Shuhrat  AHMADJONOV

                                                                                                               DO’Kning Toshkent bo’limi rahbari

 

O’ZBEKISTON  MAXSUS  XIZMAT 

ORGANLARI  VA  INTERNETDAGI 

SHAXSIY  YOZISHMALAR  XAVFSIZLIGINI  TA’MINLASH

 

Ba’zi davlatlarda ijtimoiy turmush shunchalik oshkora hukmronki, hatto Maxfiy Politsiya – ochiqdan-ochiq va hamma joyda ko’rinib turadi. [1, 188-b.]

STANISLAV  YEJE  LES  (1909-1966)

 

M U N D A R I J A

  

   Muqaddima

   1. Maxsus xizmat organlari jurnalist Alisher Taksanovga qarshi Internetda uyushtirgan fitnasi.

   2. Fuqarolarning o’zaro shaxsiy yozishmalariga yot kimsalarning  yoki maxsus xizmat organlaarining aralashishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga Abdulla Qodiriyning “Utkan kunlar” romanidan misol. 

   3. Jahonda Internetdagi so’z erkinligi darajasi va O’zbekistonda kompyuter, Internet hamda electron pochta sohasidagi tazyiqlarga doir ba’zi bir hayotiy misollar.

   3.1. Internetdagi so’z erkinligi darajasiga oid “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining 2006 yilgi hisobotidan ayrim ma’lumotlar.

   3.2. O’zbekistonda Internetni yalpi nazorat ostiga olishga harakat qilinayotganligiga misol: “SharqTELEKOM” yopiq aksionerlik jamiyati (YoAJ)ning FTP-servisiga qo’yilgan talablar bayoni.

   3.3. “Onalar o’lim jazosiga va qiynoqlarga qarshi qo’mitasi”ning rahbari Tamara Chikunovaning  www.freeuzbekistan.com  sayti muharriri Valeriy Petrenkoga yozgan xati.

   3.4. Jurnalist Rahimjon Zafarning Internetdagi tazyiqlarga doir fikrlari.

   3.5. O’zbekiston maxsus xizmat organlari va ularning gumashtalari Internet va electron pochta sohasida muallifga nisbatan qilayotgan ayrim qarshiliklari. 

   3.5.1. Muallifga 2004 yil 26 yanvar kuni elektron pochta orqali “Odam Insonov” yuborgan tahdid xati tafsilotlari.

   3.5.2. Muallif 2005-2006 yillarda foydalangan to’rtta internet-klubning yopilishi va ikkitasida kompyuter xizmatidan foydalanish taqiqlanishi tafsilotlari.

   3.5.3. Muxolifat vakillarining kompyuteriga va disketlariga “kimlardir” viruslar kiritayotganligiga doir ba’zi bir fikrlar.

   3.5.4. Muallifning elektron pochtasi orqali bo’layotgan yozishmalariga “kimlardir” aralashayotganliklariga doir ba’zi bir faktlar.

   4. Demokratlar foydalanayotgan aloqa vositalarining xavfsizligi muammolari va bu borada mutaxassislarning tavsiyalari.

   4.1. Internetdan foydalanish bilan bog’liq xavfsizlik muammolari.

   4.2. Internet xavfsizligining asosiy qoidalari.

   4.3. Elektron pochta bilan xavfsiz ishlashning asosiy qoidalari.

   4.4. Kodlash: savollar va javoblar. 

   4.4.1. Kodlashning o’zi nima?

   4.4.2. Inson huquqlari himoyachilari (inhhimlar), demokratlar nima uchun kodlashdan foydalanishlari kerak?

   4.4.3. Kodlashdan foydalanish nolegalmi (yashirinmi)?

   4.4.4. Bizning informatsion texnologiya (IT) tizimlarni xavfsizlantirish uchun nima qilmoq kerak?

   4.4.5. Qaysi kodlash dasturi tanlashni qanday aniqlashtirsa bo’ladi?

   4.4.6. Kodlashdan foydalanish mening kompyuterimni buzish xavfini yanada oshishiga olib kelmaydimi?

   4.4.7. Nima uchun pochta va hujjatlarni doimo kodlash kerak?

   4.4.8. Agar menda bradmauer bo’lsa, nima uchun o’z pochtamni kodlashim kerak?

   4.4.9. Mening ofisimni hech kim buzayotgani yo’q, nega endi men maxfiy dasturiy ta’minotdan foydalanishim kerak?

   4.4.10. Bizning Internetga kirish imkoniyatimiz yo’q va biz internet-kafe xizmatidan foydalanishga majburmiz . Begona kompyuterdan jo’natilayotgan pochtamizni qanday himoya qilsak bo’ladi?

   4.4.11. Agar bizning fayllar va pochtani himoya qilish shunday muhim ekan, nega hamma buni qilmaydi?

   4.4.12. Bizning prinsiplarimizdan biri – ochiqlikdir. Biz hukumat faoliyatining ko’proq shaffofligi haqida oshkora gapiramiz. Biz qanday qilib yashirin texnologiyalardan foydalanishimiz mumkin?

   4.4.13. Biz maxfiylik va yashirinlikning barcha bayonnomalariga rioya qilmoqdamiz, lekin, shunga qaramay, axborotning chiqib ketishi davom etmoqda – nima gap?   

   4.5. Shifrlashdan foydalanish bo’yicha tavsiyalar.

   4.6. Elektron pochta bilan ishlashda foydali odatlar.

   4.7. Internet-klub (kafe)larda va boshqa joylarda kompyuterdan foydalanganda ehtiyotkorlikka doir umumiy mulohazalar.

   5. Internetda va electron pochtada yozishmalar paytida tazyiqlar bo’layotganligi sababli muallifning o’z safdoshlariga murojaati.

   Foydalanilgan adabiyotlar.

 

M U Q A D D I M A

 

   Kompyuter, Internet va elektron pochta sohasidagi tazyiqlar va jahon mutaxassislari tavsiya etgan himoyalanish yo’llari, usullari haqidagi tahliliy maqolani [2] da muallif va’da qilgan edi. Shu maqola quyida keltirilmoqda.     

  

1.  MAXSUS  XIZMAT  ORGANLARI  JURNALIST  ALISHER  TAKSANOVGA  QARSHI  INTERNETDA  UYUSHTIRGAN  FITNASI

 

   O’zbekiston maxsus xizmat organlari ba’zi bir fuqarolarning o’zaro shaxsiy yozishmalari, suhbatlari, telefon so’zlashuvlari, Internet orqali yozishmalarini nazorat qilayotganliklari, hatto ig’vogorona harakatlar (provokatsiyalar) uyushtirayotganligi sir emas. Bu borada Toshkentda yashayotgan mustaqil jurnalist Alisher Taksanovga qarshi 2006 yil 4 aprel kuni uyushtirilgan fitnani misol qilib keltiraylik.

   2006 yil 4 aprelga o’tar kechasi soat 00:48 minutda www.centrasia.ru saytida A.Taksanov nomidan [3] maqola chop etildi. E’tibor bering: [3] maqola oxirida A.Taksanovning Internetdagi shaxsiy electron pochtasi – alisher1966@yandex.ru yozilgan, ya’ni ushbu maqola shu electron pochta orqali jo’natilgan. Shundan 8,5 soat vaqt o’tgach, A.Taksanov o’shbu maqolani yozmaganligi va bu MXXning navbatdagi fitnasi ekanligi haqida [4] raddiya maqolani chop ettirdi. [4] maqolani to’liqsincha keltirib o’tish o’rinlidir.

   “Raddiya. “Odil sud fuqarolari, yoki O’zbekistondan chiqish vizasini olish uchun qo’llanma” maqolani men yozgan emasman.

