Muhammad Solih
SAROSIMAGA
TUSHGANLAR HAQIDA
Siyosiy kurashni uzoq masofali marafon yugurishiga qiyos
qiladilar. Menimcha, bu qiyos to’g’ri qiyosdir.
O’n, yuz, beshyuz kilometrlik masofaga chopish uchun sportchi, eng avvalo, to’g’ri nafas olishni bilishi kerak. Buni
bilmagan kishi musoboqaga qo’shilmagani ma’qul. Bugun
men siyosiy muxolifat komandasida (taqimida) chopayotgan birodarlarimga qarab,
ularning saflari anchagina siyraklashib qolganini ko’rmoqdaman. Kecha yonma-yon, yelkama-yelka yugurayotgan ba’zi do’stlar nafas
olsih san’atini bilmaganidan, yo’lning yarmidan musoboqani tark etdilar.
Ularning ba’zilari bugun hukumat taqimiga (komandasiga)
qo’shilganlar. U yerda chopishning keragi yo’q, u
yerda hamma mashinada yuradi.
Chopar ekan, to’g’ri nafas olayotganlarning soni
unchalik ko’p emas, ammo sifati yaxshi. Buni hukumatning
tazyiq-ta’qibiga qaramay, mujodalasini davom ettirayotgan do’stlarmiz isbot
qilmoqda. Ammo saflarimiz siyraklashdi, deya
sarosimaga tushayotganlar ham oramizda yo’q emas. Bundan
bir oy muqaddam bu sarosimaga tushganlardan biri “Ozodlik”dan gapirgan edi.
Kuni-kecha yana bittasi chiqib gapirdi. Bu odamlarning
ruhiy holatini men yaxshi tushunaman va ularga chin
ko’ngildan hamdard bo’lgim keladi. Bu odamlar, tabiiyki, muxolifat saflariga
ma’lum maqsadlar bilan kirgan va bu ularning haqqidir.
Ammo siyosiy vaziyat ular kutganchalik qulay bo’lavermadi va
muxolifat kutulmagan mashaqqatlarga duch kela boshladi. Muxolifatga
go’zal umidlar bilan kirgan bu do’stlarimiz o’zining tanlagan yo’lidan
shubhalana boshladilar. Ular doim mo’jiza kutishdi va
hukumat birdaniga qulaydi, biz orzumizga erishamiz deb o’yladilar. Hukumat ham qulayvermadi, ammo do’stlarimizning ichidagi e’tiqod
qulay boshladi. Bu sarosimaga tushganlar endi vatanga
qaytish haqida o’ylamoqdalar. Ular o’z nutqlari bilan
vatanga qaytish yo’llarini “trambovka” qilayaptilar. Vatanga
qaytish uchun mavjud hokimiyatning ko’nglini olishga intilmoqdalar. Buning yagona yo‘li muxolifatni yerga urib, hukumatni ko’kka
ko’tarishdir. Bu ishni albatta, muxolifat ichida turib
bajarish qiyin, shuning uchun ham tanqidchilar go’yo muxolifat uchun
qayg’urayotgan bo’lib, yig’loqi ohangda gapiradilar. Bunday
motamsaro nutqlar o’sha yuqorida aytganimiz marafon yugurishidan o’larday
charchagan zavollilar og’zidan chiqmoqda. Ular bugun siyosatga
aralashganlaridan ming pushaymon, ammo birdaniga “men
bu yo’ldan qaytdim,’ deyishga ham uyaladilar. Bu arosatda turib, jahli chiqadi va butun alamini o’zi bir paytlar mansub bo’lgan
muxolifatdan oladi.
Bu arosatdagilar yana eski, almisoqdan qolgan bir
iddao bilan o’rtaga chiqadi. Go’yo “ERK” Partiyasi rahbari
muxolifatning birlashuviga qarshi emish. Bu almisoqdan qolgan va hammaning joniga tekkan iddao. ”ERK” rahbarlari doim
milliy birlik tarafdori bo’lgan va 1990 yildayoq
nafaqat muxolifat ichida birlik, balki, hukumat bilan ham konstruktiv muloqot
tarafdori bo’lgan. Bizni hozir tanqid qilayotgan
arosatdagilar oshanda bizni hukumatga sotilganlikda ayblagan edilar.
