Shuhrat  AHMADJONOV,

                            DO’Kning Toshkent bo’limi rahbari, inson huquqlari va tabiat himoyachisi

 

O’ZBEKISTON  FUTBOLI:  INQIROZ  SABABLARI  VA  2010  YILGI  19-JAHON  CHEMPIONATIDA QATNASHISHGA ERISHISH  YO’LI

 

Davlat arboblarining xatolari uchun jazoni millat tortadi. [1, 113-b.]

BERDYAYEV N. (1874-1948)

 

MUNDARIJA

 

   Muqaddima

   1. Jahon futboli tarixidan ayrim ma’lumotlar.    

   2. O’zbekiston futboli haqida ba’zi bir ma’lumotlar.

   3. O’zbekiston Ichki ishlar vaziri, general-polkovnik Zokirjon Almatovning 1995 yil dekabrda O’zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti etib tayinlanish sabablari va u haqda ayrim ma’lumotlar.

   4. Muallifning 1997 yil 21 yanvarda O’zR prezidenti I.Karimovga, O’zR futbol federatsiyasi prezidenti, general-polkovnik Z. Almatovga va yana bir necha rahbarlarga Vatanimizda futbolni rivojlantirishga doir yozgan 15 betlik xati va uning keyingi taqdiri. 

   4.1. O’zbekistondagi professional futbolning 1995-1996 yillardagi ahvoli va uning rahbariyati haqida  ba’zi bir ma’lumotlar.

   4.2. Muallifning O’zR prezidenti I.Karimovga va boshqa rahbarlarga 1995-1997 yillarda yozgan o’nta, jumladan futbolga doir takliflarining yozilish sabablari.

   4.3. Muallifning 1997 yil 21 yanvarda futbolga doir yozgan 15 betlik xatining mazmuni va uning keyingi taqdiri.

   5. Muallifning 1997 yil sentyabrida Sobirjon Ro’ziyev bilan uchrashuvi, Braziliyadan futbol murabbiyi Veyga da Silvaning O’zbekistonga taklif etilishi va natijalari.

   5.1. O’zbekiston terma jamoasining 1997 yildagi ayrim o’yinlari natijalari. 

   5.2. Muallifning 1997 yil sentyabrida Sobirjon Ro’ziyev bilan uchrashuvi va futbol haqidagi suhbati.

   5.3. Braziliyadan futbol murabbiyi Veyga da Silvaning O’zbekistonga taklif etilishi va dastlabki natijalar.

   5.4. O’zbekiston futbol terma jamoasining 1998 yil dekabrida 13-Osiyo o’yinlaridagi natijalari.

   6. O’zbekiston futbol terma jamoasining 1999-2005 yillardagi ahvoliga doir ayrim ma’lumotlar.

   7. Muallifning 2005 yil 31 may kuni O’zR Madaniyat va sport ishlari vazirligi binosi oldidagi piketi va unga qarshi qilingan tazyiqlar.

   7.1. Bir guruh inson huquqlari himoyachilarining O’zbekiston madaniyati va sporti muammolariga doir Talabnomasi. 

   7.2. Buyuk futbol qiroli Edson Arantes do Nasimento - Pele haqida ayrim hayratlanarli ma’lumotlar.

   7.3. 2005 yil 31 may kuni O’zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi binosi oldidagi piket tafsilotlari.

   7.4. 2005 yil 31 may kuni Mirobod tuman ichki ishlar boshqarmasi boshlig’i, militsiya podpolkovnigi A.Mullajonov va Toshkent shahar bosh psixiatri X.Husanxo’jayev muallifni so’roq qilishi tafsilotlari.

   8. O’zbekiston – Quvayt terma jamoalarining 2005 yil 17 avgust kuni Toshkentdagi o’yini va shoir Bahrom Ro’zimurodovning futbol haqidagi she’ri.

   9. O’zbekiston – Bahrayn uchrashuvida Vatanimiz futbol terma jamoasining g’alaba qilishi, ammo O’zbekiston futbol federatsiyasi rahbariyatining FIFAga raddiyanoma yozishi va terma jamoamizning Germaniyaga – 2006 yilgi 18-Jahon chempionatiga borishidan mahrum bo’lishi. 

   10. O’zbekiston futbol terma jamoasining hozirgi bosh murabbiyi Valeriy Nepomnyashiy to’g’risida ayrim ma’lumotlar va terma jamoaning 2006 yildagi ahvoli.

   11. O’zR prezidenti I.Karimovning 2006 yil 1 may kungi “O’zbekiston futbolini rivojlantirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi farmoni va unga nisbatan muallifning ayrim tanqidiy fikrlari.

   12. O’zbekiston oliy liga futbol klublaridagi vaziyat.

   13. O’zbekiston birinchi liga futbol klublaridagi vaziyat.

   14. Ayrim hakamlar futbolni maynavozchilikka aylantirmoqdalar.

   15. O’zbekiston futbolchilarining transferlari oshkoraligi.

   16. Lotin Amerikasi hamda Afrikadan mohir futbolchi (legioner)larni O’zbekiston futbol klublariga taklif etish qay ahvolda?

   17. 2007-2011 yillarda bo’ladigan Osiyo terma jamoalari va klublari ishtirokida o’tkaziladigan xalqaro  musobaqalar. 

   18. O’zbekiston professional futbolini rivojlantirish uchun mablag’ni qayerdan olsak bo’ladi? 

   19. Futbol – demokratik sport o’yinidir: ayrim xulosalar.

   Foydalanilgan adabiyotlar.

 

M U Q A D D I M A

 

   “F u t b o l (ingl. fut – oyoq, ball – to’p) – sport o’yini. 2 darvoza (7,32X2,44 m) li maxsus maydon (90-120X45-90) da to’p bilan jamoa bo’lib o’ynaladi. Fo’tbol to’pining og’irligi 410-450 g, aylana diametrining uzunligi 68-70 sm, o’yinning asosiy vaqti 90 minut (45 minutdan 2 bo’lim, 12-15 minut tanaffus). Maydonda ikkala jamoada 11 kishidan bo’ladi. O’yindan maqsad raqib darvozasiga to’pni oyoq yoki gavda qismlari bilan (qo’ldan tashqari) kiritishdan iborat. Faqat darvozabonlargina qo’l bilan o’ynashi mumkin (jarima maydonchasida).” [2, 9-j., 345-b.]