   CentrAsiada  4 aprelda “Odil sud fuqarolari, yoki O’zbekistondan chiqish vizasini olish uchun qo’llanma” maqolasi Alisher Taksanov imzosi bilan chop etildi. Uni men yozmaganligimni bildiraman. Unda viza olish va mening muammolarim haqida yozilgan. Lekin ushbu maqolaning o’zini men yozgan emasman.

   Bu maqola qayerdan va uning muallifi kimligini bilmayman, ammo bu MXX qo’llarining ishi ekanligiga ishonchim komil. U meni jurnalist etikasi (axloqi)ni buzganlikda tutib olishni, meni qilmagan ishim uchun jinoiy javobgarlikka tortishni xohlaydi.

   Pogonlilardan qaysinisidir meni tuhmat va haqorat qilganlikda ayblashni xohlaydi, mana mayyor G.Mirsobirova haqida hech kim bilmaydigan (faqat Xudo biladigan) gaplarni yozgan. Men bu ayol haqida hech narsa bilmayman va uning haqida pora oladigan inson deb hech qachon yozgan emasman. Yana bildiraman: “Odil sud fuqarolari, yoki O’zbekistondan chiqish vizasini olish uchun qo’llanma” maqolasini men yozgan emasman.

  Alisher Taksanov

  alisher1966@yandex.ru[4]

 

 

2.  FUQAROLARNING  O’ZARO  SHAXSIY  YOZISHMALARIGA  YOT  KIMSALARNING  YOKI  MAXSUS  XIZMAT  ORGANLARINING  ARALASHISHI  QANDAY  OQIBATLARGA  OLIB  KELISHI  MUMKINLIGIGA  ABDULLA  QODIRIYNING  “OTKAN  KUNLAR”  ROMANIDAN  MISOL

 

   O’zbekiston fuqarolarining o’zaro shaxsiy yozishmalariga, jumladan bugungi kunda Internet orqali olib borilayotgan xat almashinuvlariga yot kishilarning, aniqrog’i maxsus xizmat organlarining ataylab aralashishi qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligiga buyuk tariximizdan bitta misol keltiraylik. Ulug’ yozuvchimiz Abdulla Qodiriyning “O’tkan kunlar” romani va undagi voqealarni eslaylik. 1970-yillar boshida suratga olingan “O’tkan kunlar” badiiy filmida romandagi voqealar sal o’zgartirilgan va qisqartirilgan, ya’ni anchagina epizodlar (ko’rinishlar) filmga kiritilmagan. Ta’kidlash lozimki, film juda yaxshi ishlangan!

   “O’tkan kunlar” romani va filmi orasidagi farqlar borligi sababli maqolamizning ushbu bandi uchun zarur bo’lgan kitobdagi voqealarning muhim joylarini qisqacha eslatib o’tsak. Otabekning onasi O’zbek oyim va otasi Yusufbek hojining qistovi, qaynatasi Mirzakarim qutidor va qaynanasi Oftob oyim, shuningdek sevgilisi Kumushbibining roziligi bilan u 1849 yilda Toshkentda Zaynab ismli qizga uylanadi. Ikki nafar xotini bo’lgan Marg’ilonning o’ziga to’q, boyroq odamlaridan biri bo’lmish Homid xotinboz [5,    8-b.] Kumushbibini uchinchi xotin qilib olish niyati bor edi. Homid uzun bo’ylik, qora cho’tir yuzlik, chaqir ko’zlik, o’ttiz besh yoshlarda bo’lgan ko’rimsiz bir kishi edi [5, 8-b.]. Aslida u 19-asr maxsus xizmat organlarining ayg’oqchisi, xufiyasi, birovlar ustidan maxfiy ma’lumot, xabar yetkazib beruvchi, battol odamdir. Homid xotinbozning ushbu yomon tomonlarini fosh etuvchi bitta voqea bayonini [5]dan keltirib o’taylik.

   Mirzakarim qutidor 1265 yil (1848-1849) yil qishida uch-to’rt og’aynilarini va toshkandlik Otabekni o’z uyiga mehmonga taklif etadi. Mehmondorchilikdagi suhbat qizigan bir paytda Oftob oyim cho’ri (xizmatkor ayol) To’ybekaga bir ish buyuradi.

   “- Tashqaridan xabar olingiz-chi, opa, - dedi Oftob oyim, - choy kerak bo’ldimikin.

   To’ybeka nari-beri oshini yeb tashqariga chiqib ketdi. Oradan daqiqa vaqt o’tkan yo o’tmagan edi hovliqib ayvonga keldi:

   - Tuf-e, qurib ketsin, jonim chiqib ketdi-ya!

   Bir soatdan beri joynamozdan qo’zg’almay tasbih ag’darib o’lturgan Oysha buvi (Oftob oyimning 70 yoshdan oshgan onasi, A.Sh.) To’ybekani boshdan-oyog’ kuzatib yana ishiga mashg’ul bo’ldi. Oftob oyim iltifotsizgina kulimsirab tanchadan so’radi:

   - Nima bo’ldi, nega muncha qo’rqish?

   To’ybeka damini rostlab ustunning tegiga o’lturdi:

   - Pochchamdan dasturxonni olib qoqish uchun gilosning yonidan o’tarmanmi, allakim baloga turtinib ketdim. Qo’rqqanimdan oz qoldiki, dodlab yuborsam … Chamasi mehmonlarga qarab turgan ekan.

   - Kimbalo ekan?

   - Qorong’uda yaxshi ajratolmadim, tusini g’ira-shira anovi qora Homidga o’xshatdim. Tag’i umi, boshqami Xudo bilsin, shatir-shutir qildi-da, chiqib ketdi.” [5, 33-b.] 

   Shunday qilib qora Homid (Homid xotinboz) o’zining qora niyatini amalga oshirish uchun Otabek va Kumushbibining o’zaro samimiy munosabatlarini buzish, oralariga nifoq solish maqsadida Otabek nomidan Kumushbibiga soxta xat yozadi. U xatning oxirini quyidagicha tugallaydi. “Manim bu taloq xatimni albatta shariat peshvolari shar’iy hisoblab iddangiz bitish bilan sizga boshqa er qilmoqqa ixtiyor bersalar kerak. Otabek Yusufbek hoji o’g’li. 13-nchi javzo, 1265 yil (1849 yil 4 may, A.Sh.), Toshkand” [5, 170-b.]

   Ushbu xatni Kumushbibiga Sodiqning onasi – Jannat opa (puchuq xotin) olib borib beradi. Taloq xatni o’qigan Kumushbibi hovlida hushidan ketib yiqiladi. Ertasi kuni puchuq xotin – Jannat opa Mirzakarim qutidorning uyiga yana keladi va Oftob oyim bilan Kumushbibiga murojaat qiladi: “Ertaga o’g’lim Toshkand jo’namoqchi, otangizning xat-patlari bo’lsa … qix” [5, 173-b.] deydi. Unga javoban Kumushbibi: “Otamning xatlari yo’q, meniki bor, ozgina kutishka vaqtingiz bo’lsa, yozib berar edim” deb Otabek nomiga xat yozib beradi (Kumushbibining bu xatining matni kitobda yozilmagan).

   Homid xotinboz Jannat opadan Kumushning javob xatini olgach, u navbatdagi soxta xatni endi Kumushbibi nomidan Otabekka bitadi va xat oxirida quyidagicha yozadi: “Sizga yangi yor, menga uyatsizlikning qurboni bo’lish muborak. Kumush emas, Tuproqbibi yozdim. 17-nchi javzo, 1265 yil (1849 yil 8 may, A.Sh.), Marg’ilon.” [5, 166-b.]