Bugun ularning aytishicha, o’sha paytda muloqot qilish to’g’ri
yo’l bo’lgan ekan.
Bu shavvozlar 1990 yilda nisbatan liberal bir siyosiy vaziyatda, xalq ko’chaga
chiqib miting qilishi mumkin bo’lgan paytda, olomonning kuchidan mast bo’lib,
radikal shiorlarni ko’targan va hukumat bilan hech qanday murosa bo’lishi
mumkin emas, deya hayqirgan edilar. Bugun, o'ziga bir oz zo'r
tushganda, darrov murosa haqida sayray boshladilar. Hatto o’zlari
murasasoz deb atagan ”ERK” Partiyasi ham ularga bugun
ortiqcha radikal bo’lib ko’rina boshladi. G’aroyib
transformatsiyani ko’rib, inson hayratga tushadi.
”ERK” Partiyasi doim muloqot va murosa
tarafdori bo’lgan. Hayqirib turgan olomonga hukumat bilan
murosa kalimasi yoqmagan paytda ham biz murosa tarafdori edik. Ammo ayni zamonda e’tiqodimizdan bir soniya ham voz kechmaganmiz.
Bugun ham murosa tarafdorimiz, ammo murosa e’tiqoddan voz
kechish evaziga bo’lsa, biz uni rad qilamiz. Bizning
boshqa siyosiy tashkilotlardan farqimiz ham shu. Bugun
murosani rad qilish 1990 yil murosani rad qilishdan osmon bilan yercha farq
qiladi. 1990 yil murosani rad qilish oson edi, hatto
murosani rad qilganlar qahramon sanalardi, bugun esa, murosani rad qilish
o’jarlik yoki nari borsa, uzoqni ko’rolmaslik siyosati deya baholanishi mumkin.
Lekin qarang, 1990 yil murosaga qarshi baqirgan qahramonlar bugun vatanga qaytaylik,
deya yig’lamoqdalar, hukumatga yaxshi ko’rinish uchun muxolifatning qolgan
qismi qismiga tosh otmoqdalar, ammo bu muxolifatning qolgan qismi xuddi 1990
yildagiday, balki, undan ham sobitroq bir inonch bilan o’z mujodalasini davom
ettirmoqdalar. Buning siri, buning asrori iymondandir.
Iymon Ollohu taoloning bir ne’matidir, uni hohlaganiga
beradi. Shu ma’noda, bu so’zlarim bilan hech kimni
tarbiyalamoqchi emasman, chunki, tarbiya faqat Ollohdandir.
Siyosiy muxolifat, haqiqatan ham, mavjud hokimiyatga muqobil,
yanada o’zbekcha aytsak, mavjud hukumatni almashtirishga mo’ljallangan, uning
o’rniga o’tirib, davlatni boshqarib ketish uchun tashkil qilingan bir
tashkilotdir. Agar bunga tayyor bo’lmagan va
buni ko’zlamagan muxolif tashkilot bo’lsa, uning siyosiy muxolifatga hech
qanday aloqasi yo’q.
Tunov kuni radioda gapirgan do’stimizning “biz hukumatga
alternativ emasmiz”, deganiga hayron qoldim. Alternativ
bo’lmasangiz muxolifat ichida nima qilib yuribsiz? Siyosiy muxolifat
siyosiy hokimiyatga doim alternativdir va uning boshqa
hech qanday mohiyati yo’q. “ERK” Partiyasi 1991 yil prezidentlik saylovlarida 1
million 225 ming kishining ovozini oldi. Bu raqam hukumatning saylovda ko’rsatgan butun soxtakorliklaridan
keyin qolgan raqam. Aslida, ”ERK” Partiyasining
bundan 3 karra ko’proq ovoz olgani haqida taxminlar bor.
Xosh, shu millionlarning ovozini olgan bir partiya nega o’zini mavjud hukumatga
muqobil ko’rmasligi kerak? Agar O’zbekistonda demokratik bir
saylov bo’lsa, bu partiya saylovchilarning 1 millioni emas, 5-6 millionining
ovozini olmaydi, deb ayta olasizmi?
”ERK” Partiyasi 1991 yil mavjud hokimiyatga naqadar
alternativ bo’lsa, bugun ham shu qadar, hatto undan ham ko’proq alternativdir.
