sayohatga yuboramiz” dedi. Tashqariga qarab: “Kir hammang” degandi, endi 5 ta badbashara xonaga kirib keldi. Men jon holatda bir kun avval Buyuk Britaniya elchixonasiga o’ta muhim audiokassetani saqlab turishni so’rab berib chiqqanimni, meni o’g’irlaganliklarini, zo’rlaganliklarini hech kim bilmasa ham yo’q bo’lib qolishim sababini axtarishayotgan paytda audiokassetani eshitishlari va hammasi fosh bo’lishini aytib yig’ladim.

   Haligi beshta barzangini chiqarib yuborib, kimgadir qo’ng’iroq qilib: “13 aprel kuni qayerga borgan, qaysi elchixonaga kirgan, qancha vaqt u yerda bo’lgan, darhol ma’lumot beringlar” dedi. Keyin mening qo’limni yechib, suv berdi. Suvni ichib bo’lmasimdan telefon jiringlab, haqiqatdan ham 13 aprel kuni kunduzi tushdan keyin Buyuk Britaniya elchixonasiga kirib, u yerda taxminan 1 soatcha bo’lganimni aytishdi.

   O’g’riboshi menga qarab: “Elchixonagaku kiribsan, balkim hech qanday kasseta qoldirmagandirsan u yerda, aldamayapsanmi?” dedi.

   Men bironta odamni qo’shib bersa, o’sha kassetani elchixonadan olib kelib ko’rsatishimni aytdim. “Hozir seni elchixonaga kasseta uchun jo’nataymi, toza axmog’ingni topibsan-da” dedida, xonadan chiqib ketdi.

   Keyin bir ayol kirib meni yetaklab vannaga olib kirdi va cho’milishimga yordam berdi. Xonaga qaytib kirganimda, o’g’riboshi 3 ta sherigi bilan o’tirgan edi. U meni stulga o’tirgizib, bu yerda bo’lib o’tgan ishlarni unutishimni, hech kimga og’iz ochmasligimni tayinladi. U yagona qizimning taqdirini o’ylab rahm qilganlarini, ortiqcha gullashim nafaqat o’zimga, qizimga ham ziyon yetkazishini, aya sifatida bugungi holimga qizim tushib qolishini xohlamasam tilimni tishim bilan tishlab yurishimni tayinladi.

   Keyin andijonlik qizil “Neksiya”lik kishini chaqirib, yo’lga tayyorligini so’radi. U tayyorligini bildirgach, Andijonning ishiga aralashmay yurishimni, bu maslahatga quloq solsam keyin xursand bo’lishimni aytdi. Andijonlik odam meni Farg’onaga olib kelganida, kimgadir qo’ng’iroq qildi, meni qayerga olib borishni so’radi. Farg’ona halqa yo’lida kutib olishlarini aytdi narigi tomondagi odam. Halqaga borganimizda u yerda bir amaldor kimsa va Farg’ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasining jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari Hoshim Azizov gaplashib turishgan ekan. “Neksiya” egasi mashinadan tushib ular oldiga bordi, ular uzoq gaplashishdi. Keyin Hoshim Azizov kelib men bilan so’rashib: “Yuring, uyingizga tashlab qo’yaman” dedi. Men uning mashinasiga chiqdim. Ketayotganimizda “Nima bo’ldi o’zi?” deb so’radi. Men hamma bo’lgan gaplarni aytib berdim. Hattoki 2 ta mashinada ketimizdan quvib kelishganini, darada (perevalda) o’ldirib yuborishsa kerak, deb o’ylaganimni aytsam: “Hozir ham ortimizdan quvib kelishayapti” dedi. Men qarasam, haqiqatdan ham Toshkentdan Farg’onagacha ortimizdan quvib kelgan mashinalar kelayotgan edi.

