Shuhrat  AHMADJONOV

                                                                                                        DO’Kning  Toshkent  bo’limi  rahbari 

 

DADAXON  HASAN  USTIDAN  SUD  BOSHLANDI,  LEKIN  INSON  HUQUQLARI  HIMOYACHILARI,  JURNALISTLAR  VA  ELCHIXONALARDAN  VAKILLAR  SUDGA  KIRITILMADI

 

   Jinoiy ishlar bo’yicha Toshkent shahar sudida 2006 yil 31 may kuni soat 10.00 da taniqli imom Ruhiddin Faxriddinov ustidan sud boshlanishi kerak edi. Lekin bu sud 17 iyuldan 31 iyulga ko’chirilgani kabi, endi 31 iyuldan 7 avgust kuniga ko’chirildi.

   Soat 11.00 da sud binosi oldiga mashhur hofiz va shoir Dadaxon Hasan ham keldi. Uning sud ishi bugun – 31 iyul kuni soat 15.00 ga belgilangan edi. U o’zining sud ishi bilan tanishish uchun ertaroq kelgan ekan. Bir oz vaqt suhbatlashgach, kamina yig’ilganlarni fotosuratga tushishga taklif qildi. Ushbu surat quyida keltirilmoqda.

 

 

   Foto. (Chapdan o’ngga) Jahongir Shosalimov, Fazliddin hoji Faxriddinov (imom Ruhiddinning otasi), Dadaxon Hasan, Surat Ikromov, Bahodir Eliboyev, Ulug’bek Usmonov va Ruhiddin Komilov (advokat). 2006 yil 31 iyul.

 

   Fotosuratga tushishgach, S.Ikromov, R.Komilov va Dadaxon Hasan sud ishi bilan tanishish uchun sud binosiga kirib ketishdi. Qolganlar tarqalishib, soat 14.30 da sud eshigi oldiga kelishdi.

   Eshik oldida turgan militsiya xodimlari sudya tomonidan berilgan ro’yxatdagi kishilargina sudga kirishlari mumkinligi, inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar, elchixonalardan vakillar esa sudga qo’yilmasliklarini aytishdi. Shunda kamina quyidagi shikoyat arizasini yozdi va uning ostiga 6 kishi imzo chekdi.

 

 “Jinoiy ishlar bo’yicha Toshkent shahar sudining raisi vazifasini bajaruvchi

M.M.Abdug’aniyevga

                                                             SHIKOYAT  ARIZASI

 

   Biz, bir guruh inson huquqlari himoyachilari bugun – 2006 yil 31 iyul kuni soat 14.30 da mashhur hofiz va shoir Dadaxon Hasan ustidan o’tkazilayotgan sudga kelgan edik.

   Sud eshigi oldida o’tirgan militsiya kichik serjanti Erlan Rasulov: “Ro’yxatda bo’lmaganlaringiz uchun sudga kirishga ruxsat bermayman” dedi. Biz ro’yxat tuzib bersak-da, bizni sudga qo’yishmadi.

  Ro’yxatda ikki nafar xalq maslahatchisi M.Isakov va Sh.Rahimov, prokuror A.Xalikov, advokat R.Komilov, himoyachi S.Ikromov va sudlanuvchi D.Hasanov bor edi. Bunga Jinoyat ishlar bo’yicha Toshkent shahar sudining sudyasi I.R.Jalolov imzo qo’ygan ekan.

   Axir sud ochiq deb e’lon qilingan bo’lsa-yu, nega inson huquqlari himoyachilari sudga qo’yilmayapti?

 

   1. Ahmadjonov Shuhrat        imzo              2006 yil 31 iyul.

   2. Shosalimov Jahongir        imzo

   3. Tashanov Abduraxmon     imzo

   4. Shaymardanov Axtam       imzo

   5. Abdullo Tojiboy o’g’li       imzo

   6. Nosirov Yo’ldosh               imzo

 

   Manzil: Toshkent shahri, Hamza tumani, Farg’ona yo’li ko’chasi, 101-uy, 65-xonadon. Ahmadjonov Shuhrat.”  

 

   Bu arizani sud kotibiyatiga topshirishga harakat qildik. Telefon orqali chaqirtirilgach, kotibiyatda  ishlaydigan 22 yoshlardagi yigit keldi. U shikoyat arizamizni o’qib chiqib, arizaning ikkinchi nusxasiga imzo qo’yib bunday shikoyatni qabul qilaolmasligini, uni faqat kotibiyat boshligi olishi mukinligini aytdi. Familiyasini so’radik, u aytmadi. Shunday qilib na arizani oldi, na familiyasini aytdi, na ichkaridan kotibiyat rahbari chiqdi. Toshkent shahar sudida qonunni mensimaslik va buzish mana shu darajada. “Baliq boshidan sasiydi, suv boshidan loyqalanadi” degan xalqimizning dono maqoli O’zbekistondagi sud mahkamalarida ham o’rinli ekan!

   Bu payt soat 16.00 ga yaqinlashgandi. Ichkaridan S.Ikromov, R.Komilov va Dadaxon Hasan chiqib kelishdi. Ularning aytishicha, Dadaxon Hasan ustidan sud sudya I.R.Jalolov raisligida boshlanibdi. Sud boshlanishidagi tanishuvlardan so’ng, himoyachi Surat Ikromov sudyaga murojaat qilib, militsiya xodimlari sudga inson huquqlari himoyachilari, jurnalistlar, elchixonalardan kelgan vakillarni qo’yishmaganligi, ularni sudga kiritish yoki sud ishini boshqa kunga ko’chirish kerakligi haqida gapirgan. Sudya I.Jalolov sud ishi 4 avgust kuni soat 15.00 da davom etishi haqida e’lon qilgan.

   Surat Ikromov jurnalistlarga intervyu bergach va Dadaxon aka bilan bir oz suhbatlashgach tarqalishdik. Kamina pochta bo’limiga kelib, Jinoiy ishlar bo’yicha Toshkent shahar sudining raisi nomiga yozilgan  o’sha shikoyat arizasini buyurtma xat ko’rinishida jo’natib yubordi.

  Shunday qilib, Dadaxon Hasan ustidan sud ishi boshlandi. Navbatdagi sud yig’ilishi 4 avgust (juma) kuni soat 15.00 da bo’ladi.

 

   E-mail:   shuhrat1954@yahoo.com 

   2006 yil  31 iyul. Toshkent, soat  20.30.