Chunki o’tgan olti yil ichida xalqimiz bu hukumatning ijroatini ko’rdi, uning
mamlakatga moddiy va ma’naviy qashshoqlikdan boshqa
hech narsa olib kelmaganligini ko’rdi. O’zbekiston
prezidentini Amerika rahbari klinton qabul qilganini hukumatning muvaffaqiyati
qilib ko’rsatishga qancha urunmasin, bundan xalqning qorni to’yayotgani yo’q.
Shuni g’urur bilan aytishim kerak-ki, o’tgan olti yil ichida
”ERK” Partiyasi aql bovar qilmas siyosiy tajribaga erishdi. Aql bovar
qilmas tazyiq va quvg’inlar bizning safimizda qolishga
jur’at etgan har bir shaxsning zakosini o’tkirlashtirdi, e’tiqodini
mustahkamladi, irodasini tobladi.
Safimiz biroz siyraklashdi, ammo bu saflarning matonati ikki
karra yuksaldi. Shunday ekan, hokimiyatga alternativ
bo’lishdan nega qo’rqaylik?
Bizning tashkilot a’zolarining soni 1993 yilda 54 ming edi, bugun tazyiqdan
charchagan 1-2 ming kishi tashkilotdan chiqishga majbur bo’lgan bo’lishi
mumkin. Ammo tashkilotga a’zo bo’lmagan, lekin saylovda bizga
ovoz bergan millionlar ham bizning safimizdadir. Ularning qudratini biz
har doim his qilib turamiz va bu qudrat hissi bizga doim madad bergan, bugun
bizni oyoqda tutib turgan narsa ham o’sha qudrat hissidir.(30.01.1997)
ESKI
MUXOLIF – YANGI MADDOH
Yaqinda “Ozodlik” radiosining o’zbek tilidagi
eshittirishlaridan birida O’zbekistonda inson huquqlarini himoya qiluvchi qo’mita
nomidan bir shaxs jumhuriyatda inson huquqlariga munosabat tobora yaxshilanib
borayotganini gapirdi. Bu bayonot
haqiqatga xilofdir. Bu bayonot O’zbekistondagi
repressiv siyosatni oqlashga urinishdir. Bunday baho O’zbekiston
turmalarida azob chekayotgan ko’plab siysoy mahbus va
din arboblari taqdirini mensimaslikdir.
Bugun O’zbekiston qamoqxonalarida siyosiy va diniy
e’tiqodi sabablardan 50 dan ziyod kishi o’tiribdi. Shular ichida Murod
Jo’rayev, Samandar Qo’qonov kabi xalq deputatlari, Muhammad Rajab, Obidxon
Qori, Abdurauf Qori kabi din arboblari bor. Bundan tashqari Abdulla O’tayev va
Abduvali Qori kabi diniy liderlarning qamalgandan beri hech kim ko’rgani yo’q,
ularning hozirda tirikligi ham shubha ostida qolayapti. Bu
insonlarning qarindoshlari davlat idoralariga tinmasdan qatnab, iltijo
qilsalar-da, mahbuslarning o’lik-tirikligi aytilmayapti.
Siyosiy mahbuslar qamoqxonalar ma’muriyati tarafidan eng
tuban muomala ko’ruvchi guruh holiga tushirilgan. Ularning
ko’pchiligi xasta, ammo so’nggi damgacha ularga tibbiy yordam ko’rsatilmaydi.
Qamoqxonalarda odam ko’pligidan bitta mahbus o’rniga 3 ta mahbus to’g’ri kelmoqda va O’zbekistonda sanitariya normalariga
javob beradigan birorta zona yo’q. Bayram kunlari siyosiy mahbuslarning
istisnosiz hammasi ShIZOga (jazo kamerasiga) tashlanadilar va
qiynoqqa solinadilar. Bu oshkora zulm va zo’ravonlikni
hech kim taftish qilolmaydi, xalqaro tashkilotlar u yoqda tursin, hatto
qarindoshlari ham siysoiy mahbuslardan xabar ololmaydilar.
Ahvol shunday ekan, buni ko’rmaslikka olish vijdonsizlikdir.