   Inson, insoniyat va uning ishlari, kechmishlari - bu katta olamdir, olam-olam axborotlar manbaidir. Mana shu katta olam ichida bir necha olamlar bor. Shulardan biri millionlar o’yini bo’lgan, milliardlab kishilar muxlislik, ishqibozlik qiladigan FUTBOL  OLAMIDIR! 2006 yil 9 iyunidan 9 iyuligacha Germaniyada bo’lib o’tgan 18-Jahon chempionatini bir paytning o’zida Yer yuzida 1,5 milliardgacha kishi stadionlarda va oynai jahon ekranlari orqali tomosha qildilar. O’sha olamshumul musobaqaning 64 o’yinini tomosha qilgan odamlarning umumiy soni 30 milliarddan (!) oshib ketdi. Ular orasida deyarli 64 o’yinni ko’rishga harakat qilgan muallif ham, shu maqolani o’qiyotgan va bir necha o’yinlarni zavq bilan ko’rgan o’quvchimiz ham bor edi.

   Futbol olamida voqealar, axborotlar, yutuqlar va muammolar shunchalik ko’pki, uni bitta maqolada qamrab olishning imkoniyati yo’q. Axir futbolning o’zi bolalar, o’smirlar, yoshlar, havaskorlar (olimpiyachilar), faxriylar, shuningdek erkaklar va ayollar professional futboliga bo’lingan. Muallif ushbu maqolada jahon va O’zbekiston futboli tarixidan ayrim ma’lumotlar keltirib, asosan O’zbekiston erkaklar futbol terma jamoasi o’yinlari haqida yozdi va bir oz tahlil etdi, terma jamoa murabbiylari masalasini imkon darajasida yoritdi. Maqolada shuningdek O’zbekiston futbol federatsiyasi prezidentini tayinlashdagi ayrim xatolar va uning oqibatlari, O’zbekiston futbolini rivojlantirishga doir 1997 yilda yozilgan 15 betlik xat, 2005 yil 31 maydagi piket va uning natijalari bayon etildi va ba’zi bir xulosalar qilindi.

   Futbol deb atalmish ajoyib o’yinning O’zbekistonda ham millionlab muhlislari borligi ko’pchilikka ma’lum. Bu muxlislar orasida futbolni jonu dilidan ham yaxshi ko’radiganlar borki, ularga jahondagi boshqa mamlakatlar muhlislari ham, futbolchilari-yu mutaxassislari ham tan bermoqdalar. Shunday ikki nafar vatandoshimiz 2006 yil yozida Germaniyada bo’lib o’tgan 18-Jahon chempionatiga velosipedda 6500 chaqirim yo’l bosib, yetib bordilar va chempionatni o’sha yerda tomosha qildilar, o’zlari hurmat qiladigan Germaniya terma jamoasining mashhur darvozaboni Oliver Kan bilan uchrashib suhbatlashdilar, uning datxatini ham oldilar. Maqolamiz muqaddimasida shu ikki futbol ishqibozining safari haqida ma’lumot berib o’tsak. 

   “Ikki marg’ilonlik muxlis Germaniyaning mashhur darvozaboni Oliver Kandan dastxat olish uchun Marg’ilondan Berlingacha bo’lgan 6500 kilometr masofani velosipedda bosib o’tishdi. Marg’ilonlik Akrom Ma’pufjonov va Musajon Homidovlar mart oyi boshida yo’lga chiqib, uch oy deganda velosipedda Berlinga yetib borishdi. Qanchalik murakkab va muammo bo’lmasin, mashhur darvozabon bilan yuzma-yuz ko’rishishga  mavaffaq bo’ldilar ham. Futbolsevar, shu bilan birga sayohatparvar muxlislarning bunday matonatidan yoqa ushlaganini aytgan mashhur darvozabon Oliver Kan juda band bo’lishiga qaramay, o’zbekistonlik futbol fanatlariga o’z dastxatini berishga bajonu dil rozi bo’ldi. “Men bunday ishqibozlarni ko’rmaganman. Bu hayratlanarlidir”, deb hayratini yashirmadi Oliver Kan.

   Xo’sh, hamyurtlarimizning Germaniya safari bilan bog’liq sarguzashtlari qanday amalga oshdi, safar davomida yuz bergan voqea-hodisalar nimalardan iborat? Bu to’g’rida hikoyamiz qahramonlarining o’zlari gapirib berishgani ma’qul deb topdik.

   Akrom Ma’rufjonov: - Jahon chempionatini stadionlardan bevosita kuzatishni ancha oldindan maqsad qilgandim. O’zim va do’stim Musajon bilan uzoq muddat rejalarimizni pishirdik. Bizning maqsadimizni qo’llab-quvvatlagan ham, unga ishonmaganlar ham bo’ldi. Hattoki, ustimizdan kulganlarni aytmaysizmi. Shunda ikkilanmay Germaniya konsulligiga bordim. Konsullikda ishlaydigan xodimlardan biri suhbatlashib o’tirib, Yevropaga ketayapsiz, sizga ko’mak beradigan odam bo’lmaydi-ku, deb qoldi. Men esa, yo’q, Alloh menga yordam beradi, deb javob berdim. Shunda u qo’limdan pasportimni olib viza qo’yib berdi.

   Biz Qozog’istonga kirganimizda havo juda sovuq edi. 14 mart kuni (2006 yil, A.Sh.) Qizil O’rdadagi poyezd vokzaliga kirdik, bir choy ichib olamiz deb. U yerda bizni militsiya xodimlari ushlashdi. Pasportlarimizni tekshirishdi, pasportning ichida deklaratsiyamiz bor edi. Deklaratsiyada pulimiz qanchaligi yozilgandi. 1200 dollaru 36000 so’m pul bor edi. Shunda haligi militsionerlardan biri deklaratsiyani ko’rib dedi: “Ikkoving yuz dolardan berasan!” Men, nima aybimiz bor desam, “O’zbekistonga xabar beramiz: bular futbolga emas, boshqa ishlar bilan ketyapti”, - deb ancha yo’limizga to’g’anoq bo’lishdi. Xullas, ish shu darajaga borib yetdiki, biz cho’lda qolib ketdik.” [3]

   “Bi-bi-si” jahon xizmati (radiosi) o’zbek shu’basi jurnalistlariga A.Ma’rufjonov 2006 yil 21 iyun kuni bergan intervyusida Qizil O’rda shahridagi nohaq tazyiq haqida bunday degan edi. Ularni tutgan Qozog’istonning Qizil O’rda shahridagi militsiya xodimlari ularda 1200 dollar va 36 ming so’m pul borligini bilgach, 100 dollardan berishni talab qilishgan. Aks holda, sizlarning yoningizdan narkotik modda chiqdi, deb rasmiylashtiramiz va qamatib yuboramiz, deyishgan. Ular noiloj 100 dollardan militsiyonerlarga berishgan. Bunday razil usulni O’zbekistondagi ba’zi bir militsiya xodimlari fuqarolarga qarshi qo’llab, odamlarni talayotganligi ko’pchilikka sir emas. Qozog’istonda ikkala sayohatchining chodirini, qoplarini olib qo’yishgandi. Ular Qozog’istonda kuniga 70 chaqirimdan, Belorussiya va Polshada 100 chaqirimdan yo’l bosishgan. [4]

   “- Cho’lning o’rtasida qolib ketibsizlar, keyin nima qildingizlar?