   Toshkentda Otabek va Zaynabning nikoh to’yidan 20 kunlar o’tgach, charlardan to’rt kun avval Otabekka Marg’ilondan bir yigit Kumushbibi nomidan soxta xat olib keladi. Bu yigitning ismi Sodiq bo’lib, u Jannat opaning o’g’li, Homid-xotinbozning malaylaridan biri, ikki begunoh odamni buyurtma asosida o’ldirgan, buyurtma qotil ekanligi ro’monda yozilgan.

   Otabek Kumushbibi nomiga shu kuniyoq xat yozadi va uni quyidagi so’zlar bilan tugallaydi: “Borlig’im muhabbatingiz alangasi bilan tutashqani holda zavjingiz Otabek. 26-nchi javzo, 1265 yil (1849 yil 17 may, A.Sh.), Toshkand.” [5, 178-b.]    

   Soddadil Otabek ertasi kuni o’zi tanimagan Sodiqbek orqali Marg’ilonga – Kumushbibiga javob xatini berib yuboradi. Sodiq xatni Mag’ilonga, Homid xotinbozga olib borib beradi. Shu yerda A.Qodiriyning “O’tkan kunlar” ro’manidan yana bitta iqtibos keltirib o’tsak.

   “Homid puchuq xotin (Jannat opa, A.Sh.) orqaliq Kumushning xatini oldirish bilan o’zining birinchi martaba yuborg’an xiyonatnomasini favqulodda bir muvaffaqiyat bilan natijalanganligini sezib Otabek ko’kragiga ham qo’l solib ko’rmak va uning Kumushbibiga bo’lgan munosabatini bilib, ham shunga qarab ish yuritmak uchun Kumushning maktubini Sodiq orqaliq Toshkandga yuborg’an. Sodiq esa o’qug’uchig’a ma’lum maktubni Otabekka topshirib, Otabekning Kumushka yozgan maktubini ham olib kelgan ediki, yuqorida bu xat Homid tomonidan o’qilib o’tdi” [5, 179-b.]

   Endi Homid xotinboz Otabek nomidan Kumushbibiga yana bitta soxta xat yozadi (bu soxta xat matni kitobda keltirilmagan). Shu soxta xatdan so’ng Kumushbibi va uning ota-onasining Otabekka munosabati tamoman, uzil-kesil buziladi va Otabek Marg’ilonga – Kumushbibi uyiga kelganida Mirzakarim qutidor tomonidan darvozadan ichkariga qo’yilmay haydaladi.

   Endi Homid xotinboz boshchiligida amalga oshirilgan yomon ishlar Otabekka qanday ma’lum bo’lganligi haqida ham bayon etaylik. Chunki ro’monda voqealar kinodagiga nisbatan boshqacha yozilgan.

   Otabek Mirzakarim qutidor uyi oldidan haydalgach, shu ketishda usta Alimnikiga borib qoladi, unikida mehmon bo’lib, unga o’zini toshkandlik savdogar Shokirbek deb tanishtiradi. Ma’lum bir vaqt o’tgach, Kumushbibining boshi ochiq bo’lganligi sababli Mirzakarim qutidorning uyiga sovchilar yana kela boshlaydi. Kumushbibi bir yildan so’ng turmushga chiqishi mumkinligini aytadi. Natijada 1267-yilning (1851 yilning) kuzida marg’ilonlik Salim sharbatdorning o’g’li Komilbek bilan nikoh to’yi belgilanadi. To’y kuni Komilbek do’sti bilan birga hammomga borganida, tahorat uchun og’ilga kirganida kimdir unga xanjar urib, oxurga tiqib ketadi. Shu fojeaning ertasi kuni usta Alimning uyiga do’sti usta Farfi keladi va voqeani quyidagicha so’zlab beradi.

   “- Gumondor bormi? – dedi usta.

   - Gumondor-ku yo’q, ammo ajib, - dedi usta Farfi va davom etdi. – Kecha Komilbekning Mirzakarim akaning qizi bilan nikohlari bo’lmoqchi ekan. Bechora nikohdan ikki soat chamasi ilgariroq yoniga bir o’rtog’ini olib hammomga borgan va bir onda hammom ichidan yo’qolgan, qolgan. Qiznikida hamma tajammulni (kerakli narsalarni) tayyorlab, Komilbekning otasidan tortib nikoh qilaturg’an qoziyu quzzotlargacha kuyavni kutib o’lturar ekanlar. Bir vaqtda haligi birgalashib hammomga tushkan yigit hovliqib qiznikiga kelgan, kuyav kutib o’lturganlar kuyavdan darak so’rasalar, ul ulardan kuyavni so’ragan va voqi’ani aytib, hammomda kiyimlarini ham qoldirib bir onda yo’qolganini xabar bergan. Shundan so’ng nikoh-nikohda, osh-oshda qolib kuyavni qidirib ketganlar. Nihoyat yarim kechada hammomning tahoratxonasi yonidagi bir og’ilning oxuridan qoniga belashib yotqani holda topqanlar. Bechora tahorat uchun og’ilga kirganda tovush chiqarmasliq yeriga xanjar urib, oxurg’a tiqib ketkan ekanlar. Juda qiziq gap … Kim o’ldirgan va nima uchun o’ldirilgan, hech kim bilmaydir, - dedi.” [5, 226-227-b.]

   “- Agar gumonim to’g’ri bo’lsa, Komilbekning qotili Homiddir.

   Bu so’z Otabekni ajablantirgandek, usta Alimga ham g’arib eshitilgan edi.

   - Homid deysizmi?! – deb so’radi usta Alim.

   - Homid, - dedi, yana sekingina usta Alimdan so’radi, - siz Umarbekni Homidga yaqin do’st ekanligini bilarsiz, albatta?

   - Bilaman, hamma vaqt yurish-turishi o’shaning bilan edi.

   - Bali, - dedi usta Farfi. – O’sha Umarbek bilan oralariga bir sovuqliq tushdi-da, mundan o’n kuncha ilgari Homidning bir mudhish vahshati to’g’risida Umarbekdan bir sir eshitdim. Homid Komilbekni o’ldirganda ustida bo’lmagan bo’lsam ham ammo haligi eshitkan sirrimning dalolatiga qarab albatta Komilbekning qotili Homid degan fikrga tushdim … Siz mundan uch yilcha ilgari Marg’ilon kelib Mirzakarim akaning qiziga uylangan Otabek ismlik Toshkandlik bir yigitni haligi qayin ota bo’lmish Mirzakrim aka bilan qamalib, osilishiga hukm qilinganlarida dor ostidan qutqarilish voqi’alarini xotirlaysizmi?.. Albatta yodingizda bo’lsa kerak, hov, biz Sariboyning do’konida choy ichishib o’lturgan edik-ku, yodingizga tushdimi?

   - Esimda bor, esimda bor, - dedi usta Alim va Otabekdan so’radi, - balki siz tanirsiz, Toshkandda mashhur bo’lgan Yusufbek hoji deganning o’g’li.

   - Taniyman, - dedi Otabek va hikoyani buncha uzoqdan solgani va o’z ustida gap yurgizgani uchun tong ajab ichida usta Farfining og’ziga qarab qotqan edi.