   Hoshim Azizovdan meni olib kelgan odam kimligi, meni o’g’irlab ifloslik qilgan amaldorlar kimlar ekanligini so’rasam: “Ichki ishlar vazirligidan emas, bu aniq” dedi. “Agar bu odamlar vazirlikdan bo’lmasa, unda nima uchun siz mani kutib oldingiz, u yoningizdagi amaldor kim edi, tanimadim?” desam: “Mu’tabarxon, bizdan katta idoralar bor, ular nima topshiriq bersa bajaramizda. Sizni uyingizga olib borib qo’yishni nima uchun aynan manga yuklatdi, o’zim ham hayronman” dedi.

   Uyimga yetib kelganimizdan keyin Hoshim Azizov bugungi voqea haqida hech kimga indamasligimni, indagan taqdirimda ham hech narsaga erisha olmasligimni, qaytanga bittagina qizimning hayotini barbod qilishimni, ekspertiza ham, boshqa idoralar ham meni o’g’irlaganlar, zo’rlaganlarga xizmat qilishini aytib, uyimga olib kirib Maxliyoga topshirib qaytib ketdi.

   Keyin men Respublika Ichki ishlar vazirligida uchrashishimizga kelishgan jurnalistlarga qo’ng’iroq qilib, matbuot konferensiyasiga borolmaganligimni, o’g’irlab ketganlarini, hozir uyga kirib kelganimni aytib yig’ladim. O’g’irlab ketganlaridan keyin nima voqealar sodir bo’lgani haqida so’rashgandi, aytolmadim. Qo’rqdim, “Qizimning boshiga bugungi holatimni solishadi”, deb qo’rqdim. 

   Ahvolim og’irlashib, telefonda tez yordam chaqirdik. Shu payt Hoshim Azizov qo’ng’iroq qilib: “Bugun- erta quda-andalik bo’ladigan odam qizingizni o’ylang. Axir hamma farzandim, deb yashaydi. Bo’lajak qudalaringiz oldida kim degan odam bo’lasiz? Ertaga bironta odamga sal baland ovoz bilan gapirsangiz, yuzingizga soladi. Kaltaklab jarohat yetkazgan militsiya xodimlariga qo’zg’atilgan jinoyat ishi yopildimi, kechasi bilan hibsda ushlab turganliklari jinoyat emas deb topildimi, ust-boshingizni yirtib, qonga bo’yab, arqon bilan bo’qqan qo’shmachilarga qo’zg’atilgan jinoyat ishi yopildimi, avariya bo’lganingizdagi jinoyat ishi nima bo’lganini ham bilmaysiz, to’g’rimi? Hammasida ekspertiza xulosalari bor edi. Doktorlar qog’oziga yozgani bilan hech bir natijaga erisha olmaysiz. Agar o’sha voqeadan keyin cho’milmaganingizda ham boshqa gap edi” dedi.

   Men chaqiruvga binoan kelgan tez tibbiy yordam shifokorlariga bo’lgan voqeani aytolmadim. Ular meni tekshirib “Asablaringiz nihoyatda taranglashgan, qon bosimingiz ko’tarilib ketibdi, yuragingiz asablaringiz taranglashgani evaziga bejo urayapti” deb tinchlantiruvchi, qon bosimini tushiruvchi va o’xlatadigan ukol qilib ketishdi.         

   Men shu kechada ikki yo’ldan birini tanlashim shart edi. Birinchisi bundan buyon ko’zimni yumib, og’zimni ochmasdan qo’ydek yashash, ikkinchisi kurashni davom ettirish. Bir qarorga kelolmay qiynalib turgan paytimda “Ozodlik” radiosidan qo’ng’iroq qilib, “Kecha sizni o’g’irlab ketilganingizni eshitgan muxlislaringiz qo’ng’iroq qilib, endi qanday yo’l tutishingiz bilan qiziqishayapti. Sog’ligingizdan xavotirlanib bizga to’xtovsiz telefon qilishayapti” deyishganida kurash yo’limdan chekinishga haqqim yo’qligini, agar kurash maydonidan mag’lub bo’lib chiqib ketsam baribir yo’q qilishlarini tushunib yetib, kurash maydonida qoldim. 2005 yil 15 aprel kuni radio tinglovchilar “Ular oldida biz hech kim emas ekanmiz, chumolichalik qadrimiz yo’q ekan” den yig’laganimni eshitgan bo’lsalar, ertasiga kurashni davom ettirishim haqidagi qat’iy qarorimni eshitdilar.