   - Sovuqda junjikib o’tirgan paytimizda bir “KAMAZ” mashina oldimizga kelib to’xtadi. O’shlik o’zbek yigit ekan. Bizni poyezdga o’tqazib jo’natib yubordi Rossiyaning chegarasigacha. Yo’lda Voronej, Kursk, Oryol, Bryansk kabi shaharlardan o’tdik.

   - Germaniyaga alal-oqibat qanday yetib bordingiz?

   - Brestda qolib ishlashimizga to’g’ri keldi. Nimagaki, bizga Polshaning besh kunlik transit vizasini beramiz, deyishdi. Buning ustiga piyodalar yo’li yo’q, velosipedda emas, velosipedni yo mashina, yo poyezdga ortib Polsha hududidan o’tish kerak, deyishdi. Avtobus yoki poyezdga bilet olish uchun ishlab pul topishimizga to’g’ri keldi. Varshavada velosipedlarimizni yo’qotib qo’ydik. Menikini politsiya topib berdi, biroq sherigim uchun 35 dollarga velosiped sotib olishimizga to’g’ri keldi. 7 iyun kuni kechasi 12 dan 15 daqiqa o’tganda Germaniya chegarasidan o’tdik.

   - Til masalasi qanday bo’ldi, misol uchun Rossiyadan chiqqandan keyin mana u yog’i Polsha, undan keyin Germaniya? Qiynalmadinglarmi muloqot qilishga odamlar bilan?

   - Qo’limizga nemis tilida “Biz 2006 yil Germaniya xalqini futbol bayrami bilan tabriklagani va bu yilgi chempionatda g’olib chiqish uchun qo’llab-quvvatlagani O’zbekistondan keldik” – degan mazmundagi yozuv bor edi.

   - Jami qancha kilometr yo’l bosdilaring?

   - 6500 kilometr. Uning ichida poyezdda yurganimiz 700 kilometr bo’ldi, lekin men niyatimga yetdim.

   - Dunyoning eng mashhur darvozabonlaridan biri Oliver Kann bilan uchrashibsiz. Uning oldiga borib, nimalarni gapirdingiz, nima dedingiz unga?

   - Katta nevaram Oliver Kanning yo bir to’pini olib kelasiz, yo qo’l qo’yilgan bir dastxatini degandi. Xudoga shukr, nevaramning niyatini bajardim!

   - Futbol uchrashuvlariga kirishga qiynalmadinglarmi, chiptalar qimmat bo’lsa?

   - O’yinlar bo’ladigan kuni nemislarning o’zlari kelib, bizni o’yinni tomosha qilishga olib kirishdi.

   - Akrom aka, bu Marg’ilon do’ppilariniyam kiyib olganmisiz?

   - Hozir boshimda Marg’ilon do’ppisi, atlas chorsi, yaktakda futboldan chiqib kelayapman. Har bir gol urganda mustaqil O’zbekistonimiz bayrog’ini hilpiratib turdim.

   - O’zbekiston bayrog’ini tanishayaptimi olmoniyaliklar?

   - Ayrimlari kelib qayerdanligimizni so’rab, bizni qo’llab-quvvatlaganingizga rahmat, deb quchoqlab o’pib ketishdi.” [3]    

   “- Berlin haqidagi tasavvurlaringiz.

   - Berlin o’zining keng ko’chalari va ulkan binolari bilan bizni hayratga soldi. Shaharda bo’lmaganligim pand berdi. Sherigimni yo’qotib qo’yganim yetmagandek o’zim ham adashib qoldim. Yaxshiyamki bir ukrain qizi mendan yordamini ayamadi. U meni germaniyalik jurnalist bilan tanishtirdi. Nemis jurnalisti George Truse bizga nima uchun olmon yurtiga kelganimizni so’radi. Men va do’stim 6500 km masofani bosib o’tib Oliver Kandan katta nabiramning buyurtmasiga binoan dastxat olgani kelganimizni aytdik. Bizning so’zlarimiz “Berlin” gazetasuda 10 iyun kuni bosib chiqarildi. Gazetani o’qigan “Bavariya” darvozaboni, uning menejeri va qarindoshlari bizni axtarishga tushishibdi. Darvozabon bilan uchrashdik va u bizning hurmatimizni joyiga qo’yib, xizmatimizda bo’ldi. To’rt mahal issiq ovqat bilan ta’minladi. Qachonki germaniyaliklar yarim finalda mag’lubiyatga uchraganida biz ham izzatimiz bitganligini bilib, ortimizga qaytmoqchi edik. Lekin Kan bunga ruxsat bermadi, finalni ham ko’rib ketishimizni aytib, menejeri orqali final o’yiniga chipta oldirib berdi. Bundan tashqari avvalgi to’rt uchrashuvga ham aynan Kanning menejeri chiptalar bilan ta’minlagandi. Final uchrashuviga chiptamiz borligidan voqif bo’lgan ayrim germaniyaliklar bizdan chiptamizni sotishimizni so’rashdi. Chiptamizning bahosini 3000 yevro deb baholashdi ham. Rozi bo’lmadik. Sababi, final bahsida aynan men istagan jamoalar to’p surishini juda ham istar edim. O’zim bilan birga nevaramning ismi yozilgan “Moviy gvardiya”ning futbolkasini ham o’zim bilan birga olib olgandim. Hatto shu futbolkani ham 4000 yevro evaziga sotib oladiganlar chiqdi. Tabiiyki, sotmadim va ko’rib turganingizdek uni o’zim bilan qaytarib olib keldim. Safar bahona Oliver Kan bilan do’stlashib oldim. U menga nevaralarimdan birini Germaniyada o’qitishga va’da berdi. Qolaversa, o’zining futbolkalaridan biriga dastxatini qo’yib, ustimga kiydirib ham qo’ydi.

   - Toshkentga qachon va qanday yetib keldingizlar? 

   - Diyorimizga bir hafta burun yetib keldik. Avval poyezd, so’ngra samoletda uchdik. Poyezdda kelmaganligimiz sababi safarga ketish chog’ida Qozog’istonda qiyinchiliklarga duch kelgandik.

   - Yana safarga chiqish niyatingiz bormi?

   - Nasib qilsa, 2010 yil 60 yoshga to’laman va yubileyimni JARda Jahom chempionati bahslarida nishonlash niyatim bor.” [5]

   Muallif umid qiladiki, bu ikki hamyurtimiz va yana bir necha vatandoshlarimiz 2010 yilda Janubiy Afrika Respublikasida bo’ladigan 19-Jahon chempionatiga ham velosipedda borishadi va u yerda O’zbekiston futbol terma jamoasiga ishqibozlik qiladilar, Xudo xohlasa. Bu haqda maqolamizning xulosalar qismida – 19-bandda yana to’xtalib o’tarmiz. Endi maqolamizning asosiy qismiga o’tsak.       