   Usta Farfi yarim-yarim tovushda davom etdi:

   - Ana shu yigitning olgan xotini juda ham nozanin bir qiz bo’lib, bu qizga bizning Homid ham xaridor ekan. Haligi Otabek qizg’a uylanib qo’yg’ach, bizning Homid tikang’a ag’nab, oradan Otabek bilan Mirzakarim akani ko’tarish fikriga tushkan va bo’lmagan chaqimchiliqlar bilan ularni dor ostig’acha tortishg’a muvaffaq bo’lgan … (So’z bu yerga yetkanda, Otabek bilintirmaslik qilib bir entikib qo’ydi.) Usta Farfi davom etib dedi:  - Ammo Xudoning haqni nohaq qilmasligi soyasida bir maktub sababi bilan kutmagan joyda dor ostidan najotka chiqganlar. Bular oqlangach, Homidning o’zi qamalaturg’an bo’lib, ammo qo’rboshining yordami orqasida Qo’qonga qochib qutilgan va ul yerda ham tinch yotmay O’ttaboy qo’shbegini poraxo’rlikda ayblab, Musulmoncho’loqqa ariza bergan, - dedi va so’zini bu yerda to’xtatib ustadan so’radi: - O’zingiz ham bilsangiz kerak, Homid bir kecha yo’qolib uch oylab bedarak ketkan va uni qo’rboshi yigitlari qidirib yurgan edilar.

  Usta Alim tasdiq ishorasini berib:

   - So’zlay beringiz, - dedi. Ammo Otabek bu dahshatlik haqiqatni eshitmakda bo’lgan quloqlariga ishonmas va o’zini kuch orqasida tutib turar edi.

   Usta Farfi tovshini sekinlatib davom etdi:

   - Homidning Musulmoncho’loqqa bergan arizasidan so’ng, Otabek bilan O’ttaboy qo’shbegi Qo’qong’a chaqiriladirlar-da, so’roqdan so’ng yana oqliqqa chiqadirlar.

   Ammo Homid uch oylab Marg’ilon kelolmay yurgach, nihoyat yana qo’rboshining yordami bilan kelishka ham muvaffaq bo’ladir. Biroq Homid hanuz tinch yotolmaydir. Fursati kelish bilan yana bir yomonliq qilmoqqa, qutidorning qizini o’ziniki etishka o’ylab yuradir. To’ng’uzning baxtiga bu fursat ham to’g’ri kelib, yana yomonliqqa yuz qo’yadir. Shundoqki, Otabekning Toshkanddan ham uylanganini bilib, uning tilidan bir taloq xati yozdiradir-da, Mirzakarim akanikiga kirguzadir.

   Otabek o’zini nechog’liq bosib ushlab kelgan bo’lsa ham, lekin endi ichidan qaynab-toshib ketkan hissiyotini bosolmadi “vijdonsiz, to’ng’uz!” dedi-da, ixtiyorsiz o’rnidan turib ketdi. Usta Alim ham o’zini tinch tutolmadi. “Badbaxt, kofir!” deb qo’ydi. Otabekning o’zgarishidan usta Farfi shubhaga tushayozg’an bo’lsada, lekin usta Alimning ham unga qo’shilishi uni o’ylatib turmadi, Otabek qaytib o’rniga o’lturg’ach, ul davom etdi:

   - Bu soxta taloq xati to’g’risida Otabekning nima qilganligi Homidga ham ma’lum bo’lmaydir. Lekin ish Homidning o’ylaganicha natijalanib, bir necha vaqtdan so’ng Mirzakarim akaning qizini taloq qilinishi xabari chiqib qoladir. Oradan uch-to’rt oyni o’tkazib bizning Homid  Mirzakarim akanikiga sovchi kirguzadir. Ammo Mirzakarim aka uning sovchilarini quruq qaytaradir. Bir necha vaqtdan so’ng, Homidning soxta taloq xatisi bilan eridan chiqg’an qiz Komilbekka beriladir va nima uchundir to’ylari bir necha vaqtka kechikib qoladir-da, oradan biror yilni o’tkazib, nihoyat kecha ularning to’y va nikoh kunlari ekanki, Komilbekning hammomda o’ldirilgan xabarini eshitib turibmiz. Mana men yuqoridagi sabablarga binoan Komilbekni o’ldurg’uchi aniq Homid, deb o’ylayman, - dedi.

  Usta Alim boshini chayqab:

   - Bunda shubha yo’q, nax Homidning o’zi, - dedi va o’zicha: - Eh, essiz musulmonchiliq, shunchalik ham insofsizlik bo’ladimi, o’zingning bir emas, ikkita xotining bo’laturib, tag’in bir yigitning haloliga ko’z olaytirish … Yana o’zingning bo’ying yetmasligini bilaturib ham, ikki orada bir gunohsizning qonini to’kish – eh, shayton bolasi! – deb qo’ydi.

   - Bu bir it, - dedi usta Farfi, - tomdagi luqmani o’zi ham yeyolmaydir, boshqaga ham yedirmaydir, nax itning o’zi!” [5, 228-230-b.]  

   Otabek shu suhbatdan so’ng Marg’ilondan Qo’qon tarafga jo’nab ketadi. Uning orqasidan Sodiq kuzatib boradi. Otabek karvonga qo’shilib ketganini ko’rgach Sodiq Marg’ilonga qaytadi. Ma’lum bir vaqt o’tgach Otabek otni orqaga buradi va qorong’ilik tusha boshlaganda Marg’ilonga kirib keladi. Tun qorongusida usta Alim hovlisidan Jannat opa va uning o’g’li Sodiq yashaydigan hovliga yashirincha o’tadi. U darcha oldida turib, ichkarida Homid xotinboz, Sodiq, Mutal va Jannat opa suhbatiga quloq soladi. Ular ko’p may ichib, Kumushbibini dushanba kechasi o’g’irlashga kelishadilar. Bu mudhish rejani bilib olgach, Otabek dushanbadan seshanbaga o’tar kechasi o’sha qazilayotgan chuqurda Mutalni bo’g’ib o’ldiradi, Sodiqni esa xanjar bilan urib, u bilan chuqurda kurashib, uni o’lasi holatga soladi va chuqur oldidagi yalanglikda Homid xotinbozning qornini xanjar bilan tilib tashlaydi. Bu voqeani o’quvchi kinoda ham ko’rgan.

   Otabek ertasiga, kun choshgohga yetkanda, usta Alimnikiga boradi va o’zi Shokirbek emasligi, Otabek ekanligini va barcha voqealarni, jumladan shu kechasi uch kishini tinchitgani haqida gapirib beradi. U o’z hikoyasi oxirida usta Alimga bitta iltimos qiladi.

   “- Men shu soatning ichida Toshkand jo’nashg’a majburman. Shuning uchun siz bu xatlarni qayin otamnikiga o’z qo’lingiz bilan eltib berasiz. Xatlarning birisi qayin otamg’a, ikkinchisi unga (Kumushbibiga, A.Sh.) – dedi.” [5, 254-b.]

   Shu yerda Otabekning Kumushbibiga yozgan maktubidan bitta iqtibos keltiraylik.  

   “Sizdan emas otangizdan bir o’pkalashim bor: soxita taloq xatimni manim o’z qo’lim bo’lib, bo’lmag’anini ajrata olmag’an. Gumonimcha bu soxita xat sizga ham ko’rsatilmagan o’xshaydir, chunki, ayniqsa sizning ko’z o’ngingizdan bu haqiqat qutila olmas edi … Har holda taqdirning bunchalik o’yinlari turg’an bir zamonda biz nima ham qila olar edik? Bu to’g’rida mendan ham o’tkan joylari bordirkim, sizning birinchi martaba menga yozg’an xatingiz ma’nosidan dahshatlik suratda o’zimni tag’ofilg’a solg’an va xat keltirguchini surishtirmasdan javob xati berib yuborg’an edim. Shuning ila sizni-da, o’zimni-da Homid qo’lida o’yin bo’lmog’imizg’a katta yo’l ochqan edim” [5, 264-265-b.]  (Otabek va Kumushbibi bilan bo’lib o’tgan keyingi voqealar haqida o’quvchimiz “O’tkan kunlar” filmidan ham, ro’manni o’qish orqali ham yaxshi biladilar.)