   Meni jasurlik, mardlik timsoli, deb qarovchi izdoshlarim, fikrdoshlarimni, meni tanigan, bilgan insonlarni dilidan bir zumgina bo’lsada “Bu jinoyatchilar to’dasi qo’rqmas Mu’tabarni ham sindirishdi” deb o’ylashlarini xohlamadim. Lekin “Bugungi voqea umring oxirigacha dars bo’lsin, endi faqat o’zingni, qizingni hayotini o’yla. Bu taklif, quloq solish, solmasliging o’z ixtiyoringda. Har ne bo’lsada, faqatgina bitta farzanding bor, u ham bo’lsa qiz bola, yana ko’zga yaqin deyishadi” degan qo’rqitishiga quloq solmay faoliyatimni davom ettirdim.

   Nima uchun 13 oy avval bo’lib o’tgan voqeani endi oshkor qilayapman? Men endi qamoqdan sog’ chiqmasligimni juda yaxshi bilaman. Bundan tashqari, bugun erta ko’zi yoriydigan qizimni hayotini butun dunyodagi fikrdoshlarim kuzatib turishibdi. Qizim va tug’ilajak nabiram taqdiridan barcha yaqinlarim tashvishda. Men uchun qayg’urib, ularni yolg’izlatib qo’ymasliklarini bilaman.

   2005 yil 8 noyabr kuni Farg’ona tergov hibsxonasiga men bilan suhbatlashish uchun kirgan terrorizm boshlig’i Hoshim Azizov prokuratura menda yo’q ayblarni ham zimmamga ilishni talab qilishayoqganini, 13 may kuni meni hibsga olishni ham prokuratura buyurganini, keyin vazirlikka tushuntirish xati yozishga majbur bo’lganini jinoyat ishi materiallari ichida faqatgina bitta uning imzosi bilan xat borligi, boshqa hujjatlardagi imzolar uniki emasligini, ataylab meni oldimda uni qora qilib qo’yishayotganini aytib kechirim so’ragandi.

   “Meni o’g’irlab ketganlarni kimligini aytmasdan sizni yomon ko’ruvchi tashkilotlar tomonidan uyushtirilgan degandingiz. Meni yomon ko’radigan tashkilotlar MXX bilan prokuratura. Qaysi biri bu ishni qildi?” desam, “O’zingiz bilib olasiz, aytolmayman”, degandingiz. “Endi ayting, o’shalar prokuraturadanmidi, MXXdanmi?”, desam, “Siz o’zingiz qaysi biri, deb o’ylayapsiz” deganida men “O’sha paytdayoq ularning gap-so’zlaridan, Toshkentdan olib kelgan odamni gaplaridan va sizni o’sha kungi gaplaringizdan prokuratura ekanligini bilganman” desam, kulib: “Men bu haqda siz bilan gaplashganim yo’q” deb chiqib ketdi.

   Andijon aholisi orasida hukumatga qarshi norozilik kayfiyati kuchayatgani haqidagi ogohnoma telegramma vajlari bilan shug’ullanib, butun dunyoni larzaga solgan 13 may fojeasini sodir bo’lishini oldini olish o’rniga bu yaqinlashib kelayotgan xavfdan ogoh etgan inson huquqi himoyachisini o’g’irlab ketib, jirkanch kimsalarga zo’rlatgan prokuratura amaldorlari Andijon fojealari sodir bo’lishidan manfaatdor bo’lganlar. Birinchidan, buni kutilmagan terroristik akt deb talqin qilib o’zbek xalqi o’g’lonlarini qamab, xalqni qo’rqitib oladi. Ikkinchidan, terroristik aktda bevosita yoki bilvosita ishtirok etgan, deya erkin fikrlovchi fuqarolardan, jurnalistlardan mamlakatni tozalab oladi, eng asosiysi mamlakat Prezidentini butun dunyo oldida obro’sizlantiradi. Natijada hokimiyatni mutlaq egasi kimsan akang qarag’ay.