Shunday vijdonsizlikni oldindan ko’rib bo’lsa kerak, 1996 yil
noyabr oyida inson huquqlarini himoya qilish qo’mitasi boshqaruvidan 6 kishi
chiqib ketgan edi. Ularning bu haqdagi bayonoti ”Ekspress
xronika” gazetasining 26 noyabr sonida bosildi. Bayonotga Mixail Arzinov,
Abdulla Hayitboyev, Yodgor Obid, Polina Braunerg, Safar Bekjonlar imzo chekkan.
Demoqchimanki, boshqaruvdan shuncha kishi chiqib ketgandan
so’ng bu tashkilotning mashruligi (legitimligi) qoladimi?
O’zini ”O’zbekiston muxolifatining koordinatsion
markazi” deb hisoblayotgan o’rtoqlar inson huquqlari to’g'risidagi haqiqatga
xilof bayonotlarga nega javob bermayapti? Javob bermayapti, chunki, bu ”koopdrinatsion markaz” inson huquqlari uchun emas,
o’zining shaxsiy va mahalliy manfaatlari uchun kurashayapti. Bu odamlar o’zini
muxolifatchi deb ataydi, lekin hukumatga qarshi emas, ”ERK”
Partiyasiga qarshi kurashayapti. O’sha ”koordinatsion
markaz” nashri bo’lgan “Harakat” jurnali, mana, qo’limda. Bu
jurnal materiyallarining eng muhum qismi kaminaga qarshi qaratilgan. Bu
materiyallar boshdan-oyoq yolg’on va tuhmatga
qurilgan. Shuning uchun bo’lsa kerak, ”Harakat” deb
atalgan bu jurnal O’zbekistonda bemalol tarqatilayapti, hatto hukumat organlari
tomonidan ko’paytirilib berilayapti. Zotan, muxolifatni
ichidan yemirish xavfsizlik organlarining eski taktikasidir. ”Harakat” va ”Birlik” degan ig’vo to’la nashrlarni chiqarayotgan
kimsalarni O’zbekiston Prezidenti allaqachon vatanga qaytishiga ruxsat bergan,
lekin ular qaytishmayapti. Sababini taxmin qilish mumkin: hali
”erk”chilarga qarshi kurashda tepadan olgan vazifalarini to’la bajarib
bo’lganlari yo’q.
Men bu tu’hmat va ig’voning koordinatsion markaziga
bir jumla bilan javob beraman: Ollohdan qo’rqing, o’rtoq kommunistlar. Siz barrikadaning qaysi tarafida bo’lmang, hoh muxolifatda, hoh
hukumatda, sizning tabiatingiz o’zgarmaydi. Siz
hukumatda ham, muxolifatda ham o’z manfaatingiz uchun har narsani qurbon
qilishga tayyorsiz. Ortiq buni xalq anglab yetdi.
Endi uning boshini qotirmang, ig’voni to’xtatib, maydonni bo’shating.(19.03.1997)
MUNOFIQLIKDAN SAQLANING
“Ozodlik” radiosidan Ortiqov degan birodarimiz chiqib,
“muxolifat bir-biriga tosh otishdan boshqa ishga yaramay qoldi”, degan juda
yoqimsiz bir gapni aytdi. Menga yoqmadi, chunki bu
nohaq iddaodir. Men muxolifat vakiliman, yanada
to’g’rirog’i, O’zbekistondagi mavjud tuzumga qarshi muxolifat harakatining
vakiliman. Men rahbarlik qilayotgan “ERK” Partiyasi Ortiqov aytganday
boshqa muxolifatchilarga hech qachon tosh otmagan va
bundan keyin ham otayotgani yo’q. Albatta, Ortiqovga javob berish juda ham
shart emas edi, lekin ortiqovlarga o’xshagan, o’zbek muxolifati haqida noto’g’ri tushunchada yurgan odamlar ko’payib borayapti,
chamamda. Buning oldini olish uchun, hech bo’lmaganda bunga xalaqit
berish uchun muxolifat nimayu, nima muxolifat emasligini bir og’iz siz bilan
birgalikda mushohada qilmoqchiman. Mening nazarimda,
“ERK” demokratik partiyasi chinakam muxolifat tashkilotidir. Sizning bu haqda boshqa fikringiz bo’lishi mumkin, ammo men shunday
deb o’ylayman. Chunki O’zbekistonda yillarcha davom etgan terror va ta’qibga qaramay, tuhmat va shantajga qaramay, o’z
