DEMOKRATIK O’ZBEKISTON KONGRESSI
“O’ZBEKISTONDA DEMOKRATIYA DO’STLARI” va
”O’ZBEKISTONDA DEMOKRATIYA DUSHMANLARI”
kitoblarini tashkil etish haqida
O’tmishimiz davomida xalqqa
qarshi jinoyatlar qilgan odamlar qahramon sifatida olqishlab kelingani, zulm va
zug’umning izlari yopib yuborilgani, har qanday tuzumda faqat saroyga xizmat
qilganlar ulug’lanib, xalq tomonida turganlar qoralanishi tariximiz yuzida qora
dog’ bo’lib qolmoqda. Shuni
nazarda tutib, DO’K O’zbekistonda Konstitutsiya va qonunlarni nazarga olmagan,
demokratiyani, so’z erkinligini bo’g’ish, siyosiy faoliyatni cheklab tashlash,
inson huquqlarini toptash, qiynoqlarni avj oldirish, insonlarni fikrlari uchun
ta’qib etish, xalqaro qoidalardan bo’yin tovlash, namoyishlarni qonli yo’l
bilan bostirish va bu paytda odamlarni otishga
buyruq berish yoki otishda ishtirok etish, xalq va mamlakat
manfaatlariga qarshi ochiq ish tutish, ana shularning hammasini ko’ra bila turib
bu harakatlarni oqlash tufayli xalqni aldash, insoniyatga qarshi jinoyatlar, xalq
boshqaruvini qoralab yakka shaxs boshqaruvini oqlash kabi faoliyatlari uchun
bunday shaxslarning nomlarini “abadiyatga muhrlash” maqsadida
“O’ZBEKISTONDA
DEMOKRATIYA DUSHMANLARI”
kitobini tashkil etdi.
Demokratini yoyishga, xalq hokimiyatini o’rnatishga
xizmat qilib, ta’qib, quvg’inlarga uchraganlarning nomlarini tarixga bitish
uchun esa,
”O’ZBEKISTONDA
DEMOKRATIYA DO’STLARI”
kitobini tashkil etildi.
Bu kitoblarga kimlarning nomlari kirishini
Kongress a’zolarining ovozlari, Kongressning viloyatlarda o’tkazgan so’rovi
natijalari, mahalliy va xalqaro inson huquqlari
tashkilotlarining xulosalari, barcha qatnashchilarning maktublari asosida
o’tkaziladigan yakuniy muhokama hal qiladi.
Bu muhokama har yili Dekbar
oyida o’tkazilib, kimlarning nomi bu kitoblarga kirishi Yanvar oyida dunyo jamoatchiligiga
e’lon qilinadi. Kitobga
kirgan har bir shaxsning xizmatlari yoki qilmishlari haqida guvohlarning ma’lumotlari,
ko’rsatmalari, hujjatlar va tahlillar ham ilova
etiladi. Shuningdek, bu shaxslarning tarjimai hollari,
ijtimoiy kelib chiqish tarixlari ham kitobga kiritiladi. Agar ular savollarga javob berishga rozi bo’lsalar o’zlarining ham
qarashlariga joy ajratiladi.
O’zbekiston mustaqilligining
15 yili bo’yicha bu kitoblarga kimlarning nomini kiritish esa 2006 yil davomida
o’tkaziladigan muhokamalardan so’ng aniqlandi.
Dastlab nomzodlar ro’yxati e’lon qilinadi va muhokama jarayonida kimning nomi kitobga kirishi
belgilanadi.
Muhokama jarayonlari www.uzbekcongress.org da e’lon qilib boriladi.
DO’K Matbuot xizmati