 

1.  JAHON  FUTBOLI  TARIXIDAN  AYRIM  MA’LUMOTLAR

 

   “Jahondagi eng ommaviy o’yin bo’lmish futbolga “ota-onalik huquqi”ga da’vogarlik qiluvchi mamlakatlar soni behisobdir: Misr, Xitoy, Yaponiya, Gretsiya, Rim, Italiya, Angliya … Bunda har bir tomon ashyoviy, yozma va boshqa dalillarni ishga solmoqdalar. Ha, Samofrakiya orolida eramizdan 2500 yil oldin chizilgan koptok tasvirini topishgan. Bunday tasvirlar Misr maqbaralarida ham tez-tez ko’zga tashlanadi. Uning ustiga, Misr faraonlari go’rlarini qazish chog’ida eramizdan 2-3 ming yil avvalga doir to’plarni topishgan. Taxminan o’sha davrda Xitoyda “dzu-nyu” nomli to’p o’yini (qatnashchilar uni oyoq bilan tepganlar) tarqalgan edi. Bir oz keyinroq xitoyliklarga yana “chju-chu” va “su-szyuy” nomli to’pli o’yin xillari ma’lum bo’ldi.

   6-asrda yaponlarda ham to’p bilan o’yin ommalashdi. U “kemari” deb atalardi. Qadimgi davrda Yevropa hududida – Gretsiya va Rimda ham to’p bilan musobaqalashardilar. Gretsiyada “episkiros”, “feninda”, “garpanon” nomli bir necha o’yinlar tilga olinadi. Nomining hamohangligiga ko’ra (“garpas-to’p”), greklarning to’p o’yinlaridan bir turini rimliklar olishgan. Qadimgi greklar va rimliklar foydalangan to’p asosan teridan tayyorlangan. Ularni qiyqimlar, ot qillari, ba’zan patlar yoki qum bilan to’ldirishgan. Ularni havo bilan ham to’ldirishgan. Mayya indeetslari esa og’ir kauchukli to’plardan foydalanishgan. Uning og’irligi 4 kilogacha bo’lgan. Rim legionerlari (lot. legio – qadimgi Rim armiyasidagi asosiy tashkiliy va taktik birlik (4,5-10 ming kishi) [2, 5-j., 243-b.]; legioner – legion askari, A.Sh.) uzluksiz harbiy urushlarda qatnashib, to’pli o’yinni hozirgi Germaniya, Fransiya, Angliya … hududlariga tarqatishdi.

   To’pli o’yin qadimgi asrlarda avvalambor harbiy-amaliy xususiyatga ( xarakterga) ega edi. Ular tezkorlik, epchillik, kuch, mardlikni, ya’ni harbiy harakatlar olib borish vaqtida kerakli bo’lgan sifatlarni kuchaytirardi. Biroq, o’yin qatnashchilariga mardlik tinch hayotda ham zarur edi, chunki mag’lubiyatga uchraganlarni turli xil jazolar kutardi. Masalan, Xitoyda yutqizganlarni bambuk tayoqlari bilan shafqatsiz ekzekutsiyalarga (lot. exsecutio – ijro etish, A.Sh.) duchor qilishgan, mayya indeetslarini esa muvaffaqiyatsizlikka uchraganlarida hatto o’ldirganlar.

   O’rta asr Yevropasida to’pli o’yin keng tarqaldi. Ular nomlari bilangina emas, mazmuni nilan ham farq qilardilar. Normandiyada “lya sul” yoki “shul”, Italiyada – “djivo del kalchio”, Ispaniyada – “tlachtili” (bu o’yinni Meksikadan olib kelishgan edi) o’yinini o’ynar edilar.

   Hokimiyat bu o’yinlarga turlicha munosabatda bo’lgan. Masalan, Angliyada 14-asrdan boshlab ularni bir necha bor taqiqlashgan. Dastlab 1314 yil 13 aprelda qirol Eduard-2 “katta to’p pilan jinnilik”ni taqiqlagan. Keyingi ikki asr davomida ko’pgina angliyalik monarxlar (grekcha monarxiya – yakka hokimlik; monarx – davlatning yakka hukmdori [2, 6-j., 67-68-b.], A.Sh.) to’pli o’yin va uning ishtirokchilarini ta’qib qilganlar. “Amnistiya” (grekcha amnestia – kechirish, gunohidan o’tish [2, 1-j., 288-b.], A.Sh.) 1603 yilda malika Yelizaveta-2 tomonidan amalga oshirildi.

   Yuqorida tilga olingan birorta o’yin biror marta futbol deb atalmagan edi. Bu tasodifiy emas. Agar mayya indeetslariga to’pga oyoq bilan tegish ruxsat berilmagan bo’lsa, u holda bu o’yinni va mayya indeetslarining ishqivozligi o’rtasida qanday umumiylik bor? Axir uzunligi ikki chaqirim bo’lgan maydonda bir necha yuz odam ishtirok etgan o’yinni futbol deb atash mumkinmi?

   Yuqorida sanab o’tilgan barcha to’pli o’yinlar bugungi kundagi mavjud futbolga hech qanday aloqasi yo’q.

   Aslida, bugungi kunda ham yerda, maysada, muzda, suvda, parketda … o’tkaziladigan ko’pgina to’pli o’yinlar bor. Ammo ulardan faqat bittasinigina futbol deb ataymiz. Shuning uchun ko’pgina mamlakatlar va qit’alarning futbol asoschisi rolida da’vogarligi ishonarli emas. Shu darajada qat’iy ravishda biz isbot qilib tasdiqlaymizki, zamonaviy futbol vatani Angliyadir.

   Aynan Angliyada 19-asr o’rtasida to’p bilan ko’chada tartibsiz ommaviy kimo’zarlikdan futbol jamoalarini tuzishga o’tdilar va maxsus jihozlangan maydonlarda o’zaro musobaqalasha boshladilar. Haqiqatan, alohida qoidalarni talqin qilishda fikrlar xilma-xilligi anchagina keng edi, bu esa har bir uchrashuv oldidan ko’pgina murakkabchiliklar yaratardi. Jamoa maydonlari davomli qizg’in tortishuvlardan so’ng murosaga erisha olmaganliklaridangina ko’pincha match (ingl. match  musobaqalashmoq – shaxmat yoki sportning biror turi bo’yicha ikki raqib yoki ikki jamoa o’rtasidagi musobaqa [6, 1-j., 452-b.], A.Sh.) barbod bo’lardi.