   19-asr maxsus xizmat organlarining ayg’oqchisi, xufiyasi, birovlar ustidan maxfiy ma’lumot, xabar yetkazib beruvchisi Homid Otabek va Kumushbibi orasidagi xatlar masalasida aralashib, natijada u ikki yoshning baxtli turmushiga rahna soladi, ular ajralib ketish darajasiga borib yetadi va ikki yildan ortiq ayriliq azobini boshidan kechiradilar. 

   Bugungi kunda – 21-asrda esa eshituvchi qurilmalar naqadar rivojlanganligi, Internet orqali demokratlar o’zaro xatlarini maxsus xizmat organlari xodimlari o’qiyotganlari, hatto xatlar matniga o’zlari ba’zi bir so’zlarni qo’shishlari, tanishingiz nomidan sizga xatlar yozishlari mumkinligi sir emas. 19-asrda Otabek va Kumushbibilar xatlarining qo’lyozmasini taqqoslash orqali soxta xatni aniqlashtirish mumkin edi. Hozirgi kunda esa Internet orqali kelayotgan va yuborilayotgan xatlarni bunday tekshirish ilojimiz yo’q. Endi bugungi kundagi ahvolga nazar solaylik. 

 

3.  JAHONDA  INTERNETDAGI  SO’Z  ERKINLIGI  DARAJASI  VA  O’ZBEKISTONDA  KOMPYUTER,  INTERNET  VA  ELEKTRON  POCHTA  SOHASIDAGI  TAZYIQLARGA  DOIR  BA’ZI  BIR  HAYOTIY  MISOLLAR

 

   O’zbekiston maxsus xizmat organlarining ayrim xodimlari Internetda ba’zi bir bema’ni ishlar qilayotganliklariga misol sifatida maqolamizning 2-bandida mustaqil jurnalist Alisher Taksanov bilan bo’lib o’tgan voqeani yozgan edik. Ushbu bandda Internetdagi erkin so’z darajasiga doir vaziyat va O’zbekistonda Internet bilan bog’liq ro’y bergan katta-kichik voqealar hamda faktlarni keltiramiz. 

 

3.1.  INTERNETDAGI  SO’Z  ERKINLIGI  DARAJASIGA  OID  “CHEGARA  BILMAS  MUXBIRLAR” XALQARO  TASHKILOTINING  2006  YILGI  HISOBOTIDAN  AYRIM  MA’LUMOTLAR

 

   Ma’lumki, har yili jahonda 3 may kuni Xalqaro matbuot erkinligi kuni sifatida nishonlanadi. Markazi AQSHning New York shahrida joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters without borders) xalqaro tashkiloti jahon Internetidagi so’z erkinligiga doir o’z hisobotini chop etdi. Internetda inson huquqlariga amal qilish borasida 24 mamlakatga e’tiroz bildirilgan. Sobiq Sovet Ittifoqi hududida tashkil topgan 15 davlatdan faqat O’zbekiston, Turkmaniston va Belorusiyada Internetga senzura qo’llanilayotganligi yozilgan.

   Hisobotda ta’kidlanishicha, Internetda yozgan tanqidiy fikrlari uchun 2003 yilda Xitoy, Vetnam va Maldiv orollari fuqarolari qamalgan edi. 2006 yilga kelib xuddi shunga o’xshash tanqidiy fikrlari uchun Eron, Liviya, Suriya va Tunis fuqarolari qamaldilar. [6]

   Ba’zi bir ma’lumotlarga qaraganda, Oliy Majlisda O’zR “Ommaviy axborot vositalari to’g’risida”gi qonunga jiddiy o’zgartirishlar kiritish ustida ikkinchi o’qishda muhokamalar bo’lmoqda (ushbu qonunni yangidan qabul qilishmoqchi, shekilli). Bu tuzatishlarga asosan Internet ham gazeta, jurnal, radio, televideniye kabi ommaviy-axborot vositasi, deb hisoblash nazarda tutilgan. Ya’ni Internetda chop etiladigan tanqidiy maqola va fikr uchun fuqarolarni javobgarlikka tortishga, boshqacha aytganda Internetga ham senzurani joriy etishga harakat qilmoqdalar. [7]     

 

3.2. O’ZBEKISTONDA  INTERNETNI  YALPI  NAZORAT  OSTIGA  OLISHGA  HARAKATLAR  QILINAYOTGANLIGIGA  MISOL:  “SharqTELEKOM”  YOPIQ  AKSIONERLIK  JAMIYATI (YoAJ)NING  FTP-SERVISIGA  QO’YILGAN  TALABLAR  BAYONI

 

   Avval O’zbekistondagi “SharqTELEKOM” kompaniyasi faoliyati haqida ma’lumotlar keltirib o’taylik.

   "Sharq Telekom" kompaniyasi o'z faoliyatini 2003 yil iyul oyida boshlagan. Bugungi kunga kelib u ma'lumot uzatish tarmog'ining O'zbekistondagi yetakchi operatorlaridan hisoblanadi. Kompaniya hozirgi zamon talablariga javob beradigan darajada xizmat ko'rsatish va yangi texnik qudratlarga ega.

   O'zbekiston Aloqa va Axborotlashtirish Agentligi tomonidan berilgan AA N 0000288 raqamli litsenziya ma'lumot uzatish tarmoqlari bo'yicha xizmat ko'rsatish, loyihalashtirish, qurilish va foydalanish bo'yicha faoliyatlarni amalga oshirishga ruxsat beradi.” [8] 

   “2003 yilning 1 iyunidan 2 Mb/s hajmdagi tolali-optik aloqa liniyasi orqali Toshkent–Moskva–Nyu-York ma'lumot uzatish xalqaro kanalimiz ishga tushdi. Ushbu kanal Toshkent–Moskva uchastkasida 100%li yo'ldoshlar orqali rezervlab qo'yishga, Moskva–Nyu-York uchastkasida 100%li yer yuzasida rezervlab qo'yishga ega. AVARIYA holatidagi marshrutga o'tish vaqti 40 ms dan oshmaydi. Kanallar M9 xalqaro trafik almashish nuqtasiga keladi.

   Hozirda kompaniya quyidagi stansiyalar orqali ADSL texnologiyalari orqali Internetga ulanish tugunlariga ega: 144-ATS, 152, 133, 77 (367), 45, 46, 43, 134, 162, 55, 137, 78/173, 116/117, 93/191/199, 125, 67/68, 51, 50, 74, 76, 21/24/121, 65/66/166, 41, 96/194, 170, 53/115, 42/49, 29, 40, 118/117, 22/23/123, 94/97, 398/148, 98, 57/58, 72, 64/161, 169, 79-ATS.

   Kompaniya barcha aloqa tizimlari bo'yicha doimiy monitoring amalga oshiradi. Texnik yordam ko'rsatish xizmati sutka davomida ishlaydi. Tel.: 113-00-00, va 7.” [8]

   "Sharq Telekom" YoAJning telekommunikatsiya tarmog'i asosini "Kvant-Ye" zamonaviy raqamli kommutatsiya tizimi negizida yaratilgan OPTS-113 telefon tayanch-tranzit stansiyasi tashkil etadi. Umumiy foydalanish tarmog'iga OPTS-113 ni ulash OKS №7 signalizatsiya trakti bo'yicha amalga oshiriladi.
Stansiya integratsiyalashgan telekommunikatsiya xizmatlari ko'rsatishni, ISDN PRI trakti bo'yicha muassasa va ofis stansiyalarini umumiy foydalanish telefon tarmog'iga ulanishni ta'minlaydi, jismoniy shaxslarga telefon nomerlari ajratish imkonlari ham mavjud.