prinsiplaridan voz kechmagan biror siyosiy tashkilot bo’lsa, bu “ERK”
Partiyasidir. Siyosiy konyunkturaga aldanmay, o’ziga qarshi qaratilgan
fisqu-fasodlarga javob bermay, faqat xalq orzu-umidlarini tilga keltirayotgan
tashkilot ham “ERK” Partiyasidir. Bu xususiyatlari bilan “ERK” Partiyasi mavjud
hukumatga eng jiddiy va eng munosib muxolifatdir. Agar
shunday bo’lmasaydi, hukumat bizni faqat O’zbekistonda emas, chet
Bugun
muxolifatni tanqid qilish qulay va xavfsiz. Uni tanqid qilish, hatto, foydali. Masalan,
hukumatga xush ko’rinasiz, ishingiz yurishadi, ishingiz yurishmasa ham, hech
bo’lmasa, sizga xalaqit berishmaydi. Ammo tanqid qilar
ekan, adresni aniq aytish kerak. Men yuqorida muxolifat kim ekanini aytdim. Endi bilmaganlar bilsin deb kim muxolifat emasligini aytmoqchiman: muxolifat nomidan
gapirib, muxolifatning obro’sini tushiradigan kimsa muxolifatchi emas. Deylik, falonchi xalq harakatidanman, deb o’sha harakatning
ildiziga bolta uradigan odam muxolifatchi emas. Yoki
o’sha xalq harakati nomidan gazeta chiqarib, gazetada xalq dardini aytish
o’rniga, deylik, “ERK” Partiyasiga qarshi fisqu-fasod nashr qiladigan odamlar
muxolifatchi emas. Yoki “ERK” to’g’risida O’zbekiston KGBsiga ma’lumot
berib turadigan, chet ellarning idoralariga chaqimchi xabarnomalar tarqatib kun ko’radigan ichi qora kimsalarning muxolifatga hech
qanday aloqasi yo’q. To’g’ri, ular Sovet davrining
so’ngi yillarida muxolifat safida edilar, hatto totalitar bir davlatda
plyuralizmning paydo bo’lishida ijobiy bir rol o’ynagan bo’lishlari ham mumkin.
Ammo bir necha yildan beri, ular muxolifat niqobi ostida
O’zbekiston hukumatiga yordam bermoqdalar. Diqqat
qiling, 1991 yildan beri bu nomi ma’lum kimsalar haqida O’zbekiston matbuotida
birorta ham tanqidiy maqola, nainki maqola, hatto biror satr ham bosilgani
yo’q.
Aksincha, O’zbekiston Prezidenti bu odamlarni
O’zbekistonga qaytib kelishlarini taklif qilmoqda. Shuning uchun, muxolifat der ekan, bu farqni doim nazarda tutib
gapirish kerak. Yakkabog’lik do’stimiz Ortiqov muxolifatga dashnom berar ekan, bizga “shaharma-shahar aylanib yurish joningizga
tegmadimi, vatanga qayting endi”, deya xitob qiladi. Xuddi
biz vatandan shaharma-shahar aylanish uchun sayohatga chiqqanday. Bu oshnamizga “sizga ham aylanish nasib qilsin”, deb duo qilish
mumkin, ammo bu unga yomonlik tilash bo’lgan bo’lardi. Shuning uchun ham unga bunday sayohatlar sizga nasib qilmasin,
deymiz. Muxolifatni bugun kuchi yetgan-yetmagan hamma
tanqid qilayapti. Bu tanqidlarni eshitib, O’zbekistondagi bugungi
qashshoqlik va safolatning ham, ma’naviy va ahloqiy
tushkunlikning ham sababchisi davlat boshida turgan hukumat emas, o’z yurtidan
uzoqda sarson-sargordon yurgan muxolifatchilar aybdor, degan be’mani xulosa
chiqadi. Avvalo, xorijdagi muxolifatchilarni “mazza qilib
yuribdi” deyish uchun juda shakkok odam bo’lish kerak. Muxolifatni tanqid qiladigan odam bunga avval ma’naviy haq
qozonishi kerak. Muxolifat harakatining naqadar og’ir, naqadar fojiali
bosqichlardan o’tgani va hamon o’tayotganini anglash