   Qoidalarni unifikatsiyalashga (lot. unio birlik + facere qilmoq – biror narsani umumiy bir normaga keltirish, bir xil qilish [7, 659-b.], A.Sh.) urinishlar bir necha bor qilingandi, ulardan biri tarixiy bo’ldi. 1863 yil 26 oktyabr kuni Londondagi “Frimen tavern” taverniyasida (ital. taverna < lot. taverna kulba – Italiyada qovoqxona, mayxona, traktir [7, 621-b.], A.Sh.) bir necha kollejlar jamoalari kapitanlari va rahbarlari yig’ildilar. Shu uchrashuvda “Angliya futbol assotsiatsiyasi”ga asos solindi va futbol o’yinining umumiy qoidalarini ishlab chiqishga harakat qildilar. Ish tafsilotlargacha yetib bormadi, chunki uchrashuv qatnashchilari to’pni qo’llar va oyoqlar bilanmi yoki faqat qo’l bilan o’ynash kerakmi, degan eng muhim masalada kelisha olmadilar. Ovozga qo’yilganda E.Morli degan odam rahbarligidagi oyoq bilan o’ynash tarafdorlari uzil-kesil g’alaba qozondilar. Muxolifat ko’pchilik qaroriga bo’ysunmadilar va norozilik tariqasida tavernani tark etdilar. Ular bir necha yildan so’ng “Regbi uyushmasi”ni tashkil etdilar (Regbi – Angliyaning Regbi shaharchasi nomidan, sport turi. Uzunligi 27-29 sm bo’lgan tuxumsimon shakldagi to’p bilan futbol maydonida o’ynaladi. Har ikkala jamoada 15 nafardan asosiy (himoyachi va hujumchilardan iborat) va 3 zahiradagi o’yinchi ishtirok etib, 2 taym (har taymi 40 daqiqadan) davomida o’ynaydilar. Jamoalarning vazifasi to’pni raqib maydoni tomonidagi chiziq orqasiga o’tkazib qo’yish yoki raqib darvozasiga kiritishdan iborat. To’pni qo’l va oyoq bilan uzatish yoki olib borish mumkin. O’yin qoidasi buzilganda “olishuv” – to’p talashish belgilanadi.” [8, 9-j., 225-b.], A.Sh.)

   Regbi va futbol o’rtasidagi ajralish mana shunday bo’lgandi.

   Morli tarafdorlari asosiy, global muammoni hal etgach, o’yin qoidalarini tuzishga kirishdilar. Uning ustidagi ishlar 8 noyabrda (1863 yil, A.Sh.) tugallandi. Yana bir oy o’tgach “Futbol assotsiatsiyasi” a’zolaridan biri – D.Fring “Futbol o’yini tavsifi” nomli kichkina kitobchani chop etdi. Unda 13 ta asosiy qoidalar bayon qilingan, ular hozirgi zamon futboliga asos bo’ldi.

   Demak, zamonaviy futbolning tug’ilgan joyi va vaqti: Angliya, 1863 yil. Aniq tug’ilgan kuni masalasiga kelganda, futbol tarixshunoslari bugungi kunlargacha umumiy bir fikrga kela olganlari yo’q. Ba’zilar futbol regbidan ajralgan kun – 26 oktyabr, boshqalari esa dastlabki futbol qoidalari chop etilgan kun – 8 dekabr deb hisoblashadi.

   Bir oz vaqt o’tgach ham ichki, ham xalqaro musobaqalar o’tkazila boshlandi.

   1871 yilda Angliya Kubogi deb atalmish birinchi futbol turniri boshlandi, unda “Uonderers” klubi g’alaba qozondi.

   1872 yil 30 noyabrda Glazgoda (Angliyada, A.Sh.) jahon futbol tarixida birinchi xalqaro match bo’ldi. Angliya va Shotlandiya terma jamoalarining uchrashuvi durang – 0:0 bilan tugadi.

   1885 yilda Angliyada futbol professionallik (lot. profiteri – bildirmoq, e’lon qilmoq – biror kasb va faoliyatga  ixtisoslashganligini (mas., professional revolyutsionerlar), kasb hunarga aloqadorlikni anglatuvchi so’z (mas., professional kasalliklar) [8, 9-j., 82-b.] A.Sh.) maqomi (statusi)ni oldi. Futbolchilarga pul to’lay boshladilar.

   1988 yilda Angliyada professional futbol ligasi tuzildi, va o’sha yildan boshlab mamlakat chempionati o’tkazila boshlandi. Angliyaning birinchi chempioni – “Preston Nord End” klubidir.

   1980-yillar boshida futbol uyushmalari shuningdek Shotlandiya, Uells (Wales) va Shimoliy Irlandiyada tashkil bo’ldi. 1882 yilda Buyuk Britaniya futbol assotsiatsiyalarining birlashishi sodir bo’ldi, va bir yildan so’ng birinchi xalqaro futbol turniri – Angliya, Shotlandiya, Shimoliy Irlandiya va Uells terma jamoalari ishtirokida Buyuk Britaniyaning chempionati bo’lib o’tdi. Buyuk Britaniyaning birinchi chempioni Shotlandiya terma jamoasi bo’ldi. Qizig’i shundaki, futbol asoschilari birinchi urinishda jahon va Yevropa birinchiligidagina emas, hatto Buyuk Britaniya chempionatida g’olib bo’la olmadilar.

   19-asrning ikkinchi yarmida futbol Yevropada tarqala boshladi, tez orada osonlik bilan butun sayyorani zabt etdi.

   Barcha qit’alarda millionlab kishilar “bosqinchi”ni quvonch bilan kutib oldilar. U jahon va odamlar ruhi ustidan bir asrdan ortiq hukmronlik qilishda davom etmoqda, va biror kishida “manfur istibdod”dan xalos bo’lish haqida hatto fikr ham paydo bo’lgan emas.

   Shunday qilib, inglizlar futbol bilan “kasallanib”, ular 20-asr boshida uni butun Yevropada va hatto Amerikada “yuqtirishdi”. Ko’p o’tmay xalqaro futbol tashkilotini tuzish uchun kuchlarni birlashtirish zarurati paydo bo’ldi. Qit’aviy (kontenintal) Yevropa vakillarining Britan orollari bilan aloqa o’rnatish urinishlari hech bir natija bermadi. G’ururli, izzattalab inglizlar, dastlabki jur’atsiz qadamlar qilayotgan kalta ishtonli go’dakka nazari ilmay takabburona qarab, La-Mansh (bo’g’ozi, A.Sh.)ning narigi tomonidan yangragan zaif “chirqillash”ni eshitmadilar, aniqrog’i, eshitishni xohlamadilar.