   Islom Xalifaligi qurish ilinjidagi diniy ekstremistlar hokimiyatni egallashga intilyaptilar, deya jar solayotgan prokuratura amaldorlarining o’zlari ham Andijon fojealarining oldini olmay, aksincha taranglashayotgan vaziyatni nazoratsiz qoldirib, Andijon fojealarini keltirib chiqardilar.

   Tergov hibsxonasi rahbarlari, militsiya xodimlari yaqinlashib kelayotgan xavfni oldini olmaganlikda, seza bilmaganlikda ayblanib, andijonlik bir qancha rahbarlar jinoiy javobgarlikka tortildilar. Lekin Andijon fojeasini oldini olmay, nafaqat hukumat amaldorlari terroristlar, deb aytayotgan fuqarolarni, balkim Andijon shahar prokurorini, Oltinko’l tuman jinoyat ishlari bo’yicha sudyasi Mannonovni, militsiya xodimlarini, askarlarni o’limiga aybdor rahbarlar butun dunyo oldida javob berishlari kerak.

   Tojikistonlik bir qizchaning bir qo’lini hayvonot bog’idagi ayiq g’ajib qo’ygani uchun Tojikiston Respublika prokuraturasi jinoyat ishi qo’zg’abdi. Shahar prokurori, sudya, militsiya xodimlariyu, askarlarni ham o’limiga, qo’liga qurol olishga majbur bo’lgan insonlarni o’limiga, Andijon fuqarolarini o’z o’lkalarini tashlab, boshqa yurtlarda sarson-sargardon bo’lishlariga asosiy aybdor bo’lgan prokuratuira amaldorlari meni qo’limda mavjud bo’lgan hujjatlarni fosh qilib qo’yishimdan qo’rqib meni hibsga oldilar. Andijon fojealari sodir etilishiga sabab bo’lgan holatlarni isbotlovchi hujjatlarni yo’q qildilar.

   Men mamlakat Prezidenti Islom Karimovni esa fitnakor amir Najmiddinni va uning sheriklarini fitnasiga uchib, o’z nabirasi Mo’minmirzoni o’limga hukm qilgan Husayn Boyqoro ahvoliga tushib qolgan, nochor deb bilaman. Prezident davlatni, hukumatni yemirib, xalqni davlatga, Prezidentga qarshi qo’yib, Prezidentni o’zbek xalqi va butun dunyo oldida obro’sizlantirayotgan, shu usul bilan Prezidentlik kursisiga intilayotgan kimsalarning yolg’on-yashiqlariga ishonishga majbur.

   Buni isboti tariqasida Farg’ona viloyat Ichki ishlar boshqarmasi sobiq tergovchisi – mahkum Pirmuhammad Haydarovni 2005 yil iyul oyida Prezidentga yuborgan xati va bu arizani 18 avgust kuni “O’tyuraklar” klubi tomonidan Prezidentga yuborganimiz. “Zudlik bilan militsiya haqidagi qonunni tasdiqlang, hukumatning sodiq xizmatchisini o’z himoyangizga oling” deb nomlangan bayonotimizda yozilgan Pirmuhammad Haydarovning fikrlari, mulohazalari tasdiqlaydi.

   Militsiya xodimi Prezidentga quyidagilarni yozgandi.

   “Muhtaram Prezident!

   Men hayotim, umrimni asosiy qismini jamoat atrtibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash va jinoyatchilikni oldini olishga baxshida etgan, hozirda ichki ishlar idoralarining xodimi, tergovchi, militsiya kapitani Farg’ona viloyat Milliy xavfsizlik xizmati va prokuraturasi tomonidan MXX va prokuratura tizimining ichki ishlar idoralariga nisbatan o’zaro nizo, nifoqlarining qurboni (rezultati) bo’lib, “pora olish”da ayblanib, uyushtirilgan bo’hton, nohaqliklardan norozilik bildirib, o’nlab, hattoki yuzlab shikoyat arizalar bilan turli instansiyalarga murojaat qilib kelmoqdaman.

   Ammo, meni nolalarim umuman tekshirilmasdan yana tergov va sud olib borilayotgan Farg’ona viloyatiga qaytarib yuborilmoqda. Mana oqibatda faqat Sizga, yurtboshimizga, insonlarni dardini chin dildan tinglaydigan Prezidentimizga murojaat qilmoqdaman.

   Nima uchun aynan Sizga murojaat qilmoqdaman? Shuning uchunki, MXX va prokuratura bir tomon, ikkinchi tomonda esa asosan Ichki ishlar idoralari va boshqalar tarafma-taraf bo’lib, o’zaro ichki nizolarni xodimlarni qurbon qilish, nohaqdan ayblash, qamash bilan mashg’ul bo’lib kelishmoqda. Vakolat MXX va prokuraturada yuqoriroq bo’lgani uchun asosan ichki ishlar idoralarining xodimlari badnom bo’lishmoqda. So’ng madaniy va qonuniy bo’lishi uchun sud orqali, ularga tazyiq o’tkazishib, hukm chiqarishga erishishmoqda.

   Sud qonunan daxlsiz bo’lsada, biroq MXX va prokuratura tazyiqi ostida nomiga, xalq ko’zi o’ngida sud muhokamasi o’tkazilib, juda ko’p qonunbuzilishlarni xaspo’shlab, sud jarayoni aks etishi lozim bo’lgan bayonnomalarni MXX va prokuratura manfaatlariga moslab, o’zgartirib, lozim bo’lsa qayta yozib, biron bir asosli dalillarsiz, qonunsiz ravishda hukm chiqarmoqda … Nima uchun? Chunki MXX va prokuratura degan qudratli idoralarda o’tirgan ayrim shaxslarning manfaatiga putur yetadi. Bu esa, albatta, ushbu ishni ko’rayotgan sudyani mening ahvolimga tushib qolishiga olib keladi.

   Shundan keyin, men dardimni kimga aytay? Qozi shunday bo’lsa, boshni qayerga urish kerak? Qamalib ketaverish kerak ekanda? Go’dak farzandlarim qanday kun kechirishadi? Ular kim bo’lib yetishishadi? Ularni, mening yaqinlarimni ko’z yoshlari kimni tutadi? Nahotki, demokratik davlatda, qonunlar ustivor deb e’tirof etilgan jamiyatda qonunlar faqat kitob jildlarida qolib ketaversa?

   MXX tergov hibsxonasidagi qiynoqlar, ruhiy va jismoniy tazyiqlarni so’z bilan ifodalashga, nafaqat til, balkim qalam va qog’oz ham ojizlik qiladi. Men faqat adabiyotlardan o’qib, filmlarda ko’rganman, xolos.

   Mening holatim M.Sholoxovning “Inson taqdiri” asaridagi Sokolovni asirga tushib qolganda boshidan kechirgan azoblardanda ayanchli edi. Buningdek qonunbuzarliklar oqibatida nafaqat meni, balkim oddiy fuqarolarning davlat organlariga nisbatan ishonchsizlik, norozilik tuyg’ulari junbishga kelmoqda.

   Muhtaram Prezident!

   Meni aynan Sizga murojaat qilib, Sizning qimmatli vaqtingizni olishga shu qonunsiz harakatlar majbur qildi. Balkim meni mazkur arizam Sizga yetib bormas, balkim vijdon nafsidan yuqori turuvchi, iymonli, vijdonli mutasaddi shaxsning qo’liga borib tushar. Ozingiz o’ylang, agar aybim bo’lsa men Sizga murojaat qilgan bo’larmidim? Yo’q, haddim sig’mas edi.

   Men xalqaro ommaviy axborot vositalariga, keng xalq ommasiga murojaat qilmoqchi edim, lekin shaxsan Sizni o’ta hurmat qilganim uchun. Chunki Siz O’zbekistonni ko’zgusisiz – Sizga murojaat qilmoqdaman. Bu meni holatim Sizni qiziqtirmasligi ham mumkindir. Bu meni ayanchli ahvolimni men bilan suhbat o’tkazgan shaxsgina chuqur his qiladi.

   Allaqanday g’alamis kimsalarning g’ayriqonuniy hatti-harakatlari oqibatida butun O’zbekistonimni huquqiy muhofaza qiluvchi idoralari qora otlik bo’lishga arzimaydi va mumkin emas.

   Siz ko’p narsani bilmaysiz-da. Sizga aniq ma’lumotlar kirib bormaydi-da, olib kirishmaydi, yetkazishmaydi yoki moslashtirib olib kirishadi. Aks holda Toshkent, Buxoro, Andijon fojealari sodir bo’lmagan bo’lardi. Chunki ayrim muassasalarining mutasaddi shaxslarining shaxsiy manfaatlari umummanfaatlardan yuqori qo’yib kelinmoqda.

   Mana, men, ariza yozayapmanu, ichimda ertangi kunni o’ylab ketayapman. Chunki bu arizam aynan Sizning o’zingizga yoki vijdonli, iymonli shaxslarning qo’liga borib tegmay, manfaatdor shaxslarning qo’liga tushib qolsa, men uchun, mening oilam uchun yana bundan-da battar qora kunlar kulanka sola boshlaydi. Balkim men sog’ yoki tirik qolmasman. Yoxud umuman ovozim chiqmaydigan joylarga borib qolarman. Bunisi menga qorong’u …” deb yakunlagan edi oliy ma’lumotli huquqshunos, tergovchi Pirmuhammad Xaydarov.

   Bundan ko’rinib turibdiki, Toshkent, Buxoro, Andijon fojealari aybdorlari terroristlar emas, u prokuratura, MXX idoralaridagi mansabdorlarning jinoiy kirdikorlari tufayli bu fojealar sodir bo’lgan. Buni nafaqat jahon hamjamiyati, oddiy xalq, balkim o’zbekistonlik ziyolilar, ma’muriy organlar vakillari ham juda yaxshi biladilar. Lekin ovoz chiqarishga qo’rqadilar.

   Andijon fojealari sodir etilishiga asosiy aybdor bo’lgan Respublika bosh prokuraturasi amaldorlari mening qo’limdagi mavjud hujjatlarni xalqaro anjumanda oshkor qilishimdan qo’rqib, soxta ayblovlar bilan hibsga olishni buyurgan. 20 sentyabr kunidan boshlab Andijon fojealarida aybdorlikda ayblanib, mahkamaga tortilgan deyarli barcha ayblanuvchilarni ayblov xulosalarida Respublika bosh prokurorining 1-o’rinbosari Anvar Nabiyev o’qigan fikrlar takrorlanib kelayotgan ekan, men Toshkent viloyat prokurorining o’rinbosari va yordamchisi ham Anvar Nabiyev va boshqa mansabdorlarga tobe ekanlar, hech qachon mening ishimda xolis va beg’araz bo’la olmaydilar. Shuning uchun ularni rad etaman.

   Apellyatsiya sudlov hay’ati meni oxirgi gapirish imkoniyatim ekan, sud majlisida ishtirok etayotgan kuzatuvchilar, inson huquqlari himoyachilaridan 2005 yil 15 aprel kungi xunrezlikni shuncha muddat ichimda yashirib kelganim, meni o’sha paytdagi ahvolim haqiqiy holatni yaqqol ko’rsatib turgan bo’lsa ham oilam, o’zimning sha’nim, yagona qizimni kelajagini o’ylab, bundan tashqari, adolatsizlikka qarshi kurashuvchi izdoshlarimni qo’rqib qolmasliklari uchun bu jirkanchlikni sir saqlaganim uchun uzr so’rayman. Meni qamoqdan sog’ chiqarmasliklarini bilaman. Qonunbuzar amaldorlar sud oldida javob berish vaqti yetib kelganida, o’sha paytda men saflaringda bo’lmasam aybdorlarni jazoga tortish paytida adolatsizlikka, razolatga qarshi kurashda boshimga tushgan boshqa kulfatlar qatori 15 aprel kungi fojea uchun ham javob berishlariga erishishni iltimos qilaman.

 

                         Sudlanuvchi          imzo                                M.Tadjibayeva.