   "Sharq Telekom" kompaniyasining mijozlari qatoriga: Markaziy bank, KAPITALBANK, Kredit-Standart bank, GNK, FHV, O'zbeksiton TELERADIOKOMPANIYASI, "O'zbekinvest", Respublika tovar-xom-ashyo birjasi, Toshkent texnika universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Fan va texnologiyalar markazi, "O'zbekiston" ITE XP, British Council, UzBAT, "Pulsar" MCHJ, DSS Express, IncomSoft va boshqalarni kiritish mumkin.” [8]   

   Endi O’zbekistonda Internetni yalpi nazorat ostiga olishga harakat qilinayotganligiga doir [10] hujjatning tarjimasini to’liqsincha keltiramiz. Xulosa chiqarish o’quvchimizga havola, chunki izohga hojat yo’q. Eslatib o’tamiz: maqolamizda “informatsiya” va “axborot” so’zlari bir xil ma’noda ishlatilmoqda.

 

“SharqTELEKOM  YoAJ  FTP-SERVISINING  FOYDALANISH  QOIDALARI  VA  ISH  TARTIBI

 

   FTP-servis moderatori (inglizcha servis – xizmat; moderator – cheklovchi, tiyib qo’yuvchi, A.Sh.) o’z ishida “SharqTELEKOM  YoAJ FTP-zahira (resurs)lardan foydalanish qoidalari to’plamiga amal qiladi.

 

   1-modda. Umumiy qoidalar 

   - Ushbu qoidalar “SharqTELEKOM  YoAJ taqdim etayotgan FTP servisni tartibga soladi va foydalanuvchilar albatta bajarishlari kerak.

   - Qoidalar buzilganda “SharqTELEKOM  YoAJ ma’muriyati abonentni (nemischa abonent – abonimentga ega bo’lgan shaxs [9, 9-b.]) ushbu kira olish yo’lini yopish ko’rinishidagi sanksiyani qo’llash huquqiga ega (lot. sanktio buzilmaydigan eng qat’iy qaror [9, 572-b.]).

   - Qoidalarning yangilangan shaklini (versiyasini) FTP-servis tub ro’yxati (katalogi)dagi “rules” (“qoidalar”, A.Sh.) papkasiga erkin kirish uchun qo’yiladi.

 

   2-modda. Ish tartibi

   - Foydalanuvchilar boshqa abonentlar erkin kirishi uchun FTP-servisga qo’yiladigan barcha informatsiyalarni FTP-servis moderatori oldindan ma’qullamog’i kerak.

   - Buning uchun FTP-serverda “incoming” (ingliz. incoming kelish, daromad, A.Sh.) papkasi tuzilgan, barcha foydalanuvchilar informatsiyani dastlab unga joylashtirmoqlari zarur.

   - Saralangan va strukturalashtirilgan informatsiya qo’yilgan tub ro’yxat papkalariga abonentlarning to’g’ri kirish imkoniyati bo’lmaydi.

   - “Incoming” papkasiga kelgan informatsiyani FTP-server strukturasiga muvofiq olingan axborotni guruhlaydi va qo’yadi.

   - FTP-servis moderatori kelgan informatsiyani qo’yish yoki rad qilish haqidagi qarorni abonent “incoming” papkasiga axborotni qo’ygan paytdan boshlab 24 soatlik muddat davomida berish majburiyatini oladi.

 

   3-modda.  Mazmuni

   Foydalanuvchilar quyidagi xarakterdagi informatsiyani FTP-serverga qo’yishlari taqiqlanadi:

   - siyosiy mazmundagi informatsiya;

   - diniy mazmundagi informatsiya;

   - hokimiyatni zo’rlik bilan ag’darish (bosib olish)ga, milliy nizolar va irqiy adovatni avj oldirishga, u yoki bu jinsni, irqni yoki jinsiy yo’nalishdagi qadr-qimmatini kamsitishga da’vat etuvchi informatsiya;

   - pornografik (grekcha pornё fahsh, buzuq + grapho yozaman – adabiyot, tasviriy san’at, teatr, kino, (Internet-saytlarida, A.Sh.) va shu kabilarda jinsiy hayotni juda ham ochiq-oydin, hayosizlarcha tasvirlash [9, 9-j., 12-b.]) mazmundagi informasiya;

   - beadab, peshtaham, yolg’on, o’ta ketgan qo’pol (vulgar), haqoratomuz, tuhmatdan iborat, surbetlarcha, odobdan tashqari mazmundagi informatsiya;

   - viruslar, troyanlar, reklama botlari va boshqalar bilan zaharlangan informatsiya;

   - erkin tarqatilishi lisenziyali (lot. licentia – ruxsatnoma, huquq [11, 5-j., 298-b.], A.Sh.) shartnomalar va mualliflik huquqlari bilan chegaralangan informatsiya;

   - shuningdek O’zR qonunlari hamda qonun aktlarini va odob-axloq normalarini buzuvchi har qanday boshqa informatsiyalar.

   Ushbu Qoidalar va Ish tartibi majburiydir va “SharqTELEKOM” YoAJning FTP-servisi zahiralaridan foydalanishni xohlovchi abonentlar rioya qilishlari shart.” [10]

 

3.3.  “ONALAR  O’LIM  JAZOSIGA  VA  QIYNOQLARGA  QARSHI  QO’MITASI”NING  RAHBARI  TAMARA  CHIKUNOVANING  www.freeuzbekistan.com   SAYTI  MUHARRIRI  VALERIY     PETRENKOGA  YOZGAN  XATI 

 

   Avval Tamara Chikunova haqida ma’lumot beraylik. U 1948 yil 2 iyunda Toshkent viloyatida tug’ilgan. Toshkent Qishloq xo’jaligi irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislar instituti (hozirgi Irrigatsiya va melioratsiya instituti)ning “Qishloq joylarini rejalashtirish” fakultetini 1971 yilda tugatgan. Turmush o’rtog’i harbiy zobit bo’lganligi sababli u 1973-1975 yillarda Germaniyaning Fortsina shahrida ulgurji bazada savdo vakili bo’lib ishladi. 1976-1982 yillarda Borisov shahridagi (Belorusiya) politexnikumda muhandislik geodeziyasidan dars berdi, 1982-1987 yillarda Choyr shahrida (Mongoliyada) savdo vakolatxonasida, 1987-1993 yillarda Sankt-Peterburgda savdo kooperativining rais o’rinbosari lavozimida ishladi. U 1993 yilda Toshkentga ko’chib o’tib, 1993-1999 yillarda huquq maslahatchisi (yurist konsultant) bo’lib mehnat qildi.