   O’shanda fransuzlar tashabbusi bilan Belgiya, Gollandiya, Daniya, Ispaniya, Fransiya, Shwetsiya va Shweytsariya Parijda Ta’sis kongressiga to’plandilar va 1904 yil 21 mayda Futbol assotsiatsiyalarining xalqaro federatsiyasini tuzdilar (hozir u Futbol assotsiatsiyalarining internatsional federatsiyasi – FIFA deb ataladi). Yig’ilganlar yangi tashkilot Ustavini qabul qildilar va uning prezidentini sayladilar. Kongressni tashkillashtirishda fransuzlarning xizmarlarini tan olish belgisi sifatida uning qatnashchilari FIFA prezidenti etib Fransiya vakili Rober Gerenni sayladilar.” [9]

   Jahon futboli tarixiga doir ba’zi bir ma’lumotlar O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasida sal boshqacharoq yozilgan. Taqqoslash uchun uni ham keltirib o’taylik.

   “Futbolga o’xshash o’yinlar miloddan avvalgi Misr va Sharq mamlakatlarida ma’lum bo’lgan, keyin Yevropaga o’tgan. 1848 yilda Buyuk Britaniyadagi Kembridj universiteti o’qituvchilari futbolning dastlabki zamonaviy qoidalarini ishlab chiqishgan. 1857 yilda shu mamlakatdagi Sheffild shahrida ilk futbol klubi tashkil etilgan. 1863 yilda Angliya futbol uyushmasi tuzilib, futbol qoidalari tasdiqlangan. 19-asrning oxiri – 20-asrning boshlarida Yevropa va Janubiy Amerika davlatlarida ham futbol uyushmalari tashkil qilindi. 1896 yilda futbol Olimpiada o’yinlari dasturiga kiritildi. 1904 yilda xalqaro futbol federatsiyasi – FIFA tuzildi.” [2, 9-j., 345-b.]

   “FIFA (frans. Federation international de Football Association so’zlari bosh harfidan) – xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi. 1904 yilda Fransiyada ta’sis etilgan. 204 ta milliy  futbol uyushmasini birlashtiradi (2003). O’zbekiston 1994 yildan a’zo. Turli miqyosdagi xalqaro musobaqalar: milliy jamoalar o’rtasida jahon chempionati (1930 yildan), mini futbol bo’yicha, ayollar jahon chempionatini, qit’alararo turnir va futbolchilarning jahon chempionatini, qit’alararo turnir va kubok musobaqlarini tashkil qiladi va o’tkazadi. “FIFA magazin” bezakli jurnal, “FIFA Nyus” oylik byulletenini nashr etadi.” [2, 9-j., 265-b.]

   “FIFAning asosiy maqsadlari uning Ustavida bayon etilgan: “har qanday maqbul va maqsadga muvofiq vositalar hamda usullar bilan jahonda futbol rivojlanishiga barcha choralar bilan yordam berish, hamma yoshdagi toifalarning o’rtoqlik va rasmiy musobaqalarini tashkil etish yo’li bilan milliy federatsiyalar rahbarlari va futbolchilari o’rtasidagi do’stlik aloqalarini rivojlantirish, Ustav yoki O’yin qoidalarining buzilish oldini olish bo’yicha hamma zarur va tegishli choralarni qabul etish orqali futbolni nazorat qilish, o’yinchilar havaskorlar yoki professional ekanliklaridan qat’iy nazar irqiy, diniy yoki siyosiy diskriminatsiya (lot. diskriminatio farqlash – davlat, yuridik yoki jismoniy shaxs huquqlariga nisbatan cheklanishi [2, 3-j., 317-b.], A.Sh.) qilinishiga yo’l qo’ymaslik”.

   FIFAning oliy organi kongressdir. U ikki yilda bir marta chaqiriladi: Olimpia o’yinlari arafasida va jahon chempionati o’tkazilayotgan vaqtda. Kongress FIFAga yangi a’zolarni qabul qilish yoki milliy federatsiyalarni chiqarish bilan bog’liq masalalarni hal qiladi, Ustavga o’zgartirishlar kiritadi, to’rt yil muddatga prezidentni saylaydi.

   Kongress yig’ilishlari orasidagi davrda odatdagi ishlar bilan FIFAning ishchi organi – ijroiya qo’mitasi shug’ullanadi. U prezident, 8 vitse-prezident, 12 qo’mita a’zosi va bosh kotibdan iborat.

  FIFAda bir necha qo’mitalar faoliyat olib boradi:

   Favquloddagi qo’mita, u 7 a’zodan iborat (qo’mita nomining o’zi aytib turibdiki, u oshig’ich, kechiktirib bo’lmaydigan masalalarni hal etish uchun chaqiriladi);

   Jahon chempionatini o’tkazish bo’yicha tashkiliy qo’mita;

   Olimpiya futbol turnirini o’tkazish bo’yicha tashkiliy qo’mita yoki “Havaskorlar qo’mitasi”;

   Hakamlar qo’mitasi (uni ijroiya qo’mitasi shakllantiradi).

   Hakamlar qo’mitasiga 8 a’zo kiradi, uni rais boshqaradi. Qo’mita yirik xalqaro musobaqalarga xizmat ko’rsatish uchun FIFAning xalqaro hakamlari ro’yxatini har yili tuzadi, shuningdek futbol qoidalarini o’zgartirish bo’yicha takliflarni Qoidalar bo’yicha xalqaro kengashga kiritadi.

   FIFA “poytaxti”, aniqrog’i, uning shtab-qarorgohi Shweytsariyaning Syurix shahrida joylashgan.

   90 yil davomida (hozir 94 yildan oshdi, A.Sh.) FIFAni 8 prezident boshqardi. Ularning hammasi o’z kuchlari va qobiliyatlari me’yorida jahon futboli taraqqiyotiga ma’lum bir hissa qo’shdilar va shu sababli eslashga arziydilar. Mana ularning ismu shariflari.

   1. Rober Geren (Fransiya) – 1904.22.05 – 1906.04.06.

   2. Daniel Vulfoll (Angliya) – 1906.04.06 – 1918.24.10.

   3. Jyul Rime (Fransiya) – 1921.01.03 – 1954.21.06.

   4. Rudolf-Vilyam Sildreyers (Belgiya) – 1954.21.06 – 1955.07.10.

   5. Artur Dryuri (Angliya) - 1956.09.06 – 1961.25.03.

   6. Stenli Rouz (Angliya) – 1961.28.09 – 1974.11.06.

   7. Joao Avelanj (Braziliya) – 1974.11.06 – 1998.08.06.

   8. Yozef (Zepp) Blatter (Shweytsariya) – 1998.08.06.” [9]

   Yozef Blatter hozir – 2006 yil iyul oyida ham FIFAning prezidentidir. FIFA prezidentligiga navbatdagi saylovlar 2007 yilda bo’ladi.