uchun, hech bo’lmaganda, bu harakatning ichida bo’lish kerak. Nima emish, agar
bugun saylov bo’lsa, Karimov 90 foyiz ovoz olarmish va
buning sababchisi ham muxolifat emish. Bu bashoratni eshitib, ofarin! deysiz xolos. Birinchidan, kim
qancha ovoz olishini bir Ollohu taola biladi, u kunlarga etkazsa, ko’rarmiz. Faqat, men o’ylaymanki, u kunlarga etkazsa, bugungi hukumatga uning
bola-chaqasi ham ovoz bermasa kerak, deb o’ylayman. Chunki
bu hukumatning kirdikorlari o’rtada. Hamma ko’rib
turibdi. Umuman, og’aynimiz Ortiqovning tanqid qilish
usuli menga yangi ko’rinmadi. Og’aynimiz ikki tarafga
ham yomon ko’rinishni istamaydi. U xuddi muxolifat
haqida qayg’urayotgan bir fuqaroday gapiradi. Ayni paytda, Karimovning
to’qson foyiz ovoz olishini karomat qilib, zarur joylarga yog’ ham surkab
qo’yadi... Men “Ozodlik” radiosi tinglovchilaridan uzr
so’rayman, “Muhammad Solih nega bir kamtarin odamning kamtarin chiqishiga bu
qadar ahamiyat berayapti, muxolifatni ozgina tanqid qilsa, nima bo’pti”,
deyishingiz mumkin. Gap shunda-ki, O’zbekistondagi uzluksiz davom
etayotgan iqtisodiy bo’hron, qashshoqlik, zulm va
istibdod faqat iymoni zaif odamlarni emas, balki iymonli kishilarni ham
munofiqlik qilishga majbur qilmoqda. Munofiqlik bizning
jamiyatda keng tarqalgan ijtimoiy kasallikdir. O’zbekistonda
1992 yildan keyin ijtimoiy fikr o’ldi. Rasmiy axborat vositalari va rasmiy nashr markazlari e’lon qilayotgan nashrlarda
O’zbekistonning haqiqiy ahvoli haqida birorta to’g’ri fikr yo’q.
Keyingi uch yil ichida O’zbekiston nashriyotlaridan
chiqqan kitoblarni varaqlab ko’ring. Ularning hammasida mutlaqo
so’zboshi bor va so’zboshida albatta yurtboshi madh
qilinadi. Bu madhiya bo’lmasa, istisnosiz, hech bir kitob
bosilmaydi. Shunday bir mamlakatda qanday ijtimoiy
fikr bo’lishi mumkin? Ba’zi odamlar bu diqqinafas havodan charchab, bir
erkin nafas olay, deb ba’zi chet el radiolaridan, deylik, “Ozodlik” yoki
“Bi-bi-si” radiosidan gapirishni istab qolishadi. Bu maqtovga
sazovor istakdir, albatta. Ammo bizning odamimiz
bechora “Ozodlik”da gapirayotib ham ozod bo’lolmaydi, ko’nglidagini to’kib
sololmaydi, chunki ertasigayoq uyiga mirshab keladi. Rahbarlari
“islomchilarni o’z qo’lim bilan otib tashlayman”deb turgan mamlakatda
“Ozodlik”dan gapirish oson emas. Shuning uchun ham
“Ozodlik”da chiqqan odam ko’ngli nozik hukumatni injitmaydigan shaklda
gapirishga harakat qiladi. Buning yo’li oson -
muxolifatni ozgina urib ketsangiz bo’ldi. Odamlarning
bu mantig’ini bilganimiz uchun ham, biz muxolifatga qarshi tanqidlarning
ko’piga javob bermaymiz. Faqat, yakkabog’lik
tanqidchimizning so’zlari bizga juda ham tipik ko’rindi. Masalan, muxolifatning programmasi yo’q degan iddao Yakkabog’
xalqining iddaosi emas, Prezident Karimovning iddaosi. Lekin
muxolifatning keng va jiddiy programmasi borligini
Prezident ham, boshqalari ham biladi. Bu gaplarni aytar ekan,
maqsadim, og’aynimiz Ortiqovga javob berish emas. Mening
maqsadim - hali ham iymonini yitirmagan insonlarni o’sha eslatilgan xastalik -
ijtimoiy munofiqlikdan saqlanishga da’vat qilishdir. Olloh bizga bu
og’ir davrdan yorug’ yuz bilan chiqishni nasib qilsin! (manba:
muhammadsalih.info)