   1999 yilda T.Chikunovaning 1971 yilda tug’ilgan Dmitriy ismli yagona o’g’li ikki kishini o’ldirganlikda noqonuniy ravishda ayblanib qamoqqa olingandi. Toshkent viloyat sudi asossiz ayblar bilan 1999 yil 11 noyabrda Dmitriy Chikunovni o’lim jazosiga hukm qildi. T.Chikunova o’g’lining hayoti uchun kurash olib bordi. U 2000 yil 12 iyul kuni rasman ruxsat qilingan uchrashuv asosida o’g’li bilan ko’rishishga borganida unga o’g’li Dmitriy 2000 yil 10 iyul kuni qatl etilganligini aytishdi. Shunday qilib, Dmitriy Chikunovni Toshkent qamoqxonasida yashirin ravishda otib tashlashdi. [12]  

   T.Chikunova 2000 yil 15 oktyabrda Toshkentda “Onalar o’lim jazosiga va qiynoqlarga qarshi qo’motasi” nomli nodavlat mustaqil jamoat tashkilotini tuzdi. U 2000-2006 yillar davomida shu tashkilot rahbari va bosh yo’naltiruvchisi (koordinatori) bo’lib ishlab kelmoqda. Ushbu tashkilotning ofisi 2005 yil fevraligacha T.Chikunova xonadonida (Toshkent shahri, Mirobod tumani, A.Fitrat ko’chasi, 6-uy, 21-xonadon; uy tel. 133 44 70) edi. 2005 yil fevralidan bugunga qadar tashkilot ofisi Toshkent, Markaz-5 mavzesi, 74-uy, 4-xonadonda joylashgan (tel. (998 71) 134 68 70; E-mail:  tamara4848@mail.ru; veb-sayti: www.materi.narod.ru ).

   T.Chikunova 2003 yil 29 sentyabr va 2005 yil 4 avgust kuni O’zbekistonda o’lim jazosiga moratoriy e’lon qilishni so’rab O’zR prezidenti I.Karimovga ochiq xatlar yozdi. U va uning tashkiloti say-harakatlari bilan shu kunga qadar o’lim jazosiga mahkum qilinganlardan 20 nafar mahbusga o’lim jazosi bekor qilindi va ular hayoti saqlab qolindi!

   Tamara Chikunovaga 2004 yil 1 iyulda Rim shahrida (Italiya) Nobel mukofoti sovrindori Rita Levi Montalchino rahbarligidagi “Archivio Disarmo”ning hakamlar hay’ati “Tinchlik va Inson Huquqlari Ishida o’zini ko’rsatgan ayol” sifatida T.Chikunovaga rasmiy ravishda maxsus “GOLDEN DOVES FOR PEACE” (“Tinchlikning oltin kabutari”) mukofoti berildi (bu haqda www.archiviodisarmo.it saytida ham yozilgan).

   2004 yil 10 oktyabrda hakamlar hay’atining qarori bilan T.Chikunovaga “Nurenberg, Menschen rechte-2005” mukofoti berildi (bu haqda www.menschenrechte.nurnberg.de  saytida ham yozilgan).

   U 2004 yil 3 dekabrda Italiyaning “La’ Donna Dell’ ANNO-2004” mukofoti bilan ham taqdirlangan. 2005 yil 4 aprelda Sitsiliyaning Kataniya shahridagi (Italiya) “Blue Drop Group” (“Moviy Tomchi Guruhi”) tashkiloti o’zining “Mimiosa d’Oro” xalqaro mukofotini T.Chikunovaga berdi.

   T.Chikunovaga 2006 yil 30 mart kuni Fransiyaning Toshkentdagi elchixonasida Fransiya Respublikasining inson huquqlari sohasidagi “Ozodlik-Tenglik-Qardoshlik” medali berildi. (Bu medal har yili Inson huquqlari kuni bo’lmish 10 dekabr kuni Fransiya Respublikasi Bosh vaziri tomonidan beriladigan mukofotdir.) [13]   

   Endi maqolamizning asosiy mavzusini davom ettirsak bo’ladi. O’zbekistonda ko’pgina qiziqarli Internet-saytlar, jumladan “O’zbekistonda demokratik islohotlar va mayda millatlar huquqlari” xalqaro assotsiatsiyasining “Erkin O’zbekiston” www.freeuzbekistan.com  veb-sayti ba’zan to’liq, ba’zan qisman to’silmoqda (blokirovka qilinmoqda). Bunday saytlar yoki saytdagi alohida maqolalar kompyuter monitorida ochilmaydi, aniqrog’i O’zbekiston politsiya rejimiga xizmat qiluvchilar tomonidan to’siladi.

   www.freeuzbekistan.com saytining rahbari Valeriy Petrenko saytda chop etilgan maqolalarni, xabarlarni o’qishni tavsiya etib, ayrim faol fuqarolar elektron pochtasiga jo’natadi (bunday jo’natmalar undan kamina elektron pochtasiga ham kelgan). Odatda pochta egasi o’z pochtasini ochib, maqola nomi ustiga yo’naltirgich (kursor)ni qo’yib, kompyuter sichqonchasining chap tugmasini bossa, bir ozdan so’ng shu maqola monitorda paydo bo’lishi kerak. Ammo, lekin, biroq bunday yaxshi maqola O’zbekistondagi rejim sharoitida ochilmaydi. Xuddi shu vaziyatdan chiqish maqsadida T.Chikunova V. Petrenkoga quyidagi xatni yozgan.

   “Hurmatli Valeriy.

   Vebsaytga tavsiya etib jo’natgan xatingizni men olayapman, lekin, afsuski menda hammasi to’silgan va agar siz ushbu chop etilganlarni (maqolalarni, xabarlarni, A.Sh.) menga jo’nata olsangiz men sizdan juda minnatdor bo’lardim.

   Hurmat bilan Tamara Chikunova,

   “Onalar o’lim jazosiga va qiynoqlarga qarshi qo’mitasi”ning rahbari, Inson huquqlari va tinchlik sohasidagi xalqaro sovrinlar: “GOLDEN DOVES FOR PEASE-2004 (“Tinchlikning Oltin kabutari-2004”); “La Donna Dell’Anno 2004”; “Mimoza d’Ora”,  “NURNBERG-2005” sovrindori.” [14]  

         

3.4.  JURNALIST  RAHIMJON  ZAFARNING  INTERNETDAGI  TAZYIQLARGA  DOIR  FIKRLARI

 

   “Turonzamin” jurnalining maxsus muxbiri Rahimjon Zafar o’zining [15] maqolasida, jumladan quyidagilarni yozgan. 

   “Yaqinda shunday voqea bo’ldi. Men elektron pochtamni sira ocha olmadim. Yarim soatlik urinishdan so’ng, kimdir mening pochtamga kirib, undagi xatlarni ochib o’qiganini guvohi bo’ldim.

   Qizig’i shundaki, “Kirish xatlari” papkasida kimdandir kelgan xatning sarlavhasi turar, uni ochmoqchi bo’lsam, bu xat serverda yo’qligi haqida “sodda kompyuter” menga tushuntirmoqchi bo’lardi.

   Uch kundan so’ng esa ana shu pochtamdagi barcha xatlar qayoqqadir gumdon bo’ldi.

   Surishtirsam, birgina menda emas, uch-to’rtta tanishlarimizda ham shu holat kuzatilibdi.

   - Elektron pochtamdagi bir xat ko’z oldimda g’oyib bo’ldi, - deydi ulardan biri.

   Parolni almashtirish, boshqa nom qo’yish kabi ehtiyot choralari hozircha unchalik yordam bergani yo’q. Ba’zi jabrdiydalarning fikricha, hukumat bu yo’lda respublikadagi eng zo’r xakkerlardan foydalanmoqda.” [15]

   R.Zafar [15] maqolani qiziqarli yozgan. Shu bilan birga u hozir keltirilgan va bunga o’xshash Internetdagi noqonuniy tazyiqlarni asosan O’zR prezidenti Islom Karimov nomi bilan bog’lashga harakat qilgan, jumladan maqolaning sarlavhasiga e’tibor bering. Aslida 68 yoshdan oshgan, boboy bo’lib qolgan I.Karimov Vatanimiz ziyolilari, jumladan demokratlari har birining elektron pochtasi va o’zaro yozishmalari bilan shug’ullanishiga deyarli imkoni yo’q. Bu bilan asosan O’zbekistondagi politsiya rejimining yuragi bo’lgan Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari va uning gumashtalari shug’ullanishmoqda.

   Ko’pgina faktlarga asoslanib, O’zR Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) tarkibida internet-saytlarni nazorat qilish va turli “o’inlar” olib borish bilan bog’liq alohida kattagina bo’lim borligini kamina ta’kidlaydi, ya’ni MXX tarkibida shunday bo’lim bor, deb taxmin qiladi.

   Agar biz – demokratlar O’zbekiston maxsus xizmat organlari noqonuniy ravishda fuqarolarning shaxsiy yozishmalariga, xatlaridagi sirlariga, shaxsiy yoki oilaviy hayotiga yozishmalar orqali o’zboshimchalik bilan aralashayotganliklari haqida aniq-tiniq qilib aytmasak va yozmasak, xalqimizga, ayniqsa yoshlarimizga ularning haqiqiy basharalarini ochib bermasak, bu qonunbuzarliklar hali ko’p yillar davom etayveradi.

 

3.5.  O’ZBEKISTON  MAXSUS  XIZMAT  ORGANLARI  VA  ULARNING  GUMASHTALARI  INTERNET  VA  ELEKTRON  POCHTA  SOHASIDA  MUALLIFGA  NISBATAN  QILAYOTGAN  AYRIM  QARSHILIKLARI

 

3.5.1.  MUALLIFGA  2004  YIL  26  YANVAR  KUNI  ELEKTRON  POCHTA  ORQALI  “ODAM  INSONOV”  YUBORGAN  TAHDID  XATI  TAFSILOTLARI

 

   Ma’lumki, 2004 yil dekabrida O’zR Oliy Majlisiga saylovlar belgilangan edi. Shu sababli siyosiy rejim 2003 yilda muxolifatga ba’zi bir yengilliklar berib, siyosiy partiyalar faoliyatiga ozroq ruxsat etgandi. Bu O’zbekistondagi politsiya rejimining navbatdagi o’yini ekanligini amalda isbotlash uchun kamina O’zbekiston Respublikachilar partiyasi (O’zRP)ni qaytadan tashkil etish bo’yicha ba’zi bir tadbirlarni olib bordi.

   Kamina vatandoshlarni O’zRPga a’zo bo’lishga da’vat etuvchi Murojaatnomani tayyorladi va uni bitta varaqda to’rtta nusxasini joylashtirdi. Ushbu Murojaatnoma boshida Muhammad payg’ambarning (570-662) quyidagi hadisi yozilgandi: “635-hadis. O’zlaring qanaqa bo’lsalaring, shunaqa odamlar sizlarga boshliq qilinadi” [16, 100-b.]. Shu muborak hadisdan so’ng atoqli o’shlik shoir Shavkat Rahmonning (1950-1996) “Turkiylar” she’ridan [17, 338-b.] olti satri keltirilgandi. So’ngra Murojaatnomaning asosiy qismi bandma-band yozilgan edi. Bu haqda va kaminaga qarshi 2004 yil 22 fevral kungi tazyiqlar haqida [18] maqolada yozilgan. 

   Muallif 1997 yil oktyabridan 2005 yil oxiriga qadar asosan suratkashlik (fotograflik) qilib, o’z tirikchiligini o’tkazdi. Shu yo’l bilan muallif o’zining inson huquqlarini himoya qilish, O’zbekistonda demokratiya uchun kurashini davom ettirdi.

   2004 yil yanvar oyining ikkinchi yarmida Toshkentdagi Chilonzor buyum (Ippodrom) bozorida ishlayotgan 35 yoshlardagi tijoratchi, nomozxon kishi o’z uyiga kelib, oilaviy fotosuratga tushirib ishlab berishni iltimos qildi. Belgilangan - dushanba kuni kamina Hamza metro bekati yaqinidagi uyga – o’sha tijoratchining xonadoniga bordi. Uning turmush o’rtog’i ham nomozxon ekanligi, ularning 3 va 5 yoshlardagi farzandlari islom nuqtai nazaridan odobli qilib tarbiya qilinayotganlari, shu bolakaylar o’zlarini odobli tutishlaridan ham ko’rinib turardi. Turmush o’rtog’i o’g’li va qizini yangi kiyimlarini kiyintirgunicha kamina uy egasi bilan hozirgi ahvol haqida qisqacha suhbatlashdi. Uy egasi bu xonadonni ijaraga olishganini ham aytdi. So’ngra ularni suratga olib bo’lgach, ketish oldidan muallif suhbat davomi sifatida demokratik jamiyat qurish masalasidagi Murojaatnomaning bitta nusxasini uy egasiga berdi. Shuningdek kamina Toshkentda maxsus xizmat organlar hisobida turgan maxsus xonadonlar borligi, bu xonadonlarda bir necha xil eshituvchi qurilmalar o’rnatilganligini va nomozxonlarni doimiy nazorat qilishlarini aytdi va sal ehtiyotkorroq bo’lishni, iloji bo’lsa xonada televizorni qo’yib, suhbatlashishni maslahat berdi. 

   Muallif xayrlashib chiqib, Hamza metro bekatiga kirdi va poyezdga chiqdi. Shunda orqadan kirgan va bir qadamcha narida kaminaga nafrat bilan qarab turgan 25-27 yoshlardagi, qirg’iy burunli, bo’yi 175 santimetrlar keladigan, baquvvat yigitni ko’rdi. Kamina ikki marta u tomonga nazar tashladi. U hamon nafrat bilan muallifga tikilar, nimadandir jahli chiqib, yuqoridagi tutqichni ushlab turgan qo’lini bir ochib, yana tutqichdan tutib asabiylashardi. Muallif Toshkent metrosi foydalanishga topshirilgan paytlardan, ya’ni 1977 yil noyabridan beri minglab marta metroda yo’lovchi bo’lib yurgan. Lekin o’ziga bunday g’azab va nafrat bilan qarab turgan kishini faqat bir marta – o’shanda ko’rdi. Kamina: “Achchig’ing kelsa burningni tishla!” deganday o’z yo’lida davom etdi va bir necha daqiqa o’tgach kerakli metro bekatiga kelgach, vagondan chiqdi.

   Ushbu nohush voqeaning davomi bo’lmaganida, muallif uni tezdan esdan chiqarib yuborgan bo’lardi. Bir-ikki kun o’tgach kamina o’sha tijoratchining oilaviy suratlarini ishlab, Chilonzor buyum bozoriga olib borib berdi. Kamina ehtiyotkor bo’lish masalasida o’sha tijoratchi yigitga yana aytdi. U o’sha ijaradagi uyida ikkita eshituvchi qurilmani topib olib, chiqarib tashlaganini aytdi. Kamina bunaqa eshituvchi qurilmalar tegishli xonadonlarda bir nechta va har xili o’rnatilishini, ularning hammasini uy egasi apparat bilan ham topishi qiyin ekanligini ta’kidladi. Shu bilan xayrlashdik.

   O’sha kunlari, aniqrog’i 2004 yil 26 yanvar kuni muallifning elektron pochtasiga “Odam Insonov” deb atalgan kimsadan quyidagi xat keldi. Uni o’zgarishsiz keltirmoqdamiz, unda yozilgan so’kish so’zlari uchun o’quvchimizdan uzr so’raymiz. Xat Courier New alifbosida yozilgan. Maqolani saytda chop etilganda va o’quvchimiz kompyuterida ochilganida muammolar bo’lmasligi uchun uni Times New Roman, ya’ni maqolamiz alifbosida keltirilmoqda. (U paytlar kaminaning elektron pochtasi  turon_shuhrati@yahoo.com  edi.)     

 

From:

"Odam Insonov" <akahon@rambler.ru>  Add to Address BookAdd to Address Book  Add Mobile Alert