   “1946 yili Yevropa futbol assotsiatsiyalari uyushmasi – UYeFA tuzildi. Futbol 1900 yili Olimpiada o’yinlari dasturiga kiritildi. 1930 yildan Futbol bo’yicha jahon chempionati, 1955 yildan Yevropa chempionlari kubogi, 1960 yildan Yevropa chempionati va Yevropa mamlakatlari kubok egalari kubogi, 1971 yildan UYeFA kubogi musobaqalari o’tkazilmoqda.” [8, 12-j., 217-b.] 

 

   Millionlar o’yini bo’lmish futbolning dunyoga kelishi va rivojlanishiga doir ma’lumotlarning qisqacha ruyxatini [10]-maqoladan keltirib o’tsak, unda muhim qo’shimcha faktlar bor. 

   “1848 yil. Kembridjda ilk qoidalar ishlab chiqildi.

   1855 yil. Tarixda eng qadimiy klub – “Sheffild” tashkil etildi.

   1863 yil. Angliya futbol assotsiasiyasiga asos solindi.

   1872 yil. To’pning aniq razmerlari tasdiqlandi.

   Milliy terma jamoalarning ilk xalqaro uchrashuvi o’tkazildi. Angliya – Shotlandiya – 0:0.

   1875 yil. Darvoza to’sini ixtiro qilindi. Shu paytgacha ustunlarni oddiy tasmalar tutashtirib turardi.

   1878 yil. “Nottingen Forest” o’yingohida hakam ilk bora hushtakdan foydalandi.

   Ilk marta uchrashuv sun’iy yoritish vositalari yordamida o’tkazildi. Sheffild grafligi klublari o’yinini 27 metr balandlikdagi projektor yoritib turdi.

   1883 yil. To’pni yon chiziqdan ikki qo’llab o’yinga kiritish amalga kiritildi.

   1885 yil. Professionalizm qonunlashtirildi.

   1891 yil. Penalti va darvoza to’ri paydo bo’ldi.

   1893 yil. Italiyaning eng qadimiy klubi – “Jenao” tashkil etildi.

   1901 yil. Ilk bora uchrashuvga 100 mingdan ortiq tomoshabin tashrif buyurdi: “Kristal Palas” o’yingohidagi Angliya Kubogi finali, 110802 tomoshabin.

   1904 yil. Xalqaro futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi (FIFA) tashkil etildi.

   1905 yil. Penalti tepilayotgan paytda, darvozabonlarning darvoza chizig’ida turishlari qat’iy belgilandi.

   Ilk bora transfer qiymati 1000 funtga yetdi: Elf Kommon “Sanderlend”dan “Midlsbro”ga o’tdi.

   1908 yil. “Sheferd Bush” o’yingohida Daniyani mag’lub etgan Buyuk Britaniya terma jamoasi Olimpiadaning ilk g’olibiga aylandi.” [10]

   FIFA rahbariyati va uning 2006 yil 7-8-iyun kunlari bo’lib o’tgan 56-kongressi haqidagi oxirgi ma’lumotlar.

   “JCh-2006 bahslariga start berilishi oldidan, aniqrog’i 7 va 8 iyun kunlari (2006 yil, A.Sh.) Myunxenda FIFAning navbatdagi –56-kongressi bo’lib o’tdi. Ko’pchilik yaxshi bilsa kerak, odatda jahon birinchiligi oldidan o’tkaziladigan bunday yig’ilishda FIFA prezidentligi uchun ham saylov o’tkazilardi. Lekin oldingilardan farqli ravishda bu safar bunday saylov o’tkazilmadi. Chunki uni o’tkazish kelasi yilga mo’ljallab qo’yilgan. Kongressning kun tartibidagi asosiy masalalar futboldagi korrupsiyga barham berish, milliy birinchilik bahslarida ishtirok etuvchi klublarning sonini 18 taga qisqartirish hamda FIFA olgan daromad va yaqin kelajakda pul operatsiyalarini qaysi valyutada o’tqazishga bag’ishlandi. Ushbu masalalar bo’yicha bosh uyushma rahbari Zepp Blatter ma’ruza qildi.

   Ta’kidlash kerakki, kongressda FIFAga a’zo bo’lgan 205 ta milliy federatsiyaning vakillari ishtirok etdilar. Yig’ilish yakunlanganidan keyin mundialda qatnashish sharafini qo’lga kiritgan 32 milliy federatsiya a’zolari Germaniyada qolishdi, qolganlari esa ochilish marosimidan so’ng uylariga qaytib ketdilar. Zepp Blatter o’z ma’ruzasida bosh uyushmaning kelajakdagi rejalari va kelasi yili o’tkaziladigan prezidentlik saylovida nomzodini ilgari surishini ta’kidladi. Bundan tashqari 70 yoshli shweysariyalik ushbu taniqli mutaxassis FIFA yaqin yillar ichida korrupsiyadan butunlay holi bo’lishini bayon qildi…

   … Prezidentning ta’kidlashiga qaraganda, FIFA 2005 yil mobaynida 555 million yevro ishlab topgan. Shu pullarning 136 million yevrosi sof foydadan iborat. Eslatib o’tamiz, 2004 yili FIFA 470 million yevro foyda ko’rgandi. Bosh kotib uyushmaning yaqin yillardagi umumiy byudjeti 850 million yevroga yetishini e’lon qildi. Bundan tashqari u FIFA 2007 yildan boshlab pul operatsiyalarini avvalgidek Shweytsariya franklarida emas, balki AQSh dollari yordamida amalga oshirishini ta’kidlab o’tdi.

   … Aytmoqchi, navbatdagi kongressni Germaniya kansleri Angela Merkel xonim ochib berdi. Yig’ilishda turli yillarda jahon chempioni degan sharafli unvonni qo’lga kiritgan yuzdan ortiq sobiq futbolchilar qatnashdilar. Ularning 12 nafariga jahon futboli rivojiga salmoqli hissalari uchun FIFAning ordenlari topshirildi. Butun jahon futbol uyushmasining faxriy prezidenti hisoblanadigan Joao Avelanj ham mukofotdan quruq qolmadi. Eslatish kerakki, Avelanj yaqinda o’zining 90 yoshga to’lganini nishonladi.” [11]  

   Ushbu band oxirida futbol bo’yicha jahon chempionatlari o’tkazilgan yillar, jahon chempioni bo’lgan mamlakatlar  va chempionat o’tkazilgan mamlakatlar nomlari jadvalini keltirib o’tish o’rinlidir. 

 

   FUTBOL  BO’YICHA  JAHON  CHEMPIONLARI [12, 553-b.]

 

Chempio-

nat raqami

Yil

             Chempion

        1

1930

Urugvay  (Urugvayda)

        2

1934

Italiya  (Italiyda)

        3

1938

Italiya  (Fransiyada)

        4

1950

Urugvay  (Braziliyda)

        5

1954

Germaniya (Shweytsariyada)

        6

1958

Braziliya  (Shwetsiyada)

        7

1962

Braziliya  (Chilida)

        8

1966

Angliya  (Angliyada)

        9

1970

Braziliya  (Meksikada)

       10

1974

Germaniya (Germaniyada)

       11

1978

 Argentina  (Argentinada)

       12

1982

 Italiya (Ispaniyada)

       13

1986

 Argentina  (Meksikada)

       14

1990

 Germaniya  (Italiyada)

       15

1994

 Braziliya  (AQShda)

       16

1998

 Fransiya  (Fransiyada)

       17

2002

 Braziliya  (Yaponiya va 

 Janubiy Koreyada)

       18

2006

 Italiya  (Germaniyada)

 

2.  O’ZBEKISTON  FUTBOLI  HAQIDA  QISQACHA  MA’LUMOTLAR

 

   “O’zbekistonda 20-asr boshlaridan zamonaviy futbol qoidalari asosida o’yinlar o’tkazilgan. 1912 yilda Qo’qonda birinchi futbol jamoasi tuzildi. Keyinroq Farg’ona, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan shaharlarida ham futbol jamoalari paydo bo’ldi. 20-asrning 20-yillaridan mamlakatimizda turli toifadagi musobaqalar (1937 yildan O’zbekiston birinchiligi) muntazam ravishda o’tkazila boshlandi. 1956 yilda Toshkentda “Paxtakor” jamoasining tashkil etilishi va shu nomdagi stadion qurilishi respublikada futbolning rivojlanishiga turtki bo’ldi. 20-asrning 80-yilaridan O’zbekistonda futbolchilarning yangi avlodini tarbiyalashga kirishildi. M.Qosimov, I.Shkvirin, A.Abduraimov, M.Shatskix O’zbekistondagina emas, Osiyo va boshqa qit’alarda ham nom qozondilar.

   1959 yilda tashkil etilgan O’zbekiston futbol federatsiyasi 1992 yilda (keyin 2001 yilda) qayta ro’yxatdan o’tdi. 1992 yildan futbol bo’yicha O’zbekiston milliy chempionati va kubogi, turli toifadagi musobaqalar o’tkazib kelinyapti, futbol jamoalarining xalqaro uchrashuvlarda  ishtirok etishi ta’minlanayapti. Vazirlar Mahkamasining “O’zbekiston Respublikasida futbolni yanada rivojlantirish tadbirlari to’g’risida” (1993 yil 18 mart) hamda “O’zbekistonda futbolni rivojlantirishning tashkiliy asoslari va prinsiplarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” ( 1996 yil 17 yanvarda) gi qarorlari futboldagi yutuqlarga zamin yaratdi. Farg’onaning “Neftchi” klubi Osiyo chempionlari finaliga chiqdi (1994), “Paxtakor” klubi Osiyo chempionlari ligasi yarim finalida o’ynadi (2003, 2004), mamlakat yoshlar terma jamoasi jahon chempionati final bosqichida qatnashdi (2003), O’zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo o’yinlari (1994) va Afrika-Osiyo o’yinlari(2003) g’olibi bo’ldi. Hozirgi kunda O’zbekistonda 36 ta (oliy va birinchi ligada) professional klub bor (2004). 2-ligada 196 ta jamoa shunday maqomga erishish uchun mamlakat birinchiligida qatnashayapti. Futbol klublari qoshida 18 ta futbol internat maktablari, kollejlari faoliyat ko’rsatayapti, ularda 2000 dan ziyod o’quvchi shug’ullanadi. Shuningdek, futbolga ixtisoslashgan bolalar-o’smirlar sport maktablari ishi yaxshilandi. Futbol Universiada, “Barkamol avlod” va “Umid nihollari” musobaqalari dasturlaridan o’rin olgan. Bolalar va o’smirlar o’rtasida respublikada o’tkaziladigan “Futbol g’unchalari” musobaqalarida 692 jamoada 13840, “Futbolimiz kelajagi” musobaqalarida 15035 jamoada 300700 o’yinchi ishtirok etdi (2004). Ayollar o’rtasida o’tkaziladigan O’zbekiston chempionati va kubogi musobaqalarida Andijonning “Andijanka”, Namanganning “Gulbahor”, Qarshining “Sevinch” jamoalari yetakchilik qilib keladi. Faxriy futbolchilar o’rtasida ham muntazam ravishda musobaqalar uyushtiriladi. Jismoniy qobiliyati cheklangan futbolchilar o’rtasida Toshkentning “Matonat” jamoasi (hozir “Baynalmilal”) jahon kubogini qo’lga kiritgan (1991). Hozirgi kunda respublikada 362 ta stadion, 7113 ta futbol maydoni mavjud, 460658 kishi (ulardan 4642 nafari ayollar) futbol bilan shug’ullanadi, 1916 nafar murabbiy faoliyat ko’rsatadi (2004). “O’zbekiston futboli” (Toshkent), “Futbol-ekspress” (Andijon), “Asr futboli” (Namangan), “Inter futbol” (Kosonsoy), “Boks plyus futbol” (Toshkent) kabi ixtisoslashgan gazetalar chiqib turibdi.” [2, 9-j., 345-b.]

   Ma’lumki, O’zbekiston 1991 yil 1 sentyabrda Mustaqillikka erishdi. 1993 yil 19 dekabr kuni Las-Vegas (AQSh) shahrida FIFAning navbatdagi anjumani bo’ldi. Unda O’zbekiston futbol federatsiyasi (O’FF) FIFAga a’zolikka qabul qilindi [13, 1-j., 112-b.]. 1994 yil may oyida O’FF FIFAning to’la huquqli a’zosi bo’ldi [13, 1-j., 138-b.]. Shu sababli O’zbekiston futbol bo’yicha jahon chempionatining saralash o’yinlarida 1995 yildan boshlab, ya’ni 1994 yilgi 15-Jahon chempionati tugagach qatnasha boshladi. 

   Shu yerda futbol bo’yicha Osiyo o’yinlari chempionlari ro’yxatini [2, 9-j., 345-b.] dan keltirib o’tsak. (Eslatib o’tamiz: “Osiyo o’yinlarining futbol musobaqalari FIFA taqvimiga kiritilmagan. Shu bois Osiyoda ushbu musobaqaga bo’lgan qiziqish pasayib bormoqda”. [14]) 

 

   FUTBOL  BO’YICHA  OSIYO  O’YINLARI  CHEMPIONLARI [2, 9-j., 345-b.]

 

 Yil

         Chempion

Yil

      Chempion

1954

Xitoy

1982

Eron

1958

Xitoy

1986

Koreya Respublikasi

1962

Hindiston

1990

 Xitoy

1966

Birma

1994

 O’zbekiston

1970

Birma va

Koreya Respublikasi

1998

 Eron

1974

 Eron

2002